Inson xotirasi bilan aziz sanaladi, millat esa xotirasi va tarixi bilan ulug‘lanadi. Shu bois ham har yili 9 may sanasi Xotira va qadrlash kuni sifatida keng nishonlanib kelinadi. Bu sana xalqimiz – katta-kichik, yoshu qari, jamiyatimizning barcha a’zolari tomonidan o‘tganlarni xotirlash va ruhini shod etish, Vatan tinchligi yo‘lida fidoyilik ko‘rsatgan, yurt taraqqiyotiga hissa qo‘shayotgan kishilarni qadrlab, ularga hurmat-ehtirom ko‘rsatiladigan kun sifatida e’zozlanadi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2018 yil 16 apreldagi «Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini rag‘batlantirish to‘g‘risida»gi Farmoni bugungi tinch va osuda kunlarimiz uchun kurashgan, fidokorona mehnat qilgan yurtdoshlarimizga hurmat-ehtirom ko‘rsatish, tinchlik-osoyishtalik yo‘lida jonini fido qilgan ajdodlarimiz xotirasini yod etish xalqimizga xos azaliy qadriyat ekanining yana bir tasdig‘i bo‘ldi.
Ana shu ezgu maqsad yo‘lidagi xayrli ishlar yurtimiz bo‘ylab davom etmoqda. Jasur qahramonlarimiz xonadonlariga ko‘ngil so‘raganlar, uzoqu yaqindan mehmonlar kelishmoqda. Ularning holidan xabar olib, ko‘ngillarini ko‘tarishmoqda.
Ana shunday xayrli ishlarda imom-domlalarimiz ham faollik ko‘rsatishmoqda. Jumladan, Toshkent viloyati Bo‘ka tumanidagi “Qodirxon maxsum” jome masjidi jamoasi “Achamayli fayzbaraka” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida yashovchi 1924 yilda tug‘ilgan ikkinchi jahon urushi qatnashchisi Turg‘unboy ota Chintoyev xonadoni yo‘qlab borishdi.
Masjid faollari otaxondan hol-ahvol so‘rab, u kishiga o‘zlarining hadyalarini ulashishdi.
Suhbat asnosida, Turg‘unboy ota Toshkent viloyati rahbarlari Prezidentimizning pul mukofotlarini topshirishganidan va o‘zlari xizmat qilgan davlatlarga sayohat qilish taklifi bildirganlaridan boshlari ko‘kka yetganini aytdilar. Otaxon 94 yil yashab hech bunday xursand bo‘lmaganman, bolam, deb quvonchlarini izhor qildilar. Turg‘unboy ota: O‘tgan yili Prezidentimiz o‘zlari urush qatnashchilarini mehmon qildilar. Meni xursand qilgan holat: Yurtboshimiz meni bag‘rilariga bosib, tabrikladilar. Ayniqsa, ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini muborak haj safariga yuborishlari bu tarixda kuzatilmagan hodisa bo‘ldi, bunday ehtiromdan xursand bo‘lmay bo‘ladimi, bolam”, ko‘zlarida yosh bilan Prezidentimizni duo qildilar.
Azimjon ALIMJONOV
Buka tumani "Qodirxon maxsum"
jome masjidi imom-xatibi
Istiqlolimizning 35 yillik bayrami arafasida Farg‘ona viloyati bosh imom-xatibi Ubaydulloh domla Abdullayev ishtirokida Quvasoy shahrida xayriya tadbir o‘tkazildi. Unda 33 ta xonadonga oziq-ovqat mahsulotlari, 43 nafar bolajonga esa o‘quv qurollari va kiyim-kechaklar hadya qilindi.
Tadbirda farzandlar uchun munosib sharoit yaratish ezgulikning eng go‘zal ko‘rinishlaridan biri ekani, bugun yosh avlodning bilimi va kamoli uchun qilingan har bir xayrli amal ertangi kun taraqqiyotiga muhim hissa bo‘lib qo‘shilishi ta’kidlandi.
Bunday tadbirlar, shuningdek, Buvayda tumanidagi «Katta mahalla» masjidi jamoasi tomonidan ham tashkil etildi. Unda ijtimoiy ko‘makka muhtoj hamda boquvchisini yo‘qotgan oilalar farzandlaridan 70 nafariga maktabda ta’lim olishi uchun zarur bo‘lgan o‘quv qurollari tarqatildi. Bolajonlar mustaqillik bayrami hamda boshlanajak yangi o‘quv yili bilan muborakbod etildi.
Ilm va yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan bunday ezgu tashabbuslar Farg‘ona shahridagi "Xo‘jamberdiboy", So‘x tumanidagi "Sulton Mahmud" masjidi jamoasi tomonidan ham tashkil etilmoqda.
O‘MI Farg‘ona viloyati vakilligi Matbuot xizmati