Movarounnahrda birinchi bo‘lib azon aytgan tobein:
Rufay ibn Mihron (rahmatullohi alayhi) aytadi: “Ne’matlar uchun Allohga hamd aytgan va qilgan gunohi uchun istig‘for so‘ragan banda halok bo‘lmaydi”.
Mashhur tobein mufassir va muhaddis hamda go‘zal qiroat sohiblaridan biri Abul Oliya Rufay ibn Mihron Riyohiy Basriy Basra (hozirgi Iroqdagi yirik shaharlardan biri)da dunyoga keldi. Shu yerda o‘sib-ulg‘aydi va voyaga yetdi. Yoshligidan ilmu irfonga cheksiz muhabbat qo‘ydi.
Rufay ibn Mihron (rahmatullohi alayhi) Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) hayotlik vaqtlarida yosh bo‘lgan. Hazrat Abu Bakr Siddiq (roziyallohu anhu) davrlarida Islomga kirgan. Biroq tobein Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bilan ko‘risha olmagani uchun bir umr afsusda o‘tdi. Shu bois, u Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam)ning sahobalari bilan ko‘proq birga bo‘lishga intilardi. Ularni juda hurmat qilar, sahobalar ham uni yaxshi ko‘rar edilar. Bir kuni Anas (roziyallohu anhu) qo‘lidagi olmani Rufay ibn Mihron (rahmatullohi alayhi)ga berganida: “Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ning qo‘llarini ushlagan qo‘l tekkan olma”, deb olmani o‘pa ketdi.
Rufay ibn Mihron (rahmatullohi alayhi) Hazrat Ali, Ibn Mas’ud, Abdulloh ibn Abbos, Ibn Umar, Ubay ibn Ka’b, Abu Ayyub Ansoriy, Abu Hurayra, Zayd ibn Sobit (roziyallohu anhum) kabi sahobalardan dars oldi, ulardan hadis tingladi. Chunonchi, u quyidagi hadisni rivoyat qilgan: Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Kim menga hech kimdan hech narsa so‘ramaslikka kafolat bersa, men unga jannatning kafolatini beraman”, dedilar.
Rufay ibn Mihron (rahmatullohi alayhi) Qur’oni karim va Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) hadislarining bilimdoni edi. Abu Bakr ibn Dovud: “Qur’onni eng yaxshi biladiganlar orasida sahobalardan keyin Abul Oliyadan o‘tadigani yo‘q”, deb ta’riflaydi.
Rufay ibn Mihron (rahmatullohi alayhi) Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ning hadislarini biror biladigan kishi borligini bilsa, masofa qancha uzoq yoki borish qiyin bo‘lmasin, albatta tuyasini minib yo‘lga tushardi. Hadis o‘rganishdan avval roviyning namoz o‘qishini kuzatardi. Agar namozini to‘la-to‘kis ado etsa, u kishini ustoz tutib, rivoyatlarini yozib olardi, ammo namoz arkonlarini joyiga keltirib ado etmasa: “Namozga beparvo bo‘lgan odam boshqa ibodatlarga bundanda beparvo bo‘ladi”, deb qaytib ketardi.
Rufay ibn Mihron (rahmatullohi alayhi) talabalarga dars berardi. Ularga: “Bilmagan narsangizni so‘rab o‘rganing. Chunki uyatchang va mutakabbir ilm egalla olmaydi. Uyatchang so‘rashdan uyalib so‘ray olmasa, mutakabbir kibru havosi sabab so‘ramaydi”, der edi.
Shuningdek, tobein shogirdlariga Qur’on yodlashning qulay yo‘lini tushuntirib: “Qur’onni besh oyatdan yodlanglar. Shunda osonroq yodlab, yaxshiroq tushunasizlar”, degan.
Rivoyatlarga ko‘ra, Rufay ibn Mihron (rahmatullohi alayh) Movarounnahr o‘lkasida birinchilardan bo‘lib azon aytgan shaxs hisoblanadi.
Rufay ibn Mihron (rahmatullohi alayhi) huzuriga kelgan mehmonlarini samimiy kutib olar va: «Huzuringizga oyatlarimizga imon keltirayotganlar kelganlarida, ayting: Sizlarga salom (salomatlik)!» (An’om surasi, 54-oyat) oyatini tilovat qilardi.
Buyuk tobein milodiy sananing 712 yili vafot etdi. Alloh taolo u zotdan rozi bo‘lsin.
Davron NURMUHAMMAD
tayyorladi
- 56وَتُعْطَى الْكُتْبُ بَعْضًا نَحْوَ يُمْنَى وَبَعْضًا نَحْوَ ظَهْرٍ وَالشِّمَالِ
Ma’nolar tarjimasi: Nomai a’mollar ba’zilarga o‘ng tomondan beriladi, ba’zilarga orqa va chap tomondan (beriladi).
Nazmiy bayoni:
Ayrimlarga nomalar kelar o‘ng qo‘ldan
Ba’zilarga berilar orqa va so‘ldan.
Lug‘atlar izohi:
تُعْطَى – ikki maf’ulli fe’l.
الْكُتْبُ – noib foil, birinchi maf’ul. كُتْبُ kalimasi كِتَابٌ ning ko‘pligi bo‘lib, aslida, كُتُبٌ dir. Bu yerda nazm zaruratiga ko‘ra كُتْبُ qilib keltirilgan.
بَعْضًا – ikkinchi maf’ul.
نَحْوَ – nahv kalimasining bir qancha ma’nolari bo‘lib, bu yerda “tomon” ma’nosida kelgan. Zarflikka ko‘ra nasb bo‘lib turibdi. Quyidagi baytlarda نَحْو kalimasining besh xil ma’nosi bayon qilingan: 1. “qasd”; 2. “jihat”; 3. “miqdor”; 4. “misl”; 5. “qism”.
نَحَوْنَا نَحْوَ دَارِكَ يَا حَبِيبِي
لَقِينَا نَحْوَ أَلْفٍ مِنْ رَقِيبِ
وَجَدْنَاهُمْ جِيَاعاً نَحْوَ كَلْبٍ
تَمَنَّوْا مِنْكَ نَحْوًا مِنْ شَرِيبِ
Ey do‘stim, yo‘l oldik hovlinga tomon,
Yo‘liqdik ming qadar raqibga hamon.
Ularning it misol ochligin bildik,
Biror qism yutiming kutishar har on.
يُمْنَى – “o‘ng” ma’nosida bo‘lib, taraf va a’zoga nisbatan ishlatiladi.
وَبَعْضًا – oldin o‘tgan بَعْضًا ga atf qilingan.
ظَهْر – orqa taraf ma’nosini bildiradi. Masalan, ظَهْرُ الاِنْسَان deganda inson yelkasi ortidan beligacha bo‘lgan qismi tushuniladi.
الشِّمَالِ – chap taraf ma’nosini anglatadi.
Matn sharhi:
Qiyomat kunida hamma mahshar maydoniga to‘planadi. Barchaga bu dunyoda qilgan ishlari yozib qo‘yilgan kitob – nomai a’mol tarqatiladi. Ushbu nomai a’mollar insonlarning hayotlari davomida qilgan barcha hatti-harakatlari davomida yozilgan bo‘ladi. Bu haqida Qur’oni karimda shunday xabar berilgan:
“Holbuki, sizlarning ustingizda (barcha so‘zingiz va ishingizni) yodlab turuvchi (farishtalar) bor. (Ular nomai a’molga) yozuvchi ulug‘ zotlardir. (Ular) siz qilayotgan ishlarni bilurlar”[1].
Ya’ni insonlarning qilayotgan amallarini kuzatib, yozib turuvchi farishtalar bor. Ular Alloh taolo huzurida eng hurmatli farishtalar bo‘lib, insonlarning talaffuz qilgan barcha so‘zlarini va qilgan barcha amallarini yozib turadilar. Qurtubiy ushbu oyat haqida: “Ustilaringizda kuzatib turuvchi farishtalar bordir” ma’nosini anglatadi, – degan. Ushbu hurmatli farishtalar insonlar tarafidan sodir bo‘lgan barcha yaxshiyu yomon ishlarni bilib turadilar hamda qiyomat kunida qilmishlariga yarasha jazo yo mukofot olishlari uchun nomai a’mollariga yozib turadilar.
Qiyomat kunida farishtalar barcha insonlarni bir joyga to‘plaganlaridan so‘ng har biri bilan alohida hisob-kitob boshlanadi. Hisob-kitobdan oldin ularga bu dunyoda qilgan barcha ishlari yozib qo‘yilgan nomai a’mollari beriladi. Ashaddiy kofirlarga nomai a’mollari orqa tomondan beriladi va ular uni chap qo‘llari bilan oladilar. Ba’zi kofirlarga chap tomondan beriladi.
Taqvodor mo‘minlarga o‘ng tomondan beriladi. Tavba qilishga ulgurmasdan o‘lgan fosiq mo‘minga nomai a’moli qaysi tarafdan berilishi haqida ulamolar ikki xil qarashda bo‘lganlar:
– O‘ng tarafdan beriladi;
– Bu haqida gapirmaslikni afzal ko‘rishgan.
O‘ng tarafdan beriladi, deganlar ham qachon berilishi haqida o‘zaro ikki xil gapni aytganlar:
1. Do‘zaxga kirishidan oldin beriladi va bu uning do‘zaxda abadiy qolmasligi alomati bo‘ladi;
2. Do‘zaxdan chiqqandan keyin beriladi.
Nomai a’mollari o‘ng taraflaridan berilganlar osongina hisob kitobdan so‘ng jannatdagi ahllari oldiga xursand holda qaytadilar:
“Bas, kimning nomai a’moli (qiyomat kuni) o‘ng tomonidan berilsa, bas, u oson hisob bilan hisob-kitob qilinajak va (jannnatga tushgan) o‘z ahli (oilasi)ga shodu xurram holda qaytajak”[2].
So‘fi Ollohyor bobomiz ushbu masala to‘g‘risida qanday e’tiqodda bo‘lish lozimligi haqida bunday yozgan:
Bilur garchi jami’i holimizni,
Yuborur nomayi a’molimizni.
* * *
Yuborsa nomani rahmat yo‘lidin,
Kelur noma u qulni o‘ng qo‘lidin.
* * *
Qizil yuzlik bo‘lub ul ham sarafroz
Suyunganidin qilur ul banda ovoz.
* * *
O‘qung nomamni ey turg‘on xaloyiq
Kelubdur noma ixlosimg‘a loyiq.
Ya’ni Alloh taologa barcha holatlarimiz ma’lum bo‘lsa-da, amallarimiz yozilgan sahifalarni yuboradi. U zotning buyruqlarini bajarib, rahmatiga sazovor bo‘lganlarga amallari yozilgan sahifalarni o‘ng tarafidan yuboradi.
Bunday baxtli insonlar kitoblari o‘ng tomondan berilishi bilanoq o‘zlarining abadiy baxt-saodatga erishganlarini biladilar va mislsiz xursandchilikdan quvonch ko‘z-yoshlari bilan entikishib:“Mana, mening kitobimni o‘qib ko‘ringlar! Albatta, men hisob-kitobimga yo‘liqishimga ishonardim”, – deydilar:
“Bas, o‘z kitobi (nomai a’moli) o‘ng tomonidan berilgan kishi aytur: “Mana, mening kitobimni o‘qingiz! Darhaqiqat, men hisobotimga ro‘baro‘ bo‘lishimni bilar edim”, – der”[3].
Ammo kimki Allohga iymon keltirmay, Uning buyruqlarini bajarmasdan o‘ziga berilgan fursatni faqat ayshu ishratda yashashga erishish, go‘yo dunyo lazzatlarining oxirigacha yetish yo‘lida sarf qilib yuborgan bo‘lsa, unga kitobi orqa tarafidan beriladi. Kitobi orqa tarafidan berilganlar qizib turgan do‘zaxga kiradilar:
“Ammo kimning nomai a’moli orqa tomonidan berilsa, bas, (o‘ziga) o‘lim tilab qolajak va do‘zaxda kuyajak”[4].
Ba’zilarga kitobi chap tarafidan beriladi. Bunday kimsalar kitobi chap tarafdan berilganning o‘zidayoq sharmanda bo‘lganlarini biladilar. Oldindagi dahshatli azob-uqubatlarni his etganlaridan titrab-qaqshab: “Voy sho‘rim, koshki menga kitobim berilmasa edi”, – deb qoladilar.
“Endi, kitobi chap tomonidan berilgan kimsa esa der: “Eh, qaniydi, menga kitobim berilmasa va hisob-kitobim qanday bo‘lishini bilmasam! Eh, qaniydi, o‘sha (birinchi o‘limim hamma ishni) yakunlovchi bo‘lsa! Menga mol-mulkim ham asqotmadi. Saltanatim ham halok bo‘lib mendan ketdi”[5].
Xulosa qilib aytganda, barchaning qilgan qilmishlari va holatlari ma’lum bo‘lsa-da, Alloh taolo ularga nomai a’mollarining ham berilishini iroda qilgan. Ushbu nomai a’mollarning qanday berilishining o‘zidayoq yaxshi amal qilganlarni taqdirlash ko‘rinishi bor.
Keyingi mavzu:
Amallarning o‘lchanishi va sirot haqidagi e’tiqodimiz