Inson nafsining xususiyatlaridan misol
Allohning borligiga g‘aybiy dalillar haqida so‘z yuritar ekanmiz, avvalo insonning o‘zidan dalil topamiz. Insoniyat nafsi haqida gapirar ekanmiz, Alloh taolo inson nafsidagi yashirin narsalarning barchasini bilishini aytib o‘tmoqchimiz. Insonning o‘zi, nafsi, undagi yashirin narsalarning barchasi Allohning izmidadir. Alloh taolo Qur’oni Karimda shunday deb marhamat qilgan:
“Va Musoning onasiga: “Uni emizaver. Bas, (unga yomonlik yetishidan) qo‘rqqan chog‘ingda uni daryoga tashla, qo‘rqma, xafa bo‘lma, Biz, albatta, uni senga qaytarguvchimiz va Payg‘ambarlardan qilguvchimiz”, deb vahiy qildik” (Qasas surasi, 7-oyat).
Arab tilshunos olimlari bu oyati karimani Qur’oni Karimning yuksak darajadagi balog‘at va fasohatiga misol sifatida keltiradilar. Alloh taolo birgina oyatda ikkita buyruq – “emizaver” va “daryoga tashla”, ikkita qaytarish–“qo‘rqma”, “xafa bo‘lma”, ikkita bashorat–“uni senga qaytaramiz” va “Payg‘ambarlardan qilguvchimiz” juftliklarini ishlatgandir. Onalari ko‘ngillariga Alloh taolo ilhom etgan buyruqni bajardilar. Go‘dakni sandiqqa solib, daryoga oqizib yubordilar.
Demak, insonning o‘y-xayollari Alloh subhanahu va taoloning qo‘lidadir. Insonning aqli ham Alloh taoloning qo‘lidadir. Lekin inson ixtiyor borasida hur qilib yaratilgan. Lekin bu mutlaq hurriyat emas. Inson hur, ozod, erkin. Unga berilgan juz’iy ixtiyor orqali u yaxshi yoki yomon yo‘lni tanlaydi. Inson musulmon bo‘lish yoki bo‘lmaslikda ham hurdir. U oxiratda shu tanloviga ko‘ra hisob qilinadi.
Inson xususiyati haqida, Allohning borligiga g‘aybiy dalil haqida gapirar ekanmiz, Masad surasini keltirib o‘tamiz.
“Abu Lahabning ikki qo‘li halok bo‘lsin, halok! Unga moli va kasb qilgan narsalari foyda bermadi. U tezda cho‘g‘i qizib turgan o‘tga kiradi. Va uning xotini, o‘tin ko‘targan ayol ham. U(ayol)ning bo‘ynida eshilgan arqon bor holda”.
Ushbu muborak sura Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning amakilari Abu Lahab haqida nozil bo‘lgan. U iymon keltirishdan yuz o‘girgan kofir, Alloh va Rasuliga qarshi kurashuvchi edi. Ushbu sura nozil bo‘ldi, Abu Lahab esa hamon kufrda. Makkaning ko‘plab yetakchilari kofir edilar. Keyin Alloh taolo ularning ba’zilariga hidoyat berib, ular islomni qabul qilishdi. Masalan Abu Sufyon, Xolid ibn Valid, Ikrima ibn Abu Jahl va boshqalar. Abu Lahab ham shular kabi islomni qabul qilishi mumkin edi. Agar u islomni qabul qilganida, iymon masalasi butkul vayron bo‘lardi. Chunki, Qur’oni Karim Abu Lahabning kofir holda o‘lishining xabarini berib turibdi. Ammo bu yerdagi uning kofir holida o‘lishi o‘zining ixtiyoridan kelib chiqib sodir bo‘ladi. Ya’ni zohiran qaraganda Abu Lahab kofir bo‘lib o‘lishni o‘zi ixtiyor qilgan.
Agar Abu Lahab Makkaning kattalari to‘planib o‘tirgan joyga borib, ularga qarata “Muhammad men haqimda shunday-shunday deyapti. Aytishicha men kofir holda o‘lar ekanman va do‘zaxga kirar ekanman. Lekin men hozir oldingizda “Allohdan o‘zga iloh yo‘q va Muhammad Uning Rasulidir” deb guvohlik beraman. Bu bilan Muhammad aytgan gap to‘g‘ri emasligini, unga vahiy tushmasligini isbotlayman” deganda nima bo‘lardi?! Xo‘sh, nima bo‘lardi?! Abu Lahab shahodatni riyo uchun, munofiqona bo‘lsa-da nutq qilganda nima bo‘lardi?! Din masalasi buzilgan bo‘lardi. U agar shu gapni yolg‘ondan aytganida ham kufr tarafiga yordam bergan, xizmat qilgan bo‘lardi. Ammo shu gapni aytish, yolg‘ondan bo‘lsa ham aytish uning xayoliga kelmadi va u bu gapni aytmadi. Shu tarzda u kofir holida o‘ldi.
Mana shuning o‘zi Alloh iroda qilgan narsa shaksiz amalga oshishiga dalil bo‘lmaydimi?!
Alloh taolo islomning eng katta dushmanlaridan biriga dinni buzish imkoniyatini berib qo‘yishi, u kimsa esa bu imkoniyatni ishga sololmagani bu din Allohning dini ekaniga dalil emasmi?!
Allohning chiqargan hukmi, oldindan aytib qo‘ygan narsasi so‘zsiz amalga oshishiga dalolat emasmi?!
Allohning huzuridagi g‘ayb narsa, oldindan bo‘ladi degan narsasi aniq yuz berishidan ham kattaroq dalil bormi?!
Qiblaning o‘zgarishidan misol
Qibla Baytul Maqdisdan Ka’ba tarafga o‘zgarganda, ushbu oyatlar nozil bo‘ldi:
“Odamlardan esi pastlari: “Bularni qiblalaridan nima yuz o‘girtirdi ekan?” deydilar” (Baqara surasi, 142-oyat).
Bu oyatda “siyn” harfining ishlatilishi hali sodir bo‘lmagan narsaning kelajakda sodir bo‘lishiga dalildir. Agar gap bo‘lib o‘tgan voqea ustida ketganda, u holda “deydilar” emas, “dedilar” degan bo‘lardi. Lekin “deydilar” degani ishning kelajakda sodir bo‘lishiga dalolat qiladi. Ushbu oyat mo‘minlardan boshqalar haqida nozil bo‘lgan bo‘lib, ularga mazkur gapni aytishlaridan oldin tilovat qilib berildi. Agar ular biroz fikrlaganlarida, sukut qilgan va mazkur gapni aytmagan bo‘lardilar. Ana shu paytda odamlar bir-birlaridan yuqoridagi oyat haqida, uning amalga oshmagani haqida so‘ray boshlar edilar. Ular bir-birlaridan “Alloh taolo “esi pastlar” deb vasf qilgan anavilar “Bularni qiblalaridan nima yuz o‘girtirdi ekan?” deb aytmadilar-ku?” deb so‘rar edilar. Ular dinni buzishga urinayotgan bo‘lishlariga, dinni vayron etishni istovchi bo‘lishlariga qaramasdan Alloh taolo ularning qo‘llariga dinni buzish imkoniyatini berdi. Ammo ulardan birortasining xayoliga yuqoridagi gapni gapirmaslik, tilni tiyish fikri kelmadi. Balki ular o‘sha gapni aytdilar. Bu esa – inson irodasi turgan bo‘lsa ham – Allohning ishi, hukmi, huzuridagi g‘ayb ishi so‘zsiz amalga oshishiga dalildir.
Munofiqlar qissasidan misol
Alloh taolo quyidagi oyatda O‘zining so‘zi rostligiga moddiy dalil keltirgan:
“Va bilingki, albatta, Alloh ichingizdagini biladi. Bas, Undan ogoh bo‘ling” (Baqara surasi, 235-oyat).
Iymon keltirmaydiganlar esa bu gapni tasdiqlamaydilar va “Bunga aqliy dalil qani?” deydilar. Biz aytamiz: “Aqliy dalil bor. Alloh taolo Qur’oni Karimda nafsdagi yashirin narsalarni va uning atrofida aylanib turgan holatlarni bilishiga dalil keltirgan. U Zot shunday deb marhamat qiladi:
“Munofiqlar huzuringga kelganlarida, guvohlik beramizki, sen, albatta, Allohning Rasulisan, derlar. Holbuki, Alloh albatta sen Uning Rasuli ekaningni biladir. Va Alloh guvohli berurki, albatta, munofiqlar yolg‘onchidirlar” (Munofiqun surasi, 1-oyat).
Bu oyati karima bir guruh munofiqlar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning oldilariga kelib, o‘zlarining musulmon ekanliklarini e’lon qilgan paytlarida nozil bo‘lgan. O‘shanda munofiqlar nima deyishdi? Ular Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga bunday deyishdi:
“Guvohlik beramizki, sen, albatta, Allohning Rasulisan”.
Bu haq guvohlik. Chunki, Alloh taolo “Alloh albatta sen Uning Rasuli ekaningni biladir” degan. Demak, munofiqlarning guvohligi Alloh subhanahu va taoloning ilmiga muvofiq keldi. Lekin Alloh taolo “Va Alloh guvohli berurki, albatta, munofiqlar yolg‘onchidirlar” deyapti.
Ba’zilar “Qanday qilib munofiqlar yolg‘onchi bo‘lishdi? Axir ularning guvohligi Allohning ilmiga muvofiq keldi-ku?” deb so‘rashi mumkin.
Biz ularga shunday javob beramiz: “Albatta, Alloh taolo Rasuli alayhissalomga munofiqlarning tillari aytayotgan narsa qalblariga muvofiq kelmasligini bildirishni iroda qildi. Ular Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning Rasulliklariga guvohlik berishdi. Lekin bu faqat tillarida, xolos. Qalblari esa bu risolatni inkor qiladi, yolg‘onga chiqaradi. Alloh taolo shu tarzda ularning dillaridagi narsani va odamlardan yashirgan narsalarini e’lon qildi. Ular esa Alloh e’lon qilgan narsani inkor etishga jur’at qilmadilar”.
Qur’oni Karim Alloh taolo inson ko‘nglida sir tutadigan narsalarni bilishiga ko‘plab moddiy dalillarni keltiradi. Bu borada Alloh taolo shunday degan:
“Bas, albatta, u sirni ham, maxfiyni ham bilguvchidir” (Toha surasi, 7-oyat).
Sir deb bir inson ikkinchi bir insonga maxfiy tarzda aytadigan gapga aytiladi. Sir odatda ikki kishi o‘rtasida bo‘ladi. Sirdan ham maxfiyroq narsa bormi? Bor. Bu inson bir gapni birovga aytmay, ichida saqlashidir. Alloh taolo kofir va munofiqlarning sharmandasini chiqarib shunday degan:
“Va ichlarida, shu gapimiz uchun Alloh bizni azoblamasa edi, derlar” (Mujodala surasi, 8-oyat).
Demak, ular bu gapni birovga aytishmagan. O‘zlarining ichlarida gapirishgan, tillari bilan nutq qilishmagan, tashqariga chiqarishmagan. Lekin Alloh taolo ularni fosh etib, dillarida yashirgan narsa haqida xabar berdi. Ular esa buni inkor qila olmadilar. Agar Alloh taoloning bergan xabari noto‘g‘ri bo‘lganida, ular darhol “Biz ichimizda hech narsa demadik” degan bo‘lardilar. Ammo ular unday demadilar. Alloh taoloning ilmiga qoyil qoldilar, lol bo‘ldilar, oyatni inkor qilolmadilar.
Mana shu tarzda Qur’oni Karimda Alloh taolo dillar yashirgan, sir tutgan yoki oshkor qilgan barcha narsalarni bilishiga moddiy dalillar ketma-ket keladi. Albatta, Alloh taolo insonning barchadan yashirishga uringan narsalarini biladi. Allohning ilmi inson nafsining barcha yashirgan, berkitgan narsalarini qamrab oladi. Birov bilmaydi degan narsalarini ham Alloh yaxshi biladi.
Shayx Muhammad Mutavalliy
Sha’roviy rahimahullohning
“Al-Adilla al-maaddiyya ala vujudillah”
nomli asaridan
Nozimjon IMINJONOV
tarjimasi