Uylanayotgan erkak kelinga mahr beradi. Shariat qonuniga ko‘ra, mahr kelinning mulki sanaladi. Mahr istalgan narsadan iborat bo‘lishi mumkin. Miqdori eng kami 30 gramm kumush og‘irligida bo‘ladi, ko‘pi esa cheklanmagan. Ammo Payg‘ambar alayhissalom mahr berishda haddan oshishdan qaytarganlar.
Shuningdek, kelin katta mahr talab qilib, bo‘lajak turmush o‘rtog‘ini qiyin ahvolga solib qo‘ymasligi uning aqli, farosati va mehribonligidan nishona bo‘ladi. Hadisi sharifda ham o‘zi chiroyli bo‘la turib unchalik ko‘p mahr talab qilmaydigan kelinning eng yaxshi ayol yoki qiz ekani aytilgan.
Xo‘sh, Odam alayhissalom va Havvo onamiz o‘rtasidagi mahr qanday bo‘lgan? Bu haqda “Payg‘ambarlar tarixi” kitobida bunday deyiladi:
Alloh taolo Odam alayhissalomga uzoq uyqu berib uning chap qovurg‘asidan Havvoni yaratdi. U uyg‘onganida Havvoni ko‘rdi-yu, unga oshiq bo‘ldi.
Jabroil alayhissalom Odam alayhissalomga nikoh qilish uchun mahr berishi lozimligini aytganida: “U nima?” deb so‘radi. Jabroil alayhissalom: “Rasuli akram Muhammad mustafo sollallohu alayhi vasallamga uch marta salavot ayting. Alloh taolo butun olamni uning sevinchi uchun yaratdi va Qiyomatda u barcha mo‘min-musulmonlarga shafoatchi bo‘ladi”, dedi.
Shundan keyin Odam alayhissalom Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga salavot aytdi va Havvo onamizni nikohlab oldi.
Shunday qilib, Muhammad sollallohu alayhi vasallamga salavot aytish mo‘minlarga Odam alayhissalomdan sunnat bo‘ldi.
Damin JUMAQUL tayyorladi.
Cavol: Kollejda o‘qib yurgan vaqtlarimda ba’zan avtobusdan yo‘lkirani bermasdan tushib ketardim. Bu ishning og‘ir gunoh ekanini anglab yetdim. Buni qanday to‘g‘rilasam bo‘ladi? Taxminiy hisoblab, sadaqa qilsam bo‘ladimi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Siz bu ishingiz uchun avvalo istig‘for aytib, tavba qilasiz. To‘lamagan yo‘lkiralaringizni taxminiy hisoblaysiz hamda o‘zingiz foydalangan avtobuslar boshqarmasidan yo‘lkiralar to‘lanadigan hisob raqamlari bo‘lsa, qarzlaringizni shunga o‘tkazib qo‘yasiz va shu bilan zimmangizdagi yukdan qutilasiz, inshaalloh. Agar ularda bunday imkoniyat bo‘lmasa, sadaqa qilib yuborasiz.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.