Fatvo hay’atiga kelgan savollar (11-qism)
Savollarga O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo hay’ati javob beradi.
Savol: Assalomu alaykum! O‘g‘il bolani asrab olsa onaga mahram bo‘ladimi. Rahmat!
Javob: Va alaykum assalom. Yo‘q mahram bo‘lmaydi. Agar bolani asrab olgan chog‘da uning yoshi ikki yarim yoshdan kam bo‘lib, asrab olgan ayol u bolani o‘zining mahram ayollaridan birortasiga emizgan bo‘lsa, bola mahram bo‘ladi.
Savol: Assalomu alaykum. Arvoh kapalaklar rostan ham bormi? Agar bor bo‘lsa, ular (uyimizga, xonamizga....) kelganda nima qilishmiz kerak? Savolimni javobsiz qoldirmaysizlar degan umiddaman!!! Javob uchun oldindan rahmat.
Javob: Va alaykum assalom. Arvoh kapalak yo‘q. Bu kabi gaplar islom aqidasiga zid bo‘lgan bid’at va xurofotdan o‘zga narsa emasdir.
Savol: Assalomu alaykum azizlar savolim shundan iborat. Ramazon oyida ro‘za tutgan odam albatta 5 vaqt namoz o‘qishi shart ekan bo‘lmasa tutgan ro‘zam qabul bo‘lmas ekan shu rostmi? Javob uchun oldindan rahmat.
Javob: Va alaykum assalom. Ro‘zani tutish qanchalik farz amal bo‘lsa namoz ham shunday farzdir. Musulmon kishi bu ikki amalni bajarishga birdek amr qilingan. Shu o‘rinda shuni ham bilib qo‘ymog‘imiz lozimki namoz ro‘za har biri alohida-alohida ibodatlardir. Birini tark qilish bilan ikkinchisini ham tark qilish lozim degan narsa kelib chiqmaydi.
Bilasizmi? Silikat moddasiga boy bo‘lgan tuproqqa dafn qilingan insonning skeleti vaqt o‘tishi bilan tosh va xarsangga aylanadi.
Agar u pirit (temir sulfidi) moddasiga boy mintaqaga dafn qilinsa, unday jasad temir haykalga aylanib qolishi mumkin!
Bu ilmiy haqiqat yaqinda aniqlangan bo‘lsa-da, Qur’onda bu haqida 1445 yil oldin hayratlanarli tarzda juda aniqlik bilan bayon etilgan. Qur’onda bunday deyilgan:
وَقَالُوا أَإِذَا كُنَّا عِظَامًا وَرُفَاتًا أَإِنَّا لَمَبْعُوثُونَ خَلْقًا جَدِيدًا
"Ular: “Biz suyaklarga va chang- tuproqlarga aylanib ketganimizdan keyin ham, yangitdan tiriltirilamizmi?” dedilar. “Sen ularga, toshga yoki temirga aylaninglar”, deb ayt"
(Isro surasi, 50-oyat).
Bu oyat yaqin yillarda kashf etilgan — suyaklari toshga aylangan yoki temir haykalga aylangan qazilmalarga ochiq va ravshan ishora qilmoqda. Go‘yoki Qur’onda xabar berilgan ushbu dalillar olimlar kashf qilishlarini uzoq asrlardan beri kutib yotgandek.
Shunday ekan, aqlli inson bunday ochiq-oydin va ravshan mo‘jizani qanday inkor qila oladi? Qur’onning bu mo‘jizasi kunduzdagi quyoshdek ravshan emasmi?
Homidjon domla ISHMATBЕKOV