Sayt test holatida ishlamoqda!
27 Aprel, 2025   |   29 Shavvol, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:58
Quyosh
05:26
Peshin
12:26
Asr
17:14
Shom
19:19
Xufton
20:41
Bismillah
27 Aprel, 2025, 29 Shavvol, 1446

Oila buzilishiga nimalar sabab bo‘lmoqda

28.04.2018   8195   8 min.
Oila buzilishiga nimalar sabab bo‘lmoqda

Oila — jamiyatning bir bo‘lagi. Jamiyat ravnaqi oila ravnaqi bilan chambarchas bog‘liq. Demak, oilalar mustahkamligiga davlat siyosati darajasida qaralayotgani bejiz emas. Turmushimiz tobora farovonlashayotgan paytda oilalar mo‘rtlashayotgani tashvishlanarli holat. Ushbu masala yuzasidan ko‘plab yurtdoshlarimiz bilan muloqot qilar ekanmiz, ular keltirayotgan sabablar ham turlicha.

Ba’zilar ajrimlarni globallashuv bilan bog‘laydi. Insonlarning haddan tashqari erkinlashib ketayotgani oqibatida ko‘pchilik faqat o‘zini o‘ylaydigan, mas’uliyatsiz bo‘lib qolgan, degan fikrlar ham ko‘p bildirildi. Nazarimda, bu muammo ma’naviyatimizdagi ayrim nuqsonlar bilan bog‘liqday.
Ajrimlarga faqat kelinlar aybdor, degan fikrdan mutlaqo yiroqmiz. Qizlar turmushga chiqqanidan keyin yangi oilada o‘z o‘rnini topishi oson emas. Ota uyida erkalanib yurgan qiz bu yerda e’tibor markazida bo‘ladi. Uy yumushlarining barchasi uning zimmasiga yuklanadi. Undan boshqa hamma televizor tagida oyog‘ini cho‘zib o‘tiradi. Xonadonda alpomishday yigit yo barchinoyday qiz bo‘lsa-da, ularning uy yumushlarini bajarishi «qoida»larga to‘g‘ri kelmaydi. Hammasini kelin qilishi kerak! Yo‘qsa, kelinning «tarbiyasi buzilib» ketishi mumkin. Afsuski, bunday fikrlovchilar ko‘pchilik. Ham ishlash yoki o‘qish, ham oila yumushlarini bajarish ba’zan yosh kelinga og‘irliq qiladi. Ana shunday vaziyatda oilalarda turli mojarolar, muammolar kelib chiqadi.
Agar e’tibor berilsa, oilalarni yetmish-sakson foiz holatda qaynota va qaynona boshqaradi. Ayrim qaynota va qaynonalarning eskicha fikrlashi, «bu davrda bosh­qacha edi», «biz o‘nta bolani tug‘ib, dalaga ishga chiqib ketaverganmiz», «biz kechasi non yopib, kunduzi davlatning ishini qilganmiz» kabi ta’na-dashnomlari, yosh oilalar hayotiga asossiz aralashishi, «onang­­ni desang, eringdan kechasan» yoki aksincha, «meni desang, kelinni taloq qil» qabilidagi noo‘rin talablari yoshlarning ixtiyorsiz ajrashib ketishlariga sabab bo‘layotgani sir emas. Qaynonalarning bunday malomatlari, aslida, o‘sha davr qiyinchilik­­lari, xotin-qizlarga nisbatan ayovsiz munosabatda bo‘linganini aks ettirmaydimi? Buning oqibatida o‘tgan asrning 70-80-yillarida, 90-yillar boshlarida onalar va go‘daklar o‘limi ko‘plab sodir bo‘lmaganmi? Qolaversa, qaynona qiyinchilik ko‘rgani uchun kelinni ham shunga mahkum qilishi na mantiqqa, na haqiqatga to‘g‘ri keladi.
Bugun davr o‘zgargan. Onalik va bolalik davlat muhofazasiga olingan. Endilikda buni har bir ota-ona, oila sohibi anglab yetishi va unga rioya qilishi talab qilinadi.
Ayrim oilalarda moddiy farovonlikka erishish asosiy maqsad sifatida belgilangani, nafaqat yoshlar, balki kattalar orasida ham molparastlikning avj olgani ma’naviy qadriyatlarning yemirilishiga sabab bo‘lmoqda. Ba’zilar orzu-havas deganda faqat chiroyli to‘y qilib, qimmatbaho kiyim­lar kiyib, tansiq taomlar yeyishni tushunadi. Bugun har bir xonadonda ikki-uchtadan televizor, muzlatgich va boshqa maishiy jihozlar bor. Qimmatbaho mebellar, mashina va boshqa buyumlarni ko‘z-ko‘z qilishni yaxshi ko‘ramiz. Biroq hamma xonadon ham kitob javoniga ega emas. Hatto bironta kitob bo‘lmagan oilalarning uchrashi g‘oyat achinarli. Hayotdagi ko‘plab misollar baxt boylik bilan o‘lchanmasligini asoslab turibdi. Aksincha, ma’naviy qashshoqlik baxtsizlik sari boshlovchi yo‘ldir. Ma’naviyatsizlik oilada nosog‘lom muhitni yuzaga keltiradi. Buning oqibatida iqtisodga ham darz ketadi. Yanada achinarlisi, oila ma’naviy hayotidagi kamchilik va nuqsonlar jamiyatda ma’naviy muammolarni yuzaga keltirmoqda.
— Bizningcha, oilaviy ajrimlarga sabab yoshlarni oila qurishga to‘g‘ri tayyorlamayotganimiz, — deydi xalq deputatlari Xorazm viloyati kengashi deputati Sayyora Xudoyberganova. — Qiz bola dunyoga kelsa, bolaligidan boshlab uni kelinlikka tayyor­laymiz. Ammo bu tayyorgarligimiz odatda qizga sep yig‘ish, uy yumushlarini bajarishni o‘rgatishdan iborat bo‘ladi. Afsuski, qiz bolaning ma’naviy, axloqiy, jismoniy salomatligiga kamdan-kam ­e’tibor qaratamiz. Muomala madaniyatiga ega bo‘lmagan, qo‘lida biron hunari yo‘q, hayotning achchiq-chuchuklarini sabr-bardosh bilan yengib o‘tishga ma’naviy salohiyati yetmaydigan, tibbiy bilimlari yetarli bo‘lmagan qiz yaxshi kelin bo‘lishi dargumon.
Ayrim yigitlarimiz haqida ham xuddi shunday fikr bildirish mumkin. Biron kasbning etagini tutmagan, internet tarmoqlarida turli behayo videolavhalar tomosha qilib vaqtini o‘tkazib kelgan, ota-­onasining hisobiga turmush kechiruvchi arzanda oilaning qadriga yetarmidi?
Muqaddas dinimizda oila nihoyatda qadrlanadi. «Oila buzilsa, arsh titraydi» deyishadi.
— Qur’oni karimda er-xotin haqida «…Ular sizlar uchun libos, sizlar ular uchun libosdirsiz…», deyilgan («Baqara» surasi, 187-oyat). Er-xotin bir-birovini to‘ldirib turadi, bir-birini tarbiyalaydi. Turli yomon illatlardan asraydi. Oila kishini mas’uliyatli bo‘lishga, tejamkorlikka o‘rgatadi, — deydi Shovot tumanidagi Yusuf Hamadoniy majmuasi imom-xatibi Sulaymon Rahmatullayev. — Bir-birini tushunib, qo‘llab-quvvatlab yashovchi oila sohiblari uzoq umr kechiradi. Nikohning ulug‘ ne’mat ekani haqida Payg‘ambarimiz Myhammad (sollallohu alayhi va sallam) shunday deganlar: «Kishi oila qursa, dinining yarmini mukammal qilgan bo‘ladi, qolgan yarmining mukammal bo‘lmog‘i uchun taqvo-tazarru qilsin».
— Nazarimda, oilaviy ajrimlarga ba’zi erkaklarimizning mas’uliyatsizligi ham sabab bo‘lmoqda, — deydi uzoq yillar o‘qituvchi bo‘lib ishlagan mehnat faxriysi Habibulla Boltaboyev. — Ayrim erkaklar hech qayerda ishlamaydi. Ro‘zg‘orning butun tashvishlarini ayolining zimmasiga yuklab qo‘yadi. Farzand tarbiyasiga ham qarashmaydi. Vaqtini televizor ko‘rib, qarta o‘ynab yoki boshqa tayinsiz yumushlar bilan o‘tkazadi. Bu ayolni ham ma’nan, ham jismonan toliqtiradi.
Suhbatdoshlarimizning fikricha, er yoki xotinning uzoq muddat chet davlatlar­­da bo‘lishi ham oraga sovuqchilik tushishi, oilalar darz ketishiga olib kelmoqda. Haddan tashqari rashk qilish, bir-biriga ishonchsizlik ham ajralish sabablaridan biri.
Oilaviy ajrimlardan eng ko‘p jabr chekadiganlar farzandlardir. Ruhiy iztiroblar bolaning sog‘lom voyaga yetishiga salbiy ta’sir qiladi. Qalbi butun umrga kemtik bo‘lib qoladi. Buning oqibatida u turli illatlarga oshno bo‘lishi, jinoyat ko‘chasiga kirishi mumkin.
Ko‘rib turganimizdek, oilaviy ajrimlar jamiyat uchun faqat zarar keltiradi. Shu bois ushbu muammoning oldini olishga e’tibor kuchaytirilmoqda. Bu jarayonda kam ta’minlangan, ehtiyojmand oilalar moddiy qo‘llab-quvvatlanmoqda, notinch oilalar o‘rganilib, yarashtirilmoqda, muammolarini hal qilishga ko‘maklashilmoqda. Ishsiz fuqarolar bandligini ta’minlash choralari ko‘rilmoqda.
Bu ishlar yaxshi, albatta. Lekin bular yetarlimi? Oilaviy ajrimlarga ma’naviy qashshoqlik sabab bo‘layotgani uchun yoshlar ma’naviyatini yuksaltirishga e’tiborni yanada kuchaytirish kerak. Oila jamiyatning bo‘lagi sanalar ekan, uni buzgan inson jamiyat oldida javob berishi lozim. Qonunchiligimizda ajrashish istagidagi shaxs o‘z xatti-harakati bilan jamiyatga keltirayotgan moddiy va ma’naviy zararni qoplashi bilan bog‘liq me’yorlar kiritish maqsadga muvofiq. Nazarimizda, qonunchiligimizda qaynona va qaynotaning huquqiy maqomlari aks ettirilmagani, Oila kodeksida ularning o‘rni qonuniy belgilanmagani, qolaversa, milliy urf-odatlarimiz ularning cheksiz haq-huquqlarga ega bo‘lishlariga imkon beradi. Balki dunyo qonunchiligida ham ushbu maqomlar belgilanmagan bo‘lishi mumkin. Biroq keyingi paytlarda oilalarda yuz berayotgan mojarolar, kelishmovchiliklar, ajrimlarda aksariyat qaynota va qaynonalarning «hissasi» borligi ushbu tushunchalarga qonuniy ta’rif berilishi hamda ularning huquq-majburiyatlarini aniq va ravshan ko‘rsatib o‘tishni taqozo qilmoqda. Shu bilan birgalikda inson oilada yashashdan manfaatdor bo‘lishiga erishish zarur. Erdan ajrashgan dugonasi emin-erkin yayrab yashayotganini ko‘rgan, o‘zi tayinsiz erkak, qattiqqo‘l qaynonaning ta’na-yu dashnomlariga bazo‘r chidab kelayotgan ayol dugonasidan ibrat olmasligi uchun uni qo‘llab-quvvatlashimiz kerak. Ommaviy axborot vositalari orqali oilaviy an’analar, sulolalar targ‘ibotini kuchaytiraylikki, toki yoshlar oila-baxt ekanini his qilsin. Ellik yil va undan ziyod tarixga ega oila sohiblari moddiy-ma’naviy qo‘llab-quvvatlansa, yoshlarning ulardan ibrat olishga rag‘bati oshadi. Qolaversa, nafaqat korxona yoki tashkilotdagi faoliyati, balki oilada barqaror muhitni shakllantirgan, ahil-inoq yashab, jamiyatga o‘rnak bo‘layotgan, ilmli, ziyoli, iste’dodli farzandlarni tarbiyalab, voya­­ga yetkazgan insonlarni ham mahalla fuqarolar yig‘inlari tomonidan davlat mukofotlariga tavsiya qilish orqali ham oilaning nufuzini yanada oshirish mumkin. Kasaba uyushmalari mamlakatimizdagi eng katta jamoat tashkiloti sifatida oilalar mustahkamligi uchun hammadan ko‘proq hissa qo‘sha oladi. Oilaviy sayohatlar, teatr va konsertlarga oilaviy tashriflar, oilaviy sport musobaqalari va kitobxonlik, an’analar bilan bog‘liq turli tanlovlarni uzluksiz tashkil qilish besamar ketmaydi, albatta. Niyatimiz esa xolis: oilalar mustahkam bo‘lsin, ajrimlar barham topsin!

Muhabbat TO‘RABOYEVA,
«Ishonch» muxbiri

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Haqqingizga yetmish ming farishta duo qilishini istaysizmi?

25.04.2025   4602   1 min.

Zayniddin domla Eshonqulov 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari