Mehribon va Rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman).
“(Ey Muhammad!) Albatta, Biz Sizga Kavsarni ato etdik. Bas, Rabbingiz uchun (besh vaqt yoki Qurbon hayiti uchun) namoz o'qing va (tuya) so'yib qurbonlik qiling! Albatta, g'animingizning o'zi (barcha yaxshiliklardan) mahrumdir” (Kavsar surasi).
“(Ey Muhammad!) Albatta, Biz Sizga Kavsarni ato etdik”. Ibn Abbos roziyallohu anhumo va boshqa mufassirlardan qilingan rivoyatlarga ko'ra, oyatdagi “Kavsar”dan murod – ko'p yaxshilik, shu jumladan, Qur'oni karim nubuvvat, ilm, hikmatdir. Yoki bu Qur'on fazilati tufayli berilgan ko'p yaxshiliklardir.
Albatta, u Payg'ambarimiz alayhissalom o'z hadislarida ta'kidlaganlaridek, Alloh taoloning Nabiy alayhissalomga maxsus in'om etgan va ajoyib sifatlarga ega bo'lgan jannatdagi daryosi hamdir.
“Bas, Rabbingiz uchun (besh vaqt yoki Qurbon hayiti uchun) namoz o'qing va (tuya) so'yib qurbonlik qiling! Albatta, g'animingizning o'zi (barcha yaxshiliklardan) mahrumdir”.
Imom Zamaxshariy va Imom Nasafiy keltirishicha, “kavsar” arab tilida “ko'plik” so'zining o'zagi bo'lgan “kasra”ning “fav'al” vaznidagi shaklidir. Ko'plikning mubolag'a darajasini ifodalaydi. Ya'ni, Payg'ambarimiz alayhissalomga olamlar Rabbi ko'pligining chegarasi bo'lmagan, ikki dunyoda hech kimga berilmagan darajadagi yaxshiliklar bergan.
U zot uchun ikki yaxshilik jam bo'lgan:
– eng ulug' va mo'l-ko'l ne'matlarga erishish;
– ato qiluvchilarning eng Karamlisi va ne'mat beruvchilarning eng Ulug'idan ushbu yaxshiliklarni qabul qilib olish.
Demak, Nabiy alayhissalom mana shunday ne'matlar bilan u zotni izzat qilgan, sharafli aylab, xaloyiqning minnatidan saqlagan Parvardigoriga ibodat qiladilar va Allohning roziligi uchun qurbonlikni bajo keltiradilar.
Mana shunday vasfga ega Nabiy alayhissalomning zikri minbar va minoralarda, har bir olim va zikr qiluvchining tiliyu dilida dunyo turguncha joriydir. U zotning zikri Allohning zikri bilan birlashadi. Oxiratda esa u zot uchun ta'rifu tavsifga sig'maydigan ne'matlar bor.
Albatta, “ko'p yaxshilik”larning avvalida Qur'oni karim turadi. Chunki ilmu hikmat, nubuvvat va u zotga berilgan boshqa barcha yaxshiliklar Qur'oni karimda mujassam. U, Imom Zamaxshariy ta'riflaganidek, chegarasi bo'lmagan darajadagi yaxshilikning aynan o'zidir. Qolaversa, yaxshiliklarning barchasini jamlagan Qur'on bilan qo'lga kiritiladigan yaxshilik ham abadiy davom etadi, chegaralanib qolmaydi.
Jo'rabek OMON o'g'li
tayyorladi.
"Hidoyat" jurnalining 2023 yil 4-sonidan olindi
Din va jamiyat
Islom dini kishini haddan oshish, zo‘ravonlik va adovatdan qaytaradi. Har bir ishda o‘rta yo‘lni tutish, aql bilan ish ko‘rish, adolat va insofni saqlash asosiy mezonlardan ekani ta’kidlanadi.
Afsuski, bugungi kunda ayrim kimsalar dinimizga xos muqaddas tushunchalarni noto‘g‘ri talqin qilib, o‘z manfaatlari yo‘lida foydalanmoqda. Ular dinning asl mohiyati bo‘lgan tinchlik, o‘zaro mehr-muruvvat va ezgulik g‘oyalarini buzib, odamlar qalbiga mutaassiblik urug‘ini sochishga harakat qilmoqda. Bunday kimsalar xorijda turib ijtimoiy tarmoqlar orqali aqidaviy, fiqhiy, mahzab masalalarida xalqimizni chalg‘itishga urinib, mutaassiblik va boshqa yot g‘oyalarni targ‘ib qilib, ommani shubhalar girdobiga tortishga urinmoqda.
Haqiqiy dindorlik odamlardan uzilish, hayotdan chetlashish yoki boshqalarga nisbatan qattiqqo‘llik qilish emas. Balki halol mehnat qilish, ota-onaga hurmat ko‘rsatish, oilaga mas’uliyat bilan qarash, jamiyatga foyda keltirish va ibodatni ixlos bilan ado etishda namoyon bo‘ladi. Mutaassiblik esa shu muvozanatni buzadi. Bunday kishi o‘z fikrini yagona haqiqat deb biladi, boshqa qarashlarni eshitishni istamaydi. Faqat o‘z fikrini o‘tkazishga urinadi. U ko‘p hollarda dinning asl mohiyatini emas, balki o‘zining tor va biryoqlama tushunchasini himoya qiladi. Shu sababli mutaassiblik jamiyatda murosasizlik, adovat va bo‘linishlarga sabab bo‘ladi.
Aslida, chin musulmon o‘z e’tiqodida mustahkam bo‘lishi bilan birga, boshqalarga nisbatan ham odob, hurmat va insof bilan munosabatda bo‘lishi kerak. Din nomidan qo‘pollik qilish, odamlarni kamsitish, jamiyat tinchligiga raxna solish yoki zo‘ravonlikni oqlash qoralangan.
Payg‘ambarimiz alayhissalom har bir ishda – xoh u dunyoviy bo‘lsin, xoh oxirat amali bo‘lsin – o‘rtacha bo‘lishga chaqirib: “Ishlarning eng yaxshisi o‘rtachasidir”, deganlar (Imom Bayhaqiy rivoyati). Bu esa Islomda inson hayoti bir tomonga og‘ishgan emas, balki muvozanatli bo‘lishi kerakligini ko‘rsatadi.
Bu haqda Qur’oni karimda: “...Rohiblikni esa ular o‘zlari chiqarib oldilar. Biz ularga uni (rohiblikni) yozganimiz yo‘q, lekin ular o‘zlari Allohning rizoligini istab (rohiblik) qildilar-u, so‘ngra unga to‘la rioya qila olmadilar. Bas, ulardan iymon keltirganlariga mukofotlarni ato etdik. (Ammo) ularning orasida aksariyati fosiq (kofir)dirlar” (Hadid surasi, 27-oyat), deyilgan. Demak, kishi o‘z tabiatiga og‘irlik qiladigan darajada hayotdan uzilib, toat-ibodatga berilib ketmasligi kerak.
Yana bir oyatda: “Alloh senga ato etgan narsa bilan oxiratni istagin va dunyodan bo‘lgan nasibangni ham unutmagin” (Qasas surasi, 77-oyat). Musulmon kishi dunyoni deb oxiratni unutishi, oxiratni bahona qilib, zimmasidagi bu dunyo ishlarini tashlab qo‘yishi joiz emas.
Mutaassiblik ilmsizlik sababli kelib chiqadi. Ilmli kishi hech qachon o‘zgalar bilan tortishmaydi va har ishda o‘zinikini ma’qullayvermaydi. Aksincha, haq gap aytilganida tan oladi. Shuning uchun farzandlarimizga yoshligidanoq diniy bilimlarni chuqur o‘rgatib, turli fitnalardan ogoh etib borishimiz zarur. Zero, haqiqiy ilm egalarini hech qanday buzg‘unchi g‘oyalar chalg‘ita olmaydi.
G‘afurjon ESHONQULOV,
Urgut tumanidagi “Chubin” masjidi imom noibi
H. Sadriddinov uyushtirdi.
"Hidoyat" jurnalini 7-sonidan