Sayt test holatida ishlamoqda!
13 Mart, 2025   |   13 Ramazon, 1446

Toshkent shahri
Tong
05:20
Quyosh
06:38
Peshin
12:37
Asr
16:41
Shom
18:30
Xufton
19:43
Bismillah
13 Mart, 2025, 13 Ramazon, 1446

Og‘izni yopib ko‘ngil ko‘zini ochuvchi ibodat – ro‘za

4.05.2018   45419   8 min.
Og‘izni yopib ko‘ngil ko‘zini ochuvchi ibodat – ro‘za

Haqiqiy mo‘min-musulmon shariatimizning har bir hukmiga sababini surishtirmasdan itoat qilgan kishi bo‘lsa kerak deb o‘ylayman. Negaki, Xadicha onamiz roziyallohu anho, Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu va ularning ortidan boshqa sahobiylar shunday qilganini tarixiy manbalardan o‘qiganman.  To‘g‘risini Alloh taolo, to‘g‘rirog‘ini hurmatli olimlarimiz biladi, albatta.

Ammo inson bandaligiga borib, Muso alayhissalom aytganidek, qalbining xotirjam tortishi uchun ularning sabablarini, foydali jihatlarini qidiradi. Aslida buning hech yomon joyi yo‘q. Chunki bandasiga ota-onasidan ham mehribon bo‘lgan Parvardigorimiz unga zarar yetkazadigan amalni buyurishi mumkinmi? Aslo unday emas. Rabbimiz bizga nimani buyurgan bo‘lsa, o‘sha amrning zamirida bizning jismimiz, ruhiyatimiz, dunyomiz, oxiratimiz uchun hisobsiz foydalar bor. Biroq buni hamma ham bilavermaydi. Ataylik, ba’zilar sog‘ligi bilan bog‘liq arzimagan narsalarni bahona qilib ham ro‘za tutmaslikning payida bo‘ladi...  

Ro‘zaning asl mohiyati so‘z boshlashdan oldin  ko‘zimiz o‘ngida bo‘lgan bir necha nozik nuqtalarga  to‘xtalib o‘tishini joiz topdik.

Ro‘zada kunduzlari yeyish-ichishga ehtiyoji bo‘la turib ulardan tiyilishning nima hikmati bor? Ushbu kezlarda sovuq bo‘lgan shimol o‘lkalarida insonlarning yetarlicha kaloriya va ozuqa olishlariga to‘siq bo‘luvchi ro‘za ibodatining sog‘likka zarari yo‘qmi?

Biologik tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, qor qalin yoqqan choqlarda vahshiy hayvonlar, hatto o‘txo‘r hayvonlar ham  yeyishga biror narsa topa olmaydilar. Nailojlikdan  qish uyqusiga kiradilar yoki vaqtlarini “ro‘za” tutish bilan o‘tkazish majburiyatida qoladilar. Bu holat ularni bahor yaqinlashgan pallada yashargan bir qiyofada harakatga keltiradi.

Daraxtlar ham xuddi shunday holatni boshdan o‘tkazadi. Daraxtlar qishda barglaridan ayriladi va uyquga ketadi. Bir necha oylik “ro‘za”dan so‘ngra ko‘klamda yasharib, burungisidan ham quvvatlanib olib, gulga kiradi va yaproq yozadi.

Hatto ma’danlarning ham “ro‘za”ga ehtiyoji bor. Motorlar va mashinalar... ularning harakatlanuvchi qismlari ham orada to‘xtab oladilar. Bu tin olish ularga yangi kuch bag‘ishlaydi.  

Jami a’zolarda bo‘lgani kabi hazm qilish organlarining ham dam olishga ehtiyoji bor. Ro‘za ana shu ehtiyojni qondiradi. Lekin ro‘zaning asl maqsadi bunday tibbiy foydalar emas. Ular yo‘l-yo‘lakay ko‘riladigan foydalardir.

Inson Alloh taolo yaratgan eng ajoyib mavjudot. Uning jismida zidlar birlashgan: badan ila ruh, modda va ma’no bir-biriga chambarchas bog‘lanib ketgan. Insonning qanchalik baxtiyor bo‘lmog‘i bir-biriga tamoman zid bo‘lgan ana shu ikki unsurni teng tuta bilmog‘iga bog‘liq. Moddiy tarafimiz oshkora ko‘rinib turgani uchun  ruhiy kuchlarimizga soya solib va unga bosim o‘tkazishga moyil bo‘ladi. Bu mayl davomiy va ta’sirli bo‘lsa, insonning ruhining yuksalishiga to‘siq bo‘ladi. Shu jihatdan, tananing ruhga tobe bo‘lishi uchun tana kuchini chegaralab ruhini yetiltirmoq kerak.  

Bu g‘oyaga yetishmoq uchun ochlik, suvsizlik, shahvatini chegaralamoq; til, qalb, fikr va boshqa a’zolarning  nazorat ostiga olinmog‘i eng ta’sirchan yo‘ldir. Bu ish tajriba bilan sobit bo‘lgan.

Insonning mukarram bo‘lishining sabablaridan biri hayvoniy tabiatini aqliga va ruhiga buysundirmog‘idandir.  Inson tabiati sarkash. Ba’zan  asovlik, ba’zan halimlik ko‘rsatadi. Uning asovligini jilovlamoq uchun ro‘za kabi qat’iy chora ko‘rilmog‘iga ehtiyoj bor. Gunoh ishlardan tavba etishi va ro‘za bilan latoif yo‘lni tanlashi uning irodasini quvvatlantirgani kabi ruhini ham pishitib tasalli beradi. 

Yemaslik va ichmaslik farishtlarga xususiyatlaridan. Inson bu ishga urinar ekan, farishtalarga o‘xshashga intiladi. Eng asosiysi, buni faqat Alloh taolo buyurgani uchun qilsa, Unga yanada yaqinlik hosil qilgan bo‘ladi.  Shuning uchun iymonli insonning eng ulug‘ g‘oyasi bo‘lgan Alloh taoloning mamnunligi qo‘lga kiritiladi.

Ro‘zadan kutilgan maqsadning amalga oshishi uchun diqqat etish lozim bo‘lgan masalalar bor. Ro‘za – saharlik qilish va ro‘zani buzadigan harakatlardan uzoq bo‘lmoqdir. Komil iymon-la tutilgan ro‘za butun tana a’zolarining istaklaridan bir  tekisda tiyilmog‘idir: oshqozon yemak-ichmoqdan tiyilgani kabi til ham yolg‘ondan, yomon so‘zlardan, behuda vaysashlardan tiyilmog‘i; ko‘z haromga, noo‘rin joylarga qarashdan, birovlarning aybini ko‘rishdan tiyilmog‘i; quloq g‘iybat, mish-mishlar va sharmsiz so‘zlarni tinglashdan tiyilmog‘i kerak.

Eng muhimi, ko‘ngil va aql yorug‘ narsalarni o‘ylamog‘i kerak. Ulug‘larimiz yolg‘on so‘zlash va qo‘pollik qilish ro‘zani buzishini aytadi. Tanasining barcha a’zolarini ro‘za tutishga jalb eta olmagan kishi go‘yoki ro‘za tutganga o‘xshab ko‘rinsa-da, aslida ro‘zador emasdir. Hazrati Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam “Necha ro‘zadorlar borki, ro‘zalari faqat ochlik va tashnalikdan iboratdir”, deya ularning holini ma’lum qilganlar. 

Jami a’zolar ro‘zasiga diqqatli bo‘lganlar esa hatto jahlini chiqargan kishilarga ham “Men ro‘zadorman”, deya qattiq gapirmaydi. Bunday qilish Payg‘ambarimiz alayhissalomning tavsiyasidir. Ramazon oyida osoyishtalik bo‘lishida ana shunday insonlarning roli katta bo‘ladi. Tadqiqotchilarning ta’kidlashicha, ramazon oyida musulmon mamlakatlarida avtohalokatlar boshqa oylardagiga nisbatan kamroq kuzatilar ekan.

Ayonki, ibodatda eng muhim hodisa ixlosdir. Ixlos – har bir ishni faqat Alloh rizosi uchun bajarmoq demakdir. Ro‘za tutdim degan kishining ro‘zador yoki ro‘zador emasligini hech kim aniq bilmaydi, buni faqat Alloh taolo biladi.

Alloh taolo bir hadisi qudsiyda: “Ro‘za Men uchundir, uning mukofotini O‘zim beraman”, deb marhamat qilgan. Shunday ekan, ro‘zador kishi uni qanchalik ixlos bilan qilayotganini Alloh taoloning o‘zi biladi. Agar ro‘zasida nuqsoni bo‘lsa, hadisi sharifda aytilganidek, faqat och va chanqab yurgani qoladi.

Xoslarning ro‘zasi avomning ro‘zasidan farq qiladi. Ular “zikri doimiy”dan chalg‘ib qolish ro‘zaga zarar beradi deb hisoblaydilar. Ya’ni ularning nazdida, qudsiy hadisda aytilgan “Ro‘za Men uchundir...” iborasining ma’nosi “Samadiyat Menga oiddir” demakdir. Alloh taolo go‘yoki: “Kim Mening axloqim ila axloqlansa, Men uni hech kim tasavvur eta olmaydigan shaklda mukofotlayman” demoqdadir.

Ushbu qudsiy hadisning yana bir izohi bunday: ro‘zaning zohir ila aloqasi bo‘lmasligi va u boshqalardan sirli ibodat bo‘lishi hamda unda boshqalarning ulushi bo‘lmasligi nazarda tutilgan. Chunki Alloh taolo uning davomida “Uning mukofotini O‘zim beraman”, demoqda.

Uch xil ro‘za bor: ruhning ro‘zasi – ehtiroslardan uzoq bo‘lmoq va qanoat sohibi bo‘lmoq; aqlning ro‘zasi – hoyu havaslarga zid harakat etmoq; nafsning ro‘zasi – yemoq-ichmoq va haromga qarshi parhezkor bo‘lmoqdir.

Jaloliddin Rumiy hazratlari bunday deydi: “Ro‘za og‘izni yopib, ko‘ngil ko‘zini ochadi”. Jon ko‘zining ochilishi tana quvvatini ta’sirsiz holga keltirishi mumkin bo‘ladi. Ko‘ngil ko‘zi ko‘r bo‘lganlarning ibodati hech narsaga yaramaydi. 

Hazrati Rumiyga ko‘ra, ro‘za ibodatlarning eng buyugidir. Insonni me’rojga ko‘taradigan Buroqdir, Qur’oni karimning sirlaridir, Insonlarning orzulari va nafslariga qarshi kurashidir. Ularni poklab mavqeini yuksaltiruvchidir.

So‘zlab o‘tganlarimizdan xulosa qilsak, ro‘zaning uch darajasi bor ekani ko‘zga tashlanadi. Avomning ishqi – sahardan oqshomga qadar yemoqdan, ichmoqdan va shahvatdan tiyilmoq; xoslar ishqi – ular tanasining barcha a’zolarini nazorat ostiga olgan ro‘zadorlar; siddiqlar ro‘zasi – ko‘nglini Alloh taolodan boshqalardan uzoq tutuvchi oshiqu oriflar. Avomlar ro‘zador vaqtida oshqozoniga hech narsa tushirmaydi; xoslar gunoh va yomon narsalarni tanasiga yaqinlashtirmaydi; siddiqlar, oshiqlar va komillar mosuvoni (Allohdan boshqa narsalarni) qalbiga yaqinlashtirmaydi. Ro‘zadan kutilgan maqsad asli shu o‘zi.

Rabbimiz barchamizga ramazon ro‘zasini ana shu zotlardek tutishni nasib aylasin!

 

Damin JUMAQUL tayyorladi.

O‘MI Matbuot xizmati

Ramazon-2018
Boshqa maqolalar

Rasululloh ﷺ qanday qiroat qilardilar?

12.03.2025   2920   3 min.
Rasululloh ﷺ qanday qiroat qilardilar?

Ummu Salama roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qiroat qilganlarida oyatlarni ajratib-ajratib o‘qirdilar” (Imom Abu Dovud, Imom Ahmad rivoyati).

Ummu Salama roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: Nabiy sollallohu alayhi vasallam qiroatalarini oyat-oyat qilib ajratardilar: «Alhamdu lillahi Robbil-’alamin» deb, so‘ng vaqf qilardilar, «Arrohmanir-Rohiym» deb, so‘ng vaqf qilardilar» (Imom Termiziy, Imom Hokim rivoyati).

Ya’lo ibn Mamlakdan rivoyat qilinadi: «U Ummu Salama roziyallohu anhodan Nabiy sollallohu alayhi vasallamning namozlari haqida so‘radi. Shunda u kishi: «Sizlar qayoqdayu, u zotning namozlari qayoqda?! U zot namoz o‘qir, so‘ng namoz o‘qiganchalk uxlar, so‘ng uxlaganlaricha namoz o‘qir, so‘ng namoz o‘qiganlaricha uxlar edilar. To tongacha shunday bo‘lar edi», dedi-da, u zotning qiroatlarini maqtay ketdi. U zotning qiroatlarini maqtay turib: «Harfma-harf, aniq-aniq o‘qirdilar», dedi» Abu Dovud, Termiziy va Ahmad ibn Hanbal rivoyat qilgan.

Qatodadan rivoyat qilinadi: «Anasdan: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning qiroatlari qanday edi?» deb so‘raldi. Shunda u: «Cho‘ziq edi», dedi-da, keyin «Bismillahir-Rohmanir-Rohiym»ni «Bismillah»ni cho‘zib, «Ar-Rohman»ni cho‘zib, «Ar-Rohiym»ni cho‘zib o‘qib berdi». Ya’ni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam mad – cho‘ziq unli bor o‘rinlarda madni aniq cho‘zib o‘qir edilar (Imom Buxoriy rivoyati).

Abdulloh ibn Abu Qaysdan rivoyat qilinadi: «Men Oisha roziyallohu anhodan Nabiy sollallohu alayhi vasallamning qiroatlari haqida: «U zot qiroatni ichlarida qilarmidilar yoki jahriy (oshkora) qilarmidilar?» deb so‘radim. U: «Har qaysisini ham qilardilar. U zot (qiroatni) gohida ichlarida, gohida oshkora qilardilar», dedi» (Muttafaqun alayh).

Ummu Honiydan rivoyat qilinadi: «Men tunda yopig‘im ustida turib olib Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning Ka’ba oldidagi qiroatlarini eshitar edim» (Nasoiy va Ibn Moja rivoyat qilgan).

Jubayr ibn Mut’im roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallamnig shom namozida Tur surasini o‘qiyotganlarini eshitdim. «Yoki ular, hech narsadan hech narsa yo‘q, o‘zlari yaralganlarmi?! Yoki ular yaratuvchilarmi?» oyatiga kelganda qalbim uchib ketay dedi» (Imom Buxoriy rivoyati).

Baro ibn Ozib roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallamning xuftonda «Vattiyni vaz-zaytun»ni o‘qiyotganlarini eshitdim. Biror kishidan u zotning ovozlaridan ko‘ra chiroyli ovoz eshitmaganman» Muttafaqun alayh.

Abdulloh ibn Mug‘affaldan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallamning tuyalarida Qur’on o‘qib ketayotganlarini ko‘rdim. Fath surasini mayin qilib o‘qib ketayotgan ekanlar. Ohang qilib o‘qib ketayotgandilar» (Imom Buxoriy rivoyati).

Avs ibn Huzayfa roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Bir kecha Rasululloh sollallohu alayhi vasallam oldimizga kech qolib chiqdilar. Biz: «Yo Allohning Rasuli, kech qolib ketdingizmi?» dedik. Shunda u zot: «Qur’ondan hizbim[1] qolib ketgan edi, o‘shani tugatmasdan chiqishni istamadim», dedilar. Keyin biz Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning as'hoblaridan: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Qur’onni qanday hizbga ajratar edilar?» deb so‘radik. Ular: «Uchta, beshta, yettita, to‘qqizta, o‘n bitta, o‘n uchta (sura) va «Mufassal» hizbi», deyishdi» (Tabaroniy va Tahoviy rivoyati).

Davron NURMUHAMMAD


[1] Hizb – bo‘lak degani bo‘lib, Qur’ondan har kun uchun vazifa sifatida ajratib olingan bo‘lakka nisbatan ishlatilgan. Mufassal – Qur’onning Hujurot surasidan boshlab oxirigacha bo‘lgan qismi.