Sayt test holatida ishlamoqda!
04 Yanvar, 2025   |   5 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:49
Peshin
12:33
Asr
15:26
Shom
17:10
Xufton
18:30
Bismillah
04 Yanvar, 2025, 5 Rajab, 1446

Pokiza ayolga tuhmat qilish – og‘ir gunoh

7.05.2018   5060   3 min.
Pokiza ayolga tuhmat qilish – og‘ir gunoh

Gunohi kabiralar (ulkan gunohlar) darajasiga ko‘ra bir necha xil bo‘ladi:

  1. E’tiqodga tegishli ulkan gunohlar.
  2. Nafs va amalga oid ulkan gunohlar.
  3. Mol-mulkka doir ulkan gunohlar.
  4. Ibodat borasidagi ulkan gunohlar.
  5. Oila va nasabga taalluqli ulkan gunohlar.

 Oila va nasabga taalluqli ulkan gunohlardan bo‘lmish pokiza, mo‘mina ayollarga tuhmat qilish haqida dinimiz nima deydi?

Hozirgi kunda odamlar orasida insonlarni va mo‘min-musulmonlarni bir-birlariga nisbatan gina-adovat va nafrat paydo bo‘lishiga sabab bo‘layotgan illatlardan biri – pokiza ayollarga tuhmat qilish. Buning sababidan oilalarni tinchligiga raxna solib, hatto buzilib ketishiga sabab bo‘lmoqda. Bunday noma’qul ishlarni qilgan, yani haromdan saqlangan, pokiza, hur ayolga kimda-kim «zinokor» yoki «fohisha» deb tuhmat qilsa, unga dunyoda xorlik va oxiratda ulkan azob bo‘ladi.

Alloh taolo aytadi:

إِنَّ الَّذِينَ يَرْمُونَ الْمُحْصَنَاتِ الْغَافِلَاتِ الْمُؤْمِنَاتِ لُعِنُوا فِي الدُّنْيَا وَالْآخِرَةِ وَلَهُمْ عَذَابٌ عَظِيمٌ

يَوْمَ تَشْهَدُ عَلَيْهِمْ أَلْسِنَتُهُمْ وَأَيْدِيهِمْ وَأَرْجُلُهُمْ بِمَا كَانُوا يَعْمَلُون

«Albatta, (buzuq niyatlardan) bexabar, pokiza, mo‘mina ayollarni badnom qiladigan kimsalar dunyoda ham, oxiratda ham la’natga duchor bo‘ladilar. Ular uchun ulug‘ azob bordir. U Kun (qiyomat)da qilib o‘tgan (bo‘htonlari) sababli ularning tillari ham, qo‘lu oyoqlari ham o‘zlarining ziyonlariga guvohlik berur» (Nur surasi, 23–24-oyat).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Yettita halok qiluvchi ishdan saqlaninglar», deb ular orasida: «(Buzuq niyatlardan) g‘ofil, pokiza, mo‘mina ayollarga tuhmat qilish»ni ham sanab o‘tganlar (Muttafaqun alayh).

Ko‘p insonlar behayo so‘zlarni aytishga odatlanib qolishgan. Holbuki, ular mana shu so‘zlari bilan dunyoda gunohkor, oxiratda azobga giriftor bo‘ladilar.

Zero, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytganlar: «Banda o‘ylamasdan bir so‘zni aytadi-da, u sababli mashriq bilan mag‘rib orasidagi masofadan uzunroq masofaga do‘zaxga qulaydi» (Muttafaqun alayh).

Ibn Mas’ud roziyallohu anhu aytadilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Mo‘min ta’na qiluvchi, la’nat aytuvchi, axloqsiz va behayo so‘zlovchi bo‘lmaydi» (Termiziy rivoyati).

Bunday illatlar, yani bir pokiza ayolni yoki erkakni nohaq zinoda ayblash, jamiyatimiz uchun juda katta ziyon keltiradi. Tuhmat qilinayotgan erkakni va ayolni orqasida turgan qavm-qarindoshlarini sha’ni va oriyati toptaladi. Oqibatda, musulmonlar yashayotgan jamiyatda birinchi navbatda musulmonlarga ishonchsizlik paydo bo‘ladi.

Boshqa bir hadisi sharifda: «Kimki Alloh va oxirat kuniga ishonar ekan, unda yaxshi gap gapirsin yoki sukut saqlasin», deyilgan (Muttafaqun alayh).

Alloh taolo lutf-marhamati ila barchamizni tillarimiz yomonligidan saqlasin. Albatta, u saxovatli, marhamatli zotdir.

 

Zaynilobiddinxon QUDRATOV

Piskent tumani bosh imom-xatibi

 

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Men yaqinman... juda yaqinman

3.01.2025   4003   1 min.
Men yaqinman... juda yaqinman

Ko‘pincha dengiz sathi tashqaridan qaragan kishiga go‘yoki ipakdan to‘qilgan mayin gilamni to‘shab qo‘ygandek, tinch va sokin ko‘rinadi...

Lekin o‘sha tinch va sokindek ko‘rinayotgan aldamchi manzara ostida tinimsiz kurash, hayot va mamot to‘qnashuvlari, halokatli nidolar yashirinib yotadi. Dengiz qa’rida kitlar, akulalar, ilonlar va suvsarlar suzib yuradi, bir-birlarini o‘ljaga aylantirish maqsadida tinimsiz ta’qib qiladilar.

Xuddi shu kabi sizning yuzingiz ham oyna qarshisida tinch, mehrli va musaffo ko‘rinadi. Ammo tanangizni ichida esa, xujayralar g‘alayon qiladi, nafs xohishlari alanga oladi, g‘arizalar avj oladi va adovatlar olovlanadi.

Agar siz dengizdagi o‘sha maxluqlar jang qilayotgan chegaralardan o‘tib, dengizning ulardanda qa’riga yetib borsangiz, u yerda sukunat hukmron ekanligini, sadaflar, marvaridlar va marjonlar yashayotganini ko‘rasiz.

Xuddi shuningdek, tanangizda ham agar nafsoniy hirslar hukmronlik qilayotgan chegaradan o‘tib olib, ruhiyat hududiga yetib borsangiz, u yerda sakinat topasiz, hikmat ziyosining nuridan bahra olasiz, Parvardigorning huzuridan oqib chiqayotgan muhabbat bulog‘idan qonasiz.

Robbimiz bizga bunday marhamat qiladi:
"Albatta, Men yaqinman... juda yaqinman. Sizlarga jon tomiringizdan ham yaqinroqman".

Homidjon domla ISHMATBЕKOV