Ramazon poklanish oyi. Ya’ni, ro‘zadorda ruhiy axloqiy tozalanish bo‘ladi. Sahardan shomgacha yeb-ichishdan tiyila olgan odamda sabr-qanoat tuyg‘usi ortadi. Irodasi mustahkamlanadi. Irodali, sabrli insonlar xotirjam bo‘lishadi. Xotirjam kishilar tillarini g‘iybatdan, behuda gap-so‘zlardan tiyadi. Ko‘ngillaridan hasadu g‘arazni, gina-kuduratni haydaydi. Odamlarga e’tiborli, rahm-shafqatli bo‘lishga intiladi. Shu sababdan ham Ramazon oyi nomiga ma’rifat, mag‘firat, tinchlik, xotirjamlik, sabr oyi kabi sifatlar qo‘shib aytiladi.
Hujjatul Islom Imom G‘azzoliy ta’rificha: “Ro‘za tutish jon uchun zakot, badan uchun riyozat, yaxshilik uchun da’vat, gunohlardan saqlanish”, demakdir. Islomning besh ustunidan biri bo‘lmish ro‘za tufayli o‘zaro ahillik, totuvlik, bag‘rikenglik tuyg‘ulari kuchlanadi. Hamjihatlik va hamkorlikka intilish ortadi. Ro‘zador ushbu amallarga alohida e’tibor berishi kerak:
— biror kishi uni haqoratlasa yo urishsa, “Men ro‘zadorman”, deyish;
— quyosh botishi bilan tezda, shom namozini o‘qishdan oldin biror narsa (suv, xurmo) bilan og‘izni ochish;
— og‘izni ochishda rivoyat qilingan duolar bilan duo qilish;
— ortiqcha gap, lag‘v so‘zlardan tilni tiyish;
— ro‘zani buzmaydigan, ammo huzurbaxsh, nafsni taltaytiradigan narsalarni tark etish;
— oila a’zolari va qarindoshlarga kengchilik bilan muruvvat qilish. Beva-bechora, yetimlar va kambag‘allarga xayr-ehsonni ko‘paytirish;
— Qur’on qiroati, zikr va salavotlarni ko‘paytirish.
“RAHMAT OYI RAMAZON”kitobidan
Kasblar haqidagi Islom ta’limotlari va ko‘rsatmalari juda foydalidir. Rizq talabida qilingan har bir mehnat ham maqtovga sazovor bo‘lavermaydi.
Agar faqat mashaqqat chekishning o‘zi maqtovga sazovor ish bo‘lganida, o‘g‘ri ham, qaroqchi ham, turli buzuq ishlar bilan mashg‘ul bo‘luvchi ham: “Men buni topgunimcha ne mashaqqatlar chekmadim”, deb faxrlanib yurar edi. Lekin barcha chekilgan mashaqqatlar ham nojoizni joiz qilib qo‘yolmaydi.
Shuning uchun biror kasbni tanlash yoki biror ish bilan shug‘ullanishdan avval uning shariatga muvofiq yoki muvofiq emasligi va qanday qilinsa, to‘g‘ri bo‘lishini o‘rganish lozim. Har bir kasbning sir-asrorini, shariatdagi hukmini bilishimiz kerak.
Umar roziyallohu anhuning bir so‘zlari ham juda mashhurdir: “Bozorimizda savdo ilmini yaxshi bilgan kishigina tijorat qilsin, aks holda, sudxo‘rlik qilib qo‘yadi” (Imom Termiziy rivoyati).
Allohning odati shundayki, qaysi ish Uning buyruqlariga muvofiq qilinsa, baraka beradi. Haromdan kelgan molda baraka bo‘lmaydi. Shuning uchun ham oylik maosh olib ishlaydigan hamma ishchilar oyligini qadrlashlariga, “oz bo‘lsa ham, bunda baraka bor”, deb qo‘yishlariga guvoh bo‘lamiz.
Musulmon qiladigan ish shariat halol qilgan amal bo‘lishi lozim. Shariat esa insonga, jamiyat, vatan, atrof-muhitga zarar yetkazadigan barcha narsalarni harom qilgan.
Shuning uchun ham ish tanlamoqchi bo‘lgan odam avval bu boradagi ta’limotlarni yaxshilab o‘rganib, bilmasa, biladiganlardan so‘rashi, shundan keyingina ish tanlashi zarur. Mana shuning o‘zi ishdagi eng katta barakadir.
"Halol kasb-hunar – qut-baraka keltirar" kitobidan