Yaratganga shukrki, jannatmonand yurtimizda yaxshi yashash uchun hamma sharoit mavjud: serunum yerimiz, mo‘l-ko‘l suvimiz, to‘rt fasldagi tabiat mo‘tadilligi kishiga huzur bag‘ishlaydi. Afsuski, ayrim kishilar bunday nematlarga qanoat qilmasdan zarur bo‘lmasa-da, chet ellarga noqonuniy ravishda ishlashga ketmoqdalar. Alloh taolo: “Yerda o‘rmalovchi biror narsa (jonzot) yo‘qki, uning rizqi (ta’minoti) Alloh zimmasida bo‘lmasa” (Hud surasining 6-oyati).
Oyatdan ayon bo‘layotirki, bandani boqish Allohning zimmasida.
Haqiqatan, inson zoti hech qachon ochdan o‘lmaydi, yaqin o‘rtada falonchi och qolib o‘libdi, degan gapni eshitmadik. Abu Hurayra roziyallohu anhu Rasulloh sollallohu alayhi vasallamdan: “Qachonki ishlar o‘z ahlidan boshqa kishilar qo‘liga o‘tkazilsa, qiyomatni kutavering” (Imom Buxoriy) mazmunidagi hadisni rivoyat qilgan. Hadisi sharifdan banda Parvardigor bergan kasb-hunar orqali rizqini terib yeyayotgan bo‘lsa ishini boshqa sohaga o‘zgartirmasligi lozimligi ayon bo‘ladi. Sabr qilib halol yo‘l bilan harakat qilsa, albatta ko‘zlagan natijaga erishadi. Shunday ekan, ayrim insonlar mo‘may pul topish ilinjida o‘z ona yurtidan olislarda tili, dini, irqi, millati, boshqa kimsalar ichida ishlashlikni ixtiyor qilmaganlari ma’qul.
Yaratgan Egam sendan harakat Mendan barakat, degan. Yurtimizda ham tadbirkorlik, kasanachilik, dexqonchilik, hunarmandlik qilaman deganlarga hamda har bir ilm oluvchilar uchun ilm eshiklari ochiq, barcha sohada halol mehnat qilgan insonlarga oilasi, bola-chaqasi uchun sharoitlar muhayyo. Chet elga ketayotgan ayrim fuqarolarning aksarining qo‘lida kasb-hunari yo‘q, na til biladi, na qonun-qoidani. Ilmi, e’tiqodi sust yoshlar u yerda tayinli ish topa olmay, qiynalib, har xil yot oqimlarga kirib qolayotir, aldanib qullikka sotilib ketyotir yoki urush bo‘layotgan yurtlarda tirik qurol bo‘lib qolayotir. U yerda eng og‘ir ishlarni sog‘ligi ko‘tarmay yoki bemor bo‘lib yoxud avtohalokatga uchrab erta olamdan o‘tmoqda.
To‘g‘ri, ba’zilar tayinli ish topib, chet elda qonuniy mehnat qilib, uylariga moddiy yordam qilmoqdalar. Ammo ular ham imkon qadar qisqa fursatlarda oilasidan xabardor bo‘lib tursa, zimmalaridagi burchlarini ado etgan bo‘ladi. Zero, inson zoti mol-u dunyo topish mumkin, lekin umr, vaqt, ota-onasi, oilasini, issiq makonini topishi qiyin.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Har biringiz qo‘l ostingizdagilardan so‘ralasiz”, deb bizni ogohlantirganlar.
Farzandlarimizni o‘z nazoratimizdan qochirmaylik, ilm-u odob kasb-u hunar o‘rgataylik, shunda oilamiz, davlatimiz, hayotimiz yanada tinch va osoyishta bo‘ladi.
Abdulvohid IS'HOQOV,
Namangan shahridagi “Mirhakimboy” jome masjidi imom-xatibi
Ota-onalar o‘g‘illariga Muhammad deb ism qo‘yishni afzal ko‘radilar. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning muborak ismlari sahobalar davridan boshlab hozirgacha U zot alayhissalomga muhabbat yuzasidan farzandlarga qo‘yib kelinadi. Qolaversa, bir qancha hadisi shariflarda, ulamolarning so‘zlarida bu muborak ismni farzandlarga qo‘yish tavsiya qilingan va maqtalgan. Jumladan Imom Buxoriy Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ismimni qo‘yinglar, ammo kunyam bilan kunyalanmanglar”, deganlar.
Imom Molik raziyallohu anhu aytadilar: “Madina ahli shunday der edi: “Muhammad ismli kishisi bor hech bir oila yo‘qki, unga ko‘plab yaxshiliklar berilmagan bo‘lsa”.
Ammo, “qasamki, kimki sening isming Muhammad bilan atalsa, hech qachon do‘zax o‘ti unga tegmaydi”, “Qiyomat kuni, ey ismi Muhammad bo‘lgan banda, jannatga kirish uchun o‘rningda tur, deb nido qilinadi” kabi uydirma hadislar ko‘plab uchraydi. Mazkur muborak ismga oid bir qancha uydirma hadislar kitoblarga kirib qolganini ulamolar aniqlagan va musulmonlarni ogoh etish uchun uydirma hadislarga oid yozgan kitoblariga kiritganlar.
Muhammad ismi do‘zaxdan asrashi, qiyomatda foyda berishi kabi fazilatlar bayon qilingan yuqorida zikr etilgan hadislar haqida Imom Shomiy asarida bunday degan: “Muhammad ismi bandaga foyda keltirishi haqida bironta sahih hadis yo‘q”.
Bakr Abu Zayd aytadilar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan Muhammad yoki Ahmad ismli kishini maqtagani yoki birovni bu ikki ism bilan chaqirishni man qilgani haqidagi har qanday hadis sahih emas” (“Tasmiyatul mavlud”, 17-bet).
Yana bir muhim jihat, bu ism sharafli ismlardan, ammo ism insonga odamlar orasida afzallik bermaydi. Agar bu ismni biror insonga qo‘yilsa, o‘sha insonning ismi hisoblanadi. Bu insonni chaqirilsa yoki ismi aytilsa, unga salovat aytish kabi Rasululloh sallallohu alayhi vasallamga oid hukmlar qilinmaydi.
Asosiy va muhim jihat Muhammad deb nomlanish emas, balki U zotga ergashish ekanligini ulamolar ta’kidlaganlar. Insonga solih amallari va Allohdan qo‘rqishi dunyo va oxiratda foyda beradi.
Po‘latxon Kattayev,
TII Hadis va Islom tarixi fanlari kafedrasi
katta o‘qituvchisi.