«Ezgulik va taqvo (yo‘li)da hamkorlik qilinglar, gunoh va adovat (yo‘li)da hamkorlik qilmanglar! Allohdan qo‘rqinglar! Albatta, Alloh azobi qattiq zotdir» (Moida ,2 ).
Imom Mahmud Zamaxshariy “Kashshof” tafsirida ushbu oyat ma’nosini bunday: “Ezgulik va taqvo yo‘lida hamkorlik qilinglar”, ya’ni, kechirimli, o‘timli bo‘lishda birlashinglar. “Gunoh va dushmanlik yo‘lida hamkorlik qilmanglar”, ya’ni, o‘ch olish, qasd olish yo‘lida hamfikr bo‘lmanglar.
Ayrim sahobalar musumonlarni Makkaga kirib, umra qilishdan qaytargan mushriklardan o‘ch olib, ularni ham Haramga kirishdan qaytarmoqchi bo‘lishadi. Alloh taolo ushbu oyat orqali ularni kechirimli bo‘lishga, yaxshilik yo‘lida o‘zaro yordamlashishga, dushmanlik, gunoh ishlarda birlashmaslikka buyurgan.
Imom Zamaxshariy oyat tafsirida yana bunday deydi: “Oyatda umuman ezgulik va taqvoning har qanday ko‘rinishini, gunoh va dushmanlikning barcha turlari nazarda tutilgan, deyish ham mumkin. Bu holda ham o‘zaro kechirimli bo‘lish va (yaxshiliklarda) yordamlashish ma’nosi anglashiladi”.
Imom Abul Barakot Nasafiy oyatni quyidagicha tafsir qilgan: “Ezgulik – buyurilgan ishlarni qilish, taqvo – qaytarilgan ishlarni tark etish, gunoh – buyurilgan amallarni qilmaslik, dushmanlik – qaytarilgan ishlarga qo‘l urishdir”.
Ushbu tafsirga ko‘ra, oyatning mazmuni quyidagicha bo‘ladi: Alloh buyurgan ishlarni qilishda, qaytargan narsalaridan saqlanishda bir-biringizga yordam bering, o‘zaro hamkorlik qiling. Alloh buyurgan ishlarni qilmaslikda yoki qaytargan amallarga qo‘l urishda aslo bir-biringizga yordamlasha ko‘rmang, hamkor bo‘lmang.
Muqaddas dinimiz ta’limotlariga ko‘ra, ezgulik Qur’oni karim va hadisi shariflarda buyurilgan va targ‘ib qilingan amallardir. Vatanga xizmat, ota-onani hurmat qilish, kattalarga izzat-ikrom ko‘rsatish, kishilarga yaxshilik ulashish, omonatga xiyonat qilmaslik, rost gapirish, oilaga sadoqat – barcha-barchasi ezgulikdir.
Alloh taolo oyatda ezgulik yo‘lida yordamlashishga buyurib, barcha yaxshiliklarning boshi va tayanchi bo‘lgan xislat – taqvo yo‘lida hamkorlik qilishni alohida ta’kidlamoqda. Taqvo ehtiyot bo‘lish, qo‘rqish, gunoh ishlardan saqlanish ma’nolarini anglatadi. Taqvo insonning ichki olamida, qalbida o‘rnashgan noyob xislat, insonni doimo yaxshilik qilishga, ezgulik yo‘lidan borishga chorlab turadi va barcha yomonliklardan qaytaradi. Taqvoni ulamolar turlicha ta’riflashgan. Hazrat Umar : “Taqvo bu – tikanli yo‘lda oyog‘ingga biror tikan kirgizmay o‘tib borishingdir”, deb tushuntirganlar. Bir so‘z bilan aytilsa, taqvo Alloh ko‘rib turganini bilib, yomonliklardan saqlanish demakdir. Taqvoning xususiyati shunda, u insonni o‘zi ustidan nazoratchi qilib qo‘yadi. Taqvosi bor inson hech kim ko‘rmay turganida ham, kimsasiz joyda ham gunoh qilmaydi, yomonlikdan o‘zini tiyadi. Taqvo vijdonni qayrab turish, uni sof ushlab turish omilidir. Agar jamiyat a’zolari ushbu xislat yo‘lida hamkorlik qilsalar, o‘zlarida mana shu malakani hosil qilishga intilsalar, jamiyat ravnaq topaveradi.
Oyatning davomida gunoh ishlardan, yomonlik yo‘lida o‘zaro yordamlashishdan qaytarilmoqda: “Gunoh va dushmanlik yo‘lida hamkorlik qilmanglar”. Ya’ni, gunoh, fahsh, buzuqlik, axloqsizlik yo‘lida o‘zaro yordamlashmang, adovat, dushmanlik yo‘lida hamkor bo‘lmang, faqat yaxshilik yo‘lida birlashing.
Agar kishi yaxshi ishlarda hamkor bo‘lib, keyin yomonlariga ham yordamlashib ketaversa, uning yaxshiliklari foydasiz. Shu bois oyati karimada masalaning har ikki tomoni alohida ta’kidlanmoqda.
Oyat so‘ngida ushbu ko‘rsatmalarga amal qilmagan kishilarga ogohlantirish ham bor: “Allohdan qo‘rqinglar! Albatta, Alloh azobi qattiq Zotdir”. Ya’ni, har qanday holatda ham taqvoli bo‘ling. Agar ezgulik va taqvo yo‘lida hamkorlik qilmasangiz, gunoh va dushmanlik yo‘lida birlashsangiz, bilib qo‘ying, dunyoda ham bu qilgan gunoh va adovatingiz oqibatini ko‘rasiz, oxiratda ham bu ishingiz jazosiz qolmaydi.
Jaloliddin HAMROQULOV,
Toshkent Islom instituti
“Tahfizul Qur’on” kafedrasi mudiri
Cavol: Kollejda o‘qib yurgan vaqtlarimda ba’zan avtobusdan yo‘lkirani bermasdan tushib ketardim. Bu ishning og‘ir gunoh ekanini anglab yetdim. Buni qanday to‘g‘rilasam bo‘ladi? Taxminiy hisoblab, sadaqa qilsam bo‘ladimi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Siz bu ishingiz uchun avvalo istig‘for aytib, tavba qilasiz. To‘lamagan yo‘lkiralaringizni taxminiy hisoblaysiz hamda o‘zingiz foydalangan avtobuslar boshqarmasidan yo‘lkiralar to‘lanadigan hisob raqamlari bo‘lsa, qarzlaringizni shunga o‘tkazib qo‘yasiz va shu bilan zimmangizdagi yukdan qutilasiz, inshaalloh. Agar ularda bunday imkoniyat bo‘lmasa, sadaqa qilib yuborasiz.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.