Qur’oni Karim va Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sunnatlarining mo‘jizotlarini fahmlay oladigan aql egalari to‘g‘ri yo‘lga kirib, Haq dinni tanlashlari muqarrardir.
Shulardan biri London universitetining professori, elektron texnika fakulteti rahbari doktor Artur Ellisondir. Bu haqda “info.islom” nashri ma’lum qildi.
U bir necha yil davomida Britaniya ruhshunoslik tadqiqotlari jamiyatining prezidenti lavozimida ishlab, turli xil dinlar, jumladan, Islom bilan tanishgan. Aniq fanlar bo‘yicha mutaxassis hamda inson ruhiy holatini o‘rganuvchi doktor Ellison tirik va o‘lik odamning vazni bir xil bo‘lish yoki bo‘lmasligini aniqlash maqsadida tajriba o‘tkazishga qaror qildi. Ko‘ngillilar hech kelavermagach, uning rejasi barbod bo‘lishiga bir bahya qolgandi. Shunda bir musulmon talaba ustoziga uyg‘oq va mudroq holatdagi insonlar vaznini o‘lchashni tavsiya etib, Quro’ni Karimning Az-Zumar surasi 42-oyatini o‘qib berdi: “Alloh jonlarni o‘limi vaqtida, o‘lmaganlarni esa, uyqusi vaktida olur. Bas, o‘lishga hukm qilganlarini ushlab qolur, qolganlarini ma’lum muddatgacha qo‘yib yuborur. Albatta, bunda tafakkur qiladigan qamvlar uchun oyat-ibratlar bordir".
Har lahzada qanchadan-qancha odamlar jon beradilar. Ularning jonini kim oladi? Har bir odam har kuni ma’lum muddat uxlaydi, o‘shanda u o‘likka o‘xshab yotadi. Uning joni nima bo‘ladi? Bu savollarga mazkur jumlada javob bor. Jonlarni o‘lim vaqtida ham, uxlagan vaqtida ham oladigan zot Allohdir. Tandan jon chiqish katta vafot, uxlaganda tana bilan jon orasida aloqaning kuchsizlanishi kichik vafot deyiladi. Chunki uxlagan odamning jonini ham Alloh taolo olgan bo‘ladi. Kimning qazosi yetgan bo‘lsa, uyqusidan qayta uyg‘onmay, kichik vafoti katta vafotga aylanib qoladi. Alloh ajali yetmaganlarning jonini qo‘yib yuboradi. Ular belgilangan ajalgacha yashab yuradilar, deb tushuntirdi musulmon talaba.
Biroq talabaning so‘zlariga ishonmagan professor ushbu oyati karimani tekshirishga kirishdi. Tajriba shuni ko‘rsatdiki, uyqudagi insonning tanidan jon chiqqach, uning vazni kamayar ekan. Oyatda keltirilgan ma’lumot janob Ellisonni hayratga solib, u shu asnoda Islom dinini qabul qildi.
O‘MI Matbuot xizmati
Hazrat Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Qur’oni karimning sharhlovchisi sifatida hukm chiqarish vakolatiga ega edilar. Shunga binoan hadis hukm chiqarish bo‘yicha ikki asosiy sohani qamrab oladi.
Birinchi soha: Qur’oni karimda zikr etilgan hukmlarni yoritib berish.
Ikkinchi soha: Qur’oni karimda ko‘rsatilmagan masalalarni hukm shaklida belgilash.
Birinchi sohada hadis Qur’oni karim oyatlarini tafsir qiladi. Umumiy ma’noga ega bo‘lganini xoslashtiradi, ya’ni unga xususiy ma’no beradi, mutloq, ya’ni, qayd va shartsiz oyatlarni qaydlaydi.
Shu o‘rinda ba’zi bir misollar keltirib o‘tamiz. Qur’oni karimda “Namoz o‘qinglar” deb amr qilingan. Lekin namozlarning soni, sifati, rak’atlarining soni Payg‘ambarimiz alayxissalom tomonidan belgilangan va amalda ko‘rsatib berilgan. Bu esa mujmal iborani izohlash misoli.
Umumiy mazmunni xos qilish uchun misol. Qur’oni karimda meros tizimi umumiy ma’noda kelgan. Ya’ni meros qoldirish va meros olish huquqi berilgan. Lekin Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam meros olish uchun din birligi, qotil bo‘lmaslik va qul bo‘lmaslikni shart qilib qo‘yib uni xoslashtirganlar. Masalan, o‘z otasini o‘ldirgan yoki nohaq yo‘l bilan uning o‘limiga sabab bo‘lgan farzand otasidan meros olish xuquqidan mahrum bo‘ladi.
Ikkinchi soha bo‘yicha hadisga tegishli masalalar. Zarurat chog‘ida Qur’oni karimda aytilmagan biron bir yangi hukmni hadis hukm qilib belgilab beradi. Bu o‘rinda ayrim hukmlar Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan maxfiy vahiy yoki ilhom orqali sodir bo‘lgan va ba’zilari u zotning ijtihodlari va shaxsiy fikrlaridan kelib chiqqan. Albatta, Payg‘ambarimiz alayhissalom ijtihod qilishda ham islom ruhi va falsafasini nazarda tutar edilar.
Bu o‘rinda ko‘p misollar berish mumkin. Masalan, momoga merosdan oltidan bir hissa berish, nikoh bitimining to‘g‘ri bo‘lishi uchun guvohlar shartligi, badan a’zolari xun bahosini belgilash kabi hukmlar kiradi.
Islom shariatida hadislarning o‘rni ahamiyatli ekani ko‘rinib turibdi. Hukmlar faqatgina Qur’oni karimning o‘zidan olinmaydi. Qur’oni karimda kelgan ko‘pgina hukmlar tafsilotini bilish uchun hadislar muhim ahamiyat kasb etadi. Balki shar’iy hukmlarning bir qanchasi hadislar orqali kelib chiqqan ekan.
Oybek Hoshimov,
Hadis ilmi maktabi o‘qituvchisi.