Mamlakatimizda muqaddas dinimizni, ulamolarimizning boy merosini o‘rganish, tarixiy obidalarni asrab-avaylashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Davlatimiz rahbarining 2017 yil 23 iyundagi “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiya markazini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bu borada muxim qadam bo‘ldi.
Yaqinda Toshkent viloyatining Piskent tumaniga ijodiy safarda bo‘lganimizda tumanning diqqatga sazovor joylarini tasvirga oldik. Ohangaron daryosi shu joyda Tuyabo‘g‘iz suv omboriga quyiladi. Tabiati g‘oyat go‘zal.
Daryo bo‘yidan uncha uzoq bo‘lmagan joyda Hakim Polvonov nomidagi jamoa xo‘jaligi bor ekan. Ma’lum bo‘lishicha, ushbu jamoa xo‘jaligida istiqomat qiluvchi Qo‘ydiniso Quronova xonadonida 4 avloddan beri Payg‘ambarimiz Muhammad aylahissalomning muborak mo‘ylari saqlanib kelinarkan. Biz uni tasvirga olishdan avval O‘zbekiston musulmonlari idorasiga murojaat qildik. Bu topilma ularni ham qiziqtirib qoldi.
Qishloqdagi oddiy xonadonda 14 asrga teng mo‘yi muborakning borligi, to‘g‘risi, barchani hayratga soladi. Payg‘ambarimizning mo‘ylari kichkina shisha idishdagi suvda saqlanarkan. Shayx hazratlari boshchiligidagi ijodiy guruh uni diqqat bilan o‘rganib chiqdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Shayx Abdulaziz Mansur hazratlari: “Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamga tegishli bo‘lgan buyumlar, uy anjomlari hozirgi kunda dunyoning sanoqli davlatlaridagina saqlanadi. Mo‘yi muborak Orif akaga bobosining akasidan meros. U to‘rtinchi avlod vakili hisoblanadi”, dedilar.
Bugun mamlakatimizda diniy qadriyatlarimizni asrab-avaylashga katta e’tibor qaratilyapti. O‘zbekistonda Islom sivilizatsiya markazi tashkil etilishi, yakunlanib borayotgan haftada O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Diniy-ma’rifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonining e’lon qilinishi bu boradagi sa’y-harakatlarni yangi pog‘onaga olib chiqadi.
U.Hamroqulov,
jurnalist
Bugun O‘zbekiston musulmonlari idorasi Qur’oni karim va tajvidni o‘rgatish bo‘limi mudiri Shayx Alijon qori Fayzulloh Maxdum o‘g‘li hamda Toshkent viloyati bosh imom-xatibi Jasurbek domla Raupov Bekobod shahridagi Qur’on va tajvid markaziga tashrif buyurdilar.
Markaz ma’muriyati hamda u yerda ta’lim olayotgan tinglovchilar bilan bo‘lib o‘tgan suhbat har jihatdan samarali bo‘ldi. Xususan, uchrashuvda Shayx Alijon qori hafizahulloh Qur’oni karimni yodlash fazilatlari, bu borada yaratilgan shart-sharoitlarning qadriga yetish, shukrona keltirish, vaqtdan unumli foydalanish kabi mavzularda go‘zal mav’iza qilib berdilar.
Haqiqatan, Qur’oni karimni yodlash, oyatlar ma’no-mazmunlarini tafakkur va tadabbur qilish ibodat va chinakam saodatdir.
Usmon ibn Affon roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: "Sizlarning yaxshilaringiz Qur’oni karimni o‘rgangan va o‘rgatganlaringizdir", deb marhamat qilganlar (Imom Termiziy rivoyati).
Toshkent viloyati vakilligi
Matbuot xizmati