Islom dini peshvosi va fiqhshunosi Marg‘inoniy hazratlarining qabri qarovsiz va obodonlashtirilishga muhtojligini aqlga sig‘dirish qiyin. Ustiga ustak, butun dunyo musulmonlari tan olgan yirik ma’rifatparvar Burhoniddin Marg‘inoniy asl qabri qayerda joylashgan ekanini zamindosh bo‘la turib bilmasligimiz ham uyat aslida.
Oltinsoy bag‘ridagi qimirlab turadigan Sangijumon toshlari, Uchqora yodgorliklari, Oqmasjid va Shayx Gadoy Selkin manzilgohlari shular jumlasidan.
Shuningdek, tuman hududida bir-biridan ilmli va ma’rifatparvar kishilar ko‘p o‘tgan. Bular orasida Ataulloxo‘ja ibn Abdulmo‘min Marg‘inoniy nomi alohida e’tiborga loyiqdir. U kishi 1898 yil Marg‘ilonda tavallud topgan. Hayot tashvishlari va qiyinchiliklari tufayli Xatirchi tumanidagi Xo‘jaqulobod qishlog‘i yaqinidagi Toshquloq mahallasiga kelib yashagan. Islomda mukammal ilm sohibi bo‘lgan. Atrofdagilarni ham saodatga chaqirgan. Qishloq ahlining diniy savodxonligini oshirish uchun ko‘p zahmat chekkan. Shuning uchun Xo‘jaqul eshon qishlog‘i ahli uni Mulla Mo‘min deb atagan. O‘ziga buyuk alloma Burhoniddin Marg‘inoniyni Uvays ustoz deb bilib, umri davomida allomaning kitob va risolalarini yod olib yurgan. Hozir ham xatirchilik keksa yoshli kishilar Mulla Mo‘minni ko‘p eslashib, hayotini Burhoniddin Marg‘inoniy nomlari bilan bog‘lashadi.
– O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Rahim Qodirov bilan Mulla Mo‘min hayoti va Burhoniddin Marg‘inoniy qabri haqida ko‘plab ilmiy izlanishlar olib bordik, – deydi nafaqadagi pedagog, shoir Toshpo‘lat Xo‘jamov. – Aniq ma’lumotlarni yig‘dik. 2000 yil alloma tavalludining 910 yilligi munosabati bilan matbuotda chiqishlar ham qildik. Ammo mavzu shu holicha qolib ketdi. Afsuski, qabr mukammal o‘rganilib, haqiqat yuzaga chiqmadi. Aslida, ushbu manzilgoh obod qilinib, tarixiy qadamjo sifatida qaralmog‘i zarur.
Burhoniddin Marg‘inoniy qabrini ziyorat qilishga butun islom olami mushtoq, ammo biz bunga tayyormizmi?
Buyuk alloma Burhoniddin Marg‘inoniy 1123 yil Marg‘ilonda tug‘ilgan. Umri davomida Qur’on, hadis ilmlarini mukammal egallagan. Islom huquqshunosligini puxta o‘rganganligi va bu borada beqiyos ishlar qilganligi bois “Burhon ud-din” (islom dinining dalili) nomi bilan mashhurdir. Dastlab ta’limni o‘zi tavallud topgan qishloqda oladi. So‘ng o‘sha davrda Movarounnahrning diniy va ma’rifiy markazi bo‘lmish Samarqandda faoliyatini davom ettiradi. Marg‘inoniy hazratlari fiqhshunos bo‘libgina qolmasdan islom dini mohiyatini chuqur asoslab beruvchi mukammal asarlar muallifi hamdir. Ul zotning “Kitob ul-mazid”, “Munosib ul-haj”, “Majmu al-navozil”, “Kitob ul-faroiz” va “Bidoyat ul-mubtayn” kabi mashhur asarlari bor. Xanafiya mazhabining asosiy qo‘llanmasiga aylangan “Hidoya” asari 1178 yil Samarqandda yoziladi. Tez orada bu asar mukammal, aniq va izchilligi bilan islom olamida tanildi. Bugungi kunda ham kitob ko‘plab diniy maskanlar, jumladan, Qohiradagi “Al-azhar” dorulfununida asosiy darsliklar qatorida o‘rganilib kelinmoqda. Ushbu asar bir necha asrlar davomida deyarli barcha musulmon davlatlarida huquqshunoslik bo‘yicha eng asosiy qo‘llanma hisoblanib, islom shariati yuzasidan ish yuritayotgan mamlakatlar ushbu qo‘llanmadan keng foydalanadilar.
Ayni damda esa islom fiqhshunosligida yagona va mukammal qo‘llanma hisoblangan “Hidoya” asarining muallifi Burhoniddin Marg‘inoniy qabri borasidagi bu kabi ikkilanishlarga chek qo‘yish vaqti keldi.
Hazrat Alisher Navoiy Samarqandda surgun vaqtida Chokardiza qabristonini ziyorat qilgan. Zahiriddin Muhammad Bobur ham memuar asari bo‘lmish “Boburnoma”da Burhoniddin Marg‘inoniy qabri haqida qisqacha to‘xtalib o‘tgan. Mulla Mo‘min esa aynan ana shu qabrni o‘zi yashayotgan qishloq yaqinidagi qabristonga ko‘chirtirib kelgani haqida maqolalarda qayd etilgan.
Ma’lumki, Burhoniddin Marg‘inoniy 1197 yilda Samarqandda vafot etadi. Odatiy an’anaga ko‘ra ma’rifiy ishlar rivoji va islom dini kengayishida o‘z hissasini qo‘shgan kishilar hududdagi Chokardiza qabristonida dafn etilgan. Alloma ham dastlab ana shu maskanda qo‘nim topgan edi. Mulla Mo‘min qabrni bir necha bor ziyorat qilgani boradi. Manzilgoh haroba holatida ekani va yaqinda tugatilayotgani haqidagi xabarni eshitib xunob bo‘ladi. 1966 yil ko‘plab qiyinchiliklarga uchrasa ham alloma qabrini o‘zi yashayotgan qishloq yaqinidagi Xo‘jaqul eshon qabristoniga olib keladi. Burhoniddin Marg‘inoniyning muborak hoklari tuman hududiga olib kelingach, Xo‘jaqul eshon qabristonining hali odam qo‘yilmagan bo‘sh yeriga qabr kovlanib, lahatga qo‘yilgani haqida mehnat fahriysi Normamat Turniyozov ma’lumot beradi (“O‘zbekiston ovozi” gazetasining 2000 yil 14 mart sonida). Islom shariati yuzasidan barcha amallar bajo keltirilib, alloma ikkinchi qabrga qo‘yiladi. Shoir Toshpo‘lat Xo‘jamov hali yosh bo‘lsa-da bu voqealarni yaxshi eslaydi. Istiqlol yillarida esa tuman gazetalarida shu mavzuni yoritib qator maqolalar yozgan. Mulla Mo‘min o‘z vasiyatiga ko‘ra allomaning oyoq tomonida dafn etiladi. Bugun qishloqning keksa yoshli kishilari ushbu qabristonni ziyorat qilganlarida Burhoniddin Marg‘inoniy haqqiga ham duo qiladilar. Bu bejizga emas, albatta.
O‘tgan asrning 50-60 yillarida Samarqandning shimoliy qismlari, shu jumladan, Chokardiza qabristoni ham yahudiylarga yashash uchun ajratiladi. Natijada, qabriston hududi batamom buzib tashlanayotgan bir davrda Mulla Mo‘minning savobli ish qilgani va buning Xatirchi tumani bilan bog‘liq ekani asosli, albatta. Tarixdan ma’lumki, qabrlari bir joydan ikkinchi joyga ko‘chirilgan bo‘lsa ham marhumning xok-suyaklari qayerga keltirib qo‘yilsa, o‘sha yer ko‘chirish vaqti va sabablaridan qat’iy nazar haqiqiy qabr hisoblanadi. Bunga Zahiriddin Muhammad Bobur qabri ham yaqqol misol bo‘la oladi.
2000 yilda Burhoniddin Marg‘inoniy tavalludining 910 yilligi munosabati bilan Marg‘ilon shahrida go‘zal yodgorlik majmuasi bunyod etilgan. Alloma tug‘ilgan maskandagi ramziy qabr obod qilinganligi yaxshi. Biroq islom dini peshvosi va fiqhshunosi Marg‘inoniy hazratlarining asl qabrlari qarovsiz va obodonlashtirilishga muhtojligini aqlga sig‘dirish qiyin. Shu bilan birgalikda butun musulmon davlatlari tan olgan yirik ma’rifatparvar Burhoniddin Marg‘inoniy qabrini qayerda joylashgan ekanini zamindosh bo‘la turib bilmasligimiz ham achinarli. Bilib turib, indamaslikning bugun aslo iloji yo‘q. Bu esa bobomiz oldidagi bizning ado etib bo‘lmaydigan qarzimiz, bajarishimiz lozim bo‘lgan farzimizdir.
Shunday ekan, Navoiy viloyati Xatirchi tumanidagi Xo‘jaqul eshon qabristonidagi allomaning haqiqiy qabri obod qilinsa, tumandagi ziyoratgohlar soni yana bittaga ko‘payar va islom tarixi yo‘lida navbatdagi savobli ish amalga oshirilgan bo‘lardi.
Dilobar Asliddin qizi,
O‘zA