Abdulloh ibn Zubayr roziyallohu anhumoning Muoviya ibn Abu Sufyon roziyallohu anhumoga qo‘shni bo‘lgan yeri bor edi. Ularning yerlarida dehqonchilik qiladigan, yerga ishlov beradigan qullar mehnat qilardi.
Bir kuni Muoviya roziyallohu anhuning qullari Abdulloh roziyallohu anhuning yeriga kirib, undan bir parcha yerni tortib olishdi. Buni ko‘rgan Abdulloh ibn Zubayr roziyallohu anhumo Muoviya roziyallohu anhuga quyidagi mazmunda maktub yozdi:
“Ey Muoviya, sening qullaring mening yerimni tortib olishdi. Ularga bu ishdan tiyilishni amr et. Aks holda ikkimizning o‘rtamizda kelishmovchilik chiqadi”.
Muoviya roziyallohu anhu Abdulloh ibn Zubayr roziyallohu anhumoning maktubini ko‘rgach, uni o‘g‘li Yazidga uzatdi. Yazid maktubni ochib o‘qidi. Otasi undan “Ey Yazid, bu xatga nima deysan?” deb so‘radi. Yazid “Siz unga boshi uning oldida, oxiri sizning oldingizda bo‘lgan katta bir qo‘shin yuborishingiz, qo‘shin uning boshini sizga keltirishi kerak deb o‘ylayman. Shunda siz undan qutulasiz” dedi. Bu gapni eshitgan Muoviya o‘g‘liga “Menda bundan yaxshi fikr bor” dedi. O‘g‘li hayron bo‘lib “Nima ekan, ey otajon?” deb so‘radi. Muoviya “Menga qalam va qog‘oz keltiring!” deb buyurdi. Keyin Abdullohga maktub yozdi. Maktubda quyidagi satrlar bor edi:
“Birodarimning o‘g‘li (Abdulloh)ning maktubini o‘qidim. Allohga qasamki, uni xafa qilgan narsa meni ham xafa qildi. Do‘stim! Sening roziliging oldida dunyo va undagi barcha narsalar arzimasdir. Men o‘zimga-o‘zim bir maktub yozdim. U maktubimga Allohni va musulmonlardan bir jamoani guvoh qildimki, o‘sha yerim, undagi daraxtlar va u yerda ishlaydigan barcha qullar senikidir! Yerni o‘z yeringga, qullarni o‘z qullaringga qo‘shib ol! Vassalom!”
Abdulloh ibn Zubayr roziyallohu anhu Muoviya roziyallohu anhuning maktubini o‘qib ko‘rgach, unga quyidagi mazmunda javob maktubi yubordi:
“Mo‘minlar amirining maktubini oldim. O‘qib, o‘rganib chiqdim. Alloh taolo u kishini boqiy qilsin! Alloh taolo u kishining yuqori maqomga ko‘tarilishlariga sabab bo‘lgan ushbu go‘zal xulqlari (halimlik)ni u kishidan ketkazmasin! Vassalom”.
Muoviya roziyallohu anhu ushbu maktubni o‘qigach, uni o‘g‘li Yazidga uzatdi. Yazid xatni o‘qib, xursand bo‘ldi, yuzi yorishdi. Shunda Muoviya roziyallohu anhu o‘g‘liga qarab “Ey o‘g‘ilcham! Agar sen yana mana shu kasallik (g‘azab) bilan og‘risang, uni mana bu kabi dori (halimlik) bilan davolagin! Biz halimlikda faqat yaxshilik ko‘rgan qavmdirmiz!” dedi.
Honiy Hojining
“Solihlar va solihalar hayotidan ming bir qissa” asaridan
Nozimjon IMINJONOV
tarjimasi
Afv – o‘ch olishga qodir bo‘la turib, toyilish va xatolardan o‘tib kechirib yuborish demakdir. Buning yana bir ma’nosi adovat va nafrat kabi illatlarni qalbdan ketkazish bo‘lib, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bu borada: “Qiyomat kunida jarchi nido qilib: “Allohning zimmasida savobi borlar tursin va jannatga kirsin”, deyiladi, dedilar. Sahobalar: “Allohning zimmasida ajri borlar kimlar?” – deb so‘rashdi. Nabiy alayhissalom: “Odamlarni afv qilib yuboruvchilar” [1], deb javob berdilar.
Agarda siz ham Allohning zimmasida ajri borlar qatorida bo‘lishni istasangiz sizga yomonlik qilgan, sizning haqqingiz borasida xato qilgan kishining xato va kamchiliklarini kechirib yuboring. Axir Alloh taolo: «...Bas, kimki afv etib (o‘rtani) tuzatsa, bas, uning mukofoti Allohning zimmasidadir. Albatta, U zolim (tajovuzkor)larni sevmas»[2], deydi.
Sizga nisbatan xato qilgan kishilarga yumshoq munosabatda va sabrli bo‘lish, sizni ulushingizdan mahrum qilganlarga ham ziqnalik qilmaslik, siz bilan aloqani uzmoqchi bo‘lganlar bilan ham aloqani ushlab qolish, uzilganlarini tezlik bilan qayta yo‘lga qo‘yish – bularning bari qandayin axloq ekanini ko‘ringki, ular o‘z sohibini qiyomat kunida yuksak martaba va maqomlarga erishtiradi.
Rivoyatlarda kelishicha, bir a’robiyni tuhmat qilgani sababli sultonning huzuriga keltirishibdi. U yo‘l-yo‘lakay «Mana mening kitobimni o‘qinglar» degan oyati karimani tilovat qilib boribdi. Atrofdagilardan biri unga qarata: “Bu qiyomat kuni aytiladi, bugun emas”, debdi. A’robiy javob berib: “Xudo haqqi, bu kun qiyomat kunidan-da yomonroq. Chunki qiyomat kunida mening yomonliklarim bilan birga yaxshiliklarim ham ko‘rsatiladi va hisobga olinadi. Bugun mening yomonliklarimni e’tiborga olyapsizlar-u, yaxshiliklarimni inobatga olarmidingiz?!” – debdi.
Siz otasiz! Farzandingiz bir marotaba xatoga yo‘l qo‘ydimi, bunday vaziyatda uning barcha yaxshiliklarini unutib yubormang.
Mabodo do‘stingiz sizga nisbatan bir gal xato ish qilib qo‘ysa, siz u bilan birga yelkama-yelka turib o‘tkazgan yaxshi kunlaringiz va uning chiroyli do‘stligi va sadoqatini esdan chiqarmang.
Muhammad ibn Abu Bakr rahmatullohi alayh bunday deydilar: “Ey inson! Sen va Robbing o‘rtasida O‘zidan boshqasi bilmaydigan xato va kamchiliklaring bor. Alloh ularni kechirib yuborishini xohlaysan. Agar rostdan ham shu gunohlaring afv etilishi ishtiyoqida bo‘lsang, u holda U Zotning bandalaridan o‘tgan xatolarni kechir va afv et. Alloh sening xatolaringdan kechishini istasang, sen ham bandalarining xatolarini o‘tib yubor”.
Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.
[1] Imom Tabaroniy hasan sanad bilan rivoyat qilgan.
[2] Shuro surasi, 40-oyat.