Sayt test holatida ishlamoqda!
09 Yanvar, 2025   |   9 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:49
Peshin
12:35
Asr
15:31
Shom
17:15
Xufton
18:34
Bismillah
09 Yanvar, 2025, 9 Rajab, 1446

Bir oyat tafsiri: ezgulik va taqvo imon yo‘lidir

7.05.2018   4304   4 min.
Bir oyat tafsiri: ezgulik  va  taqvo imon  yo‘lidir

«Ezgulik va taqvo (yo‘li)da hamkorlik qilinglar, gunoh va adovat (yo‘li)da hamkorlik qilmanglar! Allohdan qo‘rqing­lar! Albatta, Alloh azobi qattiq zotdir» (Moida ,2 ). 

Imom Mahmud Zamaxshariy “Kashshof” tafsirida ushbu oyat ma’nosini bunday: “Ezgulik va taqvo yo‘lida ham­korlik qilinglar”, ya’ni, kechirimli, o‘timli bo‘lishda birlashinglar. “Gunoh va dushmanlik yo‘lida hamkorlik qilmanglar”, ya’ni, o‘ch olish, qasd olish yo‘lida hamfikr bo‘lmanglar.

Ayrim sahobalar musumonlarni Makkaga kirib, umra qilishdan qaytargan mushriklardan o‘ch olib, ularni ham Haramga kirishdan qaytarmoqchi bo‘lishadi. Alloh taolo ushbu oyat orqali ularni kechirimli bo‘lishga, yaxshilik yo‘lida o‘zaro yordamlashishga, dushmanlik, gunoh ishlarda birlashmaslikka buyurgan.

Imom Zamaxshariy oyat tafsirida yana bunday deydi: “Oyatda umuman ezgulik va taqvoning har qanday ko‘rinishini, gunoh va dushmanlikning barcha turlari nazarda tutilgan, deyish ham mumkin. Bu holda ham o‘zaro kechirimli bo‘lish va (yaxshiliklarda) yordamlashish ma’nosi anglashiladi”.

Imom Abul Barakot Nasafiy oyatni qu­yidagicha tafsir qilgan: “Ezgulik – buyurilgan ishlarni qilish, taqvo – qaytarilgan ishlarni tark etish, gunoh – buyurilgan amallarni qilmaslik, dushmanlik – qaytarilgan ishlarga qo‘l urishdir”.

Ushbu tafsirga ko‘ra, oyatning mazmuni quyidagicha bo‘ladi: Alloh buyurgan ishlarni qilishda, qaytargan narsalaridan saqlanishda bir-biringizga yordam bering, o‘zaro hamkorlik qiling. Alloh buyurgan ishlarni qilmaslikda yoki qaytargan amallarga qo‘l urishda aslo bir-biringizga yordamlasha ko‘rmang, hamkor bo‘lmang.

Muqaddas dinimiz ta’limotlariga ko‘ra, ezgulik Qur’oni karim va hadisi shariflarda buyurilgan va targ‘ib qilingan amallardir. Vatanga xizmat, ota-onani hurmat qilish, kattalarga izzat-ikrom ko‘rsatish, kishilarga yaxshilik ulashish, omonatga xiyonat qilmaslik, rost gapirish, oilaga sadoqat – barcha-barchasi ezgulikdir.

Alloh taolo oyatda ezgulik yo‘lida yordamlashishga buyurib, barcha yaxshiliklarning boshi va tayanchi bo‘lgan xislat – taqvo yo‘lida hamkorlik qilishni alohida ta’kidlamoqda. Taqvo ehtiyot bo‘lish, qo‘rqish, gunoh ishlardan saqlanish ma’nolarini anglatadi. Taqvo insonning ichki olamida, qalbida o‘rnashgan noyob xislat, insonni doimo yaxshilik qilishga, ezgulik yo‘lidan borishga chorlab turadi va barcha yomonliklardan qaytaradi. Taqvoni ulamolar turlicha ta’riflashgan. Hazrat Umar : “Taqvo bu – tikanli yo‘lda oyog‘ingga biror tikan kirgizmay o‘tib borishingdir”, deb tushuntirganlar. Bir so‘z bilan aytilsa, taqvo Alloh ko‘rib turganini bilib, yomonliklardan saqlanish demakdir. Taqvoning xususiyati shunda, u insonni o‘zi ustidan nazoratchi qilib qo‘yadi. Taqvosi bor inson hech kim ko‘rmay turganida ham, kimsasiz joyda ham gunoh qilmaydi, yomonlikdan o‘zini tiya­di. Taqvo vijdonni qayrab turish, uni sof ushlab turish omilidir. Agar jamiyat a’zolari ushbu xislat yo‘lida hamkorlik qilsalar, o‘zlarida mana shu malakani hosil qilishga intilsalar, jamiyat ravnaq topaveradi.

Oyatning davomida gunoh ishlardan, yomon­­­lik yo‘lida o‘zaro yordamlashishdan qaytarilmoqda: “Gunoh va dushmanlik yo‘lida hamkorlik qilmanglar”. Ya’ni, gunoh, fahsh, buzuqlik, axloqsizlik yo‘lida o‘zaro yordamlashmang, adovat, dushmanlik yo‘lida hamkor bo‘lmang, faqat yaxshilik yo‘lida birlashing.

Agar kishi yaxshi ishlarda hamkor bo‘lib, keyin yomonlariga ham yordamlashib ketaversa, uning yaxshiliklari foydasiz. Shu bois oyati karimada masalaning har ikki tomoni alohida ta’kidlanmoqda.

Oyat so‘ngida ushbu ko‘rsatmalarga amal qilmagan kishilarga ogohlantirish ham bor: “Allohdan qo‘rqinglar! Albatta, Alloh azobi qattiq Zotdir”. Ya’ni, har qanday holatda ham taqvoli bo‘ling. Agar ezgulik va taqvo yo‘lida hamkorlik qilmasangiz, gunoh va dushmanlik yo‘lida birlashsangiz, bilib qo‘ying, dunyoda ham bu qilgan gunoh va adovatingiz oqibatini ko‘rasiz, oxiratda ham bu ishingiz jazosiz qolmaydi.

 

Jaloliddin HAMROQULOV,

Toshkent Islom instituti

“Tahfizul Qur’on” kafedrasi mudiri

 

 

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Qalbning zangini ketkazuvchi amal

8.01.2025   5586   3 min.
Qalbning zangini ketkazuvchi amal

Inson qalbi goh u tarafga, goh bu tarafga o‘zgarib turadi: savobli ish qilganida, qalbi yayraydi, dili cheksiz quvonchga to‘ladi. Gunoh-ma’siyat kirlari esa dil oynasini xiralashtiradi. Oqibatda qalb qorayadi, ko‘ngli xijil bo‘ladi.
Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Temirga suv tegsa zanglaydi. Xuddi shunga o‘xshab qalblarni ham zang bosadi", dedilar. Shunda: "Yo Rasululloh, uning jilosi nima?" deb so‘raldi. U zot: "O‘limni ko‘p eslash, Qur’on o‘qish", dedilar.

Qalb xuddi temir kabi zanglaydi. Temirga suv tegsa, sirtini zang bosadi. Gunohlar yig‘ilib yig‘ilib qalbni zanglatadi, dilni qoraytiradi, ko‘ngilni g‘ash qiladi. Qalb qorayishi oqibatida inson shuuri o‘tmaslashadi, mehr-oqibat tuyg‘usi kishi bilmas tarzda ko‘tarilib boradi.

Mazkur hadisda aytilishicha, o‘limni eslagan, Qur’on o‘qigan odamning qalbi zanglardan tozalanadi. Qanday qilib, deysizmi? Gap shundaki, o‘limni eslagan kishining o‘tkinchi dunyoga xohishi so‘nadi. O‘limni eslagan, oxiratni o‘ylagan inson gunohlardan tiyiladi, nafasi kirib-chiqib turganida Parvardigoriga tezroq tavba qilishga shoshiladi, o‘zini isloh qiladi. Inson o‘limni eslaganda lazzatlar parchalanadi, hakalab otib turgan nafs xohishlari sal bo‘lsayam jilovlanadi. Bir kunmas-bir kun dunyoni tark etishini bilgan kishi oqibatli bo‘ladi, bir ish qilishdan oldin oxirini o‘ylaydi, mulohaza yuritadi.

Yuqoridagi hadisda aytilishicha, Qur’on tilovati qalbdagi zanglarni ketkazadi. Haqiqatan, Qur’on o‘qish bilan qalb yayraydi, ko‘ngil taskin topadi. Mo‘min banda qiroatdan bir dunyo ma’naviy ozuqa oladi. Shu yo‘sin qalbni qoplagan zang qurumlari asta-sekin tozalanib boradi. Bejizga "Qur’on qalbga malham, dilni tozalaydigan ilohiy davo", deyilmagan.

Ma’lumki, temirga doim ishlov berib turilmasa, ko‘p o‘tmay zanglaydi. Xuddi shunga o‘xshab, Qur’on o‘qilmasa, dilni zang bosadi. Hamisha Qur’on o‘qiydigan inson qalbiga gard yuqmaydi. Tilovat bilan jilolangan qalbi oynadek yarqirab turadi.

Hozirgi "zamonaviy" odamlarning ko‘pi dunyoga hirs qo‘yish dardi bilan og‘rigan. Kishilar orasida o‘zaro ishonch, sadoqat, vafo, mehr-oqibat kamayib ketayotgandek. Bizningcha, buning sababi bitta: o‘limni unutish, Qur’on o‘qimaslik.

Ayrim odamlarga o‘limni eslatsangiz, oxiratdan gap ochsangiz: "Qo‘ying, yaxshi mavzuda gaplashaylik!" deya so‘zingizni bo‘ladi. O‘limni eslash yomonmi?! Har kimning boshida bor-ku bu savdo! O‘limdan qochib-qutulib bo‘lmaydi. Shuning uchun o‘limga tayyorgarlik ko‘rish kerak. Qanday qilib, deysizmi? O‘limga hozirlik solih amallar bilan bo‘ladi, qorong‘i go‘rni yorituvchi Qur’on tilovati bilan bo‘ladi. Quruq kafanlik olib yoki qabristondan o‘zi uchun alohida joy ajratib qo‘ygan odamni oxirat safariga rostmana shay deb bo‘lmaydi.

Tolibjon domla Xursanmurodov,
Hadis ilmi maktabi o‘qituvchisi.

Ali ibn Husomiddin Muttaqiy Hindiy. "Kanzul ummol fi sunanil aqvoli val af’ol". – Bayrut.: Muassasatur risolat, 1989. - B. 210.