Sayt test holatida ishlamoqda!
16 Yanvar, 2025   |   16 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:23
Quyosh
07:46
Peshin
12:38
Asr
15:39
Shom
17:23
Xufton
18:41
Bismillah
16 Yanvar, 2025, 16 Rajab, 1446

Shayx Hasan Yang Fa Mingning Diniy idoraga tashrifi

13.05.2018   2556   5 min.
Shayx Hasan Yang Fa Mingning Diniy idoraga tashrifi

2018 yil 12 may kuni Xitoy islom uyushmasi raisi shayx Hasan Yang Fa Ming boshchiligidagi delegatsiya O‘zbekiston musulmonlari idorasiga tashrif buyurdi. Mehmonlarni Shayx Abdulaziz Mansur boshchiligidagi bir guruh mutasaddilar kutib olib, o‘zaro fikr almashdilar.

Shayx Abdulaziz Mansur mehmonlarni tashrif bilan qutlab, muhtaram Prezidentimiz tashabbuslari bilan diniy-ma’rifiy sohani rivojlantirish va Islom ma’rifatini keng yoyish borasida qilinayotgan ishlar haqida gapirib o‘tdi. Shuningdek, Diniy idora faoliyati, diniy ta’lim muassasalari, Imom Buxoriy va Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, joylardagi kalom, hadis, fiqh, aqida, tasavvuf ilmiy maktablari faoliyati haqida so‘zlab berdi.

Xitoy islom uyushmasi raisi shayx Hasan Yang Fa Ming samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, jumladan shunday dedi:

– Avvalo, barchangizni yaqinlashib kelayotgan muborak Ramazon oyi bilan muborakbod etaman. Ma’lumki, O‘zbekiston va Xitoy xalqlari azaldan ijtimoiy-madaniy, savdo-sotiq masalalarida hamkorlik qilib kelishgan. Buyuk ipak yo‘li orqali ikki mamlakat o‘rtasida amalga oshirilgan ijobiy aloqalar asrlar osha bizni bog‘lab kelmoqda. Hozirda davlatlarimiz o‘rtasidagi aloqalarni rivojlanib borayotgani – bizni yanada yaqinlashtirmoqda, bu esa juda quvonarli hol. O‘zbekiston – Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Moturiy hazratlarini tarbiyalab, Islom olamiga taqdim etgan bebaho zamin ekani ma’lum. Bugun, butun islom olami ular bilan faxrlanishi ham hech kimga sir emas.

U o‘z so‘zida davom etib, hozirda Xitoyda istiqomat qilayotgan musulmonlarga hukumat tomonidan yaratilayotgan shart-sharoitlar va ularga berilayotgan e’tibor va imkoniyatlar haqida ham to‘xtalib, shunday dedi:

–  Xitoy ko‘p millatli mamlakat bo‘lib, hozirda 50 dan ortiq millat va elat, turli din vakillari istiqomat qilishadi. Xitoyda 30 millionga yaqin musulmon bo‘lib, asosan ularni xuey, uyg‘ur, qozoq, qirg‘iz, o‘zbek, tatar, tojik, dunsyan, salar va boan kabi millatlar tashkil etadi. Musulmonlarning deyarli yarmi Shinjon-Uyg‘ur avtonom tumanida yashaydi. Bugungi kunda Xitoyda 30 000 dan ziyod masjid, 10 ta Islom o‘quv bilim yurtlari mavjud.

Hukumat tomonidan barcha din va millat vakillariga birdek e’tibor beriladi. Bag‘rikenglik va adolat qonunlarda ham o‘z ifodasini topgan.

Barcha din vakillarining faoliyati Din ishlari bo‘yicha qo‘mita tomonidan muvofiqlashtirib boriladi. Islom dini faoliyatidagi tashkilotlar esa Xitoy Islom Assotsatsiyasi tomonidan boshqariladi. Mazkur boshqarmada 70 nafarga yaqin ishchi xodimlar faoliyat olib boradi. Fatvo ishlarida hanafiya mazhabiga, aqidada esa moturudiya yo‘nalishiga amal qilinadi. Xitoy Xalq Respublikasidagi  musulmonlarning 99 % ni hanafiya mazhabigilar tashkil etadi.

Bugungi kunda olimlarimiz xalqaro anjumanlarda ham faol ishtirok etib kelishyapti. O‘zimizda ham bu turdagi konferensiyalar tashkil etilmoqda. Masalan, 2016 20-21-iyul kunlari Xitoy Xalq Respublikasining Urumchi shahrida xalqaro simpozium bo‘lib o‘tdi. Mazkur simpoziumda 150 dan ziyod delegatlar ishtirok etishdi. Jumladan, O‘zbekiston vakillarining ishtiroki bizni juda quvontirdi. Kelajakda ham bu yo‘nalishdagi hamkorliklarimiz davom etadi, inshoalloh. Biz doim O‘zbekiston musulmonlari idorasi bilan hamkorlikka tayyor ekanimizni bildirmoqchiman. O‘z navbatida, O‘zbekiston musulmonlari idorasi ulamolaridan iborat delegatsiyani Xitoy davlatiga taklif etaman va keng qamrovli aloqalarni boshlash har tomonlama manfaatli bo‘lishini bildiraman. So‘zimning yakunida bugungi samimiy qabul uchun barchangizga o‘z minnatdorligimni izhor qilaman.

Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi o‘rinbosari Nuriymon Abulhasan bugungi murakkab davrda mo‘min-musulmonlar ahil-inoq bo‘lib yashashlari, dinimizni turli tahdidlardan himoya qilish, ayniqsa, ekstremistik g‘oyalarga qarshi ilmiy-asosli raddiyalar berish zarurligini ta’kidladi.

Islom sivilizatsiyasi markazi direktori o‘rinbosari Firdavs Xalilov davlatimiz Rahbari tashabbusi bilan tashkil etilgan Islom sivilizatsiyasi markazining asosiy maqsadi, Islom madaniyati va ma’rifatini keng yoyish, nodir asarlarni jamlash va o‘rganish hamda mana shunday ilmiy-ma’naviy merosni targ‘ib etish orqali Islom dinining asl mohiyatini butun dunyoga yetkazish ekanini qayd qildi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi prorektori Bahrom Mamadiyev davlatimiz Rahbari tashabbusi bilan O‘zbekiston xalqaro Islom akademiyasi tashkil etilgani, unda Qur’on ilmlari, hadis, aqida, tasavvuf va ehtiyoj mavjud bo‘lgan boshqa sohalar bo‘yicha malakali diniy kadrlar tayyorlanishi zamirida juda ulkan natijalarni maqsad qilinganini bildirdi.

Uchrashuv do‘stona va samimiy ruhda o‘tdi. Muloqot yakunida mehmonlarga Diniy idora tomonidan sovg‘alar taqdim etildi.

O‘MI Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar

Hukm chiqarishda hadisning ahamiyati

16.01.2025   1043   2 min.
Hukm chiqarishda hadisning ahamiyati

Hazrat Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Qur’oni karimning sharhlovchisi sifatida hukm chiqarish vakolatiga ega edilar. Shunga binoan hadis hukm chiqarish bo‘yicha ikki asosiy sohani qamrab oladi.
Birinchi soha: Qur’oni karimda zikr etilgan hukmlarni yoritib berish.
Ikkinchi soha: Qur’oni karimda  ko‘rsatilmagan masalalarni hukm shaklida belgilash.
Birinchi sohada hadis Qur’oni karim oyatlarini tafsir qiladi. Umumiy ma’noga ega bo‘lganini xoslashtiradi, ya’ni unga xususiy ma’no beradi, mutloq, ya’ni, qayd va shartsiz oyatlarni qaydlaydi. 
Shu o‘rinda ba’zi bir misollar keltirib o‘tamiz. Qur’oni karimda “Namoz o‘qinglar” deb amr qilingan. Lekin namozlarning soni, sifati, rak’atlarining soni Payg‘ambarimiz alayxissalom tomonidan belgilangan va amalda ko‘rsatib berilgan. Bu esa mujmal iborani izohlash misoli.
Umumiy mazmunni xos qilish uchun misol. Qur’oni karimda meros tizimi umumiy ma’noda kelgan. Ya’ni meros qoldirish va meros olish huquqi berilgan. Lekin Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam meros olish uchun din birligi, qotil bo‘lmaslik va qul bo‘lmaslikni shart qilib qo‘yib uni xoslashtirganlar. Masalan, o‘z otasini o‘ldirgan yoki nohaq yo‘l bilan uning o‘limiga sabab bo‘lgan farzand otasidan meros olish xuquqidan mahrum bo‘ladi.
Ikkinchi soha bo‘yicha hadisga tegishli masalalar. Zarurat chog‘ida Qur’oni karimda aytilmagan biron bir yangi hukmni hadis hukm qilib belgilab beradi. Bu o‘rinda ayrim hukmlar Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan maxfiy vahiy yoki ilhom orqali sodir bo‘lgan va ba’zilari u zotning ijtihodlari va shaxsiy fikrlaridan kelib chiqqan. Albatta, Payg‘ambarimiz alayhissalom ijtihod qilishda ham islom ruhi va falsafasini nazarda tutar edilar.
Bu o‘rinda ko‘p misollar berish mumkin. Masalan, momoga merosdan oltidan bir hissa berish, nikoh bitimining to‘g‘ri bo‘lishi uchun guvohlar shartligi, badan a’zolari xun bahosini belgilash kabi hukmlar kiradi.
Islom shariatida hadislarning o‘rni ahamiyatli ekani ko‘rinib turibdi. Hukmlar faqatgina Qur’oni karimning o‘zidan olinmaydi. Qur’oni karimda kelgan ko‘pgina hukmlar tafsilotini bilish uchun hadislar muhim ahamiyat kasb etadi. Balki shar’iy hukmlarning bir qanchasi hadislar orqali kelib chiqqan ekan.     

Oybek Hoshimov,
Hadis ilmi maktabi o‘qituvchisi.