Sayt test holatida ishlamoqda!
07 Yanvar, 2025   |   7 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:49
Peshin
12:34
Asr
15:29
Shom
17:13
Xufton
18:32
Bismillah
07 Yanvar, 2025, 7 Rajab, 1446

“Har yerni qilma orzu...”

11.05.2018   3421   2 min.
“Har yerni qilma orzu...”

Yaratganga shukrki, jannatmonand yurtimizda yaxshi  yashash uchun hamma  sharoit mavjud: serunum yerimiz, mo‘l-ko‘l suvimiz, to‘rt fasldagi  tabiat mo‘tadilligi kishiga huzur bag‘ishlaydi. Afsuski, ayrim kishilar bunday nematlarga qanoat qilmasdan zarur bo‘lmasa-da, chet ellarga noqonuniy ravishda ishlashga ketmoqdalar.  Alloh  taolo: “Yerda o‘rmalovchi biror narsa (jonzot) yo‘qki, uning rizqi (ta’minoti) Alloh zimmasida bo‘lmasa” (Hud surasining 6-oyati).

Oyatdan ayon bo‘layotirki, bandani boqish Allohning zimmasida.

Haqiqatan, inson zoti hech qachon ochdan o‘lmaydi, yaqin o‘rtada falonchi och qolib o‘libdi, degan gapni eshitmadik. Abu Hurayra roziyallohu anhu Rasulloh sollallohu alayhi vasallamdan:  “Qachonki ishlar o‘z ahlidan boshqa kishilar qo‘liga o‘tkazilsa, qiyomatni kutavering” (Imom Buxoriy) mazmunidagi hadisni rivoyat qilgan. Hadisi sharifdan banda Parvardigor bergan kasb-hunar orqali rizqini terib yeyayotgan bo‘lsa ishini boshqa sohaga o‘zgartirmasligi lozimligi ayon bo‘ladi. Sabr qilib halol yo‘l bilan harakat qilsa, albatta ko‘zlagan natijaga erishadi.  Shunday ekan, ayrim insonlar mo‘may pul topish ilinjida  o‘z ona yurtidan  olislarda tili, dini, irqi, millati, boshqa kimsalar ichida ishlashlikni ixtiyor qilmaganlari ma’qul.

Yaratgan Egam sendan harakat  Mendan barakat, degan. Yurtimizda ham tadbirkorlik, kasanachilik, dexqonchilik, hunarmandlik qilaman deganlarga hamda  har bir ilm oluvchilar uchun ilm eshiklari ochiq, barcha sohada halol  mehnat qilgan insonlarga oilasi, bola-chaqasi uchun sharoitlar muhayyo. Chet elga ketayotgan ayrim fuqarolarning aksarining qo‘lida kasb-hunari yo‘q, na til biladi, na qonun-qoidani. Ilmi, e’tiqodi sust yoshlar u yerda tayinli ish topa olmay, qiynalib, har xil yot oqimlarga kirib qolayotir, aldanib qullikka sotilib ketyotir yoki urush bo‘layotgan yurtlarda tirik  qurol bo‘lib qolayotir. U yerda eng og‘ir ishlarni sog‘ligi ko‘tarmay yoki bemor bo‘lib yoxud avtohalokatga uchrab erta olamdan o‘tmoqda.

To‘g‘ri, ba’zilar tayinli ish topib,  chet elda qonuniy mehnat qilib, uylariga moddiy yordam qilmoqdalar. Ammo ular ham imkon qadar qisqa fursatlarda oilasidan xabardor bo‘lib tursa, zimmalaridagi burchlarini ado etgan bo‘ladi.  Zero, inson zoti mol-u dunyo topish mumkin, lekin umr, vaqt, ota-onasi, oilasini, issiq makonini topishi qiyin.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Har biringiz qo‘l ostingizdagilardan so‘ralasiz”, deb bizni ogohlantirganlar.

Farzandlarimizni o‘z nazoratimizdan qochirmaylik, ilm-u odob kasb-u hunar o‘rgataylik, shunda oilamiz, davlatimiz, hayotimiz yanada tinch va osoyishta bo‘ladi.

 

Abdulvohid IS'HOQOV,

Namangan shahridagi “Mirhakimboy” jome masjidi imom-xatibi

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Allohim, Sen mendan yuz o‘girma

7.01.2025   1407   2 min.
Allohim, Sen mendan yuz o‘girma

Rivoyat qilinishicha, Hasan Basriy rahimahullohning qo‘llarida Abbos degan bir yigit tavba qilgan ekan. U yigit avvallari juda ko‘p gunoh qilgan bo‘lgan, so‘ng tavba qilgan, lekin shu holda yetmish marta tavbasini buzgan. Oxir-oqibat umrining so‘nggi daqiqalari yaqinlashganda, o‘limi ko‘ziga ko‘ringan paytda onasini chaqirib shunday dedi:
— Ona, Hasan Basriy hazratlarini chaqiring, men u zotning huzurlarida tavbamni yangilamoqchiman, shoyadki Alloh taolo tavbamni qabul qilsa.
Onasi shoshilib Hasan Basriyning huzuriga borib, salom berdi va:
— Men Abbosning onasiman, o‘g‘limning o‘lim payti yetdi va u sizni so‘rayapti, tavbasini yangilamoqchi, dedi. Hasan Basriy rahimahulloh bunga javoban:
Bor, menga tavba qilib, uni qayta-qayta buzadigan odamning keragi yo‘q, dedi.
Ayol yig‘lagan holda uyiga qaytib keldi va o‘g‘liga:
— Ey, o‘g‘lim! Shayx sening yomon qilmishlaring tufayli kelishdan bosh tortdi, dedi.
Shunda Abbos osmonga boqib:
Yo Robbim, Parvardigorim, shayx mendan yuz o‘girdi, ammo Sen mendan yuz o‘girma, umidimni so‘ndirma, deb duo qildi.
Shundan so‘ng yigit onasiga qarab:
— Ey, onajon! Agar vafot etsam, oyog‘ingizni yuzimga qo‘ying, keyin bo‘ynimga arqan bog‘lab, bozorda sudrab yuring va ovozingiz boricha “Bu — Allohga osiy bo‘lganning jazosidir” deb baqirib yuring. Shoyad, mening holimni ko‘rib, Alloh O‘z fazli va rahmati bilan meni afv etsa, dedi.
Onasi uni o‘zi aytganidek o‘g‘lining yuziga oyog‘ini qo‘ymoqchi edi, hotifdan bir ovoz eshitildi:
Oyog‘ingni sajda qiladigan joyga qo‘yma. Shuni bilginki, Alloh taolo uni afv etdi va do‘zaxdan ozod qildi.
Shundan so‘ng onasi uni dafn qildi va uyiga qaytdi. Shu kecha Hasan Basriy tushida bir ovozni eshitdi:
— Ey Hasan! Nima uchun bandamni Mening rahmatimdan umidsiz qilib qo‘yding? Axir uni Men yaratganmanku va Mening rahmatim har narsani qamrab oladi. Qasamki, agar yana shunday qilsang, seni solihlar daftaridan o‘chiraman!

Bu qissa Allohning rahmati va fazlining ulkan ekanini, hamda tavba qilishda inson hech qachon umidsiz bo‘lmasligi kerakligini yorqin tarzda bayon qiladi.

Homidjon domla ISHMATBЕKOV