Sayt test holatida ishlamoqda!
10 Yanvar, 2025   |   10 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:48
Peshin
12:36
Asr
15:32
Shom
17:16
Xufton
18:35
Bismillah
10 Yanvar, 2025, 10 Rajab, 1446

11.05.2018 y. Isrofgarchilikdan saqlanaylik!

27.04.2018   5038   12 min.
11.05.2018 y. Isrofgarchilikdan saqlanaylik!

بسم الله الرحمن الرحيم

Isrofgarchilikdan saqlanaylik!

Shariatimizda har bir narsani me’yorida qilish tavsiya etiladi. Bir narsani juda oshirib ham yuborilmaydi va aksincha, juda yo‘q darajaga ham tushurib qo‘yilmaydi. Balki o‘rta me’yorida ado etiladi. Me’yordan oshirib yuborish isrof, deb qaraladi.

Qur’oni karimda bu haqda ham bayonot kelgandir. Alloh taolo Isro surasida marhamat qiladi:

وَلَا تَجْعَلْ يَدَكَ مَغْلُولَةً إِلَى عُنُقِكَ وَلَا تَبْسُطْهَا كُلَّ الْبَسْطِ فَتَقْعُدَ مَلُومًا مَحْسُورًا

(سورة ﺍﻹﺳﺮﺍﺀ/29)

ya’ni: “(Baxillik qilib) qo‘lingizni bo‘yningizga bog‘lab ham olmang. (Isrofgarchilik qilish bilan) uni butunlay yoyib ham yubormang! Aks holda, malomat va mahrumlikda o‘tirib qolursiz” (Isro surasi, 29-oyat).

O‘rtacha, mo‘tadil turib, xasislik ham qilmasdan, isrof ham qilmasdan molini Alloh taolo aytganidek, shariat ko‘rsatganidek tasarruf qilsa, Alloh taolo uning sadaqasi, xayr-ehsonining o‘rniga bandasi kutmagan tomondan yana boshqa ne’matlar ato etib, barakasini beradi.

Isrofchining bu dunyodagi oqibati hasrat va nadomatdan iborat bo‘lib, oxiratdagi oqibati alamli jazo va shiddatli azob bo‘ladi. Alloh taolo Voqea surasida marhamat qiladi:

وَأَصْحَابُ الشِّمَالِ مَا أَصْحَابُ الشِّمَال. فِي سَمُومٍ وَحَمِيمٍ. وَظِلٍّ مِنْ يَحْمُومٍ. لَا بَارِدٍ وَلَا كَرِيمٍ. إِنَّهُمْ كَانُوا قَبْلَ ذَلِكَ مُتْرَفِينَ

( سورة ﺍلواقعة/45-41)

ya’ni: Chap tomon egalari – chap tomon egalari (bo‘lmoq) ne (baxtsizlik)dir! (Ular) Samum (qattiq issiq shamol, garmsel) va qaynoq suv ichida, qora tutun soyasi ostidadirlarki, na sovuqdir (u joy) va na yoqimli. Ular bundan ilgari (dunyoda) maishatparast edilar (Dunyoda yayrab olaylik der edilar) (Voqea surasi, 41-45 oyatlar).

Oyati karimadagi samum – kishining badanini tashqaridan teshib o‘tuvchi shamoldir. hamim – qaynoq suv, do‘zaxiylarning badanini ichidan teshadi. Chap taraf egalari mana shular ichida doimiy azobda bo‘ladilar. Ya’ni ular dunyo lazzatining ortidan ergashib, imonni, diyonatni unutgan, maishatparast, isrof qiluvchi toifada bo‘lgan edilar.

Molni zoye qilish, isrof qilib, behuda ketkazish Alloh taoloning g‘azabini keltiradigan amallardan hisoblanadi.

Mug‘iyra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday marhamat qilganlar:

عَن الْمُغيرَة بن شُعْبَة رَضِيَ اللَّهُ عَنْه قَالَ: قَالَ رَسُول الله صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّم: " إِن الله عَزَّ وَجَلَّ كره لكم قيل وَقَالَ، وإضاعة المَال، وَكَثْرَة السُّؤَال

(رواه الْإِمَامُ مُسلم والْإِمَامُ أحمد)

ya’ni: “Albatta Alloh sizlar uchun qiylu-qolni, ko‘p savolni va molni zoye qilishni yomon ko‘rdi” (Imom Muslim va Imom Ahmad rivoyati).

Isrofgarchilikga yo‘l qo‘ymaslik kishining dunyo va oxiratdagi hasrat-nadomatlaridan saqlovchi omillardan biridir.

عَنْ أَبِى بَرْزَةَ الأَسْلَمِىِّ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُ قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللَّهِ "لاَ تَزُولُ قَدَمَا عَبْدٍ يَوْمَ الْقِيَامَةِ حَتَّى يُسْأَلَ عَنْ عُمُرِهِ فِيمَا أَفْنَاهُ وَعَنْ عِلْمِهِ فِيمَ فَعَلَ وَعَنْ مَالِهِ مِنْ أَيْنَ اكْتَسَبَهُ وَفِيمَ أَنْفَقَهُ وَعَنْ جِسْمِهِ فِيمَ أَبْلاَهُ"

(رواه الْإِمَامُ الترمذي)

ya’ni: Abu Barza aslamiydan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: "Qiyomat kuni har bir inson (to‘rt narsa haqida) so‘ralmagunigacha joyidan jilmaydi: Umrini qanday o‘tkazgani, ilmiga qanday amal qilgani, molini qayerdan topgani va qayerlarga sarflagani, jismini nima bilan qaritgani" (Imom Termiziy rivoyati).

Ushbu hadisda har bir mo‘min banda alohida ahamiyat berishi, hech qanday isrofga yo‘l qo‘ymasligi lozim bo‘lgan to‘rt buyuk ne’mat haqida so‘z yuritilmoqda.

Islom har bir sohada mo‘tadillik yo‘lini tutganidek, oziq-ovqat va kiyim-bosh masalasida ham musulmonlardan o‘rtacha bo‘lishni talab etadi.

عَنْ جَابِرٍ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُ قَالَ: أنَّ رسول الله صلى الله عليه وسلم، قَالَ: "إنَّ الشَّيْطَانَ يَحْضُرُ أحَدَكُمْ عِنْدَ كُلِّ شَيْءٍ مِنْ شَأنِهِ، حَتَّى يَحْضُرَهُ عِنْدَ طَعَامِهِ، فإذَا سَقَطَتْ لُقْمَةُ أحَدِكُمْ فَلْيَأخُذْهَا فَليُمِطْ مَا كَانَ بِهَا مِنْ أذىً، ثُمَّ لِيَأْكُلْهَا وَلاَ يَدَعْهَا للشَّيْطَانِ، فإذا فَرَغَ فَلْيَلْعَقْ أصابِعَهُ، فإنَّهُ لا يَدْري في أيِّ طعامِهِ البَرَكَةُ"

(رواه الْإِمَامُ مسلم)

. وَفِي رِوَايَةٍ: وَأَمَرَنَا أَنْ نَسْلُتَ القَصْعَةَ، وقال: "إنَّكُمْ لا تَدْرُونَ في أيِّ طَعَامِكُمُ البَرَكَةُ"

ya’ni: Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam “Albatta, shayton sizlarning har biringizning har bir ishida hozir bo‘ladi: taomiga ham hozir bo‘ladi. Qachon biringizdan luqma tushsa, undagi noloyiq narsani ketkazib, keyin yesin. Uni shaytonga qoldirmasin. Forig‘ bo‘lganida esa, barmoqlarini yalasin. Chunki u taomning qayerida baraka bo‘lishini bilmaydi”, - deganlar (Imom Muslim rivoyati).

Boshqa bir rivoyatda: “U zot laganni barmoqlarimiz bilan sidirib yalashga amr qildilar va: “Albatta sizlar qayerda baraka bo‘lishini bilmaysiz”, dedilar”, deyilgan (Imom Muslim va Imom Abu Dovud rivoyat qilgan).

Bu hadisi sharifda dinimiz taomga nisbatan qay darajada e’tiborli bo‘lganini va tejamkor bo‘lishimizni talab qilganini bilib olamiz.

Xonadonimizda ortib qolgan taomlarni tashlab yuborilishi, ziyofat va marosimlarni dabdabali, ser chiqim qilish ham ayni paytdagi isrofning ko‘rinishlaridan biridir. Buning o‘rniga mahalladagi nochor yashayotgan bir faqir oilaning kam-ko‘stini qilib berish, o‘qish pulini to‘lay olmayotgan bir talabaga yordam berish, o‘g‘lini uylantirish uchun mablag‘ topa olmagan bir oilani mushkulini oson qilish, qarzini to‘lay olmayotgan bir tanishni qo‘llab yuborish mumkin.

Bugungi kunda nikoh to‘ylarini o‘tkazishda ham haddan oshish, isrofgarchilikka ruju qo‘yish holatlari ko‘p uchramoqda. Bu borada ham shariatimizga amal qilib, unda kelgan ko‘rsatmalarni hayotimizga tadbiq etishimiz lozim. Sarvari koinot Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam onalarimizga uylanganlarida oddiy va sodda to‘ylar qilganliklari barchamizga ma’lum va mashhur.

عن أَنَسٍ رَضِىَ اللَّهُ عَنْهُ قَالَ : أَقَامَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ بَيْنَ خَيْبَرَ وَالْمَدِينَةِ ثَلاَثَ لَيَالٍ يُبْنَى عَلَيْهِ بِصَفِيَّةَ بِنْتِ حُيَيٍّ ، فَدَعَوْتُ الْمُسْلِمِينَ إِلَى وَلِيمَةِ رَسُولِ اللَّهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ مَا كَانَ فِيهَا خُبْزٌ وَلاَ لَحْمٌ وَمَا كَانَ إِلاَّ أَنْ أَمَرَ بِالأَنْطَاعِ فَبُسِطَتْ وَأُلْقِىَ عَلَيْهَا التَّمْرُ وَالأَقِطُ وَالسَّمْنُ فَكَانَتْ وَلِيْمَتَهُ"

(رَوَاهُ البُخَارِيُّ وَمُسْلِمٌ)

ya’ni: Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Xaybar bilan madina orasida uch kun turdilar va Sofiyya bint Huyayga uylandilar. Men musulmonlarni valiymaga taklif qilib keldim. Unda non ham, go‘sht ham yo‘q edi. U zot teri dasturxonlarini yozishga amr qildilar. Ularni ustiga xurmo, qurut va saryog‘ tashlandi. U zotning valiymalari shundan iborat edi” (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati).

Bugungi kunda to‘y marosimlarimizda haddan tashqari dabdababozlik, manmanlik va isrofgarchiliklar avj olmoqda. Manashu narsa aksar oilaviy mojarolar, urush-janjallar, ajralishlar, qudalar o‘rtasidagi sovuqchilik vahokazo salbiy oqibitlarni kelib chiqishiga sabab bo‘lmoqda.

Eng yomoni, ayrim pul topib aql topmagan, ma’naviy saviyasi past kimsalar to‘y-hashamlar, ma’rakalarni o‘tkazish bo‘yicha musobaqa o‘ynab, turli-tuman yangi odatlarni o‘ylab topyapti. Bularni eshitib, ba’zan odam hayratdan yoqasini ushlab qoladi.

To‘y-ma’raka — bu faqat shaxsiy ish emas, balki ijtimoiy masala hisoblanadi. Shunday ekan, bu borada o‘zboshimchalik qilish, pulni o‘zim topdimmi, uni xohlagancha sarflayman deyish jamoatchilikkka nisbatan hurmatsizlik yoki ularni nazar pisan qilmaslik sanaladi.

Islomda nikoh to‘yi ziyofati va umuman birovga taom berish marosimlaridan asosiy maqsad hojatmand kishilarni taomlantirish, ularning ko‘nglini ko‘tarishdir.

Mashhur sahoba Abu Hurayra roziyallohu anhu shunday deganlar: “Taomning eng yomoni boylar chaqirilib, qambag‘allar chaqirilmagan nikoh to‘yi taomidir” (Imom Buxoriy, Imom muslim va Imom Abu Dovud rivoyati).

Muhtaram azizlar! Yuqorida aytib o‘tilganlardan ma’lum bo‘lmoqdaki, isrofgarchilik yakka shaxslar uchun ham, oilalar uchun ham o‘ta zararli ijtimoiy illat ekan. Uning zarari bu dunyo bilan chegaralanib qolmay, oxiratga ham o‘tar ekan.

Shuning uchun isrofgarchilikka qarshi birgalikda kurashishimiz hamda yakka holda oila davrasida va jamiyat bilan birga isrofga qarshi turish burchimiz ekanini anglab yetishimiz hamda unga amal qilishimiz lozimdir.

Muhtaram jamoat! Oylarning sultoni va sayyidi, muborak Ramazoni sharif yaqinlashib kelayotgani munosabati bilan mav’izaning hanafiy mazhabimizdagi fiqhiy masalalar qismida ro‘zaga oid ba’zi hukmlar haqida suhbatlashamiz.

  • Alloh taolo mo‘min-musulmon bandalarga Ramazon oyi ro‘zasini tutishni farz qilgan. Bu bir yilda o‘ttiz yoki yigirma to‘qqiz kunni tashkil qiladi. Ramazon ro‘zasini tutgan banda ulug‘ va katta savoblarga sazovor bo‘ladi. Uni tutmagan kishi esa og‘ir gunohkor bo‘ladi. Rivoyatlarda Ramazon ro‘zasini uzrsiz qoldirgan kimsa butun umr ro‘za tutsa ham, o‘sha qoldirgan kunning ajrini topa olmasligi ta’kidlangan.
  • Ro‘za arab tilida – “savm” deb atalib, “o‘zini bir narsadan tiyish”ni bildiradi. Shariat istilohida esa: “Ro‘za tong otgandan, to quyosh botguncha niyat bilan yemoq, ichmoq va jinsiy aloqani tark qilmoqdir”.

Ro‘zaning to‘g‘ri bo‘lishi shartlari uchta;

Niyat.

  • Niyatsiz ro‘za durust bo‘lmaydi. Niyatning o‘rni qalbdir. Qalbdagini til bilan talaffuz qilish sunnatdir.

Nifos va hayzdan xoli bo‘lmoq.

  • Ayol kishi nifos yoki hayzli bo‘la turib tutgan ro‘zasi ro‘za bo‘lmaydi. Ushbu oyda hayz ko‘rgan yoki nifos ko‘rgan ayollar odatlari tugaguniga qadar tutmaydilar. O‘sha tutmay qoldirgan kunlarni ramazondan keyin tutib beradilar.

Ro‘zaning buzadigan narsalardan xoli bo‘lmoq.

  • Musofir odam va ro‘za sababli kasali ziyoda bo‘ladigan bemor Ramazon ro‘zasini tutmay, keyin tutib bersa, joiz bo‘ladi. Ammo qiyinchilik bo‘lmasa, musofirning ro‘za tutgani afzal.
  • Ramazon kunlaridan birida musofir o‘z yurtiga kelsa yoki hayzdagi ayol pok bo‘lsa, Ramazonning hurmatidan ro‘zani ochadigan narsalardan o‘zini tiyib turadilar.
  • Homilador yoki emizikli ayol o‘ziga yohud bolasiga zarari yetishi ehtimoli bo‘lsa, ro‘za tutmay, keyin qazosini tutib bersa bo‘ladi.
  • Ro‘za tutishga yaramay, kuch-quvvatdan qolgan keksalar ramazon ro‘zasini tutmay bir kunlik ro‘za uchun bir miskinni to‘ydiradigan fidya – ozuqa bersalar joiz.

Alloh taolo barchamizni isrofgarchilikdan saqlab, molu dunyolarimizni O‘zi rozi bo‘ladigan joylarga sarflashni nasib aylasin! Omin.

 

 

Juma mav'izalari
Boshqa maqolalar

Nomai a’mol berilishi haqidagi e’tiqodimiz

9.01.2025   2121   8 min.
Nomai a’mol berilishi haqidagi e’tiqodimiz

 - 56وَتُعْطَى الْكُتْبُ بَعْضًا نَحْوَ يُمْنَى وَبَعْضًا نَحْوَ ظَهْرٍ وَالشِّمَالِ

Ma’nolar tarjimasi: Nomai a’mollar ba’zilarga o‘ng tomondan beriladi, ba’zilarga orqa va chap tomondan (beriladi).

Nazmiy bayoni:

Ayrimlarga nomalar kelar o‘ng qo‘ldan
Ba’zilarga berilar orqa va so‘ldan.

Lug‘atlar izohi:

تُعْطَى – ikki maf’ulli fe’l.

الْكُتْبُ – noib foil, birinchi maf’ul. كُتْبُ kalimasi كِتَابٌ ning ko‘pligi bo‘lib, aslida, كُتُبٌ dir. Bu yerda nazm zaruratiga ko‘ra كُتْبُ qilib keltirilgan.

بَعْضًا – ikkinchi maf’ul.

نَحْوَ – nahv kalimasining bir qancha ma’nolari bo‘lib, bu yerda “tomon” ma’nosida kelgan. Zarflikka ko‘ra nasb bo‘lib turibdi. Quyidagi baytlarda نَحْو kalimasining besh xil ma’nosi bayon qilingan: 1. “qasd”; 2. “jihat”; 3. “miqdor”; 4. “misl”; 5. “qism”.

نَحَوْنَا نَحْوَ دَارِكَ يَا حَبِيبِي

لَقِينَا نَحْوَ أَلْفٍ مِنْ رَقِيبِ

وَجَدْنَاهُمْ جِيَاعاً نَحْوَ كَلْبٍ

تَمَنَّوْا مِنْكَ نَحْوًا مِنْ شَرِيبِ

Ey do‘stim, yo‘l oldik hovlinga tomon,

Yo‘liqdik ming qadar raqibga hamon.

Ularning it misol ochligin bildik,

Biror qism yutiming kutishar har on.

يُمْنَى – “o‘ng” ma’nosida bo‘lib, taraf va a’zoga nisbatan ishlatiladi.

وَبَعْضًا – oldin o‘tgan بَعْضًا ga atf qilingan.

ظَهْر – orqa taraf ma’nosini bildiradi. Masalan, ظَهْرُ الاِنْسَان deganda inson yelkasi ortidan beligacha bo‘lgan qismi tushuniladi.

الشِّمَالِ – chap taraf ma’nosini anglatadi.


Matn sharhi:

Qiyomat kunida hamma mahshar maydoniga to‘planadi. Barchaga bu dunyoda qilgan ishlari yozib qo‘yilgan kitob – nomai a’mol tarqatiladi. Ushbu nomai a’mollar insonlarning hayotlari davomida qilgan barcha hatti-harakatlari davomida yozilgan bo‘ladi. Bu haqida Qur’oni karimda shunday xabar berilgan:

“Holbuki, sizlarning ustingizda (barcha so‘zingiz va ishingizni) yodlab turuvchi (farishtalar) bor. (Ular nomai a’molga) yozuvchi ulug‘ zotlardir. (Ular) siz qilayotgan ishlarni bilurlar”[1].

Ya’ni insonlarning qilayotgan amallarini kuzatib, yozib turuvchi farishtalar bor. Ular Alloh taolo huzurida eng hurmatli farishtalar bo‘lib, insonlarning talaffuz qilgan barcha so‘zlarini va qilgan barcha amallarini yozib turadilar. Qurtubiy ushbu oyat haqida: “Ustilaringizda kuzatib turuvchi farishtalar bordir” ma’nosini anglatadi, – degan. Ushbu hurmatli farishtalar insonlar tarafidan sodir bo‘lgan barcha yaxshiyu yomon ishlarni bilib turadilar hamda qiyomat kunida qilmishlariga yarasha jazo yo mukofot olishlari uchun nomai a’mollariga yozib turadilar.

Qiyomat kunida farishtalar barcha insonlarni bir joyga to‘plaganlaridan so‘ng har biri bilan alohida hisob-kitob boshlanadi. Hisob-kitobdan oldin ularga bu dunyoda qilgan barcha ishlari yozib qo‘yilgan nomai a’mollari beriladi. Ashaddiy kofirlarga nomai a’mollari orqa tomondan beriladi va ular uni chap qo‘llari bilan oladilar. Ba’zi kofirlarga chap tomondan beriladi.

Taqvodor mo‘minlarga o‘ng tomondan beriladi. Tavba qilishga ulgurmasdan o‘lgan fosiq mo‘minga nomai a’moli qaysi tarafdan berilishi haqida ulamolar ikki xil qarashda bo‘lganlar:

– O‘ng tarafdan beriladi;

– Bu haqida gapirmaslikni afzal ko‘rishgan.

O‘ng tarafdan beriladi, deganlar ham qachon berilishi haqida o‘zaro ikki xil gapni aytganlar:

1. Do‘zaxga kirishidan oldin beriladi va bu uning do‘zaxda abadiy qolmasligi alomati bo‘ladi;

2. Do‘zaxdan chiqqandan keyin beriladi.

Nomai a’mollari o‘ng taraflaridan berilganlar osongina hisob kitobdan so‘ng jannatdagi ahllari oldiga xursand holda qaytadilar:

“Bas, kimning nomai a’moli (qiyomat kuni) o‘ng tomonidan berilsa, bas, u oson hisob bilan hisob-kitob qilinajak va (jannnatga tushgan) o‘z ahli (oilasi)ga shodu xurram holda qaytajak”[2].

So‘fi Ollohyor bobomiz ushbu masala to‘g‘risida qanday e’tiqodda bo‘lish lozimligi haqida bunday yozgan:

Bilur garchi jami’i holimizni,

Yuborur nomayi a’molimizni.

* * *

Yuborsa nomani rahmat yo‘lidin,

Kelur noma u qulni o‘ng qo‘lidin.

* * *

Qizil yuzlik bo‘lub ul ham sarafroz

Suyunganidin qilur ul banda ovoz.

* * *

O‘qung nomamni ey turg‘on xaloyiq

Kelubdur noma ixlosimg‘a loyiq.

Ya’ni Alloh taologa barcha holatlarimiz ma’lum bo‘lsa-da, amallarimiz yozilgan sahifalarni yuboradi. U zotning buyruqlarini bajarib, rahmatiga sazovor bo‘lganlarga amallari yozilgan sahifalarni o‘ng tarafidan yuboradi.

Bunday baxtli insonlar kitoblari o‘ng tomondan berilishi bilanoq o‘zlarining abadiy baxt-saodatga erishganlarini biladilar va mislsiz xursandchilikdan quvonch ko‘z-yoshlari bilan entikishib:“Mana, mening kitobimni o‘qib ko‘ringlar! Albatta, men hisob-kitobimga yo‘liqishimga ishonardim”, – deydilar:

“Bas, o‘z kitobi (nomai a’moli) o‘ng tomonidan berilgan kishi aytur: “Mana, mening kitobimni o‘qingiz! Darhaqiqat, men hisobotimga ro‘baro‘ bo‘lishimni bilar edim”, – der”[3].

Ammo kimki Allohga iymon keltirmay, Uning buyruqlarini bajarmasdan o‘ziga berilgan fursatni faqat ayshu ishratda yashashga erishish, go‘yo dunyo lazzatlarining oxirigacha yetish yo‘lida sarf qilib yuborgan bo‘lsa, unga kitobi orqa tarafidan beriladi. Kitobi orqa tarafidan berilganlar qizib turgan do‘zaxga kiradilar:

“Ammo kimning nomai a’moli orqa tomonidan berilsa, bas, (o‘ziga) o‘lim tilab qolajak va do‘zaxda kuyajak”[4].

Ba’zilarga kitobi chap tarafidan beriladi. Bunday kimsalar kitobi chap tarafdan berilganning o‘zidayoq sharmanda bo‘lganlarini biladilar. Oldindagi dahshatli azob-uqubatlarni his etganlaridan titrab-qaqshab: “Voy sho‘rim, koshki menga kitobim berilmasa edi”, – deb qoladilar.

“Endi, kitobi chap tomonidan berilgan kimsa esa der: “Eh, qaniydi, menga kitobim berilmasa va hisob-kitobim qanday bo‘lishini bilmasam! Eh, qaniydi, o‘sha (birinchi o‘limim hamma ishni) yakunlovchi bo‘lsa! Menga mol-mulkim ham asqotmadi. Saltanatim ham halok bo‘lib mendan ketdi”[5].

Xulosa qilib aytganda, barchaning qilgan qilmishlari va holatlari ma’lum bo‘lsa-da, Alloh taolo ularga nomai a’mollarining ham berilishini iroda qilgan. Ushbu nomai a’mollarning qanday berilishining o‘zidayoq yaxshi amal qilganlarni taqdirlash ko‘rinishi bor.


Keyingi mavzu:
Amallarning o‘lchanishi va sirot haqidagi e’tiqodimiz

 

[1] Infitor surasi, 10, 12-oyatlar.
[2] Inshiqoq surasi, 7, 9-oyatlar.
[3] Al-Haqqoh surasi, 19, 20-oyatlar.
[4] Inshiqoq surasi, 10, 12-oyatlar.
[5] Al-Haqqoh surasi, 25, 29-oyatlar.