Hanafiy mazhabimizda, mayyitga hamda tiriklarga ham Qur'on qiroatining savobi etib borishini joizligini aytishgan. Hidoya, Badoi', Bahr va boshqa kitoblarda bu haqda aytilgan.
Shuningdek, Shofe'iy mazhabi ulamolari ham qiroatni savobi agar o'quvchi Allohdan so'rasa, mayyitga etib borishini aytishgan.
Ibn Abu Zayd "Risola" kitobida Ibn Farhundan rivoyat qilib aytishlaricha, Molikiy imomlari ham mayyitga qiroat savobi etishini naql qilishgan.
Hanbaliy faqihlaridan Ibn Qudoma "Mug'niy" kitobida, mayyit barcha qurbat bo'luvchi narsalardan manfaat olganidek Qur'on qiroatidan ham manfaat oladi. Demak inson qanday qurbat qilsa ham savobini mayyitga bag'ishlasa Allohni izni bilan manfaat oladi.
Ibn Qudoma Ma'qal ibn Yasordan qilgan rivoyatlarida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "O'liklaringizga Yosin surasini o'qinglar", deb aytganlar.
Hulosa qilib aytadigan bo'lsak, Qur'on tilovati mayyitga xoh u mayyit qabrda bo'lsin yoki undan uzoqda bo'lsin, joizdir. Alloh izni bilan savobi mayyitga etib boradi. Hususan qori qiroati savobini mayyitga bag'ishlasa.
Ma'rufxon Aloxodjayev,
Namangan shahar Abdulqodir qori jome masjidi imom-xatibi
Savol: Hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Har tong quyosh chiqqanda ikki farishta nido qiladi. Ey Alloh infoq qiluvchini infoqini o‘rnini to‘ldirgin va xasis, ziqnaga talofat ber” der ekanlar. Lekin biz hayotda bu hadisning aksini ko‘ramiz. Infoq, ehson va sadaqa qiluvchilar yashashda o‘rta hol, ba’zilari esa biroz qiynalgan bo‘lsa, ziqna, xasis Alloh yo‘lida bir chaqa ham infoq qilmaydiganlar esa, dunyolari ziyoda bo‘lib borayotganligini ko‘ramiz. Shunda kishi hayoliga bu hadis sahihmikan yoki yolg‘onmi degan o‘y keladi. Agar sahih bo‘lsa nega infoq qiluvchining qilgan infoqini o‘rni to‘lmayapti? Nega xasis, ziqna odam talofat ko‘rmayapti?
Javob: Mazkur hadis sahih, muttafaqun alayh. Hadisning to‘liq matni quyidagicha.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Bandalar har tong ottirganlarida ikki farishta tushib, ularning biri: "Yo Alloh infoq qiluvchini infoqini o‘rnini to‘ldirgin", ikkinchisi esa: "Yo Alloh xasis, ziqnaga talofat ber" deydi” (Al-Jome’ as-Sahih, 445-bet, 1442-hadis)
Ushbu hadisning ma’nosiga o‘xshash boshqa hadislar ham mavjud. Misol uchun, Abu Umoma roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qilganlar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: "Ey Odam bolasi agar sahovatli bo‘lsang, bu ishing sen uchun yaxshidir. Agar ziqna, xasis bo‘lsang, bu ishing sen uchun yomondir" (Imom Muslim va Imom Termiziy rivoyati).
Oyatda esa: “Har bir infoq qilgan narsangizning o‘rnini U to‘ldirur. U zot rizq berguvchilarning yaxshisidir” deyiladi (Saba’ surasi, 39-oyat). Ushbu oyatni Ibni Kasir rahimahulloh tafsirlarida: "Robbingizning buyurgan yoki muboh qilgan ishlarida biror bir narsani infoq qilsangiz, albatta, U dunyoda uning badalini beradi. Oxiratda esa, savob va mukofot beradi", deganlar.
Endi savol beruvchining fikriga keladigan bo‘lsak, u inson faqatgina hadisdagi to‘ldirish va talofot so‘zlarini mol-mulk ma’nosida tushunganlar. Hadisning asl mohiyati esa, bundan ko‘ra chuqurroq va kengroqdir. Aslida infoq qiluvchi kishiga G‘oniy va Karim bo‘lgan Allohning O‘zi kifoya qilishi uning infoqiga eng yaxshi evazdir. Allohni infoq qiluvchi bandasining ahlini isloh, farzandlarini iqtidorli, tanasini sog‘, oziga baraka berishi va uni to‘g‘ri yo‘lga boshlashi, yaxshiliklar qilishga muvaffaq qilishi, qalbida sakinat, insonlarni unga nisbatan muhabbatli va iymon halovatini sezuvchi qilib qo‘yishi infoq qiluvchi kishiga dunyo matolaridan cheklanishidan ko‘ra yaxshiroqdir. Zotan oriflar ruhiy rizqlarni ko‘zni quvontiruvchi dunyo matolaridan ko‘ra abadiy va qiymati baland deb biladilar.
“Talofat” esa, faqatgina molning talofati degani emas, balki kishining oilasini notinchligi, farzandlarini noqobil, o‘zgalar bilan yaxshi aloqada bo‘lmasligi, doim tashvishda, hayotda kishini xafa qiladigan ishlar bilan yashashi, moli ko‘p bo‘lsa-da foydalana olmasligi va doimo tanasining dardi bilan azob uqubatda hayot kechirishi tushuniladi. Bunday holatlar esa, molning talofotidan ko‘ra yomonroqdir.
Hadisda kelgan farishtalarning duosi Qur’oni karimdagi ushbu oyatlarga muvofiqdir: "Ammo kimki (ato) bersa va taqvo qilsa. Va go‘zal (so‘z)ni tasdiq qilsa. Bas, Biz uni osonga muyassar qilamiz. Ammo kimki baxillik va istig‘no qilsa. Va go‘zal (so‘z)ni yolg‘onga chiqarsa. Bas, Biz uni qiyinga muyassar qilamiz" (Layl surasi, 5-10-oyatlar).
Alloh barchamizni oyatlarini va Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hadislarini asl mohiyatlari bilan anglab yetishimizni oson qilsin.
Yusuf Qorozoviyning “Fataava Muasira” nomli asaridan
“Imom at-Termiziy” jome’ masjidi imom xatibi
Yahyo Abdurahmonov tarjimasi