Sayt test holatida ishlamoqda!
24 Iyun, 2025   |   28 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:05
Quyosh
04:51
Peshin
12:31
Asr
17:41
Shom
20:03
Xufton
21:42
Bismillah
24 Iyun, 2025, 28 Zulhijja, 1446

Rufay ibn Mihron (rahmatullohi alayhi)

26.04.2018   7942   3 min.
Rufay ibn Mihron (rahmatullohi alayhi)

Movarounnahrda birinchi bo‘lib azon aytgan tobein:

 

Rufay ibn Mihron (rahmatullohi alayhi) aytadi: “Ne’matlar uchun Allohga hamd aytgan va qilgan gunohi uchun istig‘for so‘ragan banda halok bo‘lmaydi”.

 

Mashhur tobein mufassir va muhaddis hamda go‘zal qiroat sohiblaridan biri Abul Oliya Rufay ibn Mihron Riyohiy Basriy Basra (hozirgi Iroqdagi yirik shaharlardan biri)da dunyoga keldi. Shu yerda o‘sib-ulg‘aydi va voyaga yetdi. Yoshligidan ilmu irfonga cheksiz muhabbat qo‘ydi.

Rufay ibn Mihron (rahmatullohi alayhi) Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) hayotlik vaqtlarida yosh bo‘lgan. Hazrat Abu Bakr Siddiq (roziyallohu anhu) davrlarida Islomga kirgan. Biroq tobein Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bilan ko‘risha olmagani uchun bir umr afsusda o‘tdi. Shu bois, u Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam)ning sahobalari bilan ko‘proq birga bo‘lishga intilardi. Ularni juda hurmat qilar, sahobalar ham uni yaxshi ko‘rar edilar. Bir kuni Anas (roziyallohu anhu) qo‘lidagi olmani Rufay ibn Mihron (rahmatullohi alayhi)ga berganida: “Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ning qo‘llarini ushlagan qo‘l tekkan olma”, deb olmani o‘pa ketdi.

Rufay ibn Mihron (rahmatullohi alayhi) Hazrat Ali, Ibn Mas’ud, Abdulloh ibn Abbos, Ibn Umar, Ubay ibn Ka’b, Abu Ayyub Ansoriy, Abu Hurayra, Zayd ibn Sobit (roziyallohu anhum) kabi sahobalardan dars oldi, ulardan hadis tingladi. Chunonchi, u quyidagi hadisni rivoyat qilgan: Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Kim menga hech kimdan hech narsa so‘ramaslikka kafolat bersa, men unga jannatning kafolatini beraman”, dedilar.

Rufay ibn Mihron (rahmatullohi alayhi) Qur’oni karim va Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) hadislarining bilimdoni edi. Abu Bakr ibn Dovud: “Qur’onni eng yaxshi biladiganlar orasida sahobalardan keyin Abul Oliyadan o‘tadigani yo‘q”, deb ta’riflaydi.

Rufay ibn Mihron (rahmatullohi alayhi) Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ning hadislarini biror biladigan kishi borligini bilsa, masofa qancha uzoq yoki borish qiyin bo‘lmasin, albatta tuyasini minib yo‘lga tushardi. Hadis o‘rganishdan avval roviyning namoz o‘qishini kuzatardi. Agar namozini to‘la-to‘kis ado etsa, u kishini ustoz tutib, rivoyatlarini yozib olardi, ammo namoz arkonlarini joyiga keltirib ado etmasa: “Namozga beparvo bo‘lgan odam boshqa ibodatlarga bundanda beparvo bo‘ladi”, deb qaytib ketardi.

Rufay ibn Mihron (rahmatullohi alayhi) talabalarga dars berardi. Ularga: “Bilmagan narsangizni so‘rab o‘rganing. Chunki uyatchang va mutakabbir ilm egalla olmaydi. Uyatchang so‘rashdan uyalib so‘ray olmasa, mutakabbir kibru havosi sabab so‘ramaydi”, der edi.

Shuningdek, tobein shogirdlariga Qur’on yodlashning qulay yo‘lini tushuntirib: “Qur’onni besh oyatdan yodlanglar. Shunda osonroq yodlab, yaxshiroq tushunasizlar”, degan.

Rivoyatlarga ko‘ra, Rufay ibn Mihron (rahmatullohi alayh) Movarounnahr o‘lkasida birinchilardan bo‘lib azon aytgan shaxs hisoblanadi. 

Rufay ibn Mihron (rahmatullohi alayhi) huzuriga kelgan mehmonlarini samimiy kutib olar va: «Huzuringizga oyatlarimizga imon keltirayotganlar kelganlarida, ayting: Sizlarga salom (salomatlik)!» (An’om surasi, 54-oyat) oyatini tilovat qilardi.

Buyuk tobein milodiy sananing 712 yili vafot etdi. Alloh taolo u zotdan rozi bo‘lsin.

 

Davron NURMUHAMMAD

tayyorladi

Siyrat va islom tarixi
Boshqa maqolalar

Alloh sizning xatolaringizni kechishini istasangiz

23.06.2025   3100   3 min.
Alloh sizning xatolaringizni kechishini istasangiz

Afv – o‘ch olishga qodir bo‘la turib, toyilish va xatolardan o‘tib kechirib yuborish demakdir. Buning yana bir ma’nosi adovat va nafrat kabi illatlarni qalbdan ketkazish bo‘lib, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bu borada: “Qiyomat kunida jarchi nido qilib: “Allohning zimmasida savobi borlar tursin va jannatga kirsin”, deyiladi, dedilar. Sahobalar: “Allohning zimmasida ajri borlar kimlar?” – deb so‘rashdi. Nabiy alayhissalom: “Odamlarni afv qilib yuboruvchilar” [1], deb javob berdilar.

Agarda siz ham Allohning zimmasida ajri borlar qatorida bo‘lishni istasangiz sizga yomonlik qilgan, sizning haqqingiz borasida xato qilgan kishining xato va kamchiliklarini kechirib yuboring. Axir Alloh taolo: «...Bas, kimki afv etib (o‘rtani) tuzatsa, bas, uning mukofoti Allohning zimmasidadir. Albatta, U zolim (tajovuzkor)larni sevmas»[2], deydi.

Sizga nisbatan xato qilgan kishilarga yumshoq munosabatda va sabrli bo‘lish, sizni ulushingizdan mahrum qilganlarga ham ziqnalik qilmaslik, siz bilan aloqani uzmoqchi bo‘lganlar bilan ham aloqani ushlab qolish, uzilganlarini tezlik bilan qayta yo‘lga qo‘yish – bularning bari qandayin axloq ekanini ko‘ringki, ular o‘z sohibini qiyomat kunida yuksak martaba va maqomlarga erishtiradi.

Rivoyatlarda kelishicha, bir a’robiyni tuhmat qilgani sababli sultonning huzuriga keltirishibdi. U yo‘l-yo‘lakay «Mana mening kitobimni o‘qinglar» degan oyati karimani tilovat qilib boribdi. Atrofdagilardan biri unga qarata: “Bu qiyomat kuni aytiladi, bugun emas”, debdi. A’robiy javob berib: “Xudo haqqi, bu kun qiyomat kunidan-da yomonroq. Chunki qiyomat kunida mening yomonliklarim bilan birga yaxshiliklarim ham ko‘rsatiladi va hisobga olinadi. Bugun mening yomonliklarimni e’tiborga olyapsizlar-u, yaxshiliklarimni inobatga olarmi­dingiz?!” – debdi.

Siz otasiz! Farzandingiz bir marotaba xatoga yo‘l qo‘ydimi, bunday vaziyatda uning barcha yaxshiliklarini unutib yubormang.

Mabodo do‘stingiz sizga nisbatan bir gal xato ish qilib qo‘ysa, siz u bilan birga yelkama-yelka turib o‘tkazgan yaxshi kunlaringiz va uning chiroyli do‘stligi va sadoqatini esdan chiqarmang.

Muhammad ibn Abu Bakr rahmatullohi alayh bunday dey­dilar: “Ey inson! Sen va Robbing o‘rtasida O‘zidan bosh­qasi bilmaydigan xato va kamchiliklaring bor. Alloh ularni kechirib yuborishini xohlaysan. Agar rostdan ham shu gunohlaring afv etilishi ishtiyoqida bo‘lsang, u holda U Zotning bandalaridan o‘tgan xatolarni kechir va afv et. Alloh sening xatolaringdan kechishini istasang, sen ham bandalarining xatolarini o‘tib yubor”.

 

Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.

 


[1]  Imom Tabaroniy hasan sanad bilan rivoyat qilgan.
[2]  Shuro surasi, 40-oyat.