Ramazon poklanish oyi. Ya’ni, ro‘zadorda ruhiy axloqiy tozalanish bo‘ladi. Sahardan shomgacha yeb-ichishdan tiyila olgan odamda sabr-qanoat tuyg‘usi ortadi. Irodasi mustahkamlanadi. Irodali, sabrli insonlar xotirjam bo‘lishadi. Xotirjam kishilar tillarini g‘iybatdan, behuda gap-so‘zlardan tiyadi. Ko‘ngillaridan hasadu g‘arazni, gina-kuduratni haydaydi. Odamlarga e’tiborli, rahm-shafqatli bo‘lishga intiladi. Shu sababdan ham Ramazon oyi nomiga ma’rifat, mag‘firat, tinchlik, xotirjamlik, sabr oyi kabi sifatlar qo‘shib aytiladi.
Hujjatul Islom Imom G‘azzoliy ta’rificha: “Ro‘za tutish jon uchun zakot, badan uchun riyozat, yaxshilik uchun da’vat, gunohlardan saqlanish”, demakdir. Islomning besh ustunidan biri bo‘lmish ro‘za tufayli o‘zaro ahillik, totuvlik, bag‘rikenglik tuyg‘ulari kuchlanadi. Hamjihatlik va hamkorlikka intilish ortadi. Ro‘zador ushbu amallarga alohida e’tibor berishi kerak:
— biror kishi uni haqoratlasa yo urishsa, “Men ro‘zadorman”, deyish;
— quyosh botishi bilan tezda, shom namozini o‘qishdan oldin biror narsa (suv, xurmo) bilan og‘izni ochish;
— og‘izni ochishda rivoyat qilingan duolar bilan duo qilish;
— ortiqcha gap, lag‘v so‘zlardan tilni tiyish;
— ro‘zani buzmaydigan, ammo huzurbaxsh, nafsni taltaytiradigan narsalarni tark etish;
— oila a’zolari va qarindoshlarga kengchilik bilan muruvvat qilish. Beva-bechora, yetimlar va kambag‘allarga xayr-ehsonni ko‘paytirish;
— Qur’on qiroati, zikr va salavotlarni ko‘paytirish.
“RAHMAT OYI RAMAZON”kitobidan
Yaqin kunlarda yurtimizga ham muqaddas ramazon oyi kirib keladi. Muruvvat, ahillik va hamjihatlikni ulug‘lovchi ushbu fazilatli oyda kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj kishilarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan tadbirlar yanada kuchaytiriladi.
Islom dinida muhtojlarga yordam berish, nogironligi bor insonlarga mehr-muruvvat ko‘rsatish, miskin va bechoralar holidan xabar olish xayrli amallardan hisoblanadi.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan ijtimoiy himoyaga muhtojlar, nogironligi bo‘lgan ehtiyojmand oilalarga doimiy g‘amxo‘rlik ko‘rsatib kelinmoqda.
Moddiy-ma’naviy yordamlar ko‘lamini yanada ko‘paytirish maqsadida O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi “Vaqf” xayriya jamoat fondi bir qancha davlatlarning mamlakatimizdagi elchixonalari, xalqaro tashkilotlar vakolatxonalari bilan hamkorlik qilib kelmoqda. Xususan, arab davlatlarida o‘z o‘rni va mavqeiga ega bo‘lgan Saudiya podshohligi bilan yo‘lga qo‘yilayotgan aloqalar yildan yilga yanada ijobiy tus olyapti. Bu hamkorlik natijasida Saudiya tomoni, xususan, Podshoh Salmon ko‘mak va xayriya ishlari markazi ikki yildan buyon aynan ramazon oyida O‘zbekistonga ehtiyojmand aholi qatlami uchun hurmo mevasi va boshqa oziq-ovqat mahsulotlari hadya qilib kelyapti. Ramazon oyi munosabati bilan yaqinda ushbu markaz O‘zbekistonga kam ta’minlangan, ehtiyojmand oilalar uchun yana 6 750 dona oziq-ovqat mahsulotlaridan iborat qutilar va un mahsulotlarini xayriya qilib, fond tomonidan amalga oshirilayotgan xayrli ishlar salmog‘ini yanada oshirdi. Joriy yilning 24 fevral kuni ushbu xayriya mahsulotlari qabul qilib olinib, ularni o‘z egalariga topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Saudiya Arabistonining mamlakatimizdagi favqulodda va muxtor elchisi Yusuf ibn Solih al-Gahra al-Utaybiy, Podshoh Salmon ko‘mak va xayriya ishlari markazining O‘zbekistondagi koordinatori Nosir as-Subay’iy, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov, “Vaqf” xayriya jamoat fondi rahbari vazifasini bajaruvchi Jahongir Salamov, O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi Toshkent shahar boshqarmasi vakillari, OAV xodimlari hamda Toshkent shahrida istiqomat qiluvchi ehtiyojmand oilalar ishtirok etdi.
Ta’kidlash kerakki, xayriya qilingan mahsulotlar Respublika bo‘ylab taqsimlanib, Ijtimoiy himoya milliy agentligining joylardagi boshqarmalari va fond filiallari orqali Ramazon oyi davomida ehtiyojmand, kam ta’minlangan oilalarga, o‘zgalar parvarishiga muhtoj nogironligi bor xonadonlarga tarqatiladi. Demak, bu oyda 6 750 ta ehtiyojmand oilaga Ramazon tuhfalari kirib boradi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
"Vaqf" xayriya jamoat fondi
Matbuot xizmati