Tunov kuni bir mushtipar onaxon bilan suhbatlashdim. Uning hazin ovozi hali ham qulog‘imda jaranglab turibdi. Onaxon mana bu so‘zlarni gapirib berdi: “Hayotimda eng katta xatoyim, quloqsizligim bo‘lgan. Ota-onam va qarindoshlarimning so‘zlariga kirmaganman. Onajonimni unchalik ham qadrlamasdim. Yoshlarga ibrat bo‘lar degan o‘yda hayotimni so‘zlab bersam, o‘zim ham yengil tortardim, ona qizim. Ota-onam tug‘ilishimni 10 yil kutishgan (yig‘laydi). Tug‘ildim, muhtojlik ko‘rmay ulg‘aydim. Otam rahmatli oliy ma’lumotli qildilar. So‘ngra o‘zimizning qarindoshimizga uzatmoqchi bo‘lishdi. Men esa birga o‘qigan kursdoshimga ko‘ngil qo‘ydim. O‘rtamizda ahdu paymon bor edi. Ular viloyatlik bo‘lgani uchun uydagilarim to‘yimga rozilik bildirishmadi. Shunday bo‘lsa-da, ota-onamni roziligisiz u yigitga turmushga chiqdim. Turmush o‘rtog‘im juda ajoyib inson edi. Yigirma bir yil bo‘ldi, olamdan o‘tganiga.
Kunlar o‘tdi, yillar o‘tdi. Men ham farzand ko‘rmadim. Onamga tortdim shekilli 10 yildan so‘ng farzand ko‘rsam kerak, deb kuta boshladim. Ammo 12 yilda ham farzandli bo‘lmadim, so‘ngra bolalar uyidan bir oylik qizchani boqib oldik. O‘stirdik, uni katta olima qildik. Ammo bir marta bo‘lsa ham mehr ko‘rmadim. Otasi vafot etgandan so‘ng qizim boshqa-boshqa yashaylik, menga uy olib bering, deb talab qila boshladi. otasidan qolgan mashinani sotib, yoniga pul qo‘shib uy olib berdim. Mana shu yoshgacha u ham yolg‘iz, men ham yolg‘iz yashaymiz. Yolg‘iz uy meni yutib yuborayotgandek ba’zida. O‘sha asrab olgan qizimdan bo‘lak hech kimim yo‘q. Ko‘zim yaxshi ko‘rmaydi, oyoqlarim esa yurishni istamaydi. Qizimdan har zarda va mehrsizlik ko‘rganimda onajonimni eslayman. Mening shunday muomalamdan onam ham qattiq aziyat chekkan ekanlar-da... Yig‘layman, yig‘layman. Ammo foydasi yo‘q. Otam ham onam ham yonimda yo‘q. Agar bo‘lsaydi... tiz cho‘kib, ming bor kechirim so‘rardim. Agar gaplariga kirganimda, hozir so‘ppayib yolg‘iz bo‘lib o‘tirmasmidim...?! Qilgan yaxshi va yomon amallarimiz qaytmasdan qiyomat bo‘lmaydi, deb eshitganman, ammo aynan o‘ziday qaytishini bilmagan edim. Ota-onasiga men kabi xatokorlar bo‘lsa, qaytinglar. Katta baxtsizliklar hammasi biz kichkina deb o‘ylagan xatolarimizda yashiringan ekan. G‘aflatimiz sabab o‘zimiz ko‘p ne’matlarni qo‘ldan boy beramiz. Hech bir gunoh yo xatoga bepisand qaramaslik kerak. O‘lguningcha, albatta, to‘lovi bo‘larkan. Shu yoshimda bo‘lsa ham xatolarimni anglatgan, Rabbimga behisob shukrlar bo‘lsin”.
Xumorbegim
Luqmoni Hakim o‘z o‘g‘illariga qilgan nasihatlari Qur’oni karimda keltiriladi.
Nasihatning eng birinchisi – shikrdan qaytarish.
“Ey, o‘g‘ilcham! Allohga shirk keltirmagin! Chunki shirk ulkan zulmdir” (Luqmon surasi, 13-oyat).
Shirk eng og‘ir zulm, eng qabih jaholat va eng katta gunoh sanaladi.
Nasihatning ikkinchisi – ota-onaning haqqini ado etish.
“Agar ular (ya’ni ota-onang) seni o‘zing bilmagan narsalarni Menga sherik qilishga zo‘rlasalar, u holda ularga itoat etma! Ularga (garchi kofir bo‘lsalarda) dunyoda yaxshi muomalada bo‘lgin” (Luqmon surasi, 15-oyat).
Ota-ona hatto mushrik bo‘lsalar-da, ularga qo‘pol munosabatda bo‘lmaslik talab etiladi.
Nasihatning uchinchisi – Alloh oshkor maxfiy har bir narsa bilib turuvchi Zot.
“Ey, o‘g‘ilcham! Shubha yo‘qki, agar xantal (o‘simligining) urug‘idek (yaxshi yoki yomon amal qilinadigan) bo‘lsa, bas, u (amal) biror xarsang tosh ichida yo osmonlarda yoki yer ostida bo‘lsa, o‘shani ham Alloh keltirur. Zero, Alloh lutfli va ogoh zotdir” (Luqmon surasi, 16-oyat).
Nasihatning to‘rtinchisi – namoz, amri ma’ruf, nahyi munkar va sabr.
“Ey, o‘g‘ilcham! Namozni barkamol ado et, yaxshilikka buyur va yomonlikdan qaytar hamda o‘zingga yetgan (balolar)ga sabr qil!...” (Luqmon surasi, 17-oyat).
Nasihatning beshinchisi – ochiq yuzli, shirin so‘zli, tavoze’li bo‘lish, kibrlanmaslik.
“Odamlarga (kibrlanib) yuzingni burishtirmagin va yerda kerilib yurmagin! Chunki Alloh barcha kibrli, maqtanchoq kimsalarni suymas” (Luqmon surasi, 18-oyat).
Nasihatning oltinchisi – baqir-chaqir qilmaslik.
“(Yurganingda) o‘rtahol yurgin va ovozingni past qilgin! Chunki ovozlarning eng yoqimsizi eshaklar ovozidir” (Luqmon surasi, 19-oyat).
Davron NURMUHAMMAD