Navvos ibn Sam’ondan (roziyallohu anhu) rivoyat qilinadi: Rasulullohdan (sollalohu alayhi vasallam) “Yaxshilik (birr) va gunoh haqida so‘radim. U zot (alayhissalom) bunday javob berdilar: “Yaxshilik go‘zal axloqdir. Gunoh, yuragingni siqadigan va odamlar bilib qolishini istamaydigan narsadir” (Imom Muslim, Imom Termiziy).
Sharh:
“...Yaxshilik va taqvo (yo‘li)da hamkorlik qilingiz, gunoh va adovat (yo‘li)da hamkorlik qilmangiz!..” (Moida, 2).
Tibiy “birr” so‘zi hadislarda turlicha izohlanganini aytadi: «Bir o‘rinda bu so‘z qalb orom oladigan narsa”, yana bir o‘rinda “imon”, boshqa joyda “kishini Allohga yaqinlashtiradigan narsa” deyilgan bo‘lsa, bu hadisda “go‘zal axloq” deb ta’riflangan. Go‘zal axloq esa, aziyatga sabr qilish, g‘azablanmaslik, ochiq yuzli va shirin so‘zli bo‘lish kabi bir-birini to‘ldiruvchi hisoblanadi».
Inson nafsi, tabiati taqozosi bilan bir yaxshi ish qilsa, boshqalar uni bilishini xohlaydi. Shunday ekan, agar nafsing biror ishingni boshqalar bilishini istasa, u Allohga yaqinlashtiradigan amal bo‘lmaydi. Boshqacha ifodalasak, bunday ishda yaxshilik yo‘q, bu “birr” emas, gunoh va yomon ish demakdir.
“Kutubi sitta” asosida
Sodiq NOSIR
tayyorladi.
«Hidoyat» jurnalidan
Doktor Mustafo Mahmud aytadilar:
"Bir kuni bir ona menga shikoyat qilib bunday dedi:
— O‘g‘limning xotiniga bo‘lgan muhabbati menga bo‘lgan muhabbatidan kuchliroq.
Men undan so‘radim:
— Pomidor yaxshimi yoki apelsin?
U ajablangancha menga qarab:
— Bunday solishtirish noto‘g‘ri, chunki pomidor sabzavot, apelsin esa mevalardan, — dedi.
Men unga shunday javob berdim:
— Muhabbat ham huddi shunday, uning ham turlari ko‘p va bir turini boshqa biri bilan solishtirish to‘g‘ri emas.
Ona mendan tushuntirishimni so‘radi.
Men davom etdim:
— Siz — onasiz, siz o‘g‘lingiz uchun yerdagi jannatsiz, o‘g‘lingiz esa qalbingizning bir bo‘lagi. Uning sizga bo‘lgan muhabbati ibodatdir. Xotini esa uning jufti, Alloh uni unga baxt uchun yaratgan, uning xotiniga bo‘lgan muhabbati esa, saodatdir.
Shuning uchun o‘g‘lingizga ibodatda yordamchi bo‘ling va uning baxti uchun ayoliga bo‘lgan muhabbatini qo‘llang. Uning sizga bo‘lgan muhabbatini boshqa muhabbat bilan solishtirib, uning qadrini tushirmang. O‘g‘lingizni erkin qo‘ying, shunda uning qalbi sizni o‘z ixtiyori bilan qayta topadi va jannatni siz orqali izlaydi.
Shunda ona boshini silkitib gapimni tasdiqladi va yuzini rozilik nurli yoritdi. U ketar ekan, takrorlar edi:
— Uning menga bo‘lgan muhabbati ibodat, xotiniga bo‘lgan muhabbati esa saodat. Men unga ibodatini mukammal qilishida yordam berishim va xotini bilan baxtli bo‘lishiga qo‘yib berishim kerak.
Azizim ona...
Bu suhbatimizni xotirangizda saqlang. O‘g‘lingiz turmush qurganida shu so‘zlarni eslang va uning xotini bilan baxtli yashashiga qo‘yib bering. Uning sizga bo‘lgan muhabbati va itoati ila ibodati mukammal bo‘lishiga yordamchi bo‘ling. Bu gaplarni hecham unutmang: "Agar sizga itoat qilishini istasangiz, unga toqati yetadigan ishni buyuring".
Onaga bo‘lgan muhabbat — ibodat,
Xotinga bo‘lgan muhabbat — saodat.
Har ikki muhabbat ham qalbdan chiqadi, ammo turli xil va ularni bir-biri bilan solishtirib bo‘lmaydi.
Shunday ekan, ibodatingizni go‘zal ado eting va baxtli bo‘ling".
Homidjon domla ISHMATBЕKOV