Alloh taolo ro‘zaning hikmatlarini bayon qilar ekan, taqvo sifatiga alohida ahamiyat bergan. Chunki kishi ro‘zador bo‘lsa-yu, ammo uning haqqini ado etmasa, ya’ni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytib o‘tganlaridek barcha a’zolarini gunohdan tiymasa, unday kishi ochlik va chanqoqlikdan o‘zga narsaga ega bo‘lmaydi.
Zero, Islomda har bir amaldan buyuk bir maqsad ko‘zlanadi va shu maqsad amalga oshar ekan, unga ajr-savoblar bitilib, bu dunyo hayoti ham tom ma’noda farovon bo‘lib boraveradi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam hadisi shariflarida kishilarni yaxshilik qilishga undab, hattoki kishi o‘z oila a’zolariga qilgan yaxshiligiga ham savob berilishi haqida ta’kidlab o‘tadilar. Vaholanki bu narsa oila boshlig‘ining zimmasidagi burchi edi. Yoki bo‘lmasa ochiq chehra ila xushmuomalada bo‘lish go‘zal axloq ekanini va bu sifat egasini qiyomat kunida savoblari og‘ir bo‘lishiga xizmat qilishi haqidagi hadislarini olaylik.
Bularning birida yaxshilikka targ‘ib bo‘lsa, ikkinchisida yaxshilikka targ‘ib hamda yomonlikdan go‘zal va nozik tarzda qaytarish bo‘lmoqda. Ya’ni yaxshilik qilishga qodir bo‘lmagan kimsa, kishilarning kayfiyatiga salbiy ta’sir etadigan tundlik va badqovoqlikdan o‘zini saqlab ochiq chehralik bo‘lishga chaqirilmoqda. Bas shunday ekan, ro‘za ham bizning jismimizga shifo bo‘lishi bilan birga, o‘ziga xos qiyinchilik va mashaqqat sinovlarini ham olib keladi. Chunki hayot qonuni o‘zi shunday tuzilgan. Bemor bir darddan forig‘ bo‘lishni istasa, albatta tabibning achchiq dorilariga sabr qiladi. Pirovardida esa jismi sog‘lom bo‘lib maqsadiga yetishadi.
Ro‘zani ham shunga qiyoslaydigan bo‘lsak, ochlik va tashnalik jismimizdagi ortiqcha tuz va yog‘larni kamaytirib, tun-kun, yillab dam olish nimaligini bilmay ishlab turadigan oshqozonimizga bir muddat dam beradi. Natija esa barchamizga ma’lum, ya’ni uni qo‘lga kiritish maqsadida uzoq safarlarga otlanganimiz va ko‘plab mablag‘larimizni sarflaganimiz “sog‘lik-salomatlik” deb atalgan ne’matga ega bo‘lamiz.
Muborak ramazon ro‘zasini, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytganlaridek munosib tutishimiz va bundagi vaqtinchalik mashaqqatga besabrlik qilmaslik uchun qalblarimizga huzur olib kelgan ba’zi bir hadislarni siz azizlar e’tiboringizga havola etmoqchimiz.
Maqsadimiz, ro‘za ochligi-yu chanqoqligi asab tolalarimizni tarang qilganda quyidagi hadislar butun vujudimizga malham bo‘lsa-yu ramazonning ulug‘ ajrlaridan bebahra qolmasak.
Rasululloh sallallohu alayhi vasallam, hadisi qudsiyda shunday deb marhamat qildilar:
“Odam bolasining ro‘zadan boshqa barcha amali o‘zigadir. Ro‘za Mengadir, uning mukofotini ham O‘zim beraman”
Kelayotgan ramazon oyini barchamiz uchun savobli va mazmunli qilsin. Shu oyning sharofatidan qolgan oylarimizni ham barokatli, xayrli qilib, yurtimiz va butun dunyoda tinchlik, xotirjamlik va yaxshiliklarni bardavom aylasin!
Maqsudbek Madirimov,
Hazorasp tumanidagi “Hazrati Shayx Muhammad Amin” jome masjidi imom-xatibi
Bismillahir Rohmanir Rohiym
#Mustaqillikning 35 yilligi
Mustaqilligimizning 35 yillik to‘yi yaqinlashib, joylarda bayram shukuhi keza boshladi. Bundan dilda shukronalik hissi ortmoqda.
Tarixga nazar tashlansa, hamma davrda ham davlatning rivojlanishi, taraqqiy topishi jamiyatning farovon va osoyishta hayot kechirishiga bog‘liqligi ayon bo‘ladi.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam tinchlik-xotirjamlik eng katta ne’mat ekanligini ta’kidlab, bunday deganlar: “Ikki ne’mat borki, ko‘pchilik insonlar uning qadriga yetmaydi. Ular xotirjamlik va sihat-salomatlik” (Imom Buxoriy rivoyati).
Demak, tinchlik va xotirjamlik Alloh ta’oloning behisob bo‘lgan buyuk ilohiy ne’matlaridan. Shunday ekan, tinchlikning qadriga yetib, uning shukrini ado etish insonning burchlaridandir. Zero, hayotning bir maromda davom etishi, Haq taolo buyurgan ishlar xotirjam ado etilishi uchun ham osoyishtalik lozim bo‘ladi. Alloh taolo ham: “Ey, imon keltirganlar! Yoppasiga tinchlik ishiga kirishingiz!” deya buyuradi (Baqara surasi, 208-oyat). Tinchlik, salimlik mavzusi o‘ta muhim bo‘lgani bois Qur’oni karim oyatlaridan o‘rin olgan. Zotan, arab tilidagi “salm”, “silm”, “salom”, va “islom” so‘zlari bir o‘zakdan chiqqan, turli ma’nodagi so‘zlar bo‘lsada, aynan bir maqsadga yo‘naltirilgandir.
Bandaga berilgan ne’matlarning qadriga yetishda va uni asrashda, bizga payg‘amlarlarning otasi bo‘lgan, Ibrohim alayhissalom o‘rnak bo‘lib kelgan. U zot o‘z davrida Makkaga tinchlik, uning ahliga rizq so‘ragani so‘zimizning yorqin misolidir: “Ibrohim: “Ey, Rabbim, bu (Makka)ni tinchlik shahri qilgin va uning aholisidan Allohga va oxirat kuniga ishonuvchilarga (turli) mevalardan rizq qilib bergin” dedi” (Baqara surasi,126-oyat).
Alloh taolo bu orqali Rasululloh sollallohu alayhi va sallamni o‘tgan payg‘ambarlar hayotidan xabardor qilish barobarida, ular so‘ragan narsalarni ham bildirib, shunga chaqirgan.
Bu ne’atlar bardavom bo‘lishi uchun ham insondan shukr va qadrlash talab etiladi. Tinchlik hukm surib turgan joyga yana tinchlik so‘rab duo qilish esa, muqaddas dinimiz buyuradigan ishlardan. Shunday ekan, inson kim bo‘lishidan qat’iy nazar, o‘zi yashab turgan, Alloh ne’mat qilib bergan Vatani, uning zilol suvlari, havosi, nozi ne’matlari va boshqa barcha sharoitlariga shukr qilib, uni ziyoda bo‘lishini so‘rab duo qilishi lozim.
Bugun dunyoda tinchligi, xotirjamligini yo‘qotganlar qancha. Bularni ko‘rib, eshitib turganlar ibrat olib, xulosalar chiqarib, o‘zlari uchun in’om qilingan tinchlik va xotirjamlikni qadrlab, asrab avaylashi lozim.
Yurtimizda hukm surayotgan tinchlik, xotirjamlikni saqlash, uni turli xil g‘arazli xuruj, hamlalardan, fitna va bo‘htonlardan himoya qilish, g‘arzli va manfur kimsalarning makrlariga uchmasdan, yosh avlodni ham ulardan xabardor qilib, islom ta’limotining ezgu g‘oyalarini keng targ‘ib etish har birimizning burchimizdir. Bu xususida Alloh taolo bunday degan: “Ezgulik va taqvo (yo‘li)da hamkorlik qilingiz, gunoh va adovat (yo‘li)da hamkorlik qilmangiz! Allohdan qo‘rqingiz! Albatta, Alloh azobi qattiq zotdir” (Moida surasi, 2-oyat).
Xulosa qiladigan bo‘lsak, dinimizning tinchlik va xotirjamlikka bo‘lgan e’tibori nechog‘lik katta, hamda bag‘rikenglik uning negizi ekani yaqqol namoyon bo‘ladi. Inson o‘zidagi ne’matning qadrini uning ustida mulohaza yuritish, shu ne’matdan o‘zgalar ham bahramand yoki bebahra ekanini o‘ylab ko‘rish bilan biladi. Bu esa Allohga yanada ko‘proq shukr qilishga undaydi.
Ne’matning bardavom bo‘lishi, uning shukri ado etilishiga ham bog‘liq. Yoshi ulug‘ nuroniy otaxon va onaxonlarimiz ushbu ikki ulug‘ ne’matning mustahkamligini so‘rab duo qilishlari shundan. Alloh taolo yurtimiz tinchligi va xotirjamligini barqaror, bardavom, xalqimiz hayotini bundan-da farovon qilsin.
Isomiddin AHROROV