2018 yil 12 may kuni Xitoy islom uyushmasi raisi shayx Hasan Yang Fa Ming boshchiligidagi delegatsiya O‘zbekiston musulmonlari idorasiga tashrif buyurdi. Mehmonlarni Shayx Abdulaziz Mansur boshchiligidagi bir guruh mutasaddilar kutib olib, o‘zaro fikr almashdilar.
Shayx Abdulaziz Mansur mehmonlarni tashrif bilan qutlab, muhtaram Prezidentimiz tashabbuslari bilan diniy-ma’rifiy sohani rivojlantirish va Islom ma’rifatini keng yoyish borasida qilinayotgan ishlar haqida gapirib o‘tdi. Shuningdek, Diniy idora faoliyati, diniy ta’lim muassasalari, Imom Buxoriy va Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, joylardagi kalom, hadis, fiqh, aqida, tasavvuf ilmiy maktablari faoliyati haqida so‘zlab berdi.
Xitoy islom uyushmasi raisi shayx Hasan Yang Fa Ming samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, jumladan shunday dedi:
– Avvalo, barchangizni yaqinlashib kelayotgan muborak Ramazon oyi bilan muborakbod etaman. Ma’lumki, O‘zbekiston va Xitoy xalqlari azaldan ijtimoiy-madaniy, savdo-sotiq masalalarida hamkorlik qilib kelishgan. Buyuk ipak yo‘li orqali ikki mamlakat o‘rtasida amalga oshirilgan ijobiy aloqalar asrlar osha bizni bog‘lab kelmoqda. Hozirda davlatlarimiz o‘rtasidagi aloqalarni rivojlanib borayotgani – bizni yanada yaqinlashtirmoqda, bu esa juda quvonarli hol. O‘zbekiston – Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Moturiy hazratlarini tarbiyalab, Islom olamiga taqdim etgan bebaho zamin ekani ma’lum. Bugun, butun islom olami ular bilan faxrlanishi ham hech kimga sir emas.
U o‘z so‘zida davom etib, hozirda Xitoyda istiqomat qilayotgan musulmonlarga hukumat tomonidan yaratilayotgan shart-sharoitlar va ularga berilayotgan e’tibor va imkoniyatlar haqida ham to‘xtalib, shunday dedi:
– Xitoy ko‘p millatli mamlakat bo‘lib, hozirda 50 dan ortiq millat va elat, turli din vakillari istiqomat qilishadi. Xitoyda 30 millionga yaqin musulmon bo‘lib, asosan ularni xuey, uyg‘ur, qozoq, qirg‘iz, o‘zbek, tatar, tojik, dunsyan, salar va boan kabi millatlar tashkil etadi. Musulmonlarning deyarli yarmi Shinjon-Uyg‘ur avtonom tumanida yashaydi. Bugungi kunda Xitoyda 30 000 dan ziyod masjid, 10 ta Islom o‘quv bilim yurtlari mavjud.
Hukumat tomonidan barcha din va millat vakillariga birdek e’tibor beriladi. Bag‘rikenglik va adolat qonunlarda ham o‘z ifodasini topgan.
Barcha din vakillarining faoliyati Din ishlari bo‘yicha qo‘mita tomonidan muvofiqlashtirib boriladi. Islom dini faoliyatidagi tashkilotlar esa Xitoy Islom Assotsatsiyasi tomonidan boshqariladi. Mazkur boshqarmada 70 nafarga yaqin ishchi xodimlar faoliyat olib boradi. Fatvo ishlarida hanafiya mazhabiga, aqidada esa moturudiya yo‘nalishiga amal qilinadi. Xitoy Xalq Respublikasidagi musulmonlarning 99 % ni hanafiya mazhabigilar tashkil etadi.
Bugungi kunda olimlarimiz xalqaro anjumanlarda ham faol ishtirok etib kelishyapti. O‘zimizda ham bu turdagi konferensiyalar tashkil etilmoqda. Masalan, 2016 20-21-iyul kunlari Xitoy Xalq Respublikasining Urumchi shahrida xalqaro simpozium bo‘lib o‘tdi. Mazkur simpoziumda 150 dan ziyod delegatlar ishtirok etishdi. Jumladan, O‘zbekiston vakillarining ishtiroki bizni juda quvontirdi. Kelajakda ham bu yo‘nalishdagi hamkorliklarimiz davom etadi, inshoalloh. Biz doim O‘zbekiston musulmonlari idorasi bilan hamkorlikka tayyor ekanimizni bildirmoqchiman. O‘z navbatida, O‘zbekiston musulmonlari idorasi ulamolaridan iborat delegatsiyani Xitoy davlatiga taklif etaman va keng qamrovli aloqalarni boshlash har tomonlama manfaatli bo‘lishini bildiraman. So‘zimning yakunida bugungi samimiy qabul uchun barchangizga o‘z minnatdorligimni izhor qilaman.
Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi o‘rinbosari Nuriymon Abulhasan bugungi murakkab davrda mo‘min-musulmonlar ahil-inoq bo‘lib yashashlari, dinimizni turli tahdidlardan himoya qilish, ayniqsa, ekstremistik g‘oyalarga qarshi ilmiy-asosli raddiyalar berish zarurligini ta’kidladi.
Islom sivilizatsiyasi markazi direktori o‘rinbosari Firdavs Xalilov davlatimiz Rahbari tashabbusi bilan tashkil etilgan Islom sivilizatsiyasi markazining asosiy maqsadi, Islom madaniyati va ma’rifatini keng yoyish, nodir asarlarni jamlash va o‘rganish hamda mana shunday ilmiy-ma’naviy merosni targ‘ib etish orqali Islom dinining asl mohiyatini butun dunyoga yetkazish ekanini qayd qildi.
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi prorektori Bahrom Mamadiyev davlatimiz Rahbari tashabbusi bilan O‘zbekiston xalqaro Islom akademiyasi tashkil etilgani, unda Qur’on ilmlari, hadis, aqida, tasavvuf va ehtiyoj mavjud bo‘lgan boshqa sohalar bo‘yicha malakali diniy kadrlar tayyorlanishi zamirida juda ulkan natijalarni maqsad qilinganini bildirdi.
Uchrashuv do‘stona va samimiy ruhda o‘tdi. Muloqot yakunida mehmonlarga Diniy idora tomonidan sovg‘alar taqdim etildi.
O‘MI Matbuot xizmati
#Xushxabar #Ilmiy_faoliyat
2025-yilda xalqaro va respublika miqyosida o‘tkaziladigan ilmiy va ilmiy-texnik tadbirlar rejalari tasdiqlandi.
Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vazirining 2024-yil 27-dekabrdagi 490-son buyrug'iga asosan 2025-yilda 252 ta tashkilot tomonidan 665 ta xalqaro va 600 ta respublika miqyosida, jami 1265 ta ilmiy va ilmiy-texnik tadbir o’tkazilishi rejlashtirilgan.
E'tiborlisi, mazkur ro‘yxatda Toshkent islom instituti kafedralari tomonidan taklif etilgan konferensiyalar mavzulari ham kiritilgan.
Joriy yil 24-aprelda “Islom dini asl manbalarini talqin qilishdagi yondashuvlar: muammo va yechimlar” mavzusida xalqaro va 30-oktyabrda “Dolzarb aqidaviy va zamonaviy fiqhiy masalalar” mavzusida respublika miqyosidagi konferensiya Toshkent islom institutida o‘tkaziladi.
Xalqaro miqyosda o’tkaziladigan ilmiy tadbirlar ro’xati (https://innovation.gov.uz/media/post_attachments/Xalqaro_anjumanlar_baza_2025.pdf)
Respublika miqyosda o’tkaziladigan ilmiy tadbirlar ro’yxati (https://innovation.gov.uz/media/post_attachments/Respublika_2025_baza.pdf)
Manba: @ilmiy_darajali_kadrlar
https://t.me/oliymahad