Ramazon istig‘for oyidir. Ya’ni, bu oyda farishtalar ro‘zadorlar uchun Allohdan mag‘firat talab qilishadi. Imom Ahmad “Musnad” kitobida keltirishicha, Rasuli akram (sollallohu alayhi va sallam) aytadilar: “Ramazon oyida Mening ummatim boshqa hech qaysi ummatlarga berilmagan beshta xislat bilan ne’matlandi: birinchisi, Ro‘zadorning og‘zidan kelayotgan hid Alloh taolo uchun mushk-anbardan ham yoqimliroqdir. Ikkinchisi, ular to og‘izlarini ochgunlaricha farishtalar ularning gunohlarini kechirishini Allohdan so‘rab turishadi. Uchinchisi, Ramazon oyi kirganida do‘zax eshiklari yopiladi, shaytonlar kishanlanadi. (To‘rtinchisi,) Alloh taolo har kuni jannatni ziynatlaydi. So‘ngra: “Ey jannat, senga Mening ro‘zamni tutib qiynalgan solih bandalarim kirib rohatlanishlari uchun ziynatlan va bezaklaringni chiroyli qil!” deb buyuradi. (Beshinchisi, Ramazon oyining) oxirgi kechasida u(ro‘zador)larning gunohlari kechiriladi. (Sahobalar): “Yo Rasululloh, u Qadr kechasimi?” deb so‘rashganida, u zot (alayhissalom): “Yo‘q, lekin ishchi qilayotgan ishi bitganida unga haqini beriladi”, deb marhamat qildilar”. Ya’ni, u kecha Qadr kechasi emas, ammo xuddi birovga bir ish buyurilganida u o‘sha ishni bitirgach, haqini o‘talgani kabi, Ramazon oyi tugashi bilan Alloh taolo ro‘zador bandalariga haqlarini beradi – ularning gunohlarini kechiradi.
“Rahmat oyi ramazon” kitobidan
Dunyoda shunday ishlar borki, Alloh taologa suyukli bo‘ladi. Ulardan biri ko‘ngilni shod etish hisoblanadi.
Bu haqda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam bunday marhamat qilganlar: “Alloh taologa farz ibodatlardan keyin eng maqbul ish – musulmon kishining ko‘ngliga surur (xursandchilik) yetkazishdir”.
Darhaqiqat, o‘zga kishining ko‘nglini olish, uni xursand qilish xayrli amallardandir. Hazrati Alisher Navoiy:
Kimki bir ko‘ngli buzug‘ning xotirin shod aylagay,
Oncha borkim, Ka’ba vayron bo‘lsa, obod aylagay, deya bejiz aytmagan.
Musulmonning ko‘ngliga ozor berish esa, xunuk ishlardandir. Bu haqda xalqimizda: “Dilozordan Xudo bezor”, degan naql bor.
Alloh taolo barchamizni o‘zgalarga ozor berishdan saqlab, Alloh taologa suyukli bo‘lgan ishlarni qilishga muvaffaq aylasin!
Ruhiddin Akbarov,
O‘MIning
Qashqadaryo viloyat vakilligi xodimi