Sayt test holatida ishlamoqda!
23 Yanvar, 2025   |   23 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:20
Quyosh
07:42
Peshin
12:40
Asr
15:47
Shom
17:31
Xufton
18:48
Bismillah
23 Yanvar, 2025, 23 Rajab, 1446

Insonga shikast yetkazish og‘ir gunoh

12.05.2018   3932   3 min.
Insonga shikast yetkazish og‘ir gunoh

Kim birodarining obro‘siga yoki biror narsasiga zulm qilgan bo‘lsa dinor va dirham foyda bermaydigan kun (qiyomat) kelishidan oldin haqqini halollab olsin. U kunda agar yaxshi amali bo‘lsa yetkazgan zulmi miqdoricha savobi olinadi va agar savobi bo‘lmasa birodarining gunohidan olib uning bo‘yniga yuklanadi” (Imom Buxoriy rivoyati).

Inson hali hayotlik vaqtida zimmasidagi ado etishi lozim bo‘lgan haqlarni halollashga imkoni bor. Oxiratda esa solih amallaridan boshqa hech narsasi bo‘lmaydi. Qiyomat kuni mazlumning haqqi zolimdan undirib beriladi. U kunda bandaning asosiy dastmoyasi bo‘lmish hasanotlari (savoblari)dan olinadi, agar u savoblarni jamg‘arishga ulgurgan bo‘lsa, albatta,..

Aks holda mazlumning gunohlari zolimning zimmasiga yuklab qo‘yiladi.
Mazkur hadisi sharifning zohiridan ma’lumki, inson biror birodariga nisbatan nohaqlik qilgan bo‘lsa, bu dunyoning o‘zida uni halollashi lozim. Hattoki o‘zi bilib-bilmagan holda birodarini sha’ni, obro‘siga tajovuz qilgan bo‘lsa ham…
Zulm qilish insonning yo joniga yoki moliga yoxud sha’niga bo‘lishi mumkin. Islom dini zulm qilishning barcha turini harom qildi.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Musulmon kishiga har bir musulmon kishining qoni, moli va obro‘sini to‘kish haromdir” (Imom Muslim rivoyati).

Agar bir insonning joniga zulm qilingan, masalan, urish, jarohatlash, biror a’zosiga shikast yetkazish yoki o‘ldirish kabi jinoyat sodir etgan bo‘lsa, haq egasi qasos olishi, agar qasos olish imkoni bo‘lmasa, zolim zimmasidagi haqni to‘laligicha to‘lab berishi lozim.

Agar insonning moliga tajovuz qilingan bo‘lsa, molni egasiga qaytarib berish vojib bo‘ladi. Agar molning egasini topish imkoni bo‘lmasa, u molni savob umid qilmasdan biror muhtojga berib yuboriladi. Agar mol egasi vafot etgan bo‘lsa, uni merosxo‘rlariga berish lozim. Chunki kishi vafot etgandan so‘ng uning moli merosxo‘rlariga o‘tadi.

Agar bir insonning sha’niga tajovuz qilingan, masalan, bir insonni haqorat yoki g‘iybat qilgan bo‘lsa, uning oldiga borib undan kechirim (uzr) so‘rashi lozim. Agar uning uzrini qabul qilib, kechirsa, ularning xar ikkisi uchun Allohning ne’mati bordir.
“Bas, kimki afv etib (o‘rtani) tuzatsa, bas, uning mukofoti Allohning zimmasidadir. Albatta U zolimlarni sevmas” (Sho‘ro surasi, 40-oyat).

Agar kechirmasa, molidan biror narsa berib bo‘lsa ham, rozi qilishi lozim.
Alloh taolo dillarimizni mehr-shafqat, kechirimlilik tuyg‘ulari bilan to‘ldirsin!

I.SOBIROV,
Xonqa tumani “Xo‘ja Nuraddin bobo” masjidi imom noibi

 

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Qur’onni yodlay olmayapman

17.01.2025   9967   2 min.
Qur’onni yodlay olmayapman

Al-Kisoiy al-Kufiy 119/737 yil Kufada dunyoga kelgan.

To‘liq ismi: Ali ibn Hamza ibn Abdulloh ibn Bahman ibn Fayruzm al-Kisoiy al-Kufiy. Imom al-Kisoiy yoshligida ilm o‘rganishga juda intilardi, lekin boshlang‘ich davrda muvaffaqiyat qozona olmasdi. Bir safar Qur’onni yod olishda qiynalgach, ustoziga: “Men hech narsani yodlay olmayapman, charchadim”, dedi.
Ustoz unga sabr qilishni va Qur’onning barakasiga ishonishni tavsiya qildi. Shundan so‘ng, Imom al-Kisoiy sabr bilan harakat qilib, Qur’onni mukammal yod oldi va keyinchalik mashhur qiroat imomlaridan biri bo‘ldi. Bu voqea sabr va mehnatning samarasini eslatadi.

Hayoti: Al-Kisoiy Kufada tug‘ilgan va tilshunoslikda ham, qiroatda ham yuqori maqomga ega bo‘lgan. Undan nega «Kisoiy» deb nom olganligi haqida so‘rashganida u, – "chunki men hajda kisoda (kiyimda) ehrom bog‘laganman", deb javob bergan ekan. U asli fors bo‘lib, Bani Asad qabilasining qullaridan edi.  

Ilmiy faoliyati: Uning asosiy ustozlari Hamza al-Kufiy va boshqa yirik qiroatchilar bo‘lgan. Bundan tashqari Kufa maktabini asoschisi hisoblanadi.
Muoz al-Harro va Abu Ja’far Ruasiylarda nahvdan tahsil oldi. Ular-dagi ilmlarni olib bo‘lib, ulardan qoniqmay qolgach, Basraga kelib Iso ibn Umar, Abu Amr ibn al-Alo va Al-Xalil ibn Ahmaddan ilm o‘rgangan. Qiroatni esa Sho‘ba ibn Hajjojdan ta’lim olgan. 

U zot juda ko‘p asarlar ham yozgan: "Kitab muxtasar fi an-nahv" (Nahvga oid qisqa bo‘lgan kitob), "Kitab al-hudud fi an-nahv"  (Nahvdagi hadlar oid kitob), "Kitob al-qiroat (Qiroatga doir kitob)", "Kitab al-adad (Sonlarga doir kitob)", "Kitab ixtilaf al-adad (Sonlarning ixtilofiga oid kitob)", "Kitab al-huruf (Harflarga oid kitob)", "Kitab maoniy al-Qur’an (Qur’on ma’nolari haqidagi kitob)" kabi ko‘plab kitoblar yozgan. 
Nahvdan Farro uning xos shogirdlaridan hisoblanadi. 

Kisoiy 189/805 yil Roy shahrida vafot etgan.

Matkarimov Nurmuhammad,
Hadis ilmi maktabi o‘qituvchisi.