Qalblar qo‘lida bo‘lgan Zotga O‘zining buyukligicha va oliyligicha hamdu sanolar bo‘lsin. Zikrlar qalbning poklovchi dorisi ekani va shu zikrlar bilan Allohning roziligini topib yashashimizga da’vat etib, bizlarga go‘zal namuna bo‘lgan Payg‘ambarimiz Muhammad Mustafo sollallohu alayhi vasallamga salavot va salomlar bo‘lsin.
Inson dunyoda yashar ekan moddiyatga bog‘liq bo‘lgan bu tiriklikda, o‘zini samolarga bog‘lovchi ma’naviy oziq-amallarga ham ehtiyoj sezadi. Mana shu ehtiyojni bilgan va bizlarni bu dunyoga faqat va faqat O‘zini tanishimiz uchun keltirgan Alloh ruhiy oziqlarimiz qilib zikrlar va kundalik vazifalarni bizlarga Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam orqali joriy qilgan. Islom shariatida fazilatda oliy bo‘lgan zikr va duolar borki, uni tinimsiz bajarib yurish orqali insonda juda ko‘p hikmatlar paydo bo‘ladi. Chunki banda Allohni zikr qilish bilan Uni judayam yaxshi tanib, Undan xavf va rajosi kuchayadi. Kim bir narsani yaxshi tanimasa undan qo‘rqmaydi yoki unga muhabbat ham qilmaydi. Muhabbat qilish uchun uni tinimsiz eslamoq, uni har doim o‘ylamoq kerak bo‘ladi. Kim Allohni tanimasa, Unga muhabbat ham qilmaydi. Muhabbat qilmas ekan, Uni eslamaydi. Allohni eslash esa zikr va duolar bilan amalga oshadi. Ana shu zikrlarning eng fazilatlisi va maloikalar yaxshi ko‘rib, payg‘ambarlardan meros qolgan zikr haqida aytib o‘tamiz. Bu zikr quydagicha rivoyat qilingan:
“Subhanallohi, valhamdulillahi, va laa ilaha illallohu, vallohu akbar, va laa havla va laa quvvata illaa billahil alayyil aziym”.
Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Alloh taolo Arshni yaratganda homil-ko‘taruvchi farishtalarga uni ko‘tarishni buyurdi. Arsh ularga og‘ir keldi. Alloh taolo: “Subhanalloh” deb aytinglar, deb buyurdi. Farishtalar, “Subhanalloh” deyishdi. Shunda ularga yengil bo‘ldi. Ular Alloh taolo Odam alayhissalomni yaratguncha Subhanalloh deb turishdi. Odam alayhissalom aksa urganlarida Alloh taolo u kishini “Alhamdullillah” deyishga ilhomlantirdi. Alloh aytdi: “Senga Rabbing rahm qildi va sen mana shuning uchun yaratilding”. Maloikalar shunda “Ikkinchi kalima ham ulug‘ ekan, bizlar undan g‘aflatda qolmasligimiz kerak”, deyishib uni oldingisiga qo‘shishdi.
Bir necha vaqt farishtalar, Subhanallohi valhamdullillahi, deb aytishdi, bu hol Nuh alayhissalom zamonlarigacha davom etdi. Birinchi bo‘lib sanam-toshdan yasalgan butlar tutgan qavm Nuh alayhissalom qavmi edi. Alloh taolo Nuh alayhissalom qavmini, “Laa ilaha illalloh” deb aytishga buyurdi. Shunda ulardan rozi bo‘lishini bildirdi. Farishtalar o‘shanda: “Uchinchi kalima ham ulug‘ va sharafli ekan. Biz bundan g‘aflatda qolmasligimiz kerak”, deyishib, uni oldingi ikki kalimaga qo‘shishdi. Uzoq muddat Subhanallohi valhamdulillahi valaa ilaha illalloh kalimasini aytib yurishdi. Bu hol Ibrohim alayhissalom payg‘ambar bo‘lib kelgunlaricha davom etdi. Alloh taolo Ibrohim alayhissalomga qurbonlik qilishni buyurdi va qo‘chqor berdi. Qo‘chqorni ko‘rganlarida u zot xursand bo‘lib, “Allohu Akbar” dedilar. Farishtalar aytishdi “Bu kalima ham ulug‘ va sharafli ekan” deb uni oldingi uchtasiga qo‘shishdi va Subhanallohi valhamdulillahi valaa ilaha illalllohu vallohu akbar, deb aytib yurishdi.
Vaqtiki Jabroil alayhissalom bu gaplarni Payg‘ambarimiz Muhammad Mustafo sollallohu alayhi vasallamga aytgan edi, U zot shodlanib: “Laa havla va laa quvvata illa billahil alayil aziym”, dedilar. Shunda Jabroil alayhissalom “Bu kalimani oldingilariga qo‘shing”, dedilar.
Bu zikrning fazilati shunchalar ulug‘ligidan u Arshlarni ko‘targandir. Kim uni bir kunda Allohni zikr qilish maqsadida aytar ekan gunohlari kechiriladi. Allohning huzurida oliy maqomlar topib, mag‘firatga erishadi. Albatta, farz ibodatlardan so‘ng aytilsa, qalbi yanada ravshanlashadi. Chunki farz ibodatlaridan so‘ng qilingan duo mustajob bo‘lib bu zikrni aytib duo qilish bilan inson Allohga yaqinlik hosil qilishdek darajaga erishadi. Chunki uning hamma ma’nosi Allohning buyukligi va pokligiga dalolat qiladi.
Abu Lays As-Samarqandiyning “Tanbehul G‘ofiliyn” asari asosida
Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti talabasi Orifaxon YUNUSXO‘JA qizi tayyorladi.
Inson qalbi goh u tarafga, goh bu tarafga o‘zgarib turadi: savobli ish qilganida, qalbi yayraydi, dili cheksiz quvonchga to‘ladi. Gunoh-ma’siyat kirlari esa dil oynasini xiralashtiradi. Oqibatda qalb qorayadi, ko‘ngli xijil bo‘ladi.
Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Temirga suv tegsa zanglaydi. Xuddi shunga o‘xshab qalblarni ham zang bosadi", dedilar. Shunda: "Yo Rasululloh, uning jilosi nima?" deb so‘raldi. U zot: "O‘limni ko‘p eslash, Qur’on o‘qish", dedilar.
Qalb xuddi temir kabi zanglaydi. Temirga suv tegsa, sirtini zang bosadi. Gunohlar yig‘ilib yig‘ilib qalbni zanglatadi, dilni qoraytiradi, ko‘ngilni g‘ash qiladi. Qalb qorayishi oqibatida inson shuuri o‘tmaslashadi, mehr-oqibat tuyg‘usi kishi bilmas tarzda ko‘tarilib boradi.
Mazkur hadisda aytilishicha, o‘limni eslagan, Qur’on o‘qigan odamning qalbi zanglardan tozalanadi. Qanday qilib, deysizmi? Gap shundaki, o‘limni eslagan kishining o‘tkinchi dunyoga xohishi so‘nadi. O‘limni eslagan, oxiratni o‘ylagan inson gunohlardan tiyiladi, nafasi kirib-chiqib turganida Parvardigoriga tezroq tavba qilishga shoshiladi, o‘zini isloh qiladi. Inson o‘limni eslaganda lazzatlar parchalanadi, hakalab otib turgan nafs xohishlari sal bo‘lsayam jilovlanadi. Bir kunmas-bir kun dunyoni tark etishini bilgan kishi oqibatli bo‘ladi, bir ish qilishdan oldin oxirini o‘ylaydi, mulohaza yuritadi.
Yuqoridagi hadisda aytilishicha, Qur’on tilovati qalbdagi zanglarni ketkazadi. Haqiqatan, Qur’on o‘qish bilan qalb yayraydi, ko‘ngil taskin topadi. Mo‘min banda qiroatdan bir dunyo ma’naviy ozuqa oladi. Shu yo‘sin qalbni qoplagan zang qurumlari asta-sekin tozalanib boradi. Bejizga "Qur’on qalbga malham, dilni tozalaydigan ilohiy davo", deyilmagan.
Ma’lumki, temirga doim ishlov berib turilmasa, ko‘p o‘tmay zanglaydi. Xuddi shunga o‘xshab, Qur’on o‘qilmasa, dilni zang bosadi. Hamisha Qur’on o‘qiydigan inson qalbiga gard yuqmaydi. Tilovat bilan jilolangan qalbi oynadek yarqirab turadi.
Hozirgi "zamonaviy" odamlarning ko‘pi dunyoga hirs qo‘yish dardi bilan og‘rigan. Kishilar orasida o‘zaro ishonch, sadoqat, vafo, mehr-oqibat kamayib ketayotgandek. Bizningcha, buning sababi bitta: o‘limni unutish, Qur’on o‘qimaslik.
Ayrim odamlarga o‘limni eslatsangiz, oxiratdan gap ochsangiz: "Qo‘ying, yaxshi mavzuda gaplashaylik!" deya so‘zingizni bo‘ladi. O‘limni eslash yomonmi?! Har kimning boshida bor-ku bu savdo! O‘limdan qochib-qutulib bo‘lmaydi. Shuning uchun o‘limga tayyorgarlik ko‘rish kerak. Qanday qilib, deysizmi? O‘limga hozirlik solih amallar bilan bo‘ladi, qorong‘i go‘rni yorituvchi Qur’on tilovati bilan bo‘ladi. Quruq kafanlik olib yoki qabristondan o‘zi uchun alohida joy ajratib qo‘ygan odamni oxirat safariga rostmana shay deb bo‘lmaydi.
Tolibjon domla Xursanmurodov,
Hadis ilmi maktabi o‘qituvchisi.
Ali ibn Husomiddin Muttaqiy Hindiy. "Kanzul ummol fi sunanil aqvoli val af’ol". – Bayrut.: Muassasatur risolat, 1989. - B. 210.