Abu Said roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Kim Kahf surasini juma kuni o‘qisa, ikki juma oralig‘ida unga nur ato etiladi”, dedilar (Imom Bayhaqiy rivoyati).
Kim “Baqara” surasini o‘qisa...
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Kim Baqara surasini o‘qisa, jannatda toj kiydiriladi”, dedilar (Imom Bayhaqiy rivoyati).
Kim “Yosin” surasini o‘qisa...
Ma’qal ibn Yasor roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Kim Yosin surasini Alloh roziligi uchun o‘qisa, avvalgi gunohlari kechiriladi. Sizlar uni o‘liklaringiz huzurida o‘qinglar”, dedilar (Imom Bayhaqiy rivoyati).
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Kim Yosin surasini kechasi o‘qisa, gunohlari kechirilgan holda tong ottiradi”, dedilar (Imom Abu Nuaym rivoyati).
Kim “Duxon” surasini o‘qisa...
Abu Umoma roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Kim Duxon surasini har juma kechasi yoki juma kuni o‘qisa, Alloh u uchun jannatda uy bino qiladi”, dedilar. (Imom Tabaroniy rivoyati).
Kim “Voqea” surasini o‘qisa...
Ibn Mas’ud roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Kim Voqea surasini har kecha o‘qisa, unga hech ham muhtojlik yetmaydi”, dedilar (Imom Bayhaqiy rivoyati).
Kim “Fotiha” va “Ixlos” suralarini o‘qisa...
Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Kim juma kuni imom salom berib, oyoqlarini yozishidan oldin Fotiha, Ixlos, Falaq va Nos suralarini yetti marta o‘qisa, avvalgiyu keyingi gunohlari kechiriladi”, dedilar (Imom Abul As’ad Qushayriy rivoyati).
Kim “Fotiha” surasi va “Oyatul Kursiy” oyatini o‘qisa...
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Fotiha surasi va Oyatul Kursiyni biror banda bir hovlida o‘qisa, o‘sha kuni inson yoki jinning ko‘zi tegmaydi”, dedilar (Imom Daylamiy rivoyati).
Davron NURMUHAMMAD
tayyorladi