Yaxshilik va yomonlik ta’rifi
12.05.2018
5334
2 min.
Navvos ibn Sam’ondan (roziyallohu anhu) rivoyat qilinadi: Rasulullohdan (sollalohu alayhi vasallam) “Yaxshilik (birr) va gunoh haqida so‘radim. U zot (alayhissalom) bunday javob berdilar: “Yaxshilik go‘zal axloqdir. Gunoh, yuragingni siqadigan va odamlar bilib qolishini istamaydigan narsadir” (Imom Muslim, Imom Termiziy).
Sharh:
- Biz “yaxshilik” deb tarjima qilgan “birr” Qur’oni karimning bir necha oyatlarida kelgan va ta’riflangan: “Yuzlaringizni Mashriq va Mag‘rib tomonlariga burib, (ibodat qilishingizning o‘zi to‘la) yaxshilik emas, balki Allohga, oxirat kuniga, farishtalarga, kitoblarga, payg‘ambarlarga imon keltirgan, o‘zi yaxshi ko‘rgan molidan qarindoshlariga, yetimlarga, miskinlarga, yo‘lovchiga, tilanchilarga va qullarni ozod qilish yo‘lida beradigan, namozni to‘kis ado etib, zakotni to‘lab yuradigan kishi va kelishilgan ahdlariga vafo qiluvchilar, shuningdek, og‘ir-yengil kunlarda va jang paytida sabr qiluvchilar yaxshi kishilardir...” (Baqara, 177);
“...Yaxshilik va taqvo (yo‘li)da hamkorlik qilingiz, gunoh va adovat (yo‘li)da hamkorlik qilmangiz!..” (Moida, 2).
- Imom Navaviy Imom Muslimning kitobiga bitgan sharhida olimlarning “birr”ni bunday izohlashganini yozadi: “Silai rahm, iltifot, xushmuomalalik, shirin so‘z va toat. Bularning hammasi “birr”ga – go‘zal axloqqa kiradi”.
Tibiy “birr” so‘zi hadislarda turlicha izohlanganini aytadi: «Bir o‘rinda bu so‘z qalb orom oladigan narsa”, yana bir o‘rinda “imon”, boshqa joyda “kishini Allohga yaqinlashtiradigan narsa” deyilgan bo‘lsa, bu hadisda “go‘zal axloq” deb ta’riflangan. Go‘zal axloq esa, aziyatga sabr qilish, g‘azablanmaslik, ochiq yuzli va shirin so‘zli bo‘lish kabi bir-birini to‘ldiruvchi hisoblanadi».
- Gunoh “yurakni siqadigan narsa” deb ta’riflangan. Bu (siqilish)ni ulamolar odamning ichidagi beqarorlik, taraddud va ko‘ngil yorishmasligi, qalbda shubha va gumonlar, qo‘rquv paydo bo‘lishi, deb sharhlashgan. Bunday ham ta’rif berilgan: “Yomonligi qalbga ta’sir qiladigan va yo unda taraddud hosil qiladigan, yomonligi tufayli odamlar bilib qolishidan qo‘rqqaning gunohdir”. Hadisda ham shunga ishora qilinadi: “...odamlar bilib qolishini istamaydigan narsadir”.
Inson nafsi, tabiati taqozosi bilan bir yaxshi ish qilsa, boshqalar uni bilishini xohlaydi. Shunday ekan, agar nafsing biror ishingni boshqalar bilishini istasa, u Allohga yaqinlashtiradigan amal bo‘lmaydi. Boshqacha ifodalasak, bunday ishda yaxshilik yo‘q, bu “birr” emas, gunoh va yomon ish demakdir.
“Kutubi sitta” asosida
Sodiq NOSIR
tayyorladi.
«Hidoyat» jurnalidan
MА`LUMOTNI IJTIMOIY TАRMOQLАRDА ULАSHING