Har yili 7may kuni Bosniya va Hersohovinada Masjidlar kuni nishonlanadi. Ushbu kunda 1992-1995 yillarda yuz yuyergan fuqarolar urushi natijasida sodir etilgan xunrezliklar va vayron etilgan Srebrenitsa shahri obidalari xotirlanadi.
Ushbu kunda serb va xorvat harbiylari tomonidan buzib tashlangan yuzlab masjid va diniy inshoatlar haqida odamlarga so‘zlab beriladi.
7 may kunining nishonlanishi bekorga emas, ushbu kunda Banya-Luka shahridagi Farhodiya masjidining serb qo‘shinlari tomonidan portlatib yuborilgan. Ushbu masjid Bosniya va Hersoxovinaning madaniy belgisi hisoblanadi.
Bosniya islom ittifoqining ma’lumotlariga ko‘ra, urush vaqtida 614 ta masjid butunlay buzib tashlangan. Urushga qadar mamlakatda 1144 ta masjid bo‘lgan va ularning 80 foizi buzib tashlangan. Biroq bugun Bosniyada 1912 ta masjid faoliyat yuritadi, 789 ta inshoat qayta tiklangan.
Farhodiya masjidining tiklanishi uchun 15 yil muddat sarflangan. Ushbu masjid 1579 yilda qurilgan bo‘lib, 2016 yilda qayta ochilgan.
O‘MI Matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Men ish stolimga o‘tirib, o‘yga tolib qoldim. Ko‘zlarim birdan qog‘ozlar ustidan turgan qandaydir kichik bir narsani ko‘rib qoldi, u kunjut donasiday kichik edi. O‘zimcha: "Farrosh stolni yaxshi tozalamagan ko‘rinadi", deb o‘yladim. Barmoqlarimni uzatib, uni chetga surib tashlashga urindim. Ammo o‘sha "kunjut donasi" qo‘limdan qochib, havoda uchib ketdi. Shunda tushundimki, bu kichkina kapalak ekan. Ehtimol, u uxlayotgan yoki horg‘in holda dam olayotgan bo‘lgan, mening qo‘lim yaqinlashganini his qilganida uchib ketdi. Qizig‘i, men uning qanotlarini ham ko‘ra olmadim. Uning qanotlari shu qadar nozik ediki, go‘yo ko‘zga ko‘rinmas edi! Hatto uning boshi qayerda, dum qismi qayerda – buni ham ajratish qiyin. Unda hayot uchun zarur bo‘lgan barcha tizimlar mavjud, ammo inson ko‘zi ularni ko‘ra olmaydi.
O‘zimcha o‘yladim: "Ammo uning Yaratuvchisi uni ko‘radi, oziqlantiradi, suv berib yashash uchun kerak bo‘lgan barcha narsa bilan ta’minlaydi!".
Shundan so‘ng fikrlarim uzoqqa ketdi. Shu kichkina kapalaklarni yaratib, havoda parvoz qildirgan Zot osmon ishlarini ham bir zum bo‘lsa-da nazoratsiz qoldirmaydi. U uchish qobiliyatini faqat kapalaklarga emas, balki katta sayyoralarga ham o‘z orbitalari atrofida aylanish qobiliyatini ato etgan. Sayyoralar o‘z yo‘lidan og‘ishmaydi ham, chalkashmaydi ham. Alloh taoloning bir ish bilan mashg‘ul bo‘lishi, Uni boshqa ishdan chalg‘itmaydi.
Alloh taolo aytadi: "U (bir vaqtning o‘zida) yerga kirib boradigan va u yerdan chiqib keladigan, osmondan tushadigan va unga chiqib ketadigan narsalarni biladi. U rahimli va mag‘firatli Zotdir" (Saba surasi, 2-oyat).
O‘zimga savol berdim: "Nega men bu kichik kapalak haqida buncha o‘yladim?".
Bilganimizdek, SPID virusi (OIV) kapalakdan yetmish ming marta kichik bo‘lsa-da, gunohkorlarning taniga kirib, ularni quvvatsizlantiradi, shifokorlarni ojiz qoldiradi va ilmni ham lol qoldiradi.
Biz insonlar uchun Allohning yaratish hikmatini kuzatib, Uning sifatlarini bilib olish juda zarur. Biz oldimizdagi, ortimizdagi, ustimizdagi va ostimizdagi barcha narsalarning yaratilish sirlarini o‘rganishga muhtojmiz. Agar biz bir-birimiz bilan Allohning yaratish qudrati va uning asarlari haqida suhbatlar qursak, mana shu majlislar farishtalar izlaydigan zikr majlislari bo‘ladi. Bunday majlislarga farishtalar quvonch bilan ishtirok etishadi.
Hadisi qudsiyda bunday deyiladi:
"Allohning shunday farishtalari borki, ular yer yuzini kezib, zikr ahlini qidirishadi. Agar Allohni zikr qilayotgan bir qavmni ko‘rsalar, bir-biriga: "Kelinglar, sizlar qidirganlar bu yerda!" – deb aytadilar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: "Farishtalar ularni o‘z qanotlari bilan osmongacha o‘rab oladilar".
Alloh taolo farishtalardan so‘raydi (holbuki U hammasini yaxshi biladi):
– "Bandalarim nima deyishmoqda?"
Farishtalar:
– "Senga tasbeh aytishmoqda, Seni ulug‘lashmoqda, Senga hamd aytishmoqda va Seni buyuk deb bilmoqdalar", – deb javob berishadi.
Alloh taolo so‘raydi:
– "Meni ko‘rganmilar?"
Farishtalar aytishadi:
– "Yo‘q, ular Seni ko‘rgan emaslar".
Alloh taolo aytdi:
– "Agar meni ko‘rsalar, nima qiladilar?"
Farishtalar aytishadi:
– "Agar Seni ko‘rsalar, ular yanada kuchliroq ibodat qilishar, Seni yanada ko‘proq ulug‘lashar, yanada ko‘proq hamd aytishar va yanada ko‘proq tasbeh aytishar edi"...
Allohni yaqindan tanish uchun tafakkur qilish ibodatlarning eng a’losi va asosiy ko‘rinishidir. Qur’onda bunday deyiladi: "(Ular) Allohni tik turgan, o‘tirgan va yonboshlagan hollarida ham zikr qilishadi va osmonlaru yerning yaratilishi haqida tafakkur qilishadi: "Ey Parvardigorimiz, Sen bu (osmonlaru yerni) behuda yaratgan emassan. Seni (bunday nuqsonlardan) pok deb bildik. Bizlarni do‘zax azobidan saqla", deb duo qilishadi (Oli Imron surasi, 191-oyat).
Zikr – bu ong va aqlning jiddiy vazifasi, u kishini yerdan osmonga ko‘taradi. Hozirgi zamon kishilari ikki toifaga bo‘linadi: bir toifasi Allohni tan olmaydigan ateistlardir, ular bir kuni Alloh bilan ro‘baro‘ bo‘lishlariga ham ishonmaydilar. Ikkinchi toifasi esa, Allohni zikr qilishni bilmaydigan va buni o‘zgalarga o‘rgata olmaydigan musulmonlardir. Ular Allohni taniydilar, ammo bu tanish faqat yuzaki bo‘lib, ularning na qalblarini poklaydi va na tarbiyalarini to‘g‘rilaydi.
Shayx Muhammad G‘azzoliyning "Achchiq haqiqat" kitobidan
Homidjon domla ISHMATBЕKOV tarjimasi