Muborak ramazon oyining ro‘zasi Islomning besh shartidan biri bo‘lib, payg‘ambar yuborilgan har bir ummatga farz qilingan. Qur’oni Karimda: «Sizlarga ham sanoqli kunlarda ro‘za tutish farz qilindi» (Baqara surasi 183-oyat), «Sizlardan kim bu oyga hozir bo‘lsa, ro‘za tutsin» (Baqara surasi 185-oyat) kabi xitoblar bilan ro‘zaning farzligi sobit bo‘lgan va fiqhiy asoslaridan bahs yuritilgan.
Hadisi qudsiylardan birida: «Ro‘za men uchundir va uning mukofotini men beraman» (Buxoriy rivoyati), – deyiladi va ro‘zaning xos ibodat hamda ulug‘ savobga ega ekanligiga ishora qilinadi.
Dinning ustini namoz bo‘lsa, jamiyatniki – zakot, ruhniki esa ro‘zadir. Ro‘za ruh shifosidir.
Har bir ilohiy amrda o‘ziga xos hikmat bor. Ro‘zaning barcha xususiyati va hikmati yolg‘iz Allohga ayon. Bir narsa aniqki, Ramazon – rahmat va mag‘firat oyi, oylarning sultoni va eng ulug‘idir. Ro‘za jasadga ham, ruhga ham fayz bag‘ishlaydi, uni qayta tiriltiradi. Moddiy va ma’naviy zararlardan muhofaza etadi.
Boshqa oylarga nisbatan bu oyda Allohga yaqinlashish, ulug‘ ajru mukofotlarga sazovor bo‘lish imkoniyatlari ko‘proq. Qadr kechasinig ming oydan afzalligi, bu kechada qilingan ibodatning ajri ming oylik qilingan ibodatning savobidan ortiqligini bir tasavvur qilib ko‘ring! Bu oyda ixlos, samimiyat ila tavba qilsak, gunohlarimiz kechiriladi, duolar qilsak, ijobat bo‘ladi, inshaalloh! Hatto farishtalar ham bu oyda Allohning maxsus farmonini bajarish uchun yerga tushadilar…
Qur’oni Karim shu oyda nozil bo‘ldi. Allohning Rasuli Islom diniga da’vatni shu oydan boshladi. Shu oydan boshlab Islom dini zafarga, kuch-quvvatga, nurga to‘laverdi… Shuning uchun ham ramazon oyi va ramazon ro‘zasi butun ummat tarafidan buyuk bir muhabbat va ayricha hurmat bilan e’zozlanadi.
Bu oyda yer yuzining turli tarafidagi musulmonlar mushtarak tuyg‘u va mushtarak qarashlar bilan birlashadilar… Bir xil vaqtda ochiqadilar, chanqaydilar, jamoat bo‘lib tartibli, e’tiqodli holatda Allohga taslim bo‘ladilar, muhabbat namunasini ko‘rsatadilar. Yaxshilik, xayru hasanot barchaga barobar ochiladi. Allohning afv va mag‘firat xazinasidan har bir mo‘min o‘z ulush va nasibasini olishga harakat qiladi. Mo‘min-musulmonlar ro‘za davomida ruhlarini sabr-qanoat, mashaqqat va qiyinchiliklarda toblaydilar, Alloh bergan ne’matlarning qadriga yetish haqida o‘ylay boshlaydilar…
Shubhasiz, ro‘za islomning boshqa ahkomlari va ibodatlari kabi jamiyat hayoti va taraqqiyotiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Xatmi Qur’on, tarovih va iftorliklar musulmonlarni yanada jipslashtiradi, ularda mehr-oqibat, dinu diyonat tuyg‘ularini junbushga keltiradi.
Ammo hayf va yoziqlar bo‘lsin ul kishigakim, shu ulug‘ oyni pisand qilmasdan, ro‘za tutmasdan muborak ramazon oyining savobi, fayzu barakotidan mahrum qoladi!
Ushbu kitob muallif tomonidan tadqiqot sifatida yozilmagan. U turli joylarda, turli vaqtlarda ma’ruza qilingan suhbatlardan tarkib topgan. Shuning uchun ham ba’zi o‘rinlarda takroriy fikrlar uchraydi. Qolaversa, kitobxonlarga ilohiy amr va farmonni takrorlab, uqtirib turish foydadan xoli emas.
Alloh barchamizni ro‘za ibodatini mukammal va ixlos bilan ado etadigan taqvodor va solih bandalaridan aylasin. Omin! Valhamdu lillahi rabbil olamin.
Maxmud Asad Jo‘shonning «Ramazon va taqvo» kitobi asosida
Toshkent viloyati Piskent tumani
«Mulla Bo‘ta Qozi»
jome masjidi imom xatibi
Mirsobit VOXIDOV
tayyorladi
Imom Buxoriy majmuasi nafaqat O‘zbekiston, balki butun islom olami uchun ulug‘ va muqaddas qadamjolardan biri hisoblanadi.
Hazrat Imom Buxoriydek buyuk muhaddis nomi bilan bog‘liq ushbu majmua bugun yurtimizning eng yirik ma’naviy va madaniy markazlaridan biriga aylangan. Har kuni minglab ziyoratchilar bu yerga kelib, ajdodlar merosi, ma’rifat va muqaddas tarix bilan yuzlashmoqda.
Majmua nafaqat ziyoratgoh, balki xalqimizning boy ma’naviy merosi, milliy me’morchiligi va islom sivilizatsiyasidagi o‘rnini namoyon etuvchi noyob madaniy ob’yektdir. Uni barpo etish uchun katta mehnat, yuksak mahorat va qimmatbaho qurilish materiallari sarf etilgan. Shu bois bu qutlug‘ maskanni asrab-avaylash har birimiz uchun muhim vazifadir.
Yaqinda Madaniy meros agentligi tomonidan ayrim ziyoratchilarning majmua hududida beparvo munosabatda bo‘layotgani haqida ma’lumot berildi. Ayrim holatlarda ustunlar, ayvonlar va muzey eksponatlariga ehtiyotsiz munosabatda bo‘lish, chiqindilarni duch kelgan joyga tashlash kabi holatlar kuzatilmoqda. Bu esa nafaqat ziyoratgoh ko‘rkiga, balki uning ma’naviy muhitiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Bu holat barchamizni sergaklikka chaqirishi kerak. Zero, muqaddas qadamjoga kelgan inson avvalo o‘zini munosib tutishi, tozalik va tartib-qoidalarga amal qilishi lozim. Chunki ziyoratgoh — oddiy sayrgoh emas. Bu yerda asrlar nafasi, buyuk ajdodlar ruhi va ma’rifat ziyosi mujassam.
Tozalik esa inson madaniyatining eng muhim ko‘rsatkichlaridan biri. Islom ta’limotida ham poklikka alohida ahamiyat berilgan. Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom “Tozalik — iymonning yarmidir”, deya ta’kidlaganlar. Demak, ziyoratgoh hududida ozodalikni saqlash nafaqat fuqarolik burch, balki ma’naviy mas’uliyat hamdir.
Ayniqsa, chet ellik mehmonlar O‘zbekiston haqidagi ilk taassurotni aynan shunday muqaddas maskanlar orqali oladi. Agar ziyoratgoh ozoda, tartibli va fayzli bo‘lsa, bu xalqimizning yuksak madaniyati va ma’naviyatini namoyon etadi. Aksincha, beparvolik va tartibsizlik mamlakatimiz nufuziga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Yosh avlodni ziyoratgoh madaniyati ruhida tarbiyalash ham muhim ahamiyatga ega. Bolalar kattalardan ibrat oladi. Agar ota-ona muqaddas joyda tartibga amal qilsa, ehtiyotkor bo‘lsa, farzand ham shu ruhda tarbiya topadi. Shu bois har bir inson o‘z harakati bilan boshqalarga namuna bo‘lishi kerak.
Imom Buxoriy majmuasi — millatimiz g‘ururi va ma’naviy boyligi. Uni asrash, tozaligini saqlash va ehtirom bilan munosabatda bo‘lish har bir insonning vijdoniy burchidir. Ziyoratgohlarga bo‘lgan munosabatimiz orqali biz o‘z madaniyatimiz, ma’naviyatimiz va ajdodlar merosiga bo‘lgan hurmatimizni namoyon etamiz.
Asliddin Mustafoyev, majmua axborot xizmati rahbari.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati