Ramazon poklanish oyi. Ya’ni, ro‘zadorda ruhiy axloqiy tozalanish bo‘ladi. Sahardan shomgacha yeb-ichishdan tiyila olgan odamda sabr-qanoat tuyg‘usi ortadi. Irodasi mustahkamlanadi. Irodali, sabrli insonlar xotirjam bo‘lishadi. Xotirjam kishilar tillarini g‘iybatdan, behuda gap-so‘zlardan tiyadi. Ko‘ngillaridan hasadu g‘arazni, gina-kuduratni haydaydi. Odamlarga e’tiborli, rahm-shafqatli bo‘lishga intiladi. Shu sababdan ham Ramazon oyi nomiga ma’rifat, mag‘firat, tinchlik, xotirjamlik, sabr oyi kabi sifatlar qo‘shib aytiladi.
Hujjatul Islom Imom G‘azzoliy ta’rificha: “Ro‘za tutish jon uchun zakot, badan uchun riyozat, yaxshilik uchun da’vat, gunohlardan saqlanish”, demakdir. Islomning besh ustunidan biri bo‘lmish ro‘za tufayli o‘zaro ahillik, totuvlik, bag‘rikenglik tuyg‘ulari kuchlanadi. Hamjihatlik va hamkorlikka intilish ortadi. Ro‘zador ushbu amallarga alohida e’tibor berishi kerak:
— biror kishi uni haqoratlasa yo urishsa, “Men ro‘zadorman”, deyish;
— quyosh botishi bilan tezda, shom namozini o‘qishdan oldin biror narsa (suv, xurmo) bilan og‘izni ochish;
— og‘izni ochishda rivoyat qilingan duolar bilan duo qilish;
— ortiqcha gap, lag‘v so‘zlardan tilni tiyish;
— ro‘zani buzmaydigan, ammo huzurbaxsh, nafsni taltaytiradigan narsalarni tark etish;
— oila a’zolari va qarindoshlarga kengchilik bilan muruvvat qilish. Beva-bechora, yetimlar va kambag‘allarga xayr-ehsonni ko‘paytirish;
— Qur’on qiroati, zikr va salavotlarni ko‘paytirish.
“RAHMAT OYI RAMAZON”kitobidan
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim Ramazon ro‘zasini tutib, ketidan Shavvoldan olti kun ro‘za tutsa, yil bo‘yi ro‘za tutgandek bo‘ladi”, deganlar (Imom Muslim rivoyati).
Bugun hijriy sanada Shavvol oyining 20 sanasi. Taxminan yana 10 kundan keyin Shavvol oyi ham o‘z nihoyasiga yetadi. Shavvol oyida 6 kun ro‘za tutishni unutmadingizmi? Yodingizdan ko‘tarilgan bo‘lsa eslatib qo‘yishni lozim deb topdik. Zero, Alloh taolo bunday marhamat qiladi:
“Va eslat. Albatta, eslatish mo‘minlarga manfaat berur” (Zoriyot surasi, 55-oyat).
Shavvol oyida 6 kun ro‘za tutish yil bo‘yi ro‘za tutganning savobiga noil etadi.
Ramazon ro‘zasi o‘ttiz kunining o‘n barobari o‘n oy (300 kun), Shavvol oyining olti kun ro‘zasi esa (60 kun) ikki oy bo‘ladi. Jami 360 kun (bir yil)ni tashkil etadi. Natijada, kishi butun yil bo‘yi ro‘za tutgandek bo‘ladi. Alloh taolo Qur’oni Karimda bunday marhamat qiladi:
“Kim bir yaxshilik keltirsa, uning uchun o‘n barobari bor. Kim bir yomonlik keltirsa, u faqat qilganiga yarasha jazolanur. Va ularga zulm qilinmas” (An’om surasi, 160-oyat).
Allohim, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlarida bardavom qilgin, gunohlarimizni mag‘firat etgin!
Davron NURMUHAMMAD