«Tama’» deb birovdan bir narsa umidvor bo‘lishga aytiladi.
To‘rt muchasi salomat, kuch-quvvati bor kishilarga tama’ qilmoq harom. Ojiz va notavon, salomatligida kamchiligi bor insonlarga muboh.
Tama’ balosiga giriftor bo‘lgan kishilardan nomus va hayo sifatlari ko‘tariladi.
Hozirgi kunda tama’ bilan qorin to‘yg‘azadigan kishilar ko‘paygani achinarli hol.
Agar ularga «Birodar, soppa-sog‘ odam bo‘lsang, senga tama’ harom emasmi?» desangiz, «Ota-bobomning kasbi shu», deydi uyalish o‘rniga.
Alaloxir, tama’ nonini yeb ulg‘aygan, kasbu hunar o‘rniga dangasalik va yalqovlikka o‘rgangan kimsalarning o‘zlaridan ham, farzandlaridan ham yaxshilik kutib bo‘lmaydi.
Tama’ xorlikka sabab. Tamagir boy – xor va tuban. Kim tamagirlik yo‘li bilan biror narsani undirishi mumkin bo‘lsa-yu, lekin olmasa, bu – unda tama’ illati yo‘qligiga dalolat qiladi va uning shu ishi har qanday saxovatdan qolishmaydi.
Tamagirning ko‘zi dunyo moliga to‘ymaydi. Hakimlar aytadiki, tamagirga bir vodiy tillo koshona berilsa ham yana bir vodiy bo‘lsaydi deb noshukrlik qiladi.
Bu haqida So‘fi Olloyor buvamizning quyidagi baytda ham bayon qilinadi.
Tamalik siyladin behdur siylangan,
Tilangandin erur ortiq - tilingan.
Ma’nosi: (Tama’ bilan bir suruv qo‘y olgandan ko‘ra, yelkaga musht urganlari afzaldir. Tilanchi bo‘lib yurgandan eski kiyimlarda tilinib yurgan yaxshi)
Emaklab ketsa, tushsa et bila po‘st,
Tama qilma kishidin to‘sha, ey do‘st!
Ma’nosi: (Emaklab, teri-yu eting tushub ne mashaqqatlar ichida yurgan bo‘lsang-da, odamlardan garchi birgina luqma bo‘lsa ham tama’ kutma, ey do‘st!)
Bugun moddiy manfaat uchun, mansab uchun, yo‘qchilikdan qo‘rqib, odamlarning xurmat va e’tiboridan qolishdan ko‘ra o‘zlariga tamani joiz ko‘rganlardan ta’bi xira bo‘ladi kishining.
Alloh taolo bunday insonlarning ko‘zini tama’ hirsi bilan to‘ldirib qo‘ygan. Ular nafsining yo‘lida har qanday qattollikka ham qo‘l urish mumkin.
Rabbimiz barchamizni o‘z nafsiga qul bo‘lib, tamadan, dunyo moliga to‘ymas ochko‘z kishilarning yomonligidan saqlasin.
Muhammad Sodiq KARIMOV,
«Obidjon Botirov» jome masjidi imom-xatibi