"Bizda do‘zax haqida ilmul yaqiyn bor. Bu do‘zax haqidagi ilm bo‘lib, Qur’ondagi do‘zax haqida kelgan ma’lumotlardir. Bu Robbimizning bizga do‘zax haqida bildirgan ilmidir. “Albatta, do‘zaxning sifatlari mana bunday, mana bunday” deb, bizni do‘zaxdan ogohlantirgan. Biz shu dunyoning farovon hayotida yashab turganimizda, Alloh bizga do‘zaxni tanitib, undan ehtiyot bo‘lishga chaqirgan va ehtiyot bo‘lish yo‘llarini ko‘rsatgan.
Aynul yaqiyn esa, oxiratda, Sirot ustidan o‘tayotganimizda, ostimizdagi do‘zaxni ko‘rganda bo‘ladi. O‘shanda do‘zaxni ko‘zimiz bilan ko‘ramiz. Haqqul yaqiyn esa, faqat kofirlarga bo‘ladi. O‘sha Kunda kofirlar do‘zaxga tashlanadilar va azobni boshlaridan kechiradilar. Mana shu haqqul yaqiyndir.
Buning uchun bir misol keltiramiz: agar men sizga “Nyu York degan shahar bor. U yerda osmono‘par binolar bor. U shaharning sifati falon, falon” desam, sizga rost ilmiy suratini bayon qilgan bo‘laman. Agar siz ushbu gaplarimni tasdiqlasangiz, sizda o‘sha shahar haqida ilmul yaqiyn hosil bo‘ladi. Agar biz o‘sha shaharning ustidan samolyotda uchib o‘tsak va uni o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rsak, bu ko‘rish aynul yaqiyn bo‘ladi. Agar siz o‘sha shaharga tushib, u yerda yashab, ko‘chalarini aylanib yursangiz, bu haqqul yaqiyn bo‘ladi".
Shayx Muhammad Mutavalliy Sha’roviy rahimahullohning tafsirlaridan Nozimjon Iminjonov tarjimasi
Inson qalbi goh u tarafga, goh bu tarafga o‘zgarib turadi: savobli ish qilganida, qalbi yayraydi, dili cheksiz quvonchga to‘ladi. Gunoh-ma’siyat kirlari esa dil oynasini xiralashtiradi. Oqibatda qalb qorayadi, ko‘ngli xijil bo‘ladi.
Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Temirga suv tegsa zanglaydi. Xuddi shunga o‘xshab qalblarni ham zang bosadi", dedilar. Shunda: "Yo Rasululloh, uning jilosi nima?" deb so‘raldi. U zot: "O‘limni ko‘p eslash, Qur’on o‘qish", dedilar.
Qalb xuddi temir kabi zanglaydi. Temirga suv tegsa, sirtini zang bosadi. Gunohlar yig‘ilib yig‘ilib qalbni zanglatadi, dilni qoraytiradi, ko‘ngilni g‘ash qiladi. Qalb qorayishi oqibatida inson shuuri o‘tmaslashadi, mehr-oqibat tuyg‘usi kishi bilmas tarzda ko‘tarilib boradi.
Mazkur hadisda aytilishicha, o‘limni eslagan, Qur’on o‘qigan odamning qalbi zanglardan tozalanadi. Qanday qilib, deysizmi? Gap shundaki, o‘limni eslagan kishining o‘tkinchi dunyoga xohishi so‘nadi. O‘limni eslagan, oxiratni o‘ylagan inson gunohlardan tiyiladi, nafasi kirib-chiqib turganida Parvardigoriga tezroq tavba qilishga shoshiladi, o‘zini isloh qiladi. Inson o‘limni eslaganda lazzatlar parchalanadi, hakalab otib turgan nafs xohishlari sal bo‘lsayam jilovlanadi. Bir kunmas-bir kun dunyoni tark etishini bilgan kishi oqibatli bo‘ladi, bir ish qilishdan oldin oxirini o‘ylaydi, mulohaza yuritadi.
Yuqoridagi hadisda aytilishicha, Qur’on tilovati qalbdagi zanglarni ketkazadi. Haqiqatan, Qur’on o‘qish bilan qalb yayraydi, ko‘ngil taskin topadi. Mo‘min banda qiroatdan bir dunyo ma’naviy ozuqa oladi. Shu yo‘sin qalbni qoplagan zang qurumlari asta-sekin tozalanib boradi. Bejizga "Qur’on qalbga malham, dilni tozalaydigan ilohiy davo", deyilmagan.
Ma’lumki, temirga doim ishlov berib turilmasa, ko‘p o‘tmay zanglaydi. Xuddi shunga o‘xshab, Qur’on o‘qilmasa, dilni zang bosadi. Hamisha Qur’on o‘qiydigan inson qalbiga gard yuqmaydi. Tilovat bilan jilolangan qalbi oynadek yarqirab turadi.
Hozirgi "zamonaviy" odamlarning ko‘pi dunyoga hirs qo‘yish dardi bilan og‘rigan. Kishilar orasida o‘zaro ishonch, sadoqat, vafo, mehr-oqibat kamayib ketayotgandek. Bizningcha, buning sababi bitta: o‘limni unutish, Qur’on o‘qimaslik.
Ayrim odamlarga o‘limni eslatsangiz, oxiratdan gap ochsangiz: "Qo‘ying, yaxshi mavzuda gaplashaylik!" deya so‘zingizni bo‘ladi. O‘limni eslash yomonmi?! Har kimning boshida bor-ku bu savdo! O‘limdan qochib-qutulib bo‘lmaydi. Shuning uchun o‘limga tayyorgarlik ko‘rish kerak. Qanday qilib, deysizmi? O‘limga hozirlik solih amallar bilan bo‘ladi, qorong‘i go‘rni yorituvchi Qur’on tilovati bilan bo‘ladi. Quruq kafanlik olib yoki qabristondan o‘zi uchun alohida joy ajratib qo‘ygan odamni oxirat safariga rostmana shay deb bo‘lmaydi.
Tolibjon domla Xursanmurodov,
Hadis ilmi maktabi o‘qituvchisi.
Ali ibn Husomiddin Muttaqiy Hindiy. "Kanzul ummol fi sunanil aqvoli val af’ol". – Bayrut.: Muassasatur risolat, 1989. - B. 210.