Oila — jamiyatning bir bo‘lagi. Jamiyat ravnaqi oila ravnaqi bilan chambarchas bog‘liq. Demak, oilalar mustahkamligiga davlat siyosati darajasida qaralayotgani bejiz emas. Turmushimiz tobora farovonlashayotgan paytda oilalar mo‘rtlashayotgani tashvishlanarli holat. Ushbu masala yuzasidan ko‘plab yurtdoshlarimiz bilan muloqot qilar ekanmiz, ular keltirayotgan sabablar ham turlicha.
Ba’zilar ajrimlarni globallashuv bilan bog‘laydi. Insonlarning haddan tashqari erkinlashib ketayotgani oqibatida ko‘pchilik faqat o‘zini o‘ylaydigan, mas’uliyatsiz bo‘lib qolgan, degan fikrlar ham ko‘p bildirildi. Nazarimda, bu muammo ma’naviyatimizdagi ayrim nuqsonlar bilan bog‘liqday.
Ajrimlarga faqat kelinlar aybdor, degan fikrdan mutlaqo yiroqmiz. Qizlar turmushga chiqqanidan keyin yangi oilada o‘z o‘rnini topishi oson emas. Ota uyida erkalanib yurgan qiz bu yerda e’tibor markazida bo‘ladi. Uy yumushlarining barchasi uning zimmasiga yuklanadi. Undan boshqa hamma televizor tagida oyog‘ini cho‘zib o‘tiradi. Xonadonda alpomishday yigit yo barchinoyday qiz bo‘lsa-da, ularning uy yumushlarini bajarishi «qoida»larga to‘g‘ri kelmaydi. Hammasini kelin qilishi kerak! Yo‘qsa, kelinning «tarbiyasi buzilib» ketishi mumkin. Afsuski, bunday fikrlovchilar ko‘pchilik. Ham ishlash yoki o‘qish, ham oila yumushlarini bajarish ba’zan yosh kelinga og‘irliq qiladi. Ana shunday vaziyatda oilalarda turli mojarolar, muammolar kelib chiqadi.
Agar e’tibor berilsa, oilalarni yetmish-sakson foiz holatda qaynota va qaynona boshqaradi. Ayrim qaynota va qaynonalarning eskicha fikrlashi, «bu davrda boshqacha edi», «biz o‘nta bolani tug‘ib, dalaga ishga chiqib ketaverganmiz», «biz kechasi non yopib, kunduzi davlatning ishini qilganmiz» kabi ta’na-dashnomlari, yosh oilalar hayotiga asossiz aralashishi, «onangni desang, eringdan kechasan» yoki aksincha, «meni desang, kelinni taloq qil» qabilidagi noo‘rin talablari yoshlarning ixtiyorsiz ajrashib ketishlariga sabab bo‘layotgani sir emas. Qaynonalarning bunday malomatlari, aslida, o‘sha davr qiyinchiliklari, xotin-qizlarga nisbatan ayovsiz munosabatda bo‘linganini aks ettirmaydimi? Buning oqibatida o‘tgan asrning 70-80-yillarida, 90-yillar boshlarida onalar va go‘daklar o‘limi ko‘plab sodir bo‘lmaganmi? Qolaversa, qaynona qiyinchilik ko‘rgani uchun kelinni ham shunga mahkum qilishi na mantiqqa, na haqiqatga to‘g‘ri keladi.
Bugun davr o‘zgargan. Onalik va bolalik davlat muhofazasiga olingan. Endilikda buni har bir ota-ona, oila sohibi anglab yetishi va unga rioya qilishi talab qilinadi.
Ayrim oilalarda moddiy farovonlikka erishish asosiy maqsad sifatida belgilangani, nafaqat yoshlar, balki kattalar orasida ham molparastlikning avj olgani ma’naviy qadriyatlarning yemirilishiga sabab bo‘lmoqda. Ba’zilar orzu-havas deganda faqat chiroyli to‘y qilib, qimmatbaho kiyimlar kiyib, tansiq taomlar yeyishni tushunadi. Bugun har bir xonadonda ikki-uchtadan televizor, muzlatgich va boshqa maishiy jihozlar bor. Qimmatbaho mebellar, mashina va boshqa buyumlarni ko‘z-ko‘z qilishni yaxshi ko‘ramiz. Biroq hamma xonadon ham kitob javoniga ega emas. Hatto bironta kitob bo‘lmagan oilalarning uchrashi g‘oyat achinarli. Hayotdagi ko‘plab misollar baxt boylik bilan o‘lchanmasligini asoslab turibdi. Aksincha, ma’naviy qashshoqlik baxtsizlik sari boshlovchi yo‘ldir. Ma’naviyatsizlik oilada nosog‘lom muhitni yuzaga keltiradi. Buning oqibatida iqtisodga ham darz ketadi. Yanada achinarlisi, oila ma’naviy hayotidagi kamchilik va nuqsonlar jamiyatda ma’naviy muammolarni yuzaga keltirmoqda.
— Bizningcha, oilaviy ajrimlarga sabab yoshlarni oila qurishga to‘g‘ri tayyorlamayotganimiz, — deydi xalq deputatlari Xorazm viloyati kengashi deputati Sayyora Xudoyberganova. — Qiz bola dunyoga kelsa, bolaligidan boshlab uni kelinlikka tayyorlaymiz. Ammo bu tayyorgarligimiz odatda qizga sep yig‘ish, uy yumushlarini bajarishni o‘rgatishdan iborat bo‘ladi. Afsuski, qiz bolaning ma’naviy, axloqiy, jismoniy salomatligiga kamdan-kam e’tibor qaratamiz. Muomala madaniyatiga ega bo‘lmagan, qo‘lida biron hunari yo‘q, hayotning achchiq-chuchuklarini sabr-bardosh bilan yengib o‘tishga ma’naviy salohiyati yetmaydigan, tibbiy bilimlari yetarli bo‘lmagan qiz yaxshi kelin bo‘lishi dargumon.
Ayrim yigitlarimiz haqida ham xuddi shunday fikr bildirish mumkin. Biron kasbning etagini tutmagan, internet tarmoqlarida turli behayo videolavhalar tomosha qilib vaqtini o‘tkazib kelgan, ota-onasining hisobiga turmush kechiruvchi arzanda oilaning qadriga yetarmidi?
Muqaddas dinimizda oila nihoyatda qadrlanadi. «Oila buzilsa, arsh titraydi» deyishadi.
— Qur’oni karimda er-xotin haqida «…Ular sizlar uchun libos, sizlar ular uchun libosdirsiz…», deyilgan («Baqara» surasi, 187-oyat). Er-xotin bir-birovini to‘ldirib turadi, bir-birini tarbiyalaydi. Turli yomon illatlardan asraydi. Oila kishini mas’uliyatli bo‘lishga, tejamkorlikka o‘rgatadi, — deydi Shovot tumanidagi Yusuf Hamadoniy majmuasi imom-xatibi Sulaymon Rahmatullayev. — Bir-birini tushunib, qo‘llab-quvvatlab yashovchi oila sohiblari uzoq umr kechiradi. Nikohning ulug‘ ne’mat ekani haqida Payg‘ambarimiz Myhammad (sollallohu alayhi va sallam) shunday deganlar: «Kishi oila qursa, dinining yarmini mukammal qilgan bo‘ladi, qolgan yarmining mukammal bo‘lmog‘i uchun taqvo-tazarru qilsin».
— Nazarimda, oilaviy ajrimlarga ba’zi erkaklarimizning mas’uliyatsizligi ham sabab bo‘lmoqda, — deydi uzoq yillar o‘qituvchi bo‘lib ishlagan mehnat faxriysi Habibulla Boltaboyev. — Ayrim erkaklar hech qayerda ishlamaydi. Ro‘zg‘orning butun tashvishlarini ayolining zimmasiga yuklab qo‘yadi. Farzand tarbiyasiga ham qarashmaydi. Vaqtini televizor ko‘rib, qarta o‘ynab yoki boshqa tayinsiz yumushlar bilan o‘tkazadi. Bu ayolni ham ma’nan, ham jismonan toliqtiradi.
Suhbatdoshlarimizning fikricha, er yoki xotinning uzoq muddat chet davlatlarda bo‘lishi ham oraga sovuqchilik tushishi, oilalar darz ketishiga olib kelmoqda. Haddan tashqari rashk qilish, bir-biriga ishonchsizlik ham ajralish sabablaridan biri.
Oilaviy ajrimlardan eng ko‘p jabr chekadiganlar farzandlardir. Ruhiy iztiroblar bolaning sog‘lom voyaga yetishiga salbiy ta’sir qiladi. Qalbi butun umrga kemtik bo‘lib qoladi. Buning oqibatida u turli illatlarga oshno bo‘lishi, jinoyat ko‘chasiga kirishi mumkin.
Ko‘rib turganimizdek, oilaviy ajrimlar jamiyat uchun faqat zarar keltiradi. Shu bois ushbu muammoning oldini olishga e’tibor kuchaytirilmoqda. Bu jarayonda kam ta’minlangan, ehtiyojmand oilalar moddiy qo‘llab-quvvatlanmoqda, notinch oilalar o‘rganilib, yarashtirilmoqda, muammolarini hal qilishga ko‘maklashilmoqda. Ishsiz fuqarolar bandligini ta’minlash choralari ko‘rilmoqda.
Bu ishlar yaxshi, albatta. Lekin bular yetarlimi? Oilaviy ajrimlarga ma’naviy qashshoqlik sabab bo‘layotgani uchun yoshlar ma’naviyatini yuksaltirishga e’tiborni yanada kuchaytirish kerak. Oila jamiyatning bo‘lagi sanalar ekan, uni buzgan inson jamiyat oldida javob berishi lozim. Qonunchiligimizda ajrashish istagidagi shaxs o‘z xatti-harakati bilan jamiyatga keltirayotgan moddiy va ma’naviy zararni qoplashi bilan bog‘liq me’yorlar kiritish maqsadga muvofiq. Nazarimizda, qonunchiligimizda qaynona va qaynotaning huquqiy maqomlari aks ettirilmagani, Oila kodeksida ularning o‘rni qonuniy belgilanmagani, qolaversa, milliy urf-odatlarimiz ularning cheksiz haq-huquqlarga ega bo‘lishlariga imkon beradi. Balki dunyo qonunchiligida ham ushbu maqomlar belgilanmagan bo‘lishi mumkin. Biroq keyingi paytlarda oilalarda yuz berayotgan mojarolar, kelishmovchiliklar, ajrimlarda aksariyat qaynota va qaynonalarning «hissasi» borligi ushbu tushunchalarga qonuniy ta’rif berilishi hamda ularning huquq-majburiyatlarini aniq va ravshan ko‘rsatib o‘tishni taqozo qilmoqda. Shu bilan birgalikda inson oilada yashashdan manfaatdor bo‘lishiga erishish zarur. Erdan ajrashgan dugonasi emin-erkin yayrab yashayotganini ko‘rgan, o‘zi tayinsiz erkak, qattiqqo‘l qaynonaning ta’na-yu dashnomlariga bazo‘r chidab kelayotgan ayol dugonasidan ibrat olmasligi uchun uni qo‘llab-quvvatlashimiz kerak. Ommaviy axborot vositalari orqali oilaviy an’analar, sulolalar targ‘ibotini kuchaytiraylikki, toki yoshlar oila-baxt ekanini his qilsin. Ellik yil va undan ziyod tarixga ega oila sohiblari moddiy-ma’naviy qo‘llab-quvvatlansa, yoshlarning ulardan ibrat olishga rag‘bati oshadi. Qolaversa, nafaqat korxona yoki tashkilotdagi faoliyati, balki oilada barqaror muhitni shakllantirgan, ahil-inoq yashab, jamiyatga o‘rnak bo‘layotgan, ilmli, ziyoli, iste’dodli farzandlarni tarbiyalab, voyaga yetkazgan insonlarni ham mahalla fuqarolar yig‘inlari tomonidan davlat mukofotlariga tavsiya qilish orqali ham oilaning nufuzini yanada oshirish mumkin. Kasaba uyushmalari mamlakatimizdagi eng katta jamoat tashkiloti sifatida oilalar mustahkamligi uchun hammadan ko‘proq hissa qo‘sha oladi. Oilaviy sayohatlar, teatr va konsertlarga oilaviy tashriflar, oilaviy sport musobaqalari va kitobxonlik, an’analar bilan bog‘liq turli tanlovlarni uzluksiz tashkil qilish besamar ketmaydi, albatta. Niyatimiz esa xolis: oilalar mustahkam bo‘lsin, ajrimlar barham topsin!
Muhabbat TO‘RABOYEVA,
«Ishonch» muxbiri
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi Kengaytirilgan ilmiy kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda Kengash a’zolari to‘g‘ridan to‘g‘ri va onlayn tarzda ishtirok etishdi. Dastlab, London qirollik kolleji Arxeologiya bo‘limi ilmiy xodimi, doktor Miliana Radivoyevich Namangan viloyatidagi Axsikent mavzeida olib borilgan arxeologik tadqiqotlar natijasi bilan tanishtirdi.
Miliana Radivoyevich uzoq yillarda beri mamlakatimizda olib borilayotgan arxeologik tadqiqotlarda faol ishtirok etib keladi.
— Axsikent dunyodagi eng qadimiy metallurgiya markazlaridan biri hisoblanadi. Men o‘zbekistonlik, kiprlik va buyuk britaniyalik hamkorlarimiz bilan birga Axsikentda ilk o‘rta asrlarda metallurgiya yuqori darajada rivojlanganini aniqladik. Jumladan, islom olamining dastlabki davrida tayyorlana boshlagan mashhur Damashq qilichlari ham aynan Axsikentda qazib olingan va qayta ishlangan po‘latdan foydalanganini isbotladik. Nasib etsa, Markazning ochilishi marosimida bu tarixiy voqeani alohida medialoyiha sifatida taqdim etamiz, — dedi u.
ITSM xalqaro aloqalar bo‘limi mutaxassisi Yekaterina Soboleva Kengash a’zolarini O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining tantanali ochilishi marosimi konsepsiyasi bilan tanishtirdi. Unda ushbu marosim doirasidan joy olgan tadbirlar, “O‘tmishning boqiy merosi – buyuk kelajak asosi” mavzusidagi IX kongress kun tartibi, ishtirokchilar ro‘yxati, Imom Buxoriy majmuasining yangi binosi va innovatsion muzeyi singari qator masalalar o‘rin olgan.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov Markazning ochilishi munosabati bilan o‘tkaziladigan Xalqaro ko‘rgazma, xorijdan olib kelinadigan qo‘lyozmalar, eksponatlar haqida ma’lumot berdi. Xorijiy mamlakatlardagi qator muzey va kutubxonalar, shaxsiy kolleksiyalar rahbarlarning ushbu ko‘rgazmasidagi ishtiroki bo‘yicha keng qamrovli ishlar olib borilayotganini qayd etdi.
— Biz 25 aprel-2 may kunlari Buyuk Britaniyaning “Sotbis” va “Kristis” auksionlaridan O‘zbekiston madaniy merosiga oid 46 ta lotni saraladik, — dedi Markaz rahbari. — Ayni paytda ularni sotib olish va O‘zbekistonga olib kelish bo‘yicha muzokaralar davom etyapti. Biz bu tarixiy merosni qaytadan qo‘lga kiritayotganimizni jahon ilmiy jamoatchiligiga yetkazishimiz kerak. Shu bois, Buyuk Britaniya va Fransiyada shu masalada xalqaro tadbirlar o‘tkazishni rejalashtiryapmiz.
Kengash a’zolari tomonidan ushbu yirik anjumanlarga tashrif buyuradigan xorijiy mehmonlar ro‘yxati ham taqdim etildi. Kengaytirilgan ilmiy kengash a’zolari tomonidan ushbu xalqaro tadbirlarda ishtirok etadigan o‘zbekistonlik olimlar va ekspertlar ro‘yxati tasdiqlandi.
Kengash davomida, shuningdek, Islom sivilizatsiyasi markazi ilmiy xodimi Alisher Egamov O‘zbekistonning turli hududlaridagi muzey fondlaridan Markaz ekspozitsiyasida namoyish qilish uchun to‘plangan tarixiy eksponatlar haqida ma’lumot berdi. Mart-aprel oyida joylarga uyushtirilgan ekspeditsiyalar natijasida 1500 dan ortiq tarixiy eksponatlar aniqlangan. Mamlakatimiz tarixining turli davrlariga mansub bu tarixiy buyumlar orasidan saralanganlari Markazning ochilishi munosabati bilan o‘tadigan xalqaro ko‘rgazmadan joy oladi.
Shuningdek, Markaz ekspozitsiyasi uchun 2-toifali medialoyihalarning ilmiy-amaliy materiallar bazasini yaratish masalasi ham kun tartibiga qo‘yildi. Boshqa bir qator masalalar bo‘yicha Kengash a’zolari o‘z fikr-mulohazalarini bildirishdi. Kengash uchrashuvida Markaz hamda O‘zbekiston madaniy merosini saqlash, o‘rganish va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati qo‘shma loyihasi - "O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida" turkumidagi kitob-albomlarning 81-90 jildlarini nashr qilish masalasi ko‘rib chiqildi. Shuningdek, nashrga tayyorlanayotgan yettita sovg‘abop kitob-albom haqida ma’lumot berildi.
Bundan tashqari uchrashuvda Kengash a’zolari Qur’oni karim zalining yangi dizaynini ham tasdiqlashdi.
— Qur’on zali binoning markaziy qismidan o‘rin olgani uchun uning dizayniga alohida e’tibor berilyapti, — dedi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi boshlig‘i Azimjon G‘afurov. — Biz Kengash a’zolari e’tiboriga Hazrati Usmon Qur’oni joylashtiriladigan ayvon ustida joylashadigan nurli installyatsiyaning ikki xil ko‘rinishini taqdim qildik. Yig‘ilishda eng maqbul variant tanlandi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Islom sivilizatsiyasi markaziga navbatdagi tashrifi chog‘ida xalqaro hamkorlar, jumladan, dunyoning yetakchi muzeylari, kutubxonalari va ilmiy-tadqiqot institutlari bilan hamkorlikni faollashtirish bo‘yicha topshiriqlar bergan edi. Markaz binosining ikkinchi qavatini xalqaro tashkilotlar vakolatxonalari uchun xonalar ajratish, shuningdek, Islom sivilizatsiyasi markazi uchun alohida yangi bino qurish to‘g‘risidagi qarorning muhim bandlaridan biri bo‘ldi. Qirqqa yaqin asosiy hamkor davlatlar mavjud. Markazning ikkinchi qavatida ularning faoliyati uchun barcha shart-sharoitlar yaratilib, zamon talabi darajasida tashkil etish O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining navbatdagi kengaytirilgan ilmiy kengashi jarayonida alohida ta’kidlandi.