Musulmon bo‘lib tug‘ilishning o‘zi kifoya emas.
Bolaligimda yoshimga nisbatan ziyrakroq edim. Atrofdagi jamiki voqea-hodisalarga o‘z fikrimni bildirishga, mabodo tushunishi og‘ir savol tug‘ilsa, boshqalardan so‘rab javob topishga urinardim.
Siz, azizlarga bu voqeani so‘zlab berishni lozim topganim, oramizda folga suyanib qolganlar borligi sababdir. Bu xurofotning qanchalik yomonligini ba’zilar hali ham anglayotgani yo‘q. Bolasi yo‘talib qolsa, qiziga sovchi kelmay qolsa, hattoki ishida muammo chiqib qolsa ham folbinga qarab chopadi. Aslida buning oqibati qanchalik yomon ish ekani, do‘zaxga yetaklashi muqarrarligini tan olgisi kelmaydi. Holbuki, Alloh taolo Qur’oni karimda bandalarni: “Fol cho‘plardan qismatingizni istashingiz (harom qilindi). Bu ishingiz fosiqlikdir (Moida surasi, 3-oyat), deya ogohlantirib qo‘yibdi.
Kunim uyda quyidagicha o‘tardi: erta azon turib hovlilarni supurib bomdod namozini o‘qirdim. Uyimizdan saharlab odamlarning keti uzilmasdi. Ular “kitob ochirishga”, ya’ni fol ochdirishga kelishardi. Men esa o‘z navbatini kutib turganlarga choy quyib turardim. Onajonim uvada bir kitobni qo‘liga olib “fol” ochardi. Kelganlarning taxminan 40 foizi kasalmand, 30 foizi moli, qo‘yi, mashinasi (barcha turdagi ulovlar) yoki qimmatbaho narsalarini yo‘qotganlar, 10 foizi baxtini izlaganlar, 20 foizi ishi yurishmagan odamlar edi. Men bu narsaga rosa qiziqib qoldim. Bir kun savol tug‘ildi: “O‘sha kitobchada nahotki, hammaning taqdiri yozilgan?” deb onamning xonasiga kirib o‘sha eski kitobchani varaqladim.
Men arab alifbosida o‘qishni bilardim. Chunki 6 yoshimdan boshlab bir ilmli ayoldan ilm ola boshlaganman. O‘sha kezlar Qur’oni karim suralarini yodlayotgan edim. Ne ko‘z bilan ko‘rayki, insonlar taqdirini aytib berayotgan kitob ichida Qur’on oyatlari yozilgan edi.
Ko‘pchilik insonlar “hojatini” chiqarayotgan onamning odatini negadir yaxshi emas deb o‘ylay boshladim. Ustozim menga bu haqda hech narsa gapirmasa-da, u kishining xatti-harakatlaridan negadir onamning “kasbi-kori”ga nisbatan zidlikni yuragim seza boshladi. Shu ondan boshlab menda yana savol tug‘ildi: onam odamlarning hojatini chiqarmoqda, yo‘qolgan narsalarini topib bersa; o‘lim to‘shagida yotgan kasallar bir “qora xalas”idan shifo topib ketayotgan bo‘lsa, buning nimasi yomon? Ammo bu savollarimga hech kimdan javob topolmadim. Bir kuni ilmli bir insondan so‘radim: “Iltimos, mening savolimga shunday javob beringki, qalbim taskin topsin. Onamning bu “yaxshiligi, hojat chiqarishi” qandaydir g‘ayri bir amal bo‘lib sezilmoqda menga”, dedim. U inson: “Men sizga birgina javob aytishim mumkin. Bu amaldan qaytarilganmiz”, dedi.
Yoshlik qildimmi, yo ilmim kamligidanmi javobdan ko‘nglim to‘lmadi. Yillar o‘tdi... javob yo‘q.
Bir kun hayotimda shunday voqea sodir bo‘ldiki, u kunni hech qachon yodimdan chiqarmasam kerak. Alloh qalbimga eng to‘g‘ri javobni solib qo‘ydi. Shu kundan onajonimni bu yo‘ldan qaytarishga kirishdim. Poytaxtda o‘qiganim sababli uyda kam bo‘lardim. Onajonim: “Bo‘ldi, boshqa fol ochmayman”, derdilar-u, ammo hech odatlarini tashlamasdilar. Oqibati yaxshi emasligi, Alloh taolo taqiqlagan xurofot amal ekanini tushuntirsam-da, foyda bo‘lmadi. Keyin boshqacha yo‘l tuta boshladim. Uyga kelganlar bilan astoydil suhbatlashdim. “Nimaga keldingiz, bu ishlarda xayr yo‘q, najot faqat Allohdan, iltimos, boshqa fol ochirmang, onam bu ishlarning gunohligini angladilar, fol ochgan ham, folbinga borgan ham bir xil gunohkordir”, derdim ularga. So‘zlarimni tinglaganlarning ko‘pchiligi to‘g‘ri anglasa-da, ba’zilari “mayli, boshqa folbinga borarman”, deb xafa bo‘lib qaytib ketardi. Tuqqan onamning amalini gunoh deyishim esa ba’zilarni ajablantirar edi.
Xullas, onamni qo‘limdan kelgancha qaytarishga harakat qildim. Uydagi xurofot amallarni bajarishga kerak bo‘ladigan aslahalari: childirmasi va “chiltan toshi” bor edi. Men chiltan toshini hovliga uloqtirdim. Atrofdagi yaqinlarim “bekor qilding, endi chiltanlar og‘zingni, yoki yuzingni qiyshaytirib ketadi, darhol joyiga qo‘y”, deyishdi. Men esa: “Yo‘q, bunday behuda gaplardan qo‘rqmayman, ularni ham men sig‘ingan Alloh yaratgan. Allohdan boshqa iloh yo‘q, Uning qudrati cheksizdir”, dedim o‘shanda.
Kunlar o‘tdi, yaqinlarim xavotirda: endi nimadir sodir bo‘ladi, degan vahimada edilar. Hech narsa qilmadi, onam esa yana boshqa tosh olib o‘z marosimlarini o‘tkazib yuraverdi. Ammo hech qachon onamga qo‘pol muomalada bo‘lmaganman. Tabiatan ko‘ngilchan, qo‘lidagi nonini ham birovga berib yuboradigan o‘ta saxiy onamni qutqarish uchun duodan boshqa choram qolmagan edi.
“Allohim, onamga hidoyatingni ketmas qilib ber, meni yoshligimda qanday mehribonchilik qilib o‘stirgan bo‘lsa, Sen ham unga mehribonlik qil. Senga va ota-onamga shukr qilaman”.
Bir kuni namozni tugatib, joynamoz ustida tasbeh o‘girib o‘tirsam, o‘ngimda bo‘ldimi, ro‘yoda ko‘rdimmi, anglay olmay qoldim – sajdagohim ustida onamning shiddatli olov ichida gurillab yonayotganini ko‘rdim. G‘ayritabiiy tezlikda oldinga intilib, onajonimni olovdan chiqarib olaman deya qo‘llarimni cho‘zdim. Ammo qo‘lim yetmadi. Seskanib ketdim. hushim o‘zimga qaytdi chog‘i, qarasam, ko‘z yoshlarim joynamozni ho‘l qilib yuboribdi.
Mubina IXLOSOVA
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Savol: Men tush ko‘rdim va uyg‘onib Ibni Sirinning "Tushlar ta’biri" kitobini ko‘rsam yomonroq chiqdi va siqilib qoldim. Tush ta’biri masalalariga musulmon inson qanday qarashi kerak?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Avvalo shuni aytishimiz kerakki, Ibn Siriyn rahimahullohga nisbat berilgan “Tushlar ta’biri” kitobi u zotga tegishli emas. Shuning uchun bu kitobni u zotga nisbat berib bo‘lmaydi. Dinimizga ko‘ra tushlar uch xil bo‘ladi:
– Alloh taolo tomonidan bo‘lgan, tahorat bilan yotilganda, tongga yaqin ko‘riladigan, solih tushlar.
– Shaytondan bo‘lgan, aniq esda qolmaydigan, kayfiyatni tushiradigan, alahsirashga o‘xshash yomon tushlar.
– Kasbiga yoki qiziqqan narsasiga taalluqli tushlar.
Dinimizda tush ko‘rganda nima qilish kerakligi borasida aniq tavsiyalar kelgan. Agar rost tushlar shariatga mos kelsa, amal qilish mumkin, agar zid kelsa, qat’iy amal qilinmaydi. Yomon tush ko‘rgan kishi tushini birovga aytmasligi va tushning yomonligidan Alloh taolodan panoh so‘rashi kerak. Bu haqida Abdulloh ibn Qatoda roziyallohu anhu otasidan rivoyat qilgan hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Rost tush Allohdan, yomon tush shaytondan. Birortangiz qo‘rqinchli tush ko‘rsa, chap tomoniga tuflab qo‘ysin va tushning yomonligidan (Allohdan) panoh so‘rasin. Shunda yomon tush zarar qilmaydi”, deganlar (Imom Buxoriy rivoyati).
Ya’ni yomon tush ko‘rgan kishi chap tomonga yengilgina tuflab: “Robbim! Ko‘rgan tushimni yomonligidan panoh so‘rayman”, deb qo‘yadi.
Ba’zi ulamolar imkon bo‘lsa o‘rnidan turib, tahorat olib, ikki rakat nafl namoz o‘qigani hamda biroz sadaqa qilib qo‘ygani yana ham yaxshi, deyishgan.
Shuningdek, tush inson taqdirini belgilamaydi. Tushga ortiqcha baho berib, uni hayot mezoniga aylantirish to‘g‘ri emas. Biz dinimiz ko‘rsatmalariga og‘ishmay amal qilsak, ham moddiy, ham ruhiy tarafdan sog‘lom, irodamiz mustahkam bo‘ladi. Vallohu a’lam!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.