SAVOL: Assalomu alaykum! Ustozlar, hali 4 yoshga to‘lmagan o‘g‘lim bu yorug‘ olamni tark etdi. Iltimos yosh bolalarning o‘limdan keyingi holatlari haqida ma’lumot bersangizlar.
JAVOB: Va alaykum assalom!
عَنْ أَبِي مُوسَى رَضِي اللهُ عَنْهُ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: إِذَا مَاتَ وَلَدُ الْعَبْدِ قَالَ اللهُ لِمَلَائِكَتِهِ: قَبَضْتُمْ وَلَدَ عَبْدِي؟ فَيَقُولُونَ: نَعَمْ، فَيَقُولُ: قَبَضْتُمْ ثَمَرَةَ فُؤَادِهِ؟ فَيَقُولُونَ: نَعَمْ، فَيَقُولُ: مَاذَا قَالَ عَبْدِي؟ فَيَقُولُونَ: حَمِدَكَ وَاسْتَرْجَعَ، فَيَقُولُ اللهُ: ابْنُوا لِعَبْدِي بَيْتًا فِي الْجَنَّةِ وَسَمُّوهُ بَيْتَ الْحَمْدِ. رَوَى هَذِهِ الثَّلَاثَةَ التِّرْمِذِيُّ
Abu Muso roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
“Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
“Bir bandaning bolasi o‘lsa, Alloh farishtalariga:
“Bandamning bolasini qabz qildingizmi?” deydi.
“Ha”, deydilar.
“Uning dil mevasini qabz qildingizmi?” deydi.
“Ha”, deydilar.
“Bandam nima dedi?” deydi.
“Senga hamd va istirjo’ aytdi”, deydilar.
Shunda Alloh:
“Bandamga jannatda bir uy bino qilinglar va uni “Hamd uyi” deb nomlanglar”, deydi”.
Ushbu uch hadisni Termiziy rivoyat qilgan.
Sharh: Farzandning o‘limi ota-ona uchun cheksiz musibat ekanligi hech kimga sir emas. Chunki farzand ota-onaning bir bo‘lagi, yuragining parchasi, jigargo‘shasi, ko‘z quvonchi bo‘ladi.
Shuning uchun ham farzandining o‘limiga sabr qilgan ota-onalarga katta va ulug‘ martabalar va’da qilingan.
Bulardan ba’zi namunalarni yuqorida kelgan hadisi shariflardan o‘rgandik. Musulmonlar ushbu ta’limotlarni o‘zlariga singdirib olib, hayotlariga tatbiq qilganlar. Musulmonlar farzand o‘limiga sabr qilishning insoniyat tarixidagi nodir namunalarini ko‘rsatganlar.
Birgina misol keltiraylik:
Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
“Ummu Sulaym roziyallohu anho Abu Anasning oldiga kelib:
“Bugun sen yomon ko‘rgan narsa ila keldim”, dedi.
“Sen doimo huzurimga anavi a’robiyning oldidan men yomon ko‘rgan narsani olib kelaverasan!” dedi Abu Anas.
“U a’robiy edi. Lekin Alloh uni tanlab olib, ixtiyor etib, Payg‘ambar qildi”.
“Keltirgan narsang nima?!”
“Aroq harom qilindi”.
“Bu sen bilan mening ajrashishimiz”, dedi. So‘ngra mushrik holda o‘lib ketdi.
So‘ngra Abu Talha roziyallohu anhu Ummu Sulaymning oldiga keldi. Ummu Sulaym unga:
“Modomiki mushrik ekansan, senga tegmayman”, dedi.
“Yo‘q. Bu sening istaging emas”.
“Mening istagim nima?”
“Sening istaging sariq (oltin) bilan oq (kumush)da”.
“Albatta, men guvohlik beraman va Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamni ham guvoh qilamanki, agar sen musulmon bo‘lsang, sening Isloming tufayli roziman. Ey Anas, tur! Amakingni boshlab bor!” dedi Ummu Sulaym.
U (Abu Talha) turib, qo‘lini yelkamga qo‘ydi. Borib, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamga yaqinlashganimizda u zot bizning gaplarimizni eshitdilar va: “Mana, Abu Talha huzuringizga peshonasida Islom nuri porlab keldi!” dedilar. U Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamga salom berdi va: “Ashhadu allaa ilaaha illallohu va anna Muhammadan abduhu va Rasuluhu”, dedi.
Shundan keyin Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Islom uchun uni uylab qo‘ydilar. Ayoli unga o‘g‘il tug‘ib berdi. Bola katta bo‘lib, yo‘lga kirdi. Otasi uni juda ham yaxshi ko‘rar edi. Bir kuni Alloh taboraka va taolo bolani qabz qildi.
Abu Talha kelib:
“O‘g‘limning holi qanday, ey Ummu Sulaym?” dedi.
“Juda yaxshi. Tushlik qilib olmaysanmi? Bugun tushliging kech qolib ketdi”, dedi va unga taom taqdim qilib turib:
“Ey Abu Talha, bir qavm boshqasidan vaqtinchalikka bir narsani olib tursa, u ularda Alloh xohlaganicha qolsada, keyin egalari qaytarib olsa, vaqtinchalik olib turganlar xafa bo‘lishi kerakmi?” dedi.
“Yo‘q”, dedi Abu Talha.
“O‘g‘ling dunyoni tark etdi”, dedi Ummu Sulaym.
“Qani u?!”
“Ana, yotoqxonada”.
U kirib, bolaning yuzini ochdi va istirjo’ aytdi. Keyin Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga borib, Ummu Sulaymning gapini aytib berdi. Shunda u zot:
“Meni haq ila yuborgan Zotga qasamki, Alloh bu kecha bolasiga sabr qilganligi uchun uning rahmiga bir o‘g‘il bola ilqo qildi”, dedilar…
U bolani tug‘di. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam Anasga dedilar:
“Ey Anas, onangning oldiga borib, “O‘g‘lingning kindigini kesganingdan keyin unga hech narsa yegizmay turib, menga yubor”, dedilar, degin”.
U (onam) bolani ikki qo‘limga qo‘ydi. Men uni Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga keltirib qo‘ydim. U zot sollallohu alayhi vasallam:
“Menga uchta ajva (xurmo) keltir”, dedilar. Men keltirdim. U zot ularning danagini olib tashlab, og‘izlariga solib, chaynadilar va bolaning og‘zini ochib, soldilar, bola tamshana boshladi.
U zot sollallohu alayhi vasallam:
“Ansoriyda, xurmoni yaxshi ko‘radi!” dedilar. So‘ngra:
“Onangga borib, “Alloh senga bundan baraka bersin va uni yaxshi hamda taqvodor qilsin”, deb ayt”, dedilar”.
Imom al-Bazzor rivoyat qilgan.
“Hadis va Hayot” kitobidan
O‘MI Matbuot xizmati
O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi "Ko‘kaldosh" o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasida ko‘p yillar halol va fidokorona mehnat qilgan xodimamiz Ahmadjonova Nilufar Habibullayevnaning 50 yoshlik yubileyi munosabati bilan ta’lim muassasasi hamda kasaba uyushmasi tomonidan tadbir o‘tkazildi.
Tadbirda ta’lim muassasasi mudiri M. Erkayev, o‘quv ishlari bo‘yicha mudir o‘rinbosari N. Djalolov va manaviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha mudir o‘rinbosari, ta’lim muassasasi kasaba uyushmasi raisi A.G‘aniyev ishtirok etishdi. Muassasa mudiri M. Erkayev muhtarama opamizni shaxsan o‘zi tabriknoma bilan taqdirladi. Esdalik sovg‘alari bilan ham mukofotlandi.
Nilufar opa har kuni tong sahardan ilm dargohiga kelib, uning ozoda, shinam va pokiza bo‘lishiga yillarida sabr, ixlos va sadoqat bilan o‘z hissasini qo‘shib kelmoqda. Bunday kamtarin, ammo qadri baland mehnat barchamiz uchun ibrat namunasidir.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: "Pokizalik iymondandir", deb marhamat qilganlar. Ilm va marifat maskanining ta’minlash — talabalar ustozlarning tinch, toza va barakali ilm olishiga munosib hissa qo‘shadigan ezgu ishdir. Ana beminnat xizmat har qanday e’tirof va ehtiromga loyiqdir.
Bilim yurtimiz o‘z yordamga g‘amxo‘rlik qilishni muhim burch deb biladi. Zero, ilm dargohiga qilingan har bir xizmat — Allohning roziligi yo‘lidagi savobli amaldir. Kim ilm ahliga va ilm maskaniga xizmat qilsa, o‘sha ilmdan taralayotgan ezgulikning ajridan bahramand bo‘lishi umid qilamiz.
Muhtarama opamizga mustahkam sog‘lik-salomatlik, uzoq umr, oila baxti va ishlarida baraka tilaymiz. Alloh taolo halol mehnatlarini ajru mukofotsiz qoldirmasin, qilgan ezgu ishlari va mehnatlarining rohatini ko‘rish uzoq yillar davomida nasib etsin!
"Ko‘kaldosh" o‘rta maxsurs islom ta’lim muassasasi
matbuot xizmati