Kuala-Lumpur. Osiyo va Okeaniyadagi islom bankining 62,7 foizi faqat Malayziyaga tegishli va mintaqada islomiy bank ishi uchun eng katta bozorga ega.
“Malayziya islom banklari bozorining 62,7 foiziga to'g'ri keladi”, – deya yozadi “Global Ratings” agentligi.
Agentlik Malayziyaning Osiyo va Okeaniya mintaqasidagi islom banki xizmatlari jami faollarining 62,7 foiziga egalik qilishini va mintaqadagi islomiy bank xizmatlarining eng yirik bozori ekanini va yaqin ikki yil ichida o'z mavqeini saqlab qolishi mumkinligini e'lon qildi.
Agentlik kelgusi ikki yil ichida Janubi-Sharqiy Osiyo mazkur ko'rsatgich bo'yicha 8 foizga o'sishini bashorat qildi. Chunki Malayziya mintaqadagi o'z mavqeini saqlab qoladi. Hisobotda Malayziya va Indoneziyadagi islomiy banklarning bozorda asosiy va joriy kapitali borligi qo'shimcha qilingan.
Agentlikning ta'kidlashicha, Malayziyada ushbu sohada kompleks xizmatlar ko'rsatuvchi islom bankini qurish bo'yicha taklif etilayotgan loyiha mamlakatda islom banki rivojlanishi ta'minlaydi va unga kelajakda smart-xizmatlarning qo'shilishi uni yanada qo'llab-quvvatlaydi.
Monitoring markazi Malayziyadagi islom banklarining Janubi-Sharqiy Osiyo mintaqasida islomiy moliyalashtirishdan olingan ulushi 2026 yilgacha 45 foizga oshishi xabarini berdi.
Reyting firmasi Malayziya islom banklari atrof-muhit, ijtimoiy va boshqaruv (YeSG) sohalarida ham etakchi ekanini qo'shimcha qildi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Savol: Oilaliman, 2 nafar farzandim bor. Turmush o‘rtog‘im ehtiyojlarim, kasal bo‘lsam dori-darmonim uchun pul bermaydilar. Bolalarimizni ehtiyojlari uchun berib turadilar, xolos. O‘zim ishlayman, “ishlab topgan pulingni hammasini menga berishing kerak, chunki Xadicha onamiz ham hamma pullarini Rasulimiz alayhissalomga berganlar” deydilar doim. E’tiroz bildirsam, “menga itoatsizlik qilyapsan” deydilar.
Yaqinda shu masalada janjallashib qolganimizdan keyin pulimni yarmini olib, o‘zimda qolgan yarmini ro‘zg‘orga ishlatishimga majburlayaptilar. Bizning vaziyatimizga shariatda qanday izoh beriladi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Alloh taolo oilada erkakni rahbar etib tayinlab, uning zimmasiga qo‘l ostidagilarning: ayoli va farzandlarining nafaqasini yuklab qo‘ygan. Ayolning topayotgan pulida na erning va na qaynonaning haqi bor, uni zulm qilib olib qo‘yishga mutlaqo haqi yo‘q. Agar o‘zi rozi bo‘lib bersa, olishi mumkin. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Musulmon kishining moli boshqaga halol emas, faqatgina o‘zi rozi bo‘lib, ko‘nglidan chiqarib bersagina, halol bo‘ladi” (Imom Ahmad rivoyati).
Xadiyja roziyallohu anho onamiz butun molu jonini Sarvari olam bo‘lgan turmush o‘rtoqlariga in’om etganlar, ya’ni o‘z ixtiyorlari bilan berganlar. Payg‘ambarimiz alayhissalom tortib yoki talab qilib olib qo‘ymaganlar. Nafaqat Xadiyja onamiz, balki u zotning atrofidagi barcha sahobalar u zotni jonlaridan ortiq yaxshi ko‘rganlar va borini berishga shay turganlar.
Shariatimiz har bir shaxsga moliyaviy mustaqillik bergan. Er topgan pulini o‘zi istaganday sarflashi va bunga na ayoli va na boshqa odamlar to‘sqinlik qilishga haqi yo‘q bo‘lgani kabi, ayolning ham shaxsiy mablag‘idagi tasarrufi o‘z qo‘lida bo‘ladi. Faqatgina foyda-zararni bilmaydigan aqli zaif toifalargina bundan mustasno. Ularning tasarrufini valiylari olib boradi.
Ammo yuqoridagi gaplardan ayol topganini hech kimga bermasligi, faqat o‘zi ishlatishi kerak ekan, degan xulosa chiqmaydi. O‘z ixtiyori bilan eriga, farzandlariga yoki boshqalarga hadya qilishi mumkin va bu uchun albatta, ajr oladi.
Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhuning ayollari Rasululloh sollallohu alayhi vasallam huzurlariga kelib: “Erimga sadaqa qilsam bo‘ladimi?” – deb so‘ragan va u zot alayhissalom: “Ha”, deb javob berganlar. Ya’ni sahobiya ayollar erlariga sadaqa, hadya qilib turganlar. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bejizga: “O‘zaro hadyalashinglar, o‘rtada muhabbat paydo bo‘ladi”, deb aytmaganlar.
Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, oila er-xotin o‘zaro bir-birlarini tushunishlari, hurmat qilishlari va o‘z burchlarini muhabbat bilan ado etishlari lozim. Ana shunda oilaviy hayot saodatli davom etadi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.