Sayt test holatida ishlamoqda!
02 Avgust, 2025   |   8 Safar, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:46
Quyosh
05:19
Peshin
12:34
Asr
17:31
Shom
19:43
Xufton
21:09
Bismillah
02 Avgust, 2025, 8 Safar, 1447

Bir daraxt nish uribdi, endi unga suv kerak

16.05.2018   5087   21 min.
Bir daraxt nish uribdi, endi unga suv kerak

So‘fi Olloyor hazratlari 1644 yil Kattaqo‘rg‘on bekligidagi Minglar qishlog‘ida tavallud topgan va 1724 yil Vaxshivorda vafot etgan. U muhtaram zotning bobosi Temiryor, otasi Olloquli bo‘lib ular zamonasining ilmda peshqadam, izzati baland, solih va taqvodir odamlaridan bo‘lgan. U zotning Farhod otaliq va Ollonazarbiy ismli akalari bo‘lgan.

So‘fi Olloyor hazratlari ilk ta’limni ota-onasidan olib kichik yoshida Qur’oni karimni o‘qib tushirgan, 12 yoshida Jo‘ybor madrasasiga o‘qishga borgan. Noyob qobiliyati, zukkoligi va qat’iyatliligi sabab tezda e’tiborga tushgan va 25 yoshida bojxona-soliq to‘rasi lavozimiga tayinlangan. Bu lavozimda halol va fidoiylik bilan ishlab xonlik xazinasini boyitishga munosib hissa qo‘shgan. Xonning maqtov va mukofotlariga sazovor bo‘lgan. Ammo tabiatidagi darveshlik xislati ustun kelib, amaldorlikdan voz kechgan va tariqat yo‘lini tutgan. 12 yil Shayx Habibullohning xizmatida bo‘lib, tariqat sirlarini o‘rgangan va shayxining tavsiyasi bilan Panjikent, Urgut, Shahrisabz, G‘uzor, Dehqonobod, Boysun, Sherobod, Qobadiyon, Qorategin, Hisor, Denov va boshqa joylarga safar qilib, u yerlarda bir necha yillar yashab tolibi ilmu irfonlarga shariat va tariqat ahkomlaridan ta’lim bergan. Boshqa manbalarda u Navro‘z Buxoriy va Xo‘ja Mo‘min singari ustozlardan ham ta’lim olgani aytilgan.

Rivoyat qilishlaricha, So‘fi Olloyor hazratlari Kattaqo‘rg‘ondan chiqib dastlab Cho‘nqaymishga kelgan ekan. U ko‘chgan choqda To‘ra so‘fi degan yoshi ulug‘ yordamchisi bo‘lgan ekan. U odam karvonning ortida yurib karvondagilar unutib qoldirgan yoki ulardan yo‘l-yuzada tushib qolgan narsalarni yig‘ib kelarkan. O‘sha kishi hozirda “Ibrohim ota” deb ataladigan qishloqning tepasiga chiqqanda uch-to‘rtta avboshlar uni o‘sha yerda o‘ldirib tuyasini suyib olishibdi. Bu orada karvon Cho‘nqaymishga yetib joylashib, To‘ra so‘fining yo‘liga qaray boshlagan ekan, So‘fi Olloyor “Yo‘lga qaramanglar, To‘ra so‘fi shahid bo‘ldi, tuyasi qurbonlik bo‘ldi”, debdi. Ibrohim ota qishlog‘ining tepasidagi o‘sha dovon bugungi kunda “To‘ra so‘fi” dovoni deb ataladi.

O‘sha vaqt asr namozi yaqinlashib qolgan ekan. So‘fi Olloyor qiyaroq joyda namoz o‘qibdi. Shu choq bir teshikdan kattakon ilon boshini chiqaribdi. Hazrat teshikka asosini tiqib qo‘yibdi-da, namozda davom etibdi. Namozni o‘qib bo‘lguniga qadar hassasi ikkita yaproq chiqaribdi. Buni ko‘rib. “Ey bu yerda daraxt paydo bo‘libdi, endi unga suv ham kerak bo‘ladi-da”, deb qo‘li bilan yerni tirnagan ekan, tirnagan joyi nam bo‘libdi. O‘sha vaqtda  u zotning farzandlari yoshroq ekan, “Bu yerni ham tirnab ko‘ring-chi”, “Bu yerni ham” deb qiziqaveribdi. Bolalarining rayiga qarab yana to‘rt joyni tirnabdi. qaynar buloqlar soni beshta bo‘libdi. Shunda bir o‘g‘li teparoqdagi toshloqni ko‘rsatib: “Shu yerni ham tirnab ko‘ring-chi”, debdi. Go‘yoki otasini ojiz qoldirish maqsadida aytilgan gap u kishiga juda ham  malol kelibdi. Ammo sazasi o‘lmasin deb o‘sha joyni shu qadar ko‘p tirnabdiki, qo‘llari qonab ketibdi va nihoyat toshning orasidan suv otilib chiqibdi. O‘sha buloqning suvi qolgan beshta buloqning suvini ham bosib ketibdi.

Ana shu buloqning suvi yil qurg‘oqchil kelsa ham, seryog‘in kelsa ham bir xil maromda; yozda ham, qishda ham bir xil haroratda chiqar ekan.   

Shunday qilib, So‘fi Olloyor shu makonda bir kecha tunab tongda turib yo‘lida davom etmoqchi bo‘lgan ekan. O‘sha tunda tushiga Said Kamol ota kirib “Bizning makonlar yoqmadimi, qayoqqa ketmoqchisiz?” deb so‘rabdi.

Said Kamol ota kim deysizmi? U zot buyuk sahobiy, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning jiyani Qusam ibn Abbos roziyallohu anhuning avlodlaridan bo‘lgan ulug‘ avliyo.

So‘fi Olloyor tongda turiboq u zotning tog‘ning tepasidagi qabrini ziyorat qilibdi va quyiroqdan boshpana tiklab shu joyda qolishga qaror qilibdi. Ammo bu bahavo joyga ilonlar makon qurib olgan ekan. Ularga o‘sha hammamiz bilgan maktubni jo‘natibdi va ilonlar tog‘dan toqqa o‘tib Vaxshivorga ko‘chib ketibdi. Bu yerda uzoq yo‘lga yurishga yaramaydigan qarilari va bemorlari qolibdi.

Shayxining bu yerda qolishga qaror qilganidan ajablangan muridlaridan biri “Ilonlar makoni bo‘lgan bu qamishzorda qolib nima qilamiz?” deb so‘raganida Hazrat uning savoliga javob berish o‘rniga bir qamishni sindirib olib: “Chin qamish (Bu gapda chinakam, asl, haqiqiy, qamishning yaxshisi degan ma’nolar ko‘zda tutilgan – D.J.)” deb qo‘yibdi. Shu bilan bu joyning nomi “Chinqamish” bo‘libdi va yillar o‘tishi bilan xalqning tilida “Cho‘nqaymish” bo‘lib ketibdi.

Ular bu yerda bir muddat yashabdi. Hazratning hassasi chinor daraxtidan bo‘lgan ekan o‘sib ulkan chinor daraxtiga aylanibdi. Uning yonidan masjid qurib ibodat bilan mashg‘ul bo‘libdi.  

Ilonlar borib joylashgan joy Vaxshivor ­– vahshiy mor bo‘libdi. O‘sha atroflarda yashaydigan odamlarga ozor bera boshlabdi. U makonda yashab o‘tgan ulug‘lardan biri So‘fi Olloyorning tushiga kirib “O‘zingizning istirohatingiz uchun ilonlarni bu yerga haydab soldingiz. Bu elning uvoli sizning zimmangizda qolmaydimi?” debdi.

So‘fi Olloyor hazratlari o‘sha kuni tongda Vaxshivorga yo‘l olibdi.

Ushbu rivoyatdan ayon bo‘ladiki, Vaxshivorda ilonlar malikasiga yozilgan maktub ikkinchisi bo‘lib chiqadi va ilonlar to‘dasi shundan so‘ng Bobotoqqa ko‘chib ketgan...

Filologiya fanlar doktori, professor Shuhrat Sirojiddinov “So‘fi Olloyor hayoti va faoliyatiga qayta nazar” sarlavhali maqolasida bunday yozadi: “So‘fi Olloyorning Vaxshivordagi avlodlarining ta’kid etishlaricha, xususan, Muzaffarxon otaning aytishi bo‘yicha, ko‘pincha otasi o‘g‘li yonida bo‘lgan (Muhammad Siddiq nazarda tutilmoqda ­– D.J.) So‘fi Olloyor umrining nihoyasida o‘g‘liga: Menga vatanga qaytish muyassar bo‘lmaydi, shekilli, sen vatanga qaytgil”, deb uni Kattaqo‘rg‘onga jo‘natgan ekanlar. Allomaning qabri Surxondaryoning Vaxshivor mavzesidadir. O‘g‘li Kattaqo‘rg‘on va Qashqadaryo  chegarasidagi Cho‘nqaymish qishlog‘ida dafn etilgan. Ularning Cho‘nqaymish qishlog‘i bilan bog‘liqligi So‘fi Olloyorning qizlari shu yerlik eshonlardan biriga turmushga chiqqani bilan asoslanadi. Ammo Muhammad Siddiqning nega bu yerda vafot etgani, uning Kattaqo‘rg‘ondagi hayoti va oila va farzandlari haqida ma’lumotlar saqlanib qolmagan”.

So‘fi Olloyorning avlodlari Samarqand, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida yashamoqdalar.                                  

Chinorning mushaklari shishgani

Bu yerda yuz bergan hodisalarga o‘z ko‘zlari bilan guvoh bo‘lgan Zikrfayzullo Zokirov hikoyasida aytilishicha, sho‘ro hukumati quvvatlanib olganidan keyin xalqning diniy-milliy qadriyatlariga hujum boshladi. Ana shu hujumdan chekka bir qishloqning eng chekka go‘shasi sanalgan Cho‘nqaymish ham benasib qolmadi. Negaki, bu yerda So‘fi Olloyor hazratlari qurgan masjidda hali ham namoz o‘qilar, u zot ekkan chinor tobora yuksalib borar, u zot tirnoqlari bilan tirnab chiqargan buloq suvi esa sira ham kamaymas edi. Mahalliy amaldorlar ishni masjidni yiqitishdan boshlamoqchi bo‘lishdi. Ammo unga ketmon urishga hech kimning yuragi urmadi. Shunda bir odam qo‘limga ketmonni olib pasqamgina masjid ustiga otilib chiqdi. (U odamning kimligini bilamiz, ammo farzandlarini o‘ylab otini yozmay qo‘yaverdik). O‘sha odam farzandlariga: “Bolalarim, farzandlaringga vasiyat qilinglar, ular ham bolalariga vasiyat qilsin, Chinor bilan aslo o‘ynasha ko‘rmanglar. Masjidni buzaman deb tepasiga chiqib bir ketmon urgan edim osmonda kichkinagina, qop-qora bulut paydo bo‘ldi. Yana bir ketmon urganimda bulutcha tepamga yaqinlashib keldi. Ketmonni uchinchi safar urganimda bulut meni o‘rab oldi va uning ichidan bir qush tumshug‘i bilan yelkamdan tutib pastga qaratib uloqtirib yubordi. O‘shandan beri qush cho‘qigan tarafim ishlamaydi”, degan ekan.

O‘sha masjid qoldig‘i hozirgi kunda do‘mpayib turibdi. Chinorni oldiniga arralashmoqchi bo‘lishibdi, qarashsa, uni arralab yiqitib bo‘lmaydi. Keyin tortib ag‘daramiz deb traktor olib kelishibdi. O‘sha vaqtda xo‘jalikka yangi texnikalar olingan bo‘lgan chog‘i traktor yangigina ekan. Chinorni bog‘lab traktor bilan tortibdi, qo‘zg‘ata olmabdi. Buni ko‘rib yana ikkita traktor olib kelishibdi. Ikkita arqon tashlab ikki traktor bilan tortib ko‘rishibdi. Shunda nima bo‘libdi, bilasizmi, polvonlar kurashganda mushaklari shishib chiqadi-ku, chinor xuddi shunday shishibdi. (O‘sha shishgan “mushak” hozir ham bilinib turibdi. Unga 11 odamning qulochi arang yetadi ­– D.J.) Traktorning ikkovining ham motori erib ketibdi. Uchinchi traktor esa o‘zidan o‘zi pastga qarab enib ketibdi-da, borib soyga tiqilib qolibdi.

Masjid bilan chinorga kuchi yetmagan sho‘rolar buloqni ko‘mib tashlash bilan kifoyalanmoqchi bo‘lishibdi. Ammo qancha tuproq tashlashsa ham buloqning suvi to‘xtamas emish. Keyin yaqin atrofdagi aholidan tortib olgandek bo‘lib 60 ta kigiz bosibdi. Ne ko‘z bilan ko‘rsinlarki, buloq ko‘milgan kigizning har tarafidan suv chiqib borayotgan emish.

Shunday qilib, ular masjidni ham, chinorni ham yiqita olmabdi, buloqni ham ko‘ma olmabdi. Yillar o‘tishi bilan tabiat kuchlari ta’sirida masjid yiqilib qolibdi-yu, ammo chinor bilan buloq hali ham turibdi. 

Chinorning xosiyati

Azamat chinor qariyb to‘rt asrdirki, o‘sha atrofdagi parranda-yu darrandaga soya bo‘lib jazirama issiqda boshpana vazifasini o‘tab kelmoqda. Shuningdek, bu muazzam daraxt ziyoratga keluvchilarga ham soya-salqin joy vazifasini o‘taydi. Avom kishilar bu daraxtni muqaddas bilib orzu-havaslarini aytib, unga latta bog‘lab ketishadi. “Nega bunday qilishadi, aytmaysizmi ularga”, desak Muhammadsaidxon: “Aytishdan hech kami qolmadi. Ammo “Shuncha yo‘ldan niyat qilib kelgan edim”, deydi javdirab, dilini og‘ritmaslik uchun hech narsa deya olmaymiz. Biroq ketganlaridan keyin yechib olib tashlayman, oradan bir oz vaqt o‘tib qayta kelganlarida oldingi kelganida bog‘lab ketgan lattasini izlab qoladi. O‘sha siz latta bog‘lagan shoxcha odamlarning o‘tib qaytishiga xalaqit qilayotgan edi kesib olgan edim deb qo‘yaman”, deydi. 

Buloqning fazilati

Buloqning suvi quturish kasaliga davo deydilar. Cho‘nqaymishdan otda yoki eshakda tog‘ osha to‘g‘ri yurilsa, yigirma chaqirim chog‘i masofada, Qashqadaryo viloyatining Beshchashma qishlog‘ida yashovchi ko‘pni ko‘rgan otaxon Ollomurod Boboyorov: “Biz bolaligimizdan bilamiz: biror kishini it tishlab olsa-yu, o‘sha it quturgan deb gumon qilinsa, it tishlagan odamni Cho‘nqaymishdagi buloqqa oborib cho‘miltirib, kiyimlarini o‘sha yoqqa tashlab kelishar edi”, deydi. “Quturgan it tishlagan uchta sigirni olib kelib buloqning atrofiga bog‘lashdi. Ulardan ikkitasi tuzalib ketdi, bittasi o‘ldi”, – deydi eshonbobo, keyin gapida davom etib, – 1998 yil qop-qora “neksiya”da uchta aka-uka keldi, Samarqandning boyvachchalaridan ekan. Mashinada tushib kelib ziyorat qilgan bo‘lishdi. Ularning yoshrog‘i akalariga qarab: “Shunaqa balchiq o‘zimizning... yo‘qmidi, shuncha joyga meni nega olib keldinglar o‘zi?” dedi. Akalari indamay qo‘yishdi.

Oradan to‘rt oymi, besh oy o‘tib o‘sha qora “neksiya” yana keldi. Ammo bu safar undan ikki kishi tushdi. Ularni ko‘rdim-u, ukasiga o‘tgan safar bu joy yoqmagan edi. Shuning uchun kelgisi kelmabdi-da degan xayolga bordim. Biroq qiziquvchanligim ustun kelib: “Ukalaringiz ko‘rinmaydi?” deb so‘radim. “Ukamiz quturib o‘ldi”, deb javob berdi katta akasi.

Eshonbobo buloq suvidan bir yelim idishga (baklashka) solib Toshkentga, hozirgi Tibbiyot akademiyasiga olib boribdi. Ammo suvni tekshirish uchun maxsus kolbada olib kelish kerak bo‘lar ekan. Keyin toshkentlik mutaxassislarning o‘zlari borib suvning tarkibini o‘rganishibdi. Suv noyob minerallarga nihoyatda boy... inson salomatligi uchun juda ham foydali, degan uzundan uzun xulosalar yozishibdi. So‘ngra nimadir bo‘libdi-yu, o‘sha xulosalar yo‘qqa chiqibdi... 

Eshonbobo hikoyasi

Eshonbobo, eshonbobo deyapsiz. U odam kim o‘zi, bu yerga qanday kelib qolgan? deb hayron bo‘layotgandirsiz. Eshonbobo deganimiz So‘fi Olloyor hazratlarining Cho‘nqaymishdagi avlodlaridan biri – Muhammadsaid Zokirov. Uning bu yerda yashab qolganining o‘zi sarguzasht asarlarni sevuvchilarga mos bir kitob bo‘ladigan tarix. Ammo biz uning faqat mavzuga mos tarafini aytish bilan kifoyalanamiz.

Alqissa, u uylanib bola-baqrali bo‘lganidan keyin zamonning zayli bilan boshqa qishloqqa, Samarqand sovxoziga ko‘chib ketgan, ustachilik qilib qurilish tashkilotlarida ishlab yurgan. Buyog‘ini o‘zining tilidan bayon qilamiz.

“O‘tgan asrning so‘nggi yillarida men bir kasallikka chalindim. Bormagan do‘xtirimiz qolmadi, hech qaysi do‘xtir aniq tashxis qo‘ya olmadi. Tashxis aniq bo‘lmagandan keyin, bilasiz, muolaja ham shunga yarasha bo‘ladi. Shifo ­– yo‘q. O‘qitmagan domlamiz qolmadi. Foyda ­–  yo‘q. Men qo‘rqoqlik kasaliga chalingan edim. Kulayotgan odamlar og‘zini katta ochib irillayotgan yirtqich hayvonga o‘xshab ko‘rinardi. Tunlar yangangiz oldin meni uxlatib, keyin o‘zi uxlardi. Chunki o‘zim uyg‘oq qolsam yuragim yorilib ketadigan darajada vahimaga tushardim. Shunday dahshatli kunlarning birida tush ko‘rdim. Bir nuroniy odam mana shu chinorning tagida turib meni chaqirdi. U juda haybatli odam edi. Ammo men qanday jur’at qildim, bilmayman. Yugurib bordim-u, uning ko‘ksiga bosh qo‘yib yig‘lab yubordim. U mehr bilan boshimni siladi. Bomdodni o‘qidim-u, ko‘rgan tushimni yangangizga gapirib berib, o‘sha yoqqa boraman”, dedim. Lekin mening o‘zimni biror joyga yolg‘iz jo‘natish, meni o‘limga yuborish ekanini yaxshi bilgan yangangiz hamroh bo‘lib, to‘g‘rirog‘i, uning yetagida Cho‘nqaymishga jo‘nadik. Shu yerga kelayapmiz-u, chinorga ko‘zim tushgandan keyin bu yog‘i uchib keldim, chog‘i har qadam tashlaganimda ajib bir yengillikni his qildim. Yetib kelib mana shu buloq suvidan bir qultum ichdimu soppa-sog‘ odamga aylanib qoldim. O‘sha kundan boshlab shu yerda yashab qolib ketdik. 

Ajabo, ajab...

Teparoqda Beshbarmoq degan qishloq bor. O‘sha qishloqda Yalangoyoq eshonbobo ziyoratgohi bor. U kishi qaysidir yuzyillikning qaysidir yilida hazrati Said Kamol otaning ziyoratiga Buxoroi sharifdan kelgan ekan. Yalangoyoq eshonbobo deganlariga ko‘ra, Bahlul devonaga (dono) o‘xshab mudom oyoq yalang yurgan bo‘lsa kerak-da. Ana shu muhtaram zot Said Kamol hazratlarini ziyorat qilib qaytib ketayotganida Beshbarmoqda qazo qilgan ekan. Hozirgi vaqtda o‘sha joy birmuncha obodu ziyoratchilar bilan gavjum-u, ammo u zot ziyoratiga kelgan Said Kamol hazratlarining qabri tog‘ning tepasida qarovsiz holda yotibdi.

Hosili kalom, Cho‘nqaymishning o‘zida bir nechta azizlarimiz qo‘nim topgan ekan-u, ammo ulardan bexabar ekanmiz, mahalliy aholi ham ularning karomatli zotlar bo‘lganini biladi-da, tarixini bilmaydi. Poytaxtga qaytgandan so‘ng o‘sha zotlar haqida ko‘plab manbalarni qidirib ko‘rdik. Ammo ularning hatto nomlarini ham topa olmadik. Bir necha tillarda internet saytlaridan qidirganimiz ham natijasiz chiqdi.  Lekin bizning qo‘limizda ularning tarixiga oid manbalarning yo‘qligi ularning avliyoullohlar emasligini bildirmaydi. Aksincha, bizning o‘z bobolarimiz hayotini yaxshi o‘rgana olmaganimizga dalolat qiladi. Zotan, O‘zRFA Sharqshunoslik institutining qo‘lyozmalar fondi. Qo‘lyozmalar instituti fondida va boshqa joylarda, xonadonlarda, odamlarning  qo‘llarida mavjud qadimiy asarlarning ozgina qismini ham o‘rganib chiqa olganimiz yo‘q-ku. Balki o‘shalar ichida, nainki, ana shu azizlar hayoti va ilmiy-ijodiy faoliyatiga oid ma’lumotlar, ehtimol, ularning o‘zlari bitgan asarlar ham bordir.

Xotimaga yaqin qolganda

Ushbu maqolani yakunlab unga so‘nggi nuqtani qo‘yishga chog‘lanib turganimda nuktadon olim, shoir va mutarjim Mirzo Kenjabek qo‘ng‘iroq qilib qoldi. U kishiga Cho‘nqaymishdagi azizlar haqida gapirib bergan edim. Mirza aka: ““Boburnoma”da” qayerda avliyo bo‘lsa, o‘sha yerda suv va daraxt bo‘ladi, deb yozilgan deb qoldi.

Darhaqiqat, qadami yetgan joyga suv chiqarish va daraxt ekish azizu avliyolarga payg‘ambarlardan merosdir. Ismoil alayhissalom chaqaloqligida tovoni bilan yer tepib qip-qizil sahrodan Zam-zam bulog‘ini chiqardi, Ayyub alayhissalom hassasi bilan Chashmai Ayyubning ko‘zini ochdi...

Mehribon Parvardigorimiz O‘zining Xotimul anbiyosining boshiga bulutni soyabon qilib qo‘ygan edi, Rasuli akram sollallohu alayhi vasallamning ummatlari ichida aziz qilganlarining boshiga quyuq soya beruvchi daraxtlarni soyabon qildi. Gap isboti bilan bo‘lgani yaxshi deganlaridek, bunga ham ikkitagina misol keltirib qo‘ysak, ko‘nglimiz taskin topadi, inshoalloh.

O‘z yurtida va Toshkentda ilm olib kamolotga erishgan Maxdumi A’zam hazratlari Samarqandning Miyonqol vohasiga ko‘chib kelgan va bu vohani obodonlashtirib dastlab o‘n tup tol ekkan. Keyinchalik bu joy o‘n tolga nisbat berilib Dahbed degan nom olgan. Shuningdek, u yerda Maxdumi A’zam hazratlari o‘z qo‘llari bilan ekkan azamat chinor ham qad rostlagan.

So‘fi Olloyor hazratlari Vaxshivorga ko‘chib kelganida bu yerda ham ichimlik suvi muammosi bor edi. Shunda hazrat Vaxshivor soyining o‘ng qirg‘og‘iga keladi-da, nam tuproqqa hasasini suqib, muridlaridan biriga uni ortiga qaramay, tog‘ yoqalab sudrab ketaverishni tayinlaydi. Hassani sudrab borayotgan muridda qiziqish ustunlik qilib, qishloqqa yaqin qolganda ortiga o‘giriladi. Qarasa, hassaning izidan bir tegirmon suv ergashib kelayotgan emish! Suv shu zahoti yo‘nalishini o‘zgartirib, pastdagi jarga qo‘yila boshlaydi. Murid orqasiga qaragani uchun ham bu o‘zan “Qarabuloq” deb atalib kelgan. Yillar o‘tishi bilan nomi andak o‘zgarib “Qorabuloq” deyila boshlangan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «O‘zbekiston Respublikasi turizm salohiyatini rivojlantirish uchun qulay sharoitlar yaratish bo‘yicha qo‘shimcha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi 2018 yil 3 fevraldagi Farmonini ijro etish, shuningdek, respublikaga turistlar oqimini ko‘paytirish, kirish turizmini milliy iqtisodiyotning muhim tarmoqlaridan biriga aylantirish, mamlakatning madaniy-tarixiy merosi va tabiiy boyliklarini keng targ‘ib qilish maqsadida qabul qilingan “Kirish turizmini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarorida, shuningdek, davlatimiz rahbarining turli yig‘ilishlarda so‘zlagan nutqlarida mamlakatimiz hududidagi yangi ziyorat maskanlarini topib, bundan keng jamoatchilikni xabardor qilish masalalari aytilgan.

Yurtboshimiz chiqargan farmon, qaror va nutqlaridagi topshiriqlarining ijrosiga biz ham hissa qo‘shaylik. Shuning barobarida, bugungi avlodlar e’tiboridan chetda qolib kelayotgan aziz ajdodlarimizning yotgan joylarining obod bo‘lishiga hissa qo‘shaylik, ularning ruhlari shod bo‘lsin degan ezgu niyatlar ila ana shu kamtarona qoralamani e’tiboringizga havola etishga jur’at qildik.

Shuni e’tiborga olishingizni istardikki, bu ilmiy maqola emas. quyuq tumanzor aro paypaslab borayotgan kishining yurib ketayotganiga o‘xshash taxminlar va el orasidan eshitganlarimiz. Va eng muhimi, olimlarimiz, soha mutaxassislari diqqatiga havola qilinayotgan ilmiy tadqiqot obyekti. Umid qilamizki, So‘fi Olloyor hazratlarining avlodlari tarixi bilan shug‘ullanayotgan olimlarimiz, qadimshunos tadqiqotchilarimiz uchun bu qiziqarli mavzu bo‘ladi.

So‘fi Olloyor hazratlar ta’biri bilan aytganda, bu yerda bir daraxt nish uribdi – Qusam ibn Abbos roziyallohu anhuning, So‘fi Olloyor hazratlarining avlodlari yotgan joylar topildi. Endi unga suv kerak – qadimshunos olimlarlarimiz, dinimiz tarixi, naqshbandiy tariqati bilan shug‘ullanuvchi mutaxassislar ushbu joylar tarixini puxta o‘rganib, bu yerlarda yashirinib yotgan tilsimotlarni olam ahliga yetkazsa, mutassaddilar mazkur joylarning obod manzillarga aylanishini ta’min etsa, qanday yaxshi bo‘ladi.

Alhosil, ushbu makonlarga yurtimizdan, xorijdan ziyoratchilar qanchalik ko‘p kelsa, ularning qabrlari uzra tilovatlar, duolar qilinsa, ularning yotgan joylari jannat bog‘chalariga aylanadi va ruhlari shod bo‘ladi, inshoalloh!

 

Damin JUMAQUL

O‘MI Matbuot xizmati

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Takbir aytilmasa, janoza o‘qilmagan bo‘ladi

01.08.2025   1996   1 min.
Takbir aytilmasa, janoza o‘qilmagan bo‘ladi

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Savol: Janoza namozida to‘rtta takbirni aytish farz deb eshitganmiz. Imomga iqtido qilgan kishilar ham takbirlarni aytishlari kerakmi? Ularga ham to‘rt takbirni aytish farz bo‘ladimi?

Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Albatta, iqtido qilganlar ham mazkur takbirlarni aytishlari farz bo‘ladi. Chunki ulamolarimiz mazkur takbirlar boshqa namozlardagi rakatning o‘rnida bo‘ladi, ya’ni to‘rt takbirli janoza go‘yoki to‘rt rakatli namozning hukmida bo‘ladi, deganlar.

Shu bois imom ham, unga iqtido qilganlar ham takbirlarni aytishlari shart hisoblanadi. Agar kimdir takbirlarni aytmasa, yoki ulardan bittasini qoldirsa, janoza o‘qigan bo‘lmaydi. Vallohu a’lam.

 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.