Bandalarning har ikki dunyo saodatini ko‘zlab ro‘zani islomning farz ibodatlari qatoriga qo‘shgan Alloh taologa hamdu sanolar bo‘lsin. Ummatlariga mehr ko‘rsatib ro‘za tutmoqning barcha sir-asrorlari ila o‘rnak bo‘lib ketgan Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamga abadul abad salavotu salomlar bo‘lsin.
Aziz birodarlar! O‘zingizga ma’lumki ko‘pchiligimiz har yili ramazonu sharif boshimizga soyabon bo‘lib kelganida shu muborak oyning fazlidan bahramand bo‘lib qolish uchun ro‘za ibodati va uning ahkomlarini yaxshiroq anglab yetishga harakat qilamiz. Mana ramazon oyiga ham sanoqli kunlar qoldi. Xonadonimizga mehmon keladigan bo‘lsa, mehmon uchun alohida tayyorgarlik ko‘ramiz, tansiq taomlar tayyorlaymiz. Shunday ekan, ramazon oyi kelishidan oldin ramazon uchun hozirlik ko‘rib, nafl ro‘zalarni ko‘proq tutib tanamizni ham ruhimizni ham chiniqtirib borishimiz zarur.
Alloh taolo Qur’oni karimda marhamat qilib, “Ey iymon keltirganlar! Sizlardan avvalgilarga ro‘za farz qilinganidek, sizlarga ham ro‘za farz qilindi. Shoyadki taqvodor bo‘lsangiz” (Baqara surasi,183-oyat)
Xudosizlar ro‘zani sog‘lik uchun koni zarar deb e’lon qilib, odamlarni majburlab ro‘zalarini ochdirishga harakat qilgan paytlar ham bo‘ldi. Endi esa ro‘za tutish aynan sog‘lik uchun nixoyatda foydali ekani haqida hamma bir ovozdan gapirmoqda. Ro‘za nafaqat sog‘likni saqlash uchun, balki bemorliklarni davolash uchun o‘ta zarur omil ekani endi oshkor aytilmoqda.
Ro‘za turli kasaliklardan xalos etish bilan birga, kishi tanasida to‘planib qolgan ortiqcha moddalar, yog‘lar, tuzlar va boshqa narsalarni ham ketkazadi. Natijada insonning jismi va ruhi yengillashadi. Albatta, ro‘zaning biz bilgandan ko‘ra bilmagan foydalari juda ham ko‘p. Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam “Kim ramazon oyi ro‘zasini ixlos bilan Alloh taoloning rizoligi uchun tutadigan bo‘lsa, Alloh taolo uning barcha gunohlarini kechiradi”, deb marhamat qilganlar.
Ro‘za ro‘zadorda rahm-shafqat sifatini shakllantirib, mustahkamlaydi. Har bir musulmon kishi ramazon oyida ko‘proq yaxshiliklar qilishga, urishganlar yarashishga harakat qilmog‘i lozim. Alloh taolo bo‘ oyning fazilatidan ramazon oyida qilingan yaxshiliklar evaziga bir yaxshilikka o‘n barobardan yetti yuz barobargacha savob yozishini va’da qilgan. Shunday ekan, bu oydan unumli foydalanib savob amallar daftarimizni to‘ldirib qolaylik.
Odiljon YALG‘ASHЕV,
“Izomiddin Mudarris” jome masjidi imom-xatibi
Muhyiddin ibn Arabiy aytadilar: “Kimning qanday hojati bo‘lsa, shom namozining farz va sunnatini o‘qib bo‘lganidan keyin o‘rnidan turmasdan Fotiha surasini 40 marta o‘qisin. Shundan keyin, Allohdan hojatini so‘rasin, albatta so‘ragan narsasini beradi. Biz buni tajriba qilib ko‘rdik va foydasini topdik. Fotiha surasini o‘qib bo‘lganidan so‘ng ushbu duoni o‘qiydi: “Allohim! Sening ilmingni o‘zi Sendan so‘ramaslikka kifoya. Fotiha surasining haqqi hurmatidan O‘zing so‘rovimga kifoya qil. Sening karamingni o‘zi Senga so‘zlamaslikka kifoya. Fotiha surasining haqqi hurmatidan so‘zimga kifoya qil va qalbimdagi tilagimni hosil qil”.
Homidjon domla ISHMATBЕKOV