Yoshi to'qsondan oshgan onaxonning o'g'li aytadi: “Bir kuni uyimizga qarindoshimiz kelib qoldi. Yonimda onam o'tirgan edilar, ularni ko'rishlari bilan: “MashaAlloh, uyingizda onangiz, sizning huzuringizda?” dedi”.
Men: “Yo'g'-e. Men u kishining huzurlarida, uylaridaman”, dedim.
Shunda onam: “Yo'q, ey o'g'lim. Bolaligingda sen bizni huzurimizda eding. Keksayganimizdan keyin, biz sening huzuringda bo'lamiz. Alloh taoloning ushbu kalomini o'qimaganmisan? “Agar ularning biri yoki har ikkisi huzuringda keksalik yoshiga etsalar”(Isro surasi, 23-oyat), dedilar”.
O'g'il aytadi: “Go'yoki men ushbu oyatni endigina eshitayotgan bo'ldim. Ota-onalardagi hamma narsa yoshlari o'tgan sayin zaiflashib borar ekan, faqat otalik va onalik mehri kuchayib boraveradi”.
Shunday ekan ushbu mehrni sovuqqonlik bilan so'ndirib qo'yishdan saqlaning. Ota-onangizni ularga itoatsizlik qilib hafa qilib qo'ymang. Allohga qasamki, ota-onaning farzandidan hasrat qilib to'kkan bir tomchi ko'z yoshi farzandning hayotini zulmat girdobiga g'arq qilishga kifoya qiladi.
Ushbu duoni ko'p takrorlang: “Robbim, meni va ota-onamni mag'firat qilgin”, “Robbim, menga rahm qilganlaridek, Sen ham ota-onamga rahm qil”.
Zero, ushbu duoning o'zi ham ota-onaga yaxshilik qilishning bir ko'rinishidir.
Homidjon qori IShMATBYeKOV
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim Ramazon ro‘zasini tutib, ketidan Shavvoldan olti kun ro‘za tutsa, yil bo‘yi ro‘za tutgandek bo‘ladi”, deganlar (Imom Muslim rivoyati).
Bugun hijriy sanada Shavvol oyining 20 sanasi. Taxminan yana 10 kundan keyin Shavvol oyi ham o‘z nihoyasiga yetadi. Shavvol oyida 6 kun ro‘za tutishni unutmadingizmi? Yodingizdan ko‘tarilgan bo‘lsa eslatib qo‘yishni lozim deb topdik. Zero, Alloh taolo bunday marhamat qiladi:
“Va eslat. Albatta, eslatish mo‘minlarga manfaat berur” (Zoriyot surasi, 55-oyat).
Shavvol oyida 6 kun ro‘za tutish yil bo‘yi ro‘za tutganning savobiga noil etadi.
Ramazon ro‘zasi o‘ttiz kunining o‘n barobari o‘n oy (300 kun), Shavvol oyining olti kun ro‘zasi esa (60 kun) ikki oy bo‘ladi. Jami 360 kun (bir yil)ni tashkil etadi. Natijada, kishi butun yil bo‘yi ro‘za tutgandek bo‘ladi. Alloh taolo Qur’oni Karimda bunday marhamat qiladi:
“Kim bir yaxshilik keltirsa, uning uchun o‘n barobari bor. Kim bir yomonlik keltirsa, u faqat qilganiga yarasha jazolanur. Va ularga zulm qilinmas” (An’om surasi, 160-oyat).
Allohim, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlarida bardavom qilgin, gunohlarimizni mag‘firat etgin!
Davron NURMUHAMMAD