Sayt test holatida ishlamoqda!
12 Yanvar, 2025   |   12 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:48
Peshin
12:36
Asr
15:34
Shom
17:18
Xufton
18:37
Bismillah
12 Yanvar, 2025, 12 Rajab, 1446

Burhoniddin Marg‘inoniyning haqiqiy qabri qayerda?

10.05.2018   3677   7 min.
Burhoniddin Marg‘inoniyning haqiqiy qabri qayerda?
Islom dini peshvosi va fiqhshunosi Marg‘inoniy hazratlarining qabri qarovsiz va obodonlashtirilishga muhtojligini aqlga sig‘dirish qiyin. Ustiga ustak, butun dunyo musulmonlari tan olgan yirik ma’rifatparvar Burhoniddin Marg‘inoniy asl qabri qayerda joylashgan ekanini zamindosh bo‘la turib bilmasligimiz ham uyat aslida. 
 
Oltinsoy bag‘ridagi qimirlab turadigan Sangijumon toshlari, Uchqora yodgorliklari, Oqmasjid va Shayx Gadoy Selkin manzilgohlari shular jumlasidan.
 
Shuningdek, tuman hududida bir-biridan ilmli va ma’rifatparvar kishilar ko‘p o‘tgan. Bular orasida Ataulloxo‘ja ibn Abdulmo‘min Marg‘inoniy nomi alohida e’tiborga loyiqdir. U kishi 1898 yil Marg‘ilonda tavallud topgan. Hayot tashvishlari va qiyinchiliklari tufayli Xatirchi tumanidagi Xo‘jaqulobod qishlog‘i yaqinidagi Toshquloq mahallasiga kelib yashagan. Islomda mukammal ilm sohibi bo‘lgan. Atrofdagilarni ham saodatga chaqirgan. Qishloq ahlining diniy savodxonligini oshirish uchun ko‘p zahmat chekkan. Shuning uchun Xo‘jaqul eshon qishlog‘i ahli uni Mulla Mo‘min deb atagan. O‘ziga buyuk alloma Burhoniddin Marg‘inoniyni Uvays ustoz deb bilib, umri davomida allomaning kitob va risolalarini yod olib yurgan. Hozir ham xatirchilik keksa yoshli kishilar Mulla Mo‘minni ko‘p eslashib, hayotini Burhoniddin Marg‘inoniy nomlari bilan bog‘lashadi.
 
– O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Rahim Qodirov bilan Mulla Mo‘min hayoti va Burhoniddin Marg‘inoniy qabri haqida ko‘plab ilmiy izlanishlar olib bordik, – deydi nafaqadagi pedagog, shoir Toshpo‘lat Xo‘jamov. – Aniq ma’lumotlarni yig‘dik. 2000 yil alloma tavalludining 910 yilligi munosabati bilan matbuotda chiqishlar ham qildik. Ammo mavzu shu holicha qolib ketdi. Afsuski, qabr mukammal o‘rganilib, haqiqat yuzaga chiqmadi. Aslida, ushbu manzilgoh obod qilinib, tarixiy qadamjo sifatida qaralmog‘i zarur.
 
Burhoniddin Marg‘inoniy qabrini ziyorat qilishga butun islom olami mushtoq, ammo biz bunga tayyormizmi?  
 
Buyuk alloma Burhoniddin Marg‘inoniy 1123 yil Marg‘ilonda tug‘ilgan. Umri davomida Qur’on, hadis ilmlarini mukammal egallagan. Islom huquqshunosligini puxta o‘rganganligi va bu borada beqiyos ishlar qilganligi bois “Burhon ud-din” (islom dinining dalili) nomi bilan mashhurdir. Dastlab ta’limni o‘zi tavallud topgan qishloqda oladi. So‘ng o‘sha davrda Movarounnahrning diniy va ma’rifiy markazi bo‘lmish Samarqandda faoliyatini davom ettiradi. Marg‘inoniy hazratlari fiqhshunos bo‘libgina qolmasdan islom dini mohiyatini chuqur asoslab beruvchi mukammal asarlar muallifi hamdir. Ul zotning “Kitob ul-mazid”, “Munosib ul-haj”, “Majmu al-navozil”, “Kitob ul-faroiz” va “Bidoyat ul-mubtayn” kabi mashhur asarlari bor. Xanafiya mazhabining asosiy qo‘llanmasiga aylangan “Hidoya” asari 1178 yil Samarqandda yoziladi. Tez orada bu asar mukammal, aniq va izchilligi bilan islom olamida tanildi. Bugungi kunda ham kitob ko‘plab diniy maskanlar, jumladan, Qohiradagi “Al-azhar” dorulfununida asosiy darsliklar qatorida o‘rganilib kelinmoqda. Ushbu asar bir necha asrlar davomida deyarli barcha musulmon davlatlarida huquqshunoslik bo‘yicha eng asosiy qo‘llanma hisoblanib, islom shariati yuzasidan ish yuritayotgan mamlakatlar ushbu qo‘llanmadan keng foydalanadilar.
 
Ayni damda esa islom fiqhshunosligida yagona va mukammal qo‘llanma hisoblangan “Hidoya” asarining muallifi Burhoniddin Marg‘inoniy qabri borasidagi bu kabi ikkilanishlarga chek qo‘yish vaqti keldi. 
 
Hazrat Alisher Navoiy Samarqandda surgun vaqtida Chokardiza qabristonini ziyorat qilgan. Zahiriddin Muhammad Bobur ham memuar asari bo‘lmish “Boburnoma”da Burhoniddin Marg‘inoniy qabri haqida qisqacha to‘xtalib o‘tgan. Mulla Mo‘min esa aynan ana shu qabrni o‘zi yashayotgan qishloq yaqinidagi qabristonga ko‘chirtirib kelgani haqida maqolalarda qayd etilgan. 
 
Ma’lumki, Burhoniddin Marg‘inoniy 1197 yilda Samarqandda vafot etadi. Odatiy an’anaga ko‘ra ma’rifiy ishlar rivoji va islom dini kengayishida o‘z hissasini qo‘shgan kishilar hududdagi Chokardiza qabristonida dafn etilgan. Alloma ham dastlab ana shu maskanda qo‘nim topgan edi. Mulla Mo‘min qabrni bir necha bor ziyorat qilgani boradi. Manzilgoh haroba holatida ekani va yaqinda tugatilayotgani haqidagi xabarni eshitib xunob bo‘ladi. 1966 yil ko‘plab qiyinchiliklarga uchrasa ham alloma qabrini o‘zi yashayotgan qishloq yaqinidagi Xo‘jaqul eshon qabristoniga olib keladi. Burhoniddin Marg‘inoniyning muborak hoklari tuman hududiga olib kelingach, Xo‘jaqul eshon qabristonining hali odam qo‘yilmagan bo‘sh yeriga qabr kovlanib, lahatga qo‘yilgani haqida mehnat fahriysi Normamat Turniyozov ma’lumot beradi (“O‘zbekiston ovozi” gazetasining 2000 yil 14 mart sonida). Islom shariati yuzasidan barcha amallar bajo keltirilib, alloma ikkinchi qabrga qo‘yiladi. Shoir Toshpo‘lat Xo‘jamov hali yosh bo‘lsa-da bu voqealarni yaxshi eslaydi. Istiqlol yillarida esa tuman gazetalarida shu mavzuni yoritib qator maqolalar yozgan. Mulla Mo‘min o‘z vasiyatiga ko‘ra allomaning oyoq tomonida dafn etiladi. Bugun qishloqning keksa yoshli kishilari ushbu qabristonni ziyorat qilganlarida Burhoniddin Marg‘inoniy haqqiga ham duo qiladilar. Bu bejizga emas, albatta. 
 
O‘tgan asrning 50-60 yillarida Samarqandning shimoliy qismlari, shu jumladan, Chokardiza qabristoni ham yahudiylarga yashash uchun ajratiladi. Natijada, qabriston hududi batamom buzib tashlanayotgan bir davrda Mulla Mo‘minning savobli ish qilgani va buning Xatirchi tumani bilan bog‘liq ekani asosli, albatta. Tarixdan ma’lumki, qabrlari bir joydan ikkinchi joyga ko‘chirilgan bo‘lsa ham marhumning xok-suyaklari qayerga keltirib qo‘yilsa, o‘sha yer ko‘chirish vaqti va sabablaridan qat’iy nazar haqiqiy qabr hisoblanadi. Bunga Zahiriddin Muhammad Bobur qabri ham yaqqol misol bo‘la oladi.
 
2000 yilda Burhoniddin Marg‘inoniy tavalludining 910 yilligi munosabati bilan Marg‘ilon shahrida go‘zal yodgorlik majmuasi bunyod etilgan. Alloma tug‘ilgan maskandagi ramziy qabr obod qilinganligi yaxshi. Biroq islom dini peshvosi va fiqhshunosi Marg‘inoniy hazratlarining asl qabrlari qarovsiz va obodonlashtirilishga muhtojligini aqlga sig‘dirish qiyin. Shu bilan birgalikda butun musulmon davlatlari tan olgan yirik ma’rifatparvar Burhoniddin Marg‘inoniy qabrini qayerda joylashgan ekanini zamindosh bo‘la turib bilmasligimiz ham achinarli. Bilib turib, indamaslikning bugun aslo iloji yo‘q. Bu esa bobomiz oldidagi bizning ado etib bo‘lmaydigan qarzimiz, bajarishimiz lozim bo‘lgan farzimizdir. 
 
Shunday ekan, Navoiy viloyati Xatirchi tumanidagi Xo‘jaqul eshon qabristonidagi allomaning haqiqiy qabri obod qilinsa, tumandagi ziyoratgohlar soni yana bittaga ko‘payar va islom tarixi yo‘lida navbatdagi savobli ish amalga oshirilgan bo‘lardi.
 
Dilobar Asliddin qizi,
O‘zA
O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar

Boshingizga tushgan g‘am-tashvishlardan qanday xulosa chiqardingiz?

9.01.2025   5416   4 min.
Boshingizga tushgan g‘am-tashvishlardan qanday xulosa chiqardingiz?

Bir o‘tirib, yashab o‘tgan shuncha yillik hayotimizda boshdan kechirgan g‘am-g‘ussalarimiz haqida fikr yuritib ko‘rsak, qayg‘ular ikki xil ekanini ko‘ramiz:

Birinchisio‘sha paytda ko‘zimizga katta ko‘rinib, hatto yig‘lashimizga sabab bo‘lgan qayg‘ularimiz. Lekin vaqt o‘tishi bilan ular aslida oddiy narsa ekani, yig‘lashga arzimasligi ma’lum bo‘ladi. Ba’zan o‘sha kunlarni eslaganimizda kulgimiz kelib, «Shu arzimas narsa uchun ham siqilib, yig‘lab yurgan ekanmanmi? U paytlarda ancha yosh bo‘lgan ekanmiz-da», deb qo‘yamiz.

Ikkinchisihaqiqatdan ham katta musibatlar. Ba’zilari hayotimizni zir titratgan. Bu qayg‘ular ham o‘tib ketadi, lekin o‘chmaydigan iz qoldirib ketadi. Bu izlar uzoq yillargacha qalbga og‘riq berib turaveradi. Bu qayg‘ular ba’zan to‘xtab, ba’zan harakatga kelib, yangilanib turadigan vulqonga o‘xshaydi. Bunday g‘am-qayg‘ularning yaxshi tarafi shundaki, ular hayotda ham, oxiratda ham yaxshiliklarning ko‘payishiga sabab bo‘ladi. Ular qalbimizda o‘chmas iz qoldirsa, har eslaganda ko‘zlarimizda yosh qalqisa, eng asosiysi – o‘shanda duoga qo‘l ochib, sabr bilan turib bera olsak, ko‘p-ko‘p yaxshiliklarga, ajr-savoblarga ega bo‘lamiz. G‘am-qayg‘u yangilanishi bilan yaxshiliklar ham yangilanib boraveradi.

G‘am-qayg‘usiz hayotni kutib yashayotgan qizga «Siz kutayotgan kun bu dunyoda hech qachon kelmaydi», deb aytish kerak.

Alloh taolo «Biz insonni mashaqqatda yaratdik», degan (Balad surasi, 4-oyat).

Bu hayot – g‘am-tashvishli, azob-uqubatli, mashaqqatli hayotdir. Mo‘min odam buni juda yaxshi tushunadi. Bu dunyoda qiynalsa, azob cheksa, oxiratda albatta xursand bo‘lishini biladi. Inson mukammal baxtni faqatgina oxiratda topadi. Shuning uchun ulug‘lardan biriga «Mo‘min qachon rohat topadi?» deb savol berishganda, «Ikkala oyog‘ini ham jannatga qo‘yganida», deb javob bergan ekan.

Allohning mehribonligini qarangki, oxirat haqida o‘ylab, unga tayyorgarlik ko‘rish hayotni go‘zal qiladi, qayg‘ularni kamaytirib, uning salbiy ta’sirini yengillatadi, qalbda rozilik va qanoatni ziyoda qiladi, dunyoda solih amallarni qilishga qo‘shimcha shijoat beradi, musibatga uchraganlarni bu g‘am-tashvishlar, azob-uqubatlar bir kun kelib, bu dunyoda bo‘lsin yoki oxiratda bo‘lsin, baribir yakun topishiga ishontiradi. Oxirat haqida o‘ylab, faqat solih amallar qilishga intilish insonni baxtli qiladi.

Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: «Kimning g‘ami oxirat bo‘lsa, Alloh uning qalbiga qanoat solib qo‘yadi, uni xotirjam qilib qo‘yadi, dunyoning o‘zi unga xor bo‘lib kelaveradi. Kimning g‘ami dunyo bo‘lsa, Alloh uning dardini faqirlik qilib qo‘yadi, parishon qilib qo‘yadi, vaholanki dunyodan unga faqat taqdir qilingan narsagina keladi».

Alloh taolo faqat oxirat g‘ami bilan yashaydigan (oxirat haqida ko‘p qayg‘uradigan, har bir amalini oxirati uchun qiladigan) qizning qalbini dunyoning matohlaridan behojat qilib qo‘yadi. Qarabsizki, bu qiz har qanday holatda ham o‘zini baxtli his qiladi, hayotidan rozi bo‘lib yashaydi. Xotirjamlikda, osoyishtalikda, qanoatda yashagani uchun istamasa ham qo‘liga mol-dunyo kirib kelaveradi. Zero, Alloh taolo oxirat g‘amida yashaydigan, shu bilan birga, hayotiy sabablarni ham qilish uchun harakatdan to‘xtamagan kishining rizqini kesmaydi, uni ne’matlariga ko‘mib tashlaydi.

Ammo Alloh taolo bor g‘am-tashvishi dunyo bo‘lgan qizni faqirlar qatorida qilib qo‘yadi. Bunday qiz mol-dunyoga ko‘milib yashasa ham, o‘zini faqir, bechora his qilaveradi. Natijada dardi yangilanaveradi, dardiga dard qo‘shilaveradi, fikrlari tarqoq bo‘lib, iztirobga tushadi. Afsuski, shuncha yelib-yugurgani bilan faqat dunyoning ne’matlariga erisha oladi, oxiratda nasibasi bo‘lmaydi.

Abdulloh Abdulmu’tiy, Huda Sa’id Bahlulning
“Qulog‘im senda qizim” kitobidan G‘iyosiddin Habibulloh,
Abdulhamid Umaraliyev 
tarjimasi.