Mo‘minlar onasi Xadicha binti Xuvaylidning jiyani Hakim ibn Hizom ibn Xuvaylid Ka’bai muazzama ichkarisida tug‘ilgan yagona insondir.
* * *
Hakim ibn Hizom obro‘li, badavlat oilada oqil, yaxshi xulqli bo‘lib ulg‘aydi. Qavmi uni hurmat qilib, rifodat (johiliya davrida muhtoj hojilarga ovqat ulashuvchi) mansabini berishgan edi.
Hakim ibn Hizom Muhammad Rasululloh sollalohu alayhi vasallam bilan payg‘ambarlik kelmasidan oldin qalin do‘st edi. Besh yosh katta bo‘lsa ham olamlar Sarvari uni o‘zlariga yaqin tutar, do‘stligiga do‘stlik, muhabbatiga muhabbat bilan javob qilardilar.
Rasululloh sollalohu alayhi vasallam Hakimning ammasi Xadicha binti Xuvaylidga (roziyallohu anho) uylanganlaridan keyin o‘rtalaridagi aloqa qarindoshlik bilan yanada mustahkam bo‘ldi.
* * *
Payg‘ambar sollalohu alayhi vasallam Hakimdek esli-hushli, aql-farosatli odamning ishlaridan hayron bo‘lardilar. U va u kabi bir necha kishilarning tez kunda Islomni qabul qilishiga umid bog‘lardilar.
Makka fathidan bir kun oldin Rasululloh sollalohu alayhi vasallam sahobalarga:
– Makkada to‘rt kishi bor, ularning musulmon bo‘lmay, mushrikligicha qolib ketishi aqlga sig‘maydi, – dedilar.
Sahobalar:
– Ular kimlar, yo ey Allohning Rasuli? – deb so‘rashdi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
– Attob ibn Usayd, Jubayr ibn Mut’im, Hakim ibn Hizom va Suhayl ibn Amr, – deb javob berdilar.
Allohning fazli bilan barchasi Islomni qabul qildi.
* * *
Rasululloh sollalohu alayhi vasallam Makka fath etilganidan so‘ng ham Hakim ibn Hizomga hurmat ko‘rsatdilar va jarchilarga bunday deyishni buyurdilar:
“Kim sherigi bo‘lmagan Allohdan boshqa iloh yo‘q, Muhammad Uning quli va elchisidir, deb guvohlik keltirsa, moliyu joni omonda.
Kim Ka’baga kirib, qurolini topshirsa, moliyu joni omonda.
Kim uyiga kirib, eshigini berkitib olsa, moliyu joni omonda.
Kim Abu Sufyonning uyiga kirsa, moliyu joni omonda.
Kim Hakim ibn Hizomning uyiga kirsa, moliyu joni omonda...”
Hakimning uyi Makkaning quyi, Abu Sufyonniki esa yuqori qismida edi.
* * *
Hunayn g‘azotidan so‘ng Hakim ibn Hizom Rasululloh sollalohu alayhi vasallamning huzuriga borib, o‘ljadan ulush so‘radi. Payg‘ambarimiz sollalohu alayhi vasallam so‘raganini berdilar. Yana so‘radi. Sarvari olam yana ulush ajratdilar. So‘ray-so‘ray Hakimning ulushi yuzta tuyaga yetdi. Shunda Payg‘ambarimiz sollalohu alayhi vasallam:
– Ey Hakim, dunyo shirin va maftunkor. Kim undan qanoat bilan foydalansa, barakaga erishadi. Ochko‘zlik bilan harakat qilgan, undan mahrum bo‘ladi. Tepadagi qo‘l pastdagisidan yaxshiroqdir, – dedilar.
Buni eshitgan Hakim:
– Yo Rasululloh, Buyuk Zotga qasam, endi hech kimdan hech narsa so‘ramayman, – dedi va umrining oxirigacha shu so‘zida turdi.
Abu Bakr roziyallohu anhu davrida bir necha marta xazinadan ulushini olishga chaqirishdi, ammo u hech narsa qabul qilmadi.
“Hidoyat” jurnalidan
Mizob - Ka’ba tomida o‘rnatilgan, Xatim ustidagi tarnovning nomi.
U Ka’baning Iroq va Suriya burchaklari orasida o‘rnatilgan bo‘lib, yomg‘ir yoqqanda, tom yuvilganda suvni oqizib yuboradi. 1627 yil yomg‘irlar natijasida Ka’ba devorlariga shikast yetadi. Uni qayta tiklash jarayonida tarnov o‘rnatiladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tarnov joylashgan tomonda turib duo qilganlar.
1. Dastlab bu kabi tarnov shakli Qurayshliklar Ka’ba ustiga tom o‘rnatishgandan sung paydo bulgan. Ungacha Ka’ba 4 devordan iborat edi.
2. Tarnovning boshlanishiga «Bismillahir Rohmanir Rohiym» va chap tomoniga «Yo Allox» deb yozilgan.
3. Tarnov qushlar qo‘nmasligi uchun utkir tikanlar bilan qoplangan.
4. Dastlab u yog‘och, kumush va po‘latdan qilingan. Tarnovni ilk bor 1573 yili sof oltindan ishlangan.
5. Uzunligi – 2,53 m, kengligi – 26 sm ni tashkil qiladi.
Salaflardan kelgan xabarlarda "Xatimda, mizob ostida duolar mustajobdir", deyilgan.
O‘MI Matbuot xizmati