“Kim birodarining obro‘siga yoki biror narsasiga zulm qilgan bo‘lsa dinor va dirham foyda bermaydigan kun (qiyomat) kelishidan oldin haqqini halollab olsin. U kunda agar yaxshi amali bo‘lsa yetkazgan zulmi miqdoricha savobi olinadi va agar savobi bo‘lmasa birodarining gunohidan olib uning bo‘yniga yuklanadi” (Imom Buxoriy rivoyati).
Inson hali hayotlik vaqtida zimmasidagi ado etishi lozim bo‘lgan haqlarni halollashga imkoni bor. Oxiratda esa solih amallaridan boshqa hech narsasi bo‘lmaydi. Qiyomat kuni mazlumning haqqi zolimdan undirib beriladi. U kunda bandaning asosiy dastmoyasi bo‘lmish hasanotlari (savoblari)dan olinadi, agar u savoblarni jamg‘arishga ulgurgan bo‘lsa, albatta,..
Aks holda mazlumning gunohlari zolimning zimmasiga yuklab qo‘yiladi.
Mazkur hadisi sharifning zohiridan ma’lumki, inson biror birodariga nisbatan nohaqlik qilgan bo‘lsa, bu dunyoning o‘zida uni halollashi lozim. Hattoki o‘zi bilib-bilmagan holda birodarini sha’ni, obro‘siga tajovuz qilgan bo‘lsa ham…
Zulm qilish insonning yo joniga yoki moliga yoxud sha’niga bo‘lishi mumkin. Islom dini zulm qilishning barcha turini harom qildi.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Musulmon kishiga har bir musulmon kishining qoni, moli va obro‘sini to‘kish haromdir” (Imom Muslim rivoyati).
Agar bir insonning joniga zulm qilingan, masalan, urish, jarohatlash, biror a’zosiga shikast yetkazish yoki o‘ldirish kabi jinoyat sodir etgan bo‘lsa, haq egasi qasos olishi, agar qasos olish imkoni bo‘lmasa, zolim zimmasidagi haqni to‘laligicha to‘lab berishi lozim.
Agar insonning moliga tajovuz qilingan bo‘lsa, molni egasiga qaytarib berish vojib bo‘ladi. Agar molning egasini topish imkoni bo‘lmasa, u molni savob umid qilmasdan biror muhtojga berib yuboriladi. Agar mol egasi vafot etgan bo‘lsa, uni merosxo‘rlariga berish lozim. Chunki kishi vafot etgandan so‘ng uning moli merosxo‘rlariga o‘tadi.
Agar bir insonning sha’niga tajovuz qilingan, masalan, bir insonni haqorat yoki g‘iybat qilgan bo‘lsa, uning oldiga borib undan kechirim (uzr) so‘rashi lozim. Agar uning uzrini qabul qilib, kechirsa, ularning xar ikkisi uchun Allohning ne’mati bordir.
“Bas, kimki afv etib (o‘rtani) tuzatsa, bas, uning mukofoti Allohning zimmasidadir. Albatta U zolimlarni sevmas” (Sho‘ro surasi, 40-oyat).
Agar kechirmasa, molidan biror narsa berib bo‘lsa ham, rozi qilishi lozim.
Alloh taolo dillarimizni mehr-shafqat, kechirimlilik tuyg‘ulari bilan to‘ldirsin!
I.SOBIROV,
Xonqa tumani “Xo‘ja Nuraddin bobo” masjidi imom noibi
Shu yil 16 yanvar kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov O‘zbekiston Xalqaro islom akademiyasi talabalari bilan ochiq muloqot o‘tkazdilar.
Suhbat avvalida Homidjon domla keyingi yillarda yurtimizda yoshlarning ta’lim-tarbiyasini yuksaltirishga katta e’tibor berilayotgani ta’kidlash barobarida O‘zbekiston musulmonlari idorasining tarixi va bugungi faoliyati haqida so‘zlab berdi. Xususan, ilk nomi “O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari idorasi” bo‘lgan tashkilot 1943 yil 20 oktyabrda tashkil topgani, 1992 yili “Movarounnahr musulmonlari idorasi”, 1995 yili “O‘zbekiston musulmonlari idorasi” deb davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgani, istiqlolgacha 80 ta masjid faoliyat yuritgani, O‘rta Osiyoda yagona bo‘lgan Mir Arab madrasasida jami 10 nafar talaba o‘qitilganini aytib o‘tdi.
Homidjon domla o‘z so‘zi davomida mustaqillik ne’mati nasib etgandan so‘ng diniy-ma’rifiy sohada ulkan o‘zgarishlar bo‘lgani, xususan, so‘nggi yillarda muhtaram Prezidentimiz tashabbusi bilan sohada amalga oshirilayotgan ko‘lamli islohotlar natijasi va muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari sa’y-harakatlari bilan yurtimiz masjidlari soni 2145 taga, diniy ta’lim muassasalari soni 14 taga yetgani, Fatvo va ilmiy-tadqiqot markazlari, diniy adabiyotlar nashri, “Vaqf” fondi jadal faoliyat olib borayotgani, umra bo‘yicha kvota olib tashlangani, hajga boruvchilar soni yildan-yilga ortib borayotgani, eng qadimiy va nodir qo‘lyozma sanalgan “Usmon mus'hafi”, “Langar Qur’oni” yuqori darajada ta’mirlangani, Diniy idora Kutubxona fondida 20 dan ziyod toshbosma va qo‘lyozma asarlar yaxshi holatda saqlab kelinayotgani va bu kabi amaliy ishlarning sanog‘i va salmog‘i ko‘pligini ta’kidlab, ana shu e’tibor va imkoniyatlarning qadriga yetish va har kim o‘z yo‘nalishida yetuk mutaxassis bo‘lib yurt rivoji va xalq farovonligiga hissa qo‘shishi lozimligiga urg‘u qaratdi.
Muloqot yakunida har bir talabaga O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining “Yoshlarga nasihatim”, “Fitna ko‘z ilg‘amas xatar” kitoblari taqdim etildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati