Ro‘zada mavjud bo‘lgan xususiyat undan boshqa narsada yo‘q. Nega deganda, ro‘zani Alloh taolo O‘ziga nisbat bergan. Hadisi qudsiyda Alloh taolo aytadi: «Ro‘za men uchun va uning ajru-savobini O‘zim beraman» (Imom Buxoriy). Bu nisbatning o‘zi uning naqadar sharafli ekaniga kifoya etadi, chunonchi «Uyimni pok eting» (Haj surasi, 26-oyat), degan kalomida Ka’ba nisbatini o‘ziga xos etganidek.
Ro‘za ikki ma’noga nisbatan fazilatli bo‘ladi:
Ro‘zaning uch xil darajasi bor: ommaviy ro‘za, xos ro‘za, xoslar xossasining ro‘zasi.
Ommaviy ro‘za – bu qorinni taomdan man etish va jinsiy a’zoni shahvoniy his-mayldan ushlash.
Xos ro‘za – bu nazar, til, qo‘l, oyoq, eshitish a’zolari va boshqa barcha vujudni gunohlardan saqlash.
Xosning xos ro‘zasi – bu jirkanchli istaklardan va Allohdan uzoqlashtiradigan fikrlardan qalbning ro‘zador bo‘lishi, Allohdan o‘zga barcha narsalardan qalbning uzoqda bo‘lishi. Bu xildagi ro‘zaning sharxi boshqa o‘rinda keladi.
Xos ro‘zaning odoblari quyidagilardir: ko‘zni haromdan yumish, tilni odamlarga aziyat beradigan harom yoki makruh yo befoyda so‘zlarni aytishdan saqlash, boshqa barcha a’zo va vujudni ehtiyotlash.
Imom Buxoriy hazratlari rivoyat etgan hadisi sharifda bunday deyiladi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kimki yolg‘on, bo‘hton so‘zni va unga amal etishni tark etmasa, uning yemay-ichmay tutgan ro‘zasiga Allohning hojati yo‘q», deya marhamat qildilar».
Yana ro‘za odoblari mana shulardir: ro‘za tutishni niyat etgan odam kechalari qornini haddan ziyod to‘ydirib yubormasligi, balki u kifoya qilgudek taom yeyishligi kerak. Zero, odam bolasiga qorindan ko‘ra yomonroq to‘ladigan idish yo‘q. U kechaning avvalida to‘yib olsa, kechaning qolgan qismida o‘ziga foyda ola olmaydi. Shu kabi u sahar paytida haddan ortiq to‘yib ovqat yeb olsa, peshin vaqtigacha hech bir foydali amal qila olmaydi, ko‘p yeyishlik yalqovlik va faoliyatsizlikni keltirib chiqaradi. Natijada, ko‘p taom iste’mol etish iroda etilgan maqsadni zoye etadi, chunki ro‘zadan maqsad ochlik hissini tatish va ishtahani tark etishdir.
Ixtiyoriy tutiladigan ro‘za xususida shuni yaxshi bilingki, yil davomida yaxshi kun va ayrim fazilatli ayyomlarda ro‘za tutish mustahabdir. Bu ro‘zalar ta’kidlangan yaxshilik hisoblanib, ramazon oyidan keyingi shavvol oyining olti kun ro‘zasi, arafa kuni ro‘zasi, muharram oyining o‘ninchi kunidagi ashuro ro‘zasi va zulhijja oyining o‘nida tutiladigan ro‘zalardir. Abu Ayyub Ansoriydan rivoyat etiladiki, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam marhamat qildilar: «Kimda-kim ramazon oyi ro‘zasini ado qilib, so‘ng shavvol oyida olti kun ro‘za tutsa, u odam go‘yo yil davomida ro‘zador bo‘libdi» (Imom Muslim).
Shunday ro‘zalarning ba’zisi haftaning dushanba va seshanba kunlarida tutiladi. Qamariy oyning boshi, o‘rtasi va oxiridagi tutilgani afzal ro‘zadir.
Kimki har oyning avvali, o‘rtasi va nihoyasida ro‘zador bo‘lsa, ko‘p yaxshi bo‘ladi. Ammo eng afzali qamariy oyning to‘lgan uch kunlari, ya’ni 13-14-15 kunlari tutilgan ro‘zadir.
Hazrat Dovud alayhissalomning ixtiyoriy tutgan ro‘zalari takrorlanadigan ro‘zalardandir. U zot bir kun ro‘zador bo‘lsalar, ikkinchi kuni ro‘za bo‘lmasdilar. Bu tartibda ro‘zador bo‘lish o‘zida uch ma’noni jam etadi:
Bu – ro‘za ushlash man etilgan kunlarda ham uzluksiz yil bo‘yi ro‘za tutadiganlarga taalluqli. Ammo ikki hayit, tashriq va arafa kunlaridan tashqari yilning boshqa hamma kunlarida ro‘za ushlasa, hechqisi yo‘q. Hishom ibn Urvadan rivoyat etilishicha, u kishining otalari uzluksiz ro‘za tutardilar. Hazrat Oisha onamiz roziyallohu anho ham muttasil ro‘zador edilar. Anas ibn Molik roziyallohu anhu aytdilar: «Abu Talxa Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan keyin uzluksiz qirq yil ro‘za tutdilar».
Biling! Kimning farosati bo‘lsa, ro‘zadan bo‘ladigan maqsadni yaxshi tushunadi va afzal amallarni bajarishda o‘zini ortiqcha qiynamaydigan darajada ish tutadi.
Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhu kam ro‘za tutardilar va: «Ro‘za ushlasam, namoz ado etishda zaif bo‘laman, shuning uchun (ixtiyoriy, ziyoda) ro‘za tutishdan namozni ixtiyor etdim», deganlar.
Salaflardan ayrimlari agar ro‘za tutsam, Qur’oni Karimni o‘qishda charchab qolaman, deb ko‘p vaqt ro‘za tutmas edi. Har bir inson holini va o‘ziga nima yaxshiligini o‘zi bilguvchidir.
Manbalar asosida
Piskent tumani «Mulla Bo‘ta Qozi»
jome masjidi imom xatibi
Mirsobit VOHIDOV
tayyorladi
18 avgust Toshkentning nafaqat diniy, balki madaniy va ilmiy merosi tarixida muhim o‘rin tutuvchi sana. Qur’oni Karimning eng qadimiy qo‘lyozmalaridan biri sifatida e’zozlanadigan Usmon Mus'hafi asrlar davomida Markaziy Osiyo tarixining turli bosqichlariga guvoh bo‘lib kelgan, xabar bermoqda iccu.uz.
Ushbu nodir qo‘lyozma yirik hajmdagi pergament varaqlarga yozilgan bo‘lib, matni qadimiy Hijoz xatida bitilgan. Mus'hafda hozirgi arab yozuvidagi nuqta va harakat belgilari mavjud emas. Manbalarda uning saqlanib qolgan qismi 338 yoki 353 varaqdan iborat ekani haqida turli ma’lumotlar uchraydi. Ayrim yo‘qolgan pergament varaqlar keyinchalik qog‘oz bilan almashtirilgan. Qo‘lyozmaning aniq sanasi xususida ilmiy adabiyotlarda turli qarashlar mavjud.
Tarixiy ma’lumotlarga ko‘ra, Mus'haf uzoq yillar Samarqandda saqlangan. 1868–1869 yillarda u Sankt-Peterburgga olib ketilgan va Imperator xalq kutubxonasiga topshirilgan. 1905 yilda qo‘lyozmaning 50 ta faksimile nusxasi ko‘chirilgan. 1917 yildagi siyosiy o‘zgarishlardan keyin musulmon ulamolarining talabi bilan Mus'haf avval Ufaga, keyin esa O‘rta Osiyoga qaytarilishi jarayoni boshlangan.
1924 yilda Usmon Mus'hafi Tatariston, Boshqirdiston va Turkiston ulamolaridan tashkil topgan maxsus kuzatuvchilar hamrohligida maxsus poyezd orqali Ufadan Toshkentga olib kelindi. Toshkentga olib kelinganidan so‘ng Mus'haf bir muddat shahardagi masjidlardan birida saqlandi. Keyinchalik uning asrab-avaylanishini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston tarixi davlat muzeyiga topshirildi.
1989 yil 14 mart kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan Musulmonlarning IV quriltoyida O‘zbekiston hukumati qarori bilan Usmon Mus'hafining musulmonlar ixtiyoriga qaytarilgani e’lon qilindi. Keyinchalik u O‘zbekiston musulmonlari idorasi ixtiyoriga topshirildi. Mus'haf bir muddat Hazrati Imom majmuasidagi «Mo‘yi Muborak» madrasasi muzey-kutubxonasida maxsus sharoitda ham saqlandi.
Usmon Mus'hafining tarixiy va madaniy ahamiyati xalqaro miqyosda ham e’tirof etilgan. 1997 yilda qo‘lyozma YUNЕSKOning «Memory of the World» — «Jahon xotirasi» dasturi ro‘yxatiga kiritilgan.
2025 yil 13 noyabr — Usmon Mus'hafi tarixida yana bir muhim sana. Aynan shu kuni nodir qo‘lyozma O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga olib kelindi. Bugun Qur’on zalidagi asosiy eksponatlardan biri sifatida alohida o‘rin egallab, yurtimizning ko‘p asrlik diniy, ilmiy va ma’naviy merosini namoyon etuvchi bebaho yodgorlik sifatida taqdim etilgan. Shuningdek, Markazda turli davrlarda Somoniylar, Qoraxoniylar, Xorazmshohlar va Temuriylar davrida ko‘chirilgan Qur’on nusxalarini ham ko‘rish mumkin. Usmon Mus'hafi tarixi bu faqat bir qo‘lyozmaning tarixi emas. Bu asrlar osha saqlangan ilmiy va ma’naviy meros, uni asrab-avaylagan avlodlar xotirasi va O‘zbekiston zaminida shakllangan buyuk islom sivilizatsiyasining uzviy davomiyligi haqidagi tarixdir.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati