Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallam: “Ibodatdan keyingi eng afzal amallardan biri – mo‘minlar qalbiga xursandchilik ulashish”, deb marhamat qilganlar.
Haqiqatan ham, bir insonga yaxshilik qilib, uning ko‘nglini ko‘tarish, ruhiy tasalli berish – dinimizda ajri ulug‘ amal hisoblanadi. Mana shunday hikmatni o‘ziga shior qilib olgan O‘zbekiston musulmonlari idorasi savobli ishlar qilishda davom etmoqda.
Namangan viloyatida xizmat safarida bo‘lib turgan muftiy Usmonxon Alimov hazratlari Namangan viloyati bosh imom-xatibi Abdulhay Tursunov, tuman bosh imom-xatibi Shokirjon Mansurov hamda tuman DXX rahbari Orifjon Xomidov hamrohligida Uchqo‘rg‘on tumani Nurobod ko‘chasida istiqomat qiluvchi Zokirjon Saitaliyevning xonadoniga tashrif buyurishdi.
Ma’lum bo‘lishicha, Zokirjon Saitaliyev qariyb 20 yildan buyon jazoni ijro etish muassasasida saqlanmoqda. Uning rafiqasi Tojixon Saitaliyeva yurtimizdagi ijobiy o‘zgarishlar natijasida, eri qattiq tartibli koloniyalardan manzillisiga o‘tkazilganini aytib, endilikda turmush o‘rtog‘i avfnoma yozgani, davlatimiz Rahbarining oqilona islohotlari natijasida, turmush o‘rtog‘ining ozodlikka chiqishiga umidvor ekanini aytdi. Shuningdek, Tojixon Saitaliyeva o‘tgan davr mobaynida juda qattiq qiyinchiliklarni boshidan o‘tkazgani, diyorimizda aholi manfaatlarini o‘ylab amalga oshirilayotgan xayrli ishlar ko‘nglini yorishtirgani, ayniqsa, mana shunday din peshvolari va mutasaddi shaxslarning uning xonadoniga tashrif qilishlari katta xursandchilik baxsh etganini ko‘zida yosh ila so‘zladi.
Shundan so‘ng, muftiy hazratlari muhtaram Prezidentimizning xalq dardini o‘ylab, olib borayotgan dono siyosatlari natijasida, qilgan qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan, jinoyatni bilib-bilmay sodir etgan, to‘g‘ri yo‘lga qat’iy o‘tgan mahkumlarning avf etilayotganini tushuntirib, Saitaliyev Zokirjonning ham yaqin kunlarda ozodlikka chiqishini Yaratgan Parvardigordan so‘rab duolar qildilar. Shuningdek, xonadon ahllariga tasalli berib, ularning ko‘nglini ko‘taradigan iliq so‘zlarni aytdilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Muhyiddin ibn Arabiy aytadilar: “Kimning qanday hojati bo‘lsa, shom namozining farz va sunnatini o‘qib bo‘lganidan keyin o‘rnidan turmasdan Fotiha surasini 40 marta o‘qisin. Shundan keyin, Allohdan hojatini so‘rasin, albatta so‘ragan narsasini beradi. Biz buni tajriba qilib ko‘rdik va foydasini topdik. Fotiha surasini o‘qib bo‘lganidan so‘ng ushbu duoni o‘qiydi: “Allohim! Sening ilmingni o‘zi Sendan so‘ramaslikka kifoya. Fotiha surasining haqqi hurmatidan O‘zing so‘rovimga kifoya qil. Sening karamingni o‘zi Senga so‘zlamaslikka kifoya. Fotiha surasining haqqi hurmatidan so‘zimga kifoya qil va qalbimdagi tilagimni hosil qil”.
Homidjon domla ISHMATBЕKOV