Alloh taologa hamdu sanolar bo‘lsin. Uning bandasi va elchisi bo‘lgan Payg‘ambarimiz janob Muhammad mustafo sallollohu alayhi va sallamga, u zotning ahli oilalariga, sahobai kiromlariga, um-matlariga Alloh Taoloning rahmati va salomi bo‘lsin.
Uning bandasi va elchisi bo‘lgan Payg‘ambarimiz janob Muhammad mustafo sallollohu alayhi va sallamga umum bashariyat uchun eng kerakli va muhim dasturulamal bo‘lgan, unda butun borliq qomusi bayon qilingan Qur’onni nozil qildi. Shu bilan birgalikda U Zot xotimul anbiyo bo‘lgan o‘z Payg‘ambariga nozil qilingan shariat ahkomlarini Qur’on tafsirini ummatlariga tushuntirishni umumbashariyatga to‘g‘ri, haq yo‘lni ko‘rsatishni topshirdi. Alloh taoloning O‘z Payg‘ambari Muhammad sallollohu alayhi va sallamga buyurgan topshirig‘i u zotning Payg‘ambarlik hayoti davrida, ya’ni 23 yil mobaynida Allohning nusrati ila bajarildi.
Markaziy Osiyo o‘lkalari ham islom nuri ila munavvar bo‘ldi. O‘lkamizda ko‘plab alloma-yu avliyolar yetishib chiqdi. Ular muqaddas Islom dinini asrlar osha avlodlarga asl holida yetkazib berilishiga o‘zlarining ulkan hissalarini qo‘shdilar.O‘lkamizda diniy ilm : fiqh, tafsir, hadis, aqida ilmlari bilan bir qatorda dunyoviy ilmlar: fizika, algebra, tibbiyot, astronomiya ham misli ko‘rilmagan darajada tez rivojlanib olam ahlini lol qoldirdi.
Ammo 70 yillik dahriylik-xudosizlikka asoslangan qizil imperiya tuzumi bir vaqtlar ilm nuri bilan butun dunyoni nurafshon aylab, olam ahli diqqat e’tiborini o‘ziga qaratib, hayratga solgan xalqni johiliyat botqog‘iga qorishtirib tashladi. Dunyo ahliga ta’lim bergan xalqning farzandlari dahriy tuzum istibdodi ostida o‘z dini e’tiqodi qanday bo‘lganligini, Payg‘ambari kimligini unutish darajasiga borib yetdi.
Alloh taolo bergan buyuk ne’mat istiqlol sababli va xalqimizning odil rahbarlari mehnati sababli, jumladan ahli ilmning fidokorona sa’yu harakatlari bilan xalqimiz asta- sekin o‘zligini tanimoqda va jahonga o‘zligini tanitmoqda.
Yaratganga beadad shukronalar bo‘lsin.
Mustaqillik sharofati bilan bebaho ma’naviy mulkimiz-dinimiz qayta tiklanib rivoj topmoqda. Qadimdan xalqimiz jon-joniga singib ketgan muqaddas dinimiz bilan uzviy bog‘liq bo‘lgan milliy qadriyatlarimiz asl holiga qaytmoqda.
Mamlakatimiz Mustaqillikka erishishi sharofati bilan yurtimizda har-bir sohada juda katta islohotlar boshlab yuborildi va buning natijasida har bir sohada katta yutuqlar qo‘lga kiritildi.
Jumladan, yurtimizda diniy qadriyatlarimiz tiklandi, buyuk bobokalonlarimiz ilmiy merosini o‘rganishga keng yo‘l ochildi. Bu noyob meros durdonalari olimlar va mutaxassislar tomonidan izchil o‘rganilib, xalqimizga yetkazilmoqda.
Bugungi kunda mamlakatimizda ikki ming ellik ikkita masjid faoliyat olib bormoqda. Toshkent islom instituti, Mir Arab oliy madrasasi va to‘qqizta o‘rta maxsus islom bilim yurtlarida yoshlarimiz tahsil olmoqda. Birinchi Prezidentimiz I. Karimov tashabbuslari bilan 1999 yil 7 aprelda Toshkent islom universiteti tashkil etildi.
Minglab fuqarolarimiz haj va umra ziyoratiga borib kelish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Xalqimiz ichida mustaqillikning ilk yillaridanoq diniy ta’limga ehtiyoj kuchaydi. Shuning uchun O‘zbekiston musulmonlari idorasi tarkibida 1992 yil ta’lim bo‘limi tarkib topdi. Keyinchalik ta’lim va kadrlar tayyorlash bo‘limi deb nomlanadigan bo‘ldi.
Respublikamizda faoliyat ko‘rsatayotgan barcha o‘rta maxsus islom bilim yurtlari talabalari uchun diniy maxsus fanlardan dastur va ma’ruza matnlari tayyorlanishi yo‘lga qo‘yilgan.
Shuningdek talabalarni bilim-malakalari saviyasini oshirish va zamon bilan hamohang holda tashkil qilish uchun maxsus fanlardan to‘garaklar tashkil qilinib, ta’lim jarayonida zamonaviy texnika vositalarilaridan foydalanish keng yo‘lga qo‘yildi.
Mustaqillik natijasida yurtimizdagi islom dini uchun katta xizmat ko‘rsatgan, dinimiz yuksalishi uchun ulkan hissa qo‘shgan olimu-fozil, aziz avliyolar qadamjolari, jumladan bobolarimiz ilmu-qudratiga dalolat qilib turgan osoru-atiqalar, masjidu-madrasalar qaytadan ta’mirlandi, ba’zilari esa qaytadan bunyod qilindi.
Dunyo imomi, mo‘minlar amiri imom Buxoriy hazratlari maqbaralarini va uning yonidagi eski masjidni qaytadan ulkan va hashamatli ziyoratgoh qilib bunyod etilgani va masjid yonidagi zamonaviy Imom Buxoriy xalqaro ilmiy markazi qad ko‘targanligi shular jumlasidandir.
Vatanimiz islom olamiga ko‘plab olimu-fuzalolar yetkazib bergan diyordir, bu vatan jumladan muhaddislar vatanidir. Islom olamida “To‘qqiz kitob” deb nom olgan mashhur hadis to‘plamlari uchtasining muallifi bizning vatandoshlarimizdir.
Ular ichida “olti sahih” kitob deb tan olingan mashhur hadis to‘plamlarining mualliflarini ikkitasi ham bizning vatandoshimizdir. Ulardan eng sahih va ishonarli deb tan olingan hadis to‘plamining sohibi ham bizning vatandoshimiz, imom Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil al Buxoriydirlar.
Shu o‘rinda janob Payg‘ambarimiz Muhammad sallollohu alayhi va sallamning hadisi shariflari haqida to‘xtalib o‘tsak.
Islom dinida Alloh taoloning kalomi Qur’oni Karim birinchi manba, Payg‘ambarimiz Muhammad sallollohu alayhi va sallamning hadisi shariflari ikkinchi manba hisoblanadi.
Payg‘ambarimiz Muhammad sallollohu alayhi va sallam ummatlariga shunday vasiyat qilganlar;
عن مالك بن انس مرسلا قال قال رسول الله صلى الله عليه و سلم تركت فيكم امرين لن تضلوا ما تمسكتم بهما كتب الله و سنة رسوله. رواه مالك فى الموطأ
“Men sizlarga ikki narsani qoldirdim, modomiki ularga amal qilar ekansizlar, hyech qachon to‘g‘ri yo‘ldan adashmaysizlar. Ular Allohning kitobi (Qur’oni karim) va mening sunnatimdir”.
“Hadis” va “Sunnat” so‘zlari muhaddislarning o‘rtasida deyarli bir ma’noda qo‘llanib, janobi Payg‘ambarimiz Muhammad sallollohu alayhi va sallamning aytgan so‘zlari, xulqu-siyratlari qilgan amallari, hayot yo‘llari va boshqalar qilgan amallarini man etmasligi-yu, boshqalarga ko‘rsatgan ishora-yu irshodlaridir. Payg‘ambarimiz Muhammad sallollohu alayhi va sallamga tegishli ana shunday hatti-harakat yoki ko‘rsatmalar haqidagi rivoyat va naqllar hadis deb yuritiladi. Hadislarda islom dini ahkomlari, ya’ni farz, vojib, sunnat, mustahab, halol, muboh, makruh, harom kabi amallar, shuningdek, bulardan tashqari axloq-odob, ilm-ma’rifat va burchlarga oid ko‘rsatmalar talqin etilgan. Hadislarda ibodatning tartib-qoidalari va ularni mukammal bajarishga da’vat etish bilan birga insoniy fazilatlar ham keng targ‘ib qilinadi. Insoniylik sha’niga dog‘ tushiradigan razil sifatlar qattiq qoralanadi. Shuning uchun islomning ilk davrlaridanoq musulmonlar hadislarga juda katta ahamiyat berishgan . Eshitgan har bir hadisni xatosiz, asl holicha yod olishga va boshqalarga yetkazishga qat’iy rioya qilingan. Bu to‘g‘risida Payg‘ambarimiz Muhammad sallollohu alayhi va sallamning o‘zlari ham musulmonlarni tez-tez ogohlantirib turgan. Hadis mazmuni va iborasini buzib o‘zicha yangi hadis to‘qib tarqatuvchilar qattiq qoralangan;
من كذب على متعمدا فليتبوأ مقعده من النار
“Kimki mening nomimdan qasddan yolg‘on to‘qisa, oxiratdagi joyini do‘zaxdan hozirlab qo‘ysin”
Bunday talabchanlik Payg‘ambar alayhissalom vafotlaridan keyin ham ancha yillar hadislarni sof holda saqlanib turishiga imkon bergan. Janob Payg‘ambarimiz Muhammad sallollohu alayhi va sallam o‘z sahobalariga buyruq tarzida ushbu hadisni aytganlar; “Shohid (guvoh bo‘lgan) kishi bizdan! G‘oyibdagi (guvoh bo‘lmagan) kishiga yetkazsin. Balki o‘sha kishi hadisni yetkazgan kishidan ko‘ra saqlaguvchiroqdir”.
Ushbu tarzda sahobalar bir-birlariga, eshitganlar eshitmaganlarga Payg‘ambarimiz hadislarini yetkazib, aytib yurib Payg‘ambar alayhissalom so‘zlarini avloddan-avlodga o‘tib asl holida saqlanib qolishga sababchi bo‘ldilar!
Jumladan hadislarda janob Payg‘ambarimiz Muhammad sallollohu alayhi va sallamning xulqu siyratlari, siymolari va u zotga tegishli tarixiy ma’lumotlar ham aniq va batafsil bayon qilingandir. Rasululloh sallollohu alayhi va sallamning xulqu-siyratlari bayoni to‘g‘risida u zotning o‘zlari shunday deb ko‘rsatma berganlar.
Hazrati Umar ibn Xattob roziyaollohu anhudan rivoyat qilinadi; “Rasululloh sallollohu alayhi va sallam dedilar:- Ey musulmonlar, sizlar ilmni madh va ta’rif etishda nasorolar Iso alayhissalomni madh va ta’rif etgani kabi haddan oshmanglar va mubolag‘a qilmanglar. Haqiqat shuldurki, men Alloh taoloni bandasidurman, sizlar ham meni Alloh taoloning bandasi va rasuli deb yod qilinglar. Ya’ni yod qilganda shunday kalom iste’mol qilinsinki, undan shirk yoki g‘ulu fahmlanmasin” Imom Termiziy rivoyati. (“Shamoilu Muhammadiya” 256-xadis)
Alloh Taolo o‘zining kalomi sharifi Qur’oni karimda Payg‘ambari Muhammad sallollohu alayhi va sallamning tavsiflari haqida shunday marhamat qiladi;
و انك لعلى خلق عظيم
“Siz (Ey habibim, Muhammad alayhissalom) buyuk bir xulqning ustidadursiz” (Qalam surasi-4oyat).
Bu ta’rif qisqa, ammo o‘zida olam-olam ma’noni mujassam qilgandir.
Darhaqiqat bu haqda Rasuli akram sallollohu alayhi va sallamning o‘zlari ham shunday xabar beradilar.
بعثت لاتمم مكرم الأخلاق
“Men oliy xulqlarni takomillashtirib kamoliga yetkazmoqlik uchun jo‘natildim”.
Ha, Rasuli akram sallollohu alayhi va sallamning vazifalari faqat shar’iy ahkomlarni ummatiga yetkazish bo‘lib qolmasdan bashariyatni yuksak axloqli jamiyatga aylantirish edi. Bu ishda u zotning o‘zlari ularga yagona oliy namuna edilar.
Payg‘ambar Muhammad sallollohu alayhi va sallam qavmi ichida ularning eng xulqi chiroylisi, rostgo‘yrog‘i, omonatda eng ishonchlisi, jumladan insoniylikka yot bo‘lgan yomon xulqlardan , fahsh amallardan eng yiroq edilar. Rasuli akram sallollohu alayhi va sallam qo‘shnichilik haqqiga qat’iy rioya qiladigan, sabrli, halim, odil, xush tavoze’li, pok, saxiy, shijoatli, qanoatli, doimo shukr aytuvchi inson edilar. Rasululloh sallollohu alayhi va sallam chimildiqdagi kelinchakdan ham hayoliroq bo‘lganlar, hech qachon fahsh so‘zlarni so‘zlamaganlar. Rasuli akram sallollohu alayhi va sallam xulqlari Qur’on bo‘lgan, ilohiy tarbiya ostida ulg‘aygan kamtarin xushtavoze’ inson bo‘lganlar.
Hazrati Ali roziyallohu anhu Payg‘ambar Muhammad sallollohu alayhi va sallamga bunday ta’rif berganlar; “Har doim yuzlari kulib turar, tabiatlari o‘ta muloyim edi. Juda kechirimli, qahrlari ham qattiq emas edi. Hech kim bilan tortishmas, hech kimsaga baqirib chaqirmas, biror yomon so‘z so‘zlamas edilar. Birovni ayblamas va qurumsoq yoki qizg‘anchiq ham emasdilar. Yoqtirmagan narsasiga e’tibor bermas va hech kimni umidsizlikka tushishga yo‘l qo‘ymas edilar. O‘zlarini bezovta qilgan narsalarni sezdirmas va hech kimning yuziga aybini aytmas edilar. Orqasidan gapirib g‘iybat qilmas edilar. Birovning aybini izlash bilan mashg‘ul bo‘lmas edilar. Hech kimga uning uchun xayrli va savobli bo‘lmagan so‘zni aytmas edilar. Halimlik (yumshoqlik) va sabrni o‘zlarida jo eta olgan bo‘lib, hech narsa u zotning jahllarini chiqarmas edilar”.
Oisha onamiz (Alloh rozi bo‘lsin) u zotni shunday tariflaydilar: “Insonlarni eng chiroyli xulqligi edilar, hech yomon so‘z aytmas, bo‘lmag‘ur ishlar bilan mashg‘ul bo‘lmas edilar. Bozorda baqirib chaqirmas va yomonlikka yomonlik bilan javob berishga urinmas edilar. Faqat kechirimli edilar. Insonlarning eng nozik tabiatlisi, go‘zal xulqli va xushmuomalasi edilar. Alloh yo‘lidagi jihoddan boshqa paytlarda biror xizmatkor yoki joriyaga ham, umuman hech kimga qo‘l ko‘tarmas edilar”.
Payg‘ambar sallollohu alayhi va sallam Alloh Taolo aytganidek rahmat Payg‘ambari edilar.
وما ارسلناك الا رحمة للعالمين
“Biz sizni olamlarga rahmat bo‘lsin deya yubordik”
Rasuli akram sallollohu alayhi va sallam ilohiy tarbiya zamirida kamolga yetib, xulqlari Qur’on, siymolari islom edilar.
Hazrati Ali roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Janob rasululloh sallollohu alayhi va sallam na ko‘p uzun edilar va na ko‘p qisqa edilar. O‘rta qadlik odamlardan edilar va muborak sochlari na ziyoda buralgan edi va na ziyoda yozilgan edi, balki ikkisini o‘rtasida edi. Ozroq buralgan edi va muborak badanlari na ziyoda semiz go‘shtlik edi va na muborak chehralari ziyoda yumaloq edi, balki ozroq mudavvar edi. Chehralari qizilga moil oq edi. Ikki ko‘zlari nihoyatda qaro va kipriklari nihoyatda uzun edi. Ikki suyaklarining qo‘shiladigan boshlari yo‘g‘on edi va ikki kift (yelka)larining jam’ bo‘ladigan yerlari ham yo‘g‘on go‘shtlik edi.Badanlarida tuk yo‘q edi, magar siynalaridan kindiklariga nozik mo‘ydan bir xat chiziq tortilgan edi. Ikki kaftlari va ikki qadamlari to‘la go‘shtlik edi. Qachon yo‘l yursalar va qadamlarini yerdan quvvat ila uzib olur, go‘yoki pastlikka ketib turgan kabi ko‘rinur edi (ya’ni yurishda qiynalmas edilar). Qachon bir tarafga burilsalar butun badanlari bilan burilar edilar. Tanho bo‘yinlarini burib qo‘ymas edilar. Ikki kiftlarini (yelkalarini) o‘rtasida muhri nubuvvat, ya’ni payg‘ambarlik muhri bor edi va o‘zlari tamom payg‘ambarlarning oxirlari edilar. Hammadan ziyoda saxiydillik Zot edilar. Va hammadan ziyoda rost so‘zlaguvchi, muloyim tabiatli, xonadoni sharaflik zot edilar. Kimki janobni birinchi bor ko‘rayotgan bo‘lsa haybatlari bosar edi va kimki yaxshi tanib suhbatlariga musharraf bo‘lsa, diydorlariga va suhbatlariga oshiq bo‘lib qolar edi. Maddohlari, men bu janobga o‘xshagan zotni na o‘zlaridan oldin ko‘rdim va na o‘zlaridan keyin ko‘rdim, der edilar.” Imom Termiziy rivoyati.
Rasululloh sallollohu alayhi va sallamning sahobai kiromlari tomonidan rivoyat qilingan manbalardan ma’lum bo‘ldiki, janob Payg‘ambarimiz Muhammad sallollohu alayhi va sallam xalq nazarida nihoyatda ulug‘ hurmatlik, chehralari o‘n to‘rt kechalik oy kabi nurafshon, o‘rta bo‘yli, biroz uzunroq, qomati uzun bo‘lmagan yuzi doimo nim tabassumli barcha uchun mahbub zot bo‘lganlar. Rasuli akram sallollohu alayhi va sallam saxiydillik turmushlari oddiy, ammo ehson bobida u kishiga shohlar ham teng bo‘la olmaydigan, hojatmandning hojatbarori bo‘lganlar.
Odam alayhissalomdan Muhammad sallollohu alayhi va sallamgacha bo‘lgan payg‘ambarlar barchalari oliy xulqli komil insonlar bo‘lishgan. Muhammad sallollohu alayhi va sallam esa qiyomatgacha keladigan butun bashariyat uchun jumladan biz uchun mavhum olam vakillari jinlar uchun ommatan Payg‘ambar etib yuborilganlar. U zotning betakror sifatu siymolaridan eng e’tiborlisi olamlarga ommatan Payg‘ambar etib yuborilgani va payg‘ambarlarni eng so‘ngisi ekanligidir.
ما كان محمد أبا أحد من رجالكم و لكن رسول الله و خاتم النبين. و كان الله بكل شئ عليما
“Muhammad sizlarning erkaklaringizdan birortasining otasi emasdir, balki u Allohning elchisi va payg‘ambarlarning oxirgisidir. Alloh barcha narsani biluvchi zotdir.” (Ahzob surasi -40)
Payg‘ambarimiz Muhammad sallollohu alayhi va sallam qirq yoshga to‘lganlarida u zotga Alloh taolodan vahiy nozil qilinishi boshlandi. Bu holat Muhammad sallollohu alayhi va sallamning xulqu-siyratlarini kamolga yetganligiga dalolatdir. Qur’oni karimning ilk oyati Payg‘ambarimiz Muhammad sallollohu alayhi va sallamga o‘qishga, ilm olishga bo‘lgan buyruq oyatlari bilan nozil qilindi, ammo Payg‘ambarimiz o‘qish-yozishni bilmaydigan kishi edilar. Rasululloh sallollohu alayhi va salllamni o‘qish-yozishni bilmasliklarini hayotlari davomida biror qo‘shiq u yoqda tursin, hatto she’r aytmaganligini ham o‘ziga yarasha ilohiy hikmati bor.
Biz bu haqda to‘xtalmasakda, mavzumizga aloqador bo‘lgan ma’lumotlarga qaytsak. Muqaddas dinimiz Islom dinida ilm olishga katta e’tibor berilgan, zero Qur’onning o‘qishga, ilm olishga bo‘lgan buyruq bilan ilk oyatini nozil qilinishida ham katta hikmat bor.
اقرأ بسم ربك الذى خلق.
“Yaratgan Rabbing nomi bilan o‘qigin” (Alaq surasi-1)
Hech bir dinda islom dinidagi kabi ilm olishga katta e’tibor berilmagan.
Ilm sohibi bo‘lganlar islom dinida yuksak martabalarga ko‘tarilib, ularning maqomi-martabasi oxiratda payg‘ambarlarga tenglashtiriladi. Alloh taolo quroni karimda shunday marhamat qiladi:
قل هل يستوى الذين يعلمن و الذين لا يعلمون
“Ayting: Biladiganlar bilan bilmaydiganlar teng bo‘lurmi?!”(Zumar surasi-9)
Payg‘ambarimiz Muhammad sallollohu alayhi va sallam tolibi ilm martabasi haqida shunday xabar beradilar:
قال رسول الله صلى الله عليه وسلم طالب الرحمة طالب العلم ركن الاسلام يعطى اجره مع النبيين. رواه البخارى
“Ilmga intiluvchi –Allohning mehriga intiluvchidir. Ilmga intiluvchi Islom dini tayanchi, uning ajru mukofoti Payg‘ambarlar bilan birga beriladi.” Imom Buxoriy rivoyati.
Ma’lumki ilm ikki xil toifaga bo‘linadi; dunyoviy ilm va shariat ilmi. Islom dinida ilm olishga bo‘lgan buyruqlar faqat shariat ilmiga xos emasdir bunga Rasululloh sallollohu alayhi va sallamning quyidagi hadisi shariflari dalolatdir:
قال رسول الله صلى الله عليه وسلم اطلبوا العلم ولو باصين. فان تلب العلم فريضة على كل مسلم. رواه البخارى
“Garchi Xitoyda bo‘lsangiz ham ilm izlanglar, ilm olish har bir musulmonga farzdir” Imom Buxoriy rivoyati.
Musulmon kishi noislomiy davlatdan qanday bilim olishi mumkin? Albatta dunyoviy bilimni.
Inson uchun ilm olishning foydasi bisyordir, shulardan avvalo sohibi ilm o‘z ilmi-tafakkuri bilan Alloh taolo Qudratini, Hikmatini, Yaratguvchiligini ko‘radi, o‘zining bu dunyoda sinov uchun keltirilgan ojiz bir banda ekanligin anglab yetadi va ilm saviyasini oshirib, o‘ziga farz qilingan ibodatlarda bardavom bo‘ladi, o‘z ilmi bilan jamiyatiga foyda keltirib, uni taraqqiyot cho‘qqisi sari yetaklaydi.
Payg‘ambarimiz Muhammad sallollohu alayhi va sallam o‘zlari o‘qish-yozishni bilmasalarda u kishida Alloh taolo tomonidan bir necha turdagi ilmlar mujassam qilindi. Payg‘ambarlik maqomi hozir va g‘oyib ilmlari, kelajak ilmining ba’zilari, so‘zdagi fasohat, aqli rasolik, keng fikrlilik shular jumlasidandir. Payg‘ambar Muhammad sallollohu alayhi va sallamga berilgan ilmlarning eng yuksagi Qur’on va shariat ilmi, jumladan ilohiy tarbiya ostida kamolga yetganligidir.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi diniy ta’lim muassasalarida yuqorida zikr qilingan ana shu maqsadlarda talabalaraga hadis ilmidan, Payg‘ambarimiz Muhammad sallollohu alayhi va sallamning hulqi siyratlari va tarixidan mukammal va mufassal aniq ma’lumotlar asosida ta’lim beriladi.
Payg‘ambarimiz Muhammad sallollohu alayhi va sallamning hadisi shariflari va Qur’on oyatlari dunyoviy ilmlarga bog‘lab, hamohang tarzda talabalarga yetkazilmoqda. Masalan: Fizika fani atom yadrosining ikkiga, ya’ni proton va neytronlarga bo‘linishi, va ularni aniq nizom asosida harakatlanishi ham Alloh taolo qudratini ilm sohibiga namoyon qildi.
وما تكون فى شأن وما تتلوا منه من قرءان و لا تعملون من عمل الا كنا عليكم شهودا اذ تفيضون فيه. وما يعزب عن ربك من مثقال ذرة فى الأرض و لا فى السماء ولا أصغر من ذلك و لا أكبر الا فى كتاب مبين
“(Ey Muhammad alayhissalom), siz qanday ish bilan mashg‘ul bo‘lmang va u (ish) haqida Qu’ondan biron oyat o‘qimang, (ey insonlar), sizlar qanday amalni qilmanglar, o‘sha ishlarga kirishgan paytingizda, albatta, Biz sizlarni ustingizga guvoh bo‘lurmisiz. Yeru osmondagi bir zarra misolichalik, undan (zarradan) ham kichikroq, (yoki) kattaroq biror narsa parvardigoringizdan maxfiy bo‘lmas, albatta (bu harakatlar) ochiq Kitobda (Lavhul Mahfuzda) mavjud bo‘lur ”. (Yunus surasi-61).
Shu jumladan ona tili va adabiyot fanidan hadislarda odob-axloqning bayon qilinishi fan amaliyoti dasturida bog‘liq holda ta’lim berilmoqda.
Ta’lim muassasalarida Payg‘ambarimiz Muhammad sallollohu alayhi va sallamning hadislari boblarga ajratilgan holatda ta’lim berilmoqda.
Ta’lim jarayonida besh xil uslub qo‘llaniladi.
Ta’lim muassasalarida talabalarga hadis ilmidan yanada chuqurroq ta’lim berish maqsadida 2012 yil boshidan “Al-adab al-mufrad” asari asosida odob-axloqqa oid hadislar o‘qitilmoqda. Bu fan sababli talabalar Payg‘ambarimiz Muhammad sallollohu alayhi va
sallam hadislari bilan yanada yaqinroq tanishib, o‘zlarida hadis ilmi sohasida kengroq, atroflicha bilim hosil qilishadi.
Hadis istilohi fanida talabalarga hadislarni turlarga, martabalarga, maqbul yoki mardudga, nosix va mansuxga xos va umumga ajralishi haqida ma’lumot beriladi. Jumladan hadis ilmi tarixi, sahobalar, roviylar, muhaddislar tarixi haqida ham ma’lumot beriladi. Hadis istilohi fani ta’limi jarayonida ham ko‘rgazmali qurollardan, texnik vositalardan va qo‘shimcha adabiyotlardan foydalaniladi.
Joriy yilda diniy ta’lim muassasalari hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tasarrufidagi ta’lim muassasalari talabalari hamda o‘quvchilari o‘rtasida “Hadisi sharif bilimdoni” ko‘rik tanlovi o‘tkazish ustida O‘zbekiston musulmonlari idorasi va O‘zbekiston Yoshlar Ittifoqi bilan hamkorlikda ish olib borilmoqda.
Jaloliddin Nuriddinov
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Ta’lim va kadrlar tayyorlash bo‘limi mudiri
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasini boyitish va takomillashtirishga qaratilgan loyihalar doirasida ishchi guruh rahbarlari bilan muhokama yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi
Islom sivilizatsiyasi markazi Axborot xizmati